Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qozogʻiston dunyo hamjamiyatini yadroviy xavfsizlikni kuchaytirishga chaqirdi

Aydar Ashimov

Kurchatovdan 50 km uzoqlikda joylashgan Semipalatinskdagi P-1 yadro poligoni hududida uskunalar korpuslari koʻrinmoqda, 2011-yil, 22-avgust. 42 yil davomida poligonda jami 456 ta yadro sinovlari oʻtkazilgan. [VYACHESLAV OSELEDKO/AFP]

Kurchatovdan 50 km uzoqlikda joylashgan Semipalatinskdagi P-1 yadro poligoni hududida uskunalar korpuslari koʻrinmoqda, 2011-yil, 22-avgust. 42 yil davomida poligonda jami 456 ta yadro sinovlari oʻtkazilgan. [VYACHESLAV OSELEDKO/AFP]

NUR-SULTON – Yadro energiyasidan notoʻgʻri foydalanish oqibatlaridan zarar koʻrgan qozogʻistonliklar xalqaro yadroviy xavfsizlikni kuchaytirishga chaqirmoqdalar.

“Sovet Ittifoqi davrida Semipalatinsk (Semey) va uning yaqinidagi hududlarda oʻtkazilgan yadro sinovlari oqibatlaridan 1,5 million kishi aziyat chekkan” boʻlib, Qozogʻiston aholisi masalaning qay darajada jiddiy ekanini yaxshi tushunadi.

Sovet rejimi 1949-yildan 1989-yilgacha Semipalatinskda 500 ga yaqin yadroviy portlashlarni amalga oshirib, mahalliy aholi salomatligiga oʻnglanmas ziyon yetkazgan.

Xavfsiz dunyoni barpo etish

Yaqinda Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan oʻtkazilgan onlayn uchrashuv xavfsiz dunyoni barpo etish yoʻlidagi yana bir qadam boʻldi, deydi rasmiylar va tahlilchilar.

Suratda: Xalqaro xavfsizlik va yadroviy sohadagi global muzokaralarni yangilashga bagʻishlangan 30-noyabr kungi onlayn konferensiya ishtirokchilari. [Nursulton Nazarboyev fondi]

Suratda: Xalqaro xavfsizlik va yadroviy sohadagi global muzokaralarni yangilashga bagʻishlangan 30-noyabr kungi onlayn konferensiya ishtirokchilari. [Nursulton Nazarboyev fondi]

AQSH Mudofaa tahdidlarini kamaytirish agentligi (MTKA) va Qozogʻiston milliy yadro markazi (MYM) vakillari 23-sentabr kuni sharqiy Qozogʻistonning Semipalatinsk poligonidagi Degelen togʻida tunnel bilan yopilgan hududdan oʻtmoqda. [MTKA]

AQSH Mudofaa tahdidlarini kamaytirish agentligi (MTKA) va Qozogʻiston milliy yadro markazi (MYM) vakillari 23-sentabr kuni sharqiy Qozogʻistonning Semipalatinsk poligonidagi Degelen togʻida tunnel bilan yopilgan hududdan oʻtmoqda. [MTKA]

30-noyabr kuni Nursulton Nazarboyev jamgʻarmasi va Nur-Sultondagi Jahon iqtisodiyoti va siyosati instituti tomonidan xalqaro xavfsizlik va yadroviy sohadagi global muloqotni yangilashga bagʻishlangan xalqaro onlayn konferensiya tashkil etildi.

Tadbirdan koʻzlangan maqsad – yadrodan xoli dunyoni barpo etish yoʻlida Global yetakchilar ittifoqini tuzishga koʻmaklashish, deyiladi tashkilotchilarning qoʻshma bayonotida.

“Biz tajribali va nufuzli dunyo liderlarini umumiy ishimizga qoʻshilishga taklif qilish orqali ovozimizning yanada balandroq yangrashi uchun qoʻshma saʼy-harakatlarga chorlaymiz”, deyiladi bayonotda.

Hujjatni imzolagan tahlilchilar “Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Xavfsizlik kengashining barcha doimiy aʼzolari oʻrtasida yadroviy xavfsizlik, yadro qurolini tarqatmaslik va qurolsizlanish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni imkon qadar tezroq boshlashga” chaqirganlar.

“Biz dunyo kelajagini yadroviy urushlar xavfidan faqat birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan himoya qila olamiz”, deyiladi hujjatda.

Konferensiya yakunida Xalqaro yetakchilar ittifoqini tuzish va uning kelgusi ishlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha dunyo liderlariga qaratilgan murojaat qabul qilindi.

“Ishtirokchilar darajasi va bahs-munozaralar sifati bu anjumanni 2020-yilgi eng diqqatga sazovor xalqaro aksilyadroviy tadbirlardan biriga aylantirdi”, deyiladi Nursulton Nazarboyev jamgʻarmasining boshqa bayonotida.

30-noyabr kungi konferensiyada tashqi siyosat va yadro xavfsizligi boʻyicha global siyosiy arboblar va mutaxassislar, jumladan, Madrid klubi prezidenti va Sloveniyaning sobiq prezidenti Danilo Turk, Afgʻonistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay, Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) sobiq bosh direktori Muhammad al-Baradey, tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori va Finlyandiyaning sobiq prezidenti Tarya Xalonen maʼruza qildi.

Semipalatinsk poligoni va sovet oʻtmishi

Onlayn uchrashuv chogʻida Britaniya-Qozogʻiston jamiyati raisi Rupert Gudman “qozoq xalqining yadroviy qurollar sinovi bilan bogʻliq dahshatli kechmishlarini” tilga olib oʻtdi.

Qozogʻiston va uning fuqarolari yadroviy xavfsizlik masalalarini muhokama qilishga hammadan koʻra haqliroq, chunki “Sovet Ittifoqi davrida Semey (Semipalatinsk) va uning atrofidagi hududlarda yadro sinovlari oqibatlaridan 1,5 million kishi aziyat chekkan”, deydi Nur-sultonlik siyosiy tahlilchi Yernar Beysaliyev Karvonsaroy bilan suhbatda.

Qozogʻistonliklar Semipalatinskda oʻtkazilgan yadroviy sinovlarni hech qachon unutmaydilar, zero “sovet hukumati ularning oqibatlari va mahalliy aholining salomatligi haqida qaygʻurmagan”, deydi “Beybit Atom” (Tinch atom) nodavlat tashkilot direktori, sharqiy Qozogʻiston viloyatidan boʻlgan Dauren Atabayev Karvonsaroyga.

Semipalatinsk poligoni yopilganidan soʻng, mintaqada yadroviy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar ham amalga oshirildi. Ushbu harakatlar AQSH bilan yaqin hamkorlikni ham oʻz ichiga oldi.

1993-yilda prezident Nazarboyev va AQSHning oʻsha vaqtdagi vitse-prezidenti El Gor yadro qurollari xavfini kamaytirishda hamkorlik qilish boʻyicha xavfsizlik bitimini imzolagan edilar.

AQSHning Qozogʻistondagi elchisi Uilyam Mozer may oyida Semipalatinsk poligoniga tashrif buyurib, yadroviy materiallarning terrorchilar qoʻliga tushmasligi uchun hamkorlikni davom ettirish muhim ekanini taʼkidlagandi.

2 yillik aksilyadroviy kampaniya

Nazarboyev ilk marta 2019-yilda Global yetakchilar ittifoqini tuzish taklifi bilan chiqqan.

Anjumanda Qozogʻistonning yadroviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha uzoq yillardan olib borayotgan ishlari eʼtirof etildi.

“Qozogʻistonning 2019-yilda ish boshlagan AEXAning past boyitilgan uran bankini joylashtirish haqidagi taklifi butun dunyo hamjamiyati uchun uzoq kutilgan voqea boʻldi”, dedi agentlik sobiq rahbari Al-Baradey 30-noyabr kungi anjumanda.

Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori va Yadro qurollarini taqiqlash boʻyicha xalqaro kampaniyaning ijrochi direktori Beatris Fin 2017-yilda Yadro qurolini taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnomani ilgari surishda Qozogʻistonning alohida rol oʻynaganini taʼkidladi.

“Bu kabi yuqori darajadagi yigʻilishning oʻtkazilgani mavjud xavflar va Qozogʻistonning yadro xavfsizligida qanday rol oʻynashi mumkinligini yana bir karra eslatdi”, dedi Atabayev.

“Faxr bilan aytishim mumkinki, Qozogʻiston yana aksilyadroviy tashabbuslarni ilgari suradigan kuchga aylanmoqda”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Qozogʻiston 29 yil avval ilk marta mustaqillikka erishganidan beri, yadroviy xavfsizlikni kuchaytirish va atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish muammolarini koʻtarib chiqmoqda”, deydi siyosiy tahlilchi Beysaliyev.

“Qozogʻiston dastlab ichki muammolarni hal qilishi kerak edi, Semipalatinskdagi tunnellar yopib tashlangandi. Keyinroq esa Qozogʻiston BMT Xavfsizlik kengashi doxil anjumanlarda yadro qurolini tarqatmaslik tamoyillarini himoya qila boshladi”, dedi u.

Hozirda Qozogʻiston nafaqat tashqi siyosatda, balki mamlakat ichkarisida ham yadroviy xavfsizlikni taʼminlashga harakat qilmoqda.

Yil boshida Ust-Kamenogorskda AQSH mudofaa tahdidlarini kamaytirish agentligi bilan hamkorlikda sovet davriga oid yadroviy obyektlarni himoyalashga qaratilgan inqirozga qarshi trening markazi ochildi.

Karvonsaroy shu yil boshida Olmaotada AQSH va Kanada hukumatlari koʻmagi bilan ishlatib boʻlingan radioaktiv materiallar saqlanuvchi omborxona qurilishi haqida xabar bergan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Xoʻsh, aytaylik, bu hududda nafaqat qozoq xalqi, balki ruslar, nemislar, ukrainlar, chechenlar, tatarlar va boshqalar yashagan. Yadro qurolidan voz kechish esa ahmoqlik (oʻsha vaqtda hamma Gʻarbga yoqishga harakat qilgan); hozirgi kunda mamlakat uchun bir nechta yadroviy kallaklar zarar qilmasdi.

Javob berish