Karvonsaroy
Inson huquqlari

Xitoy ichki noroziliklarni bostirishda avtoritar rejimlarga yordam berishda ayblanmoqda

Karvonsaroy va AFP

6-dekabr kuni Venesueladagi qonunchilik saylovlari vaqtida Karakasdagi saylov uchastkasida qoʻriqchilik qilayotgan askar. Xitoy hukumati CEIEC orqali Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga internetdagi mustaqil OAV kontentini taqiqlash va uning rejimiga xayrixoh xabarlarni kuchaytirishda yordam bergan. [Kristian Xernandez / AFP]

6-dekabr kuni Venesueladagi qonunchilik saylovlari vaqtida Karakasdagi saylov uchastkasida qoʻriqchilik qilayotgan askar. Xitoy hukumati CEIEC orqali Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga internetdagi mustaqil OAV kontentini taqiqlash va uning rejimiga xayrixoh xabarlarni kuchaytirishda yordam bergan. [Kristian Xernandez / AFP]

Elektronika mahsulotlarnini import va eksport qilish Xitoy Milliy Korporatsiyasi (CEIEC) Pekinning dunyo boʻylab boshqa rejimlarga internetdagi soʻz erkinligi va oʻzgacha siyosiy qarashlarni bostirishga koʻmaklashishi bilan bogʻliq mojaro markazidan oʻrin oldi. Bu, ayniqsa Xitoy taʼsiri oldida zaif boʻlgan mamlakatlarda xavotirni kuchaytirmoqda.

Soʻnggi misollarning birida CEIEC Venesuelaning davlat telekommunikatsiya kompaniyasiga ekspertlik xizmatlari koʻrsatgani maʼlum boʻldi. Bu kompaniya mustaqil ommaviy axborot vositalarini, 50 mamlakat muvaqqat prezident deb tan olgan muxolifat yetakchisi Xuan Guaydoning bevosita efirini bloklagan.

Prezident Nikolas Maduro yakshanba (6-dekabr) kuni qonunchilik organlariga saylovlarda gʻalaba qozondi. Bu saylovlar muxolifat partiyalari tomonidan boykot qilingan va dunyo yetakchilari tomonidan firibgarlik deb qoralangan.

“Xalqaro hamjamiyat 2018-yilgi saylovlarda noqonuniy tarzda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Maduroga ikkinchi marta gʻolib boʻlishga yoʻl qoʻya olmaydi”, deb aytgan AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo oʻz bayonotida.

Pekindagi Tyananmen maydoni burchagidagi koʻp sonli kuzatuv kameralari, 2019-yil, 6-sentabr. Xitoy koʻp hollarda avtoritar rejimlarga yordam berish maqsadida CEIEC kabi qator davlat korxonalari orqali butun dunyoga kuzatuv kameralari eksport qiladi. [GREG BEYKER / AFP]

Pekindagi Tyananmen maydoni burchagidagi koʻp sonli kuzatuv kameralari, 2019-yil, 6-sentabr. Xitoy koʻp hollarda avtoritar rejimlarga yordam berish maqsadida CEIEC kabi qator davlat korxonalari orqali butun dunyoga kuzatuv kameralari eksport qiladi. [GREG BEYKER / AFP]

Pekindagi CEIEC binosi. [CEIEC]

Pekindagi CEIEC binosi. [CEIEC]

Oʻtgan hafta Pompeo CEIEC “2017-yildan beri Maduro rejimining oʻzgacha siyosiy qarashlar va demokratik jarayonlarni bostirishini qoʻllab-quvvatlab kelganini” aytib oʻtgan.

Internetdagi erkinlikka tajovuz

30-noyabr kuni Qoʻshma Shtatlar CEIECga qarshi sanksiyalar qabul qilishini va 50 foizdan ortiq aksiyasi unga tegishli boʻlgan har qanday kompaniyaning aktivlarini muzlatishi haqida eʼlon qilgan.

“Qoʻshma Shtatlar venesuelaliklar va dunyoning boshqa mamlakatlaridagi odamlarning demokratik irodasini bostirishga yordam beradiganlarni nishonga oladi”, dedi AQSH moliya vaziri Stiven Mnuchin.

AQSH moliya vazirligi CEIEC oddiy foydalanuvchilarning internetdagi nozik siyosiy materiallarga kirishini cheklaydigan “Buyuk Fayrvol”ning tijoriy versiyasini taklif qilayotganini aytib oʻtgan.

Oʻz veb-saytida CEIEC oʻzini dunyoning 160 mamlakati va hududida faoliyat yurituvchi, 24 ta asosiy shoʻbasiga ega “Xitoy markaziy hukumati boshqaruvidagi davlat tashkiloti” deya taʼriflaydi.

CEIEC “har bir fuqaroning eng asosiy huquqlarini himoya qiluvchi yechimlar”ni sotishini taʼkidlagan.

CEIEC Eron va Suriyaga yoki ushbu mamlakatlardan tashqariga qurol tashishda yordam berishni taqiqlovchi qonunga muvofiq, 2006-2008-yillar davomida AQSH sanksiyasi ostida boʻlgan.

6-dekabr kuni Maduroning “gʻalabasi” eʼlon qilinishi ortidan Braziliya tashqi ishlar vaziri Ernesto Araujo oʻz Twitter sahifasida saylovlar “maynavozchilik” ekani va Maduro “diktaturasi” oʻz hokimiyatini legitimlashtirishga urinayotganini yozgan.

Amerika davlatlari tashkiloti va Kanada saylov natijalarni tan olishdan bosh tortgan.

Pompeo saylovlarni “firibgarlik va yolgʻon” deb atadi.

Xitoy neft ishlab chiqaruvchi Venesuelaning eng asosiy qoʻllab-quvvatlovchisi va tijoriy hamkori hisoblanadi.

Ikkiyuzlamachilik va yolgʻon

Yangi sanksiyalar va CEIECning “nolegitim Maduro rejimini” qoʻllab-quvvatlayotgani haqidagi savolga javob bergan Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Xua Chunin korporatsiyaning bunga aloqadorligini rad etgan.

“Xitoy suveren tenglikni taʼminlash va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslikni BMT nizomining muhim tamoyili deb hisoblaydi”, dedi u 1-dekabr kungi matbuot anjumanida.

“Xitoy kiberxavfsizlikning qatʼiy himoyachisi, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga va odamlarning turmush tarzini yaxshilashga ishonadi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Bularning ziddi oʻlaroq, ikki nafar xitoylikning COVID-19 vaksinasiga oid tadqiqot maʼlumotlarini oʻgʻirlashi va dunyo boʻylab yuzlab kompaniyalarga xakerlik hujumi uyushtirganlikda ayblanishi ortidan Xitoy kiberjinoyatchilar uchun “xavfsiz boshpana” deb tan olingan.

“Xitoy kiberjinoyatchilarga boshpana taqdim qiluvchi sharmandali davlatlar klubi safidagi Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya qatoridan joy oldi”, degan edi AQSH bosh prokurori yordamchisi Jon Demers iyul oyida AQSH adliya vazirligining bayonotida.

Bu orada Xitoy rejimi axborot urushini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Buning uchun u Kreml qoʻllab kelgan ishonchli taktikalardan foydalanmoqda va unga oʻzining yangi hiylalarini qoʻshib, fitna nazariyalarini tarqatish hamda bir qator bahsli mavzularda aybni oʻzidan soqit qilmoqda.

Xitoy koʻp yillar davomida bir qator davlatlar uchun strategik tahdid oʻlaroq baholanib kelindi, ammo soʻnggi vaqtlarda Pekinning dunyo boʻylab hatti-harakatlari oqibatida xavotir darajasi kuchaygan.

Xitoy rejimi olis Himolay vodiylaridan tortib kichik tropik orollarda har qachongidan ham qatʼiyroq tarzda ziddiyatlarni avj oldirmoqda.

XXR raisi Si Szinpin oʻz chiqishlarida tobora koʻproq shovinistik ritorikaga urgʻu berar ekan, borgan sari tajovuzkor boʻlib borayotgan xitoylik harbiylar boshqa suveren davlatlar hududiga daxl qilmoqdalar.

Pekinning Gonkongdagi oʻzgacha fikrni boʻgʻishi, jumladan yaqinda bir nechta demokratparast faollarning qamoqqa tashlanishi “Xitoy Kommunistik partiyasi oʻz xalqining soʻz va fikr erkinligidan qoʻrqishini yana bir bor isbotladi”, dedi Pompeo 3-dekabr kungi bayonotida.

Mafkuraviy lagerlarga aloqadorlik

Venesuela CEIECning yagona maqsadi emas, deb ogohlantiradi kuzatuvchilar.

“Xitoy Markaziy Osiyoga oʻzining invaziv, keng qamrovli kuzatuv modelini eksport qilmoqda”, deb yozgan edi 2019-yil sentabrda Eurasianet nashri.

CEIEC Qirgʻizistonga ilgʻor yuzni tanish texnologiyasini taqdim etmoqda, Xitoy hukumati Shinjon mintaqasini boʻysundirishda xuddi shu texnologiyani qoʻllagan.

“Xitoy rahbarlari shaxs huquqlarini Kommunistik partiya irodasiga boʻysundirishga urinmoqda”, deb yozgan edi AQSH Milliy razvedka direktori Jon Ratkliff 3-dekabr kuni Wall Street Journal nashridagi maqolasida. U Ikkinchi Jahon urushi davrlaridan beri “Xitoy butun dunyodagi demokratiya va ozodlik uchun eng katta tahdid” ekanligini taʼkidlagan.

Bu choralarning yaqqol namunasi Xitoyning Shinjon viloyati boʻlib, bu yerdagi lagerlarda bir milliondan ortiq musulmonlar azob chekayotgan bir paytda Pekin ularni oʻz jamiyatiga majburan moslashtirish va islomiy merosni tag-tugi bilan yoʻqotishga urinmoqda.

Sentyabr oyida chiqarilgan jurnalistik tekshiruvga koʻra, Xitoy hukumati soʻnggi yillarda bu choralar doirasida Shinjonda qariyb 16 ming masjidni buzib tashlagan.

27-oktabr kuni AQSH senatorlari Xitoy rejimining uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlarga qarshi genotsid siyosatini qoʻllayotgani haqidagi rezolyutsiya bilan chiqqanlar.

Xitoyning xorijdagi saylovlarga aralashuvi haqidagi yangiliklar Xitoy taʼsiri oldida zaif boʻlgan koʻplab mamlakatlar uchun yoqimsiz boʻlishi tayin.

Oʻtgan oy xabar qilinganidek, hokimiyat almashuvini yanvar oyiga belgilangan saylovlar orqali qonuniy ravishda amalga oshirishga urinayotgan Qirgʻiziston Pekinning bosimiga qarshi kurashga majbur boʻlmoqda.

Iqtisodiy muammolar va siyosiy notinchlik mamlakatda yanvar oyi va undan keyin boʻladigan voqealarda Pekin uchun taʼsir vositasi boʻlib xizmat qilishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Qozogʻistonda Xitoyda ishlab chiqarilgan kuzatuv kameralarining tarqalishi ular Xitoy hukumatiga maʼlumotlar uzatishi mumkinligi borasidagi xavotirlarni paydo qilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bugungi AQSH 1930-yillardagi fashist Germaniyasiga oʻxshaydi. Dunyo 1940-yillarda Gitlerga qarshi birlashganidek, Amerika fashizmiga qarshi birlashishi kerak.

Javob berish

Barakalla, Samoviy imperiya! Nimalar deyapsiz, dunyo fashist Germaniyasiga qarshi birlashdi emish, 1944-yilgacha Gʻarbning eng yirik banklari shu rejimga xizmat qilgan. Barakalla, Samoviy imperiya!

Javob berish

Bugungi Xitoy 30-yillardagi fashist Germaniyasiga oʻxshaydi. Dunyo 40-yillarda Gitlerga qarshi qanday birlashgan boʻlsa, Xitoy fashizmiga qarshi shunday birlashishi kerak.

Javob berish

Terrorchilarga qarshi kurashib, oʻz burchini ado etish uchun jonini bergan xitoylik askarlar xotirasini yodga olaylik. Terrorchilar qoʻlidag halok boʻlgan hamma Xitoy fuqarolarining xotirasini yodga olaylik. Xitoy terrorga qarshi urush maydonining eng oldida, butun dunyo sivilizatsiyasining kelajagi yoʻlida.

Javob berish