Karvonsaroy
Xavfsizlik

Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi uzoq muddatli harbiy hozirligi noaniqlikni kuchaytirmoqda

Kanat Altinbayev

Goris-Stepanakert yoʻnalishi boʻylab Shusha yaqinidagi nazorat-oʻtkazish punktida hujjat tekshirayotgan Rossiya askarlari, 2020-yil, 17-noyabr. [Andrey BORODULIN / AFP]

Goris-Stepanakert yoʻnalishi boʻylab Shusha yaqinidagi nazorat-oʻtkazish punktida hujjat tekshirayotgan Rossiya askarlari, 2020-yil, 17-noyabr. [Andrey BORODULIN / AFP]

OLMATA – Janubiy Kavkazdagi “tinchlik” Markaziy Osiyoda uzoq yillarga choʻziladigan xavfsizlik muammolarini keltirib chiqarishi mumkin – kuzatuvchilarga koʻra, Togʻli Qorabogʻdagi Rossiya harbiy hozirligining qayta tiklanishi foydadan koʻra, koʻproq zarar keltiradi.

Shu yil kuzda Ozarbayjonni Armaniston va boʻlginchi Togʻli Qorabogʻ bilan toʻqnashtirgan olti haftalik urush Bokuning bahsli hudud atrofidagi yettita viloyatni qaytarib olishi bilan oʻz nihoyasiga yetdi.

Ozarbayjonga tegishli boʻlgan Togʻli Qorabogʻ va uning atrofidagi yettita tuman 90-yillardagi janglarda etnik armanlar tomonidan egallab olinganidan beri bahsli hudud boʻlib qolayotgan edi. Ozarbayjon 2020-yilgi urushda bu hududlarni qaytarib oldi.

9-noyabr kuni Armaniston, Ozarbayjon va Rossiya rahbarlari tomonidan imzolangan sulh bitimi Ozarbayjonni oʻzi qaytarib olgan hududlar nazoratida qoldirgan boʻlsa-da, Ozarbayjonda qayta tiklanadigan besh yillik mandat asosida Rossiyaning 2000 kishilik tinchlikparvar kuchlari xizmat qilishi belgilandi.

Rossiya askarlari Togʻli Qorabogʻning markaziy shahri – Stepanakert shahri yaqinidagi Lachinga ketayotgan avtomashinani tekshirmoqda, 2020-yil, 29-noyabr. [Karen Minasyan / AFP]

Rossiya askarlari Togʻli Qorabogʻning markaziy shahri – Stepanakert shahri yaqinidagi Lachinga ketayotgan avtomashinani tekshirmoqda, 2020-yil, 29-noyabr. [Karen Minasyan / AFP]

Qozogʻiston harbiy delegatsiyasi 25-noyabr kuni Turkiyaning Batman shahriga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad – joriy yilda uchta mamlakatda Rossiyaning zenit-raketa majmualarini yoʻq qilgan Bayraktar TB2 jangovar dronlarini oʻrganish va sotib olish. [Turkiya mudofaa vazirligi]

Qozogʻiston harbiy delegatsiyasi 25-noyabr kuni Turkiyaning Batman shahriga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad – joriy yilda uchta mamlakatda Rossiyaning zenit-raketa majmualarini yoʻq qilgan Bayraktar TB2 jangovar dronlarini oʻrganish va sotib olish. [Turkiya mudofaa vazirligi]

Rossiya tinchlikparvar kuchlari 1994-yildan beri ilk marta Ozarbayjonga qayta joylashtirilgan boʻlib, bu oʻtgan asrda ruslarning ketishini olqishlagan ozarbayjonliklarni tashvishga solmoqda.

Garchi Moskva mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash istagini bildirgan boʻlsa-da, kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, Kreml bu urushda oʻzining geosiyosiy manfaatlarini koʻzladi va nihoyat, maqsadiga erishdi – Janubiy Kavkazdagi harbiy hozirligini mustahkamlab oldi.

Rossiya rejimi rasmiy Anqara va Boku bilan muzokaralar olib borish va Yerevanga norasmiy harbiy koʻmak berish bilan avval-boshdan Togʻli Qorabogʻ urushiga kirdi, deydi “Rossiya jahon siyosatida” nashrining bosh muharriri Fyodor Lukyanov.

“Yakunda Rossiya vaziyatdan ustalik bilan chiqib ketdi: u ikkala tomon bilan ham munosabatlarni saqlab qoldi”, dedi u BBC bilan suhbatda. “Rossiyaning harbiy hozirligi kuchaydi. Armanistonning Rossiyaga qaramligi ham oshdi.”

Togʻli Qorabogʻdagi Rossiya qoʻshinlari Markaziy Osiyoni xavotirga solmoqda

Markaziy Osiyo mamlakatlari urushning tugagani va Kavkazga tinchlik qaytganini rasman olqishladilar, ammo koʻplab kuzatuvchilar, mintaqaga yana Rossiya qoʻshinlari kiritilgani yuzasidan jiddiy xavotirlar bildirishgan.

Janubiy Kavkazda Rossiya qoʻshinlaridan xoli boʻlib kelgan soʻnggi mamlakatda oʻz bayrogʻini oʻrnatar ekan, Rossiya Ozarbayjonga ham, Armanistonga ham oʻz taʼsirini kuchaytirishi maʼlum boʻldi. U oʻzini ikki mamlakat oʻrtasida vositachi va bu hududdagi barqarorlik va tinchlik kafolati qilib koʻrsatdi, deydi Qirgʻiziston davlat chegara xizmatining sobiq katta ofitseri Ulan Kojobekov.

Rossiya kuchlari 2008-yilda Gruziyaning beshdan birini egallab olgan. Ular Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin ham Armanistonni tark etmagan.

Kojobekovning aytishicha, Rossiya Janubiy Kavkazga vaziyatni tartibga solish uchun emas, uzoq muddatga – oʻzi uchun qancha kerak boʻlsa, shuncha muddatga kelgan. Uning fikricha, Rossiya tinchlikparvar kuchlari Togʻli Qorabogʻda ilk yillardagina, “mojaro tugab, jarohatlar bitgunicha” naf berishi mumkin.

“Ammo keyinchalik bu jarayon tabiiy ravishda, tashqi kuchlar taʼsirisiz davom etishi kerak”, dedi u. “Ozarbayjonlar va armanlar yangi voqelik sharoitida mustaqil yashashni oʻrganishlari kerak. Rossiya harbiy kontingenti ularni ajratib turar ekan, bu imkonsiz.”

Moskva Janubiy Kavkazda boʻlish va hududni nazorat qilish muddatini uzaytirish uchun yashirincha vaziyatni beqarorlashtirishning sinalgan usullarini qoʻllashi mumkin, dedi Kojobekov.

Bishkekdagi Qirgʻiziston milliy agrar universiteti maʼruzachisi Aygerim Yespayeva Rossiya rejimining Markaziy Osiyo yaqinida oʻz harbiy hozirligini kuchaytirayotganidan xavotir bildirdi.

“Amalda Gruziya va Ukrainaning hududiy yaxlitligini vayron qilgan Rossiya, endi armanlar Ozarbayjondan tortib olgan hududni (Togʻli Qorabogʻ) qoʻriqlamoqda”. “Nima boʻlganda ham, bu barqarorlik omili emas.”

Rossiyaning Ozarbayjon hududidagi harbiy hozirligi soʻnggi yillarda Ozarbayjon va Turkiya bilan hamkorlikni faollashtirgan Markaziy Osiyodagi turkiyzabon mamlakatlarning geosiyosiy manfaatlariga zid, dedi Yespayeva.

“Mamlakatlarimiz bu aloqalarni nafaqat madaniy oʻzlikni anglash, balki tashqi siyosatni muvozanatlashtirish va Rossiyaga qaramlikni kamaytirish uchun ham mustahkamlamoqda”, dedi u.

Qozogʻiston xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda

Soʻnggi yillarda Qozogʻiston oʻz chegaralari boʻylab Rossiya harbiy taʼsirining kengayishiga qarshi kurashib kelmoqda. U Markaziy Osiyoning eng koʻp etnik ruslar istiqomat qiladigan resurslarga boy mamlakati hisoblanadi.

2017-yilning kuzida Qozogʻiston ilk marta gibrid urush xavfi tilga olingan beshinchi harbiy doktrinasini qabul qildi.

Qozogʻistonning yangi doktrinasi “Ukraina bilan bogʻliq ekanligi ehtimoli katta”, ammo mamlakat rasmiylari buni ochiqdan-ochiq aytmaganlar, deydi Xalqaro inqiroz guruhining Markaziy Osiyo boʻyicha sobiq loyiha rahbari Deydre Taynan.

Bu yil Qozogʻiston yanada mustaqilroq harbiy strategiyani namoyish qilayotgan koʻrinadi.

Qozogʻiston zobitlaridan iborat delegatsiya harbiy dronlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish maqsadida Turkiyaning Batman shahriga tashrif buyurdi, deb xabar bergan 26-noyabr kuni Turkiya mudofaa vazirligi.

Qozogʻistonliklar Ozarbayjon tarafidan Armaniston va Togʻli Qorabogʻda Rossiyaning zenit-raketa majmualarini yoʻq qilishda foydalanilgan Bayraktar TB2 dronlarini xarid qilish istagini bildirmoqda.

Ayrim OAVga koʻra, Qozogʻiston kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) aʼzolariga nisbatan joriy etilgan cheklovlarga qaramay, Turkiya qurollarini sotib olishni rejalashtirmoqda. KXSHT – Rossiyada boshchiligidagi harbiy blok hisoblanadi.

Qozogʻiston rasmiylari “qurol sotib olish boʻyicha KXSHT standartlarini chetlab oʻtish” yoʻlini topdilar, deb yozadi olmaotalik siyosiy tahlilchi Islom Kurayev 27-noyabr kuni Facebook sahifasida.

“Biz Turkiyadan sotib oladigan har qanday mahsulot Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB), Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi balansida boʻladi”, dedi Kurayev. “Ammo ularni istalgan harbiy mojaroda Mudofaa vazirligi ham qoʻllashi mumkin”.

Nur-Sulton va Anqara turli qurol-yarogʻ, jumladan oʻqotar qurollar, Cobra-2 BTRlari va boshqa uskunalarni yetkazib berish yuzasidan kelishib oldilar, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 6

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qoʻlingizdan kelsa, bu yerga kelib [yerlarni] tortib oling; soʻnggi ming yil ichida yerlarimizni egallab olish uchun bu yerga koʻpchilik kelgan... Qani ular? Bizning hududimiz esa quruqlikning oltidan bir qismi mislicha kattalashdi. Shunday ekan, xush kelibsiz. Ortiqcha yerlarni esa sotamiz (Alyaska, Kaliforniya kabi). Mana, Xitoyga yer kerak; kelsin va olsin... Samoviy imperiya bilan narxni kelishamiz.

Javob berish

Qoʻshiq: “Men Rossiya spetsnaziman” https://www.youtube.com/watch?v=SOK_GfI7DcY

Javob berish

Yoʻq, notoʻgʻri fikr.

Javob berish

Ruslardan ularga tegishli boʻlmagan barcha yerlarni qaytarib olish va ularni ozod qilish vaqti keldi.

Javob berish

Rossiya Janubiy Kavkazda, umuman bu mintaqada nima qilayotganini uncha tushuna olmayapman. Rossiyada Kostroma, Sizran, Uryupinsk degan joylar bor, oʻsha yerlarda sayr qilaversin.

Javob berish

Rossiya imperialistik oʻtmishini qoʻmsayapti. Vaqti kelib, ochiqdan-ochiq tajovuz qilishi turgan gap.

Javob berish