Karvonsaroy
Inson huquqlari

Rossiyaning Suriyadagi havo hujumlari davom etar ekan, faollar sogʻliqni saqlash inqirozi haqida ogohlantirmoqda

Volid Abu Al-Xayr

Idlibdan shimolda joylashgan Xazano shaharchasi yaqinidagi suriyalik qochqinlar jamlogʻida yurgan qizaloq qoʻl silkimoqda, 2020-yil, 3-noyabr. [AAREF WATAD / AFP]

Idlibdan shimolda joylashgan Xazano shaharchasi yaqinidagi suriyalik qochqinlar jamlogʻida yurgan qizaloq qoʻl silkimoqda, 2020-yil, 3-noyabr. [AAREF WATAD / AFP]

Idlibdagi faollar va qutqaruvchilarning ogohlantirishicha, Suriya va Rossiya kuchlarining mintaqaga davomli zarbalari tufayli sogʻliqni saqlash sohasida falokat yuz berishi muqarrar boʻlib qolmoqda.

Suriya muxolifati nazoratidagi soʻnggi hududda COVID-19 infeksiyasi tez surʼatlarda tarqalib bormoqda.

Bu hududda qariyb 4 million odam yashaydi, ularning aksariyati qochqinlar boʻlib, jamloqlar yoki qurilishi bitmagan uylarda kun kechirmoqda.

Rossiya aviazarbalari va Suriya rejimining hujumlari yaqinda oʻz uylariga qaytib kelgan oilalarni yana qochqinlar jamloqlariga borishga majbur qilgan, deydi Suriya fuqarolik mudofaasi (“Oq dubulgʻalilar”) aʼzosi Xolid Al-Xatib.

Idlibda mart oyida Rossiya tomonidan eʼlon qilingan otashkesimga qaramay, 15-oktabr kuni Rossiya harbiy samolyotlari Idlib gʻarbida joylashgan Jisr ash-Shugʻur yaqinidagi al-Hamama shaharchasiga ketma-ket sakkizta aviazarba berib, ikki tinch fuqaroni halok qildi va 10 dan ortigʻini yaraladi.

4-noyabr kuni Suriya rejimining viloyatdagi bomba hujumlari natijasida 7 kishi hayotdan koʻz yumgan, ulardan 4 nafari yosh bolalar boʻlgan.

“Odamlarning koʻchib kelib, aralashib ketishi natijasida shundoq ham liq toʻla jamloqlarda soʻnggi haftalar davomida COVID-19 holatlari keskin koʻpaygan”, dedi Al-Xatib.

Uning aytishicha, kasallanish va oʻlim holatlarining aniq sonini bilish mushkul boʻlsa-da, taxminan 10 ming kishida virus aniqlangan, ulardan 100 nafari vafot etgan.

Mintaqada COVID-19 test toʻplamlari yetishmayapti. Bu ham yetmagandek, koronavirus simptomlarini boshdan kechirayotganlarning aksariyati test yoki tashxis uchun tibbiy muassasalarga bormayapti, deb qoʻshimcha qildi u.

“Shimoli-gʻarbiy hududda oʻtgan oy ichida tasdiqlangan kasallanishlar soni olti martaga koʻpaygan, qochqinlar jamloqlari va aholi punktlarida ham bemorlar soni ortib bormoqda”, deb xabar bergan edi BMT bosh kotibining gumanitar masalalar boʻyicha oʻrinbosari Mark Loukok oʻtgan oy oxirida.

“Ijtimoiy masofa saqlash imkonsiz”

Al-Xatibning aytishicha, “Oq dubulgʻalilar” boshqa gumanitar va davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda virusga chalinganlarni karantinga olish va davolash uchun bir nechta tibbiyot muassasalarini tashkil qilgan.

Biroq, uning soʻzlariga koʻra, Idlib mintaqasida qish mavsumida sogʻliqni saqlash sohasida falokat yuz berish xavfi saqlanib qolmoqda.

“Tibbiy va gumanitar tashkilotlar ijtimoiy masofa saqlash amaliyotini imkon qadar targʻib qilishga urinmoqda, ammo odamlar bilan toʻlgan jamloqlarda, ayniqsa qish oylarida, bu juda mushkul ish”, deydi idliblik faollardan biri Musʼab Assaf.

Qochqinlar jamloqlariga olib boruvchi yoʻllarning aksari, shuningdek, jamloqlarning oʻzini ham suv bosgan, bu esa gumanitar yordam yetkazishni qiyinlashtirmoqda, dedi u, tibbiyot sohasi yetarlicha moliyalashtirilmayotgani sababli muammo yanada ogʻirroq tus olayotganini taʼkidlab.

Suriya rejimining hujumlari natijasida oʻlgan va jarohatlanganlar soni Idlib shahri, shuningdek, Ariha, Shannan, Ehsim, Sarja, Kansafra, Marayan, Balun, al-Bara, Idlibning qishloq hududlari va Kafraya singari shimoliy Idlibdagi boshqa koʻplab shaharlarda ham koʻpaymoqda.

Assafning aytishicha, bu shaharlar aholisi ketishga majbur boʻlmoqda va yordam tashkilotlari ularga Turkiya chegarasi yaqinidagi qishloqlar va jamloqlardagi nisbatan xavfsiz joylarga yetib olishga koʻmaklashmoqda.

Ilgari Maarrat an-Nuʼmon shahrida yashagan, yaqinda oʻz oilasi bilan Turkiya chegarasi yaqinidagi shaharchaga koʻchib kelgan Hani an-Nuʼmonning aytishicha, bitta uyda yuzlab oilalar yashashga majbur, chunki qochqinlar uchun uylar yetishmayapti, jamloqlar esa toʻlib boʻlgan.

Bir nechta aholi punktlarining havodan oʻqqa tutilayotgani vaziyatni murakkablashtirmoqda, buning natijasida Idlib mintaqasidagi odamlarning yashash sharoitlari yanada ogʻirlashmoqda”, dedi u.

Yoqilgʻi va oʻtin narxlarining yuqoriligi bois, koʻplab oilalar sovuqda uyini isita olmayapti, “shu sababli ularning aksari uyni isitishga yordam beradigan yonuvchi material izlash bilan ovora”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qachongacha Rossiya jazo otryadlari suriyaliklarni oʻldiradi?

Javob berish

Bu degani Rossiyaga zarba berish kerak.

Javob berish

Nima bilan? Ketmon bilanmi?

Javob berish

Lapti va balalaykalar bilan emasligi aniq.

Javob berish