Karvonsaroy
Salomatlik

Rossiyaliklarning 59 foizi Kremlning COVID-19 vaktsinasiga ishonmasligini aytdi

Karvonsaroy va AFP

Samarasi isbotlanmagan “Sputnik V” vaktsinasi bilan emlashga hozirlik koʻrayotgan hamshira, Moskva, 5-dekabr. [Kirill Kudryavtsev / AFP]

Samarasi isbotlanmagan “Sputnik V” vaktsinasi bilan emlashga hozirlik koʻrayotgan hamshira, Moskva, 5-dekabr. [Kirill Kudryavtsev / AFP]

MOSKVA – Shu haftada Rossiyada aholini COVID-19ga qarshi keng qamrovli emlash boshlandi. Lekin, Kreml muammo bilan toʻqnash kelmoqda, rossiyaliklarning aksari bu vaktsinaga unchalik ishonmayapti.

5-dekabr kuni sogʻliqni saqlash mutasaddilarining maʼlum qilishicha, Moskvada 70 ta koronavirusga qarshi emlash markazlari ochilgan boʻlib, ular eng avvalo koronavirus bilan kasallanish xavfi yuqori boʻlgan ishchilar, shu jumladan sogʻliqni saqlash, taʼlim va ijtimoiy soha xodimlarini emlash bilan shugʻullanadi.

Biroq, dastlabki bosqichda 60 yoshdan oshgan ishchilar, surunkali kasalliklarga chalingan va homilador yoki emizikli ayollar vaktsinatsiya qilinmaydi.

Sogʻliqni saqlash mutasaddilari vaksinaning qachon keng omma uchun taqdim etilishini ochiqlamagan.

Suratda: Sankt-Peterburg yaqinidagi korxonada Rossiyaning COVID-19 vaksinasini ishlab chiqarish jarayoni, 4-dekabr. [Olga Maltseva / AFP]

Suratda: Sankt-Peterburg yaqinidagi korxonada Rossiyaning COVID-19 vaksinasini ishlab chiqarish jarayoni, 4-dekabr. [Olga Maltseva / AFP]

Noyabr oyi oxirida Rossiyada 400 mingdan ortiq harbiy xizmatchini “Sputnik V” vaktsinasi bilan ommaviy emlash kampaniyasi boshlangan edi.

Mudofaa vaziri Sergey Shoygu vaksinatsiya aksari majburiy harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar uchun ixtiyoriy boʻladimi-yoʻqmi, bu haqda maʼlumot bermagan.

Ishonchsizlik

Ommaviy vaksinatsiya COVID-19 yuqtirish xavfi va Kremldan chiqqan maʼlumotlarga nisbatan ishonchsizlik kuchayishi fonida Rossiyada koronavirus bilan kasallanish rekord daraja yetganidan soʻng boshlangan.

Chorshanba (9-dekabr) kuni Rossiyada 26190 ta koronavirusga chalinish va 559 ta oʻlim holati tasdiqlandi, shu tariqa mamlakatda COVID-19 bilan kasallanganlarning umumiy soni 2,5 milliondan oshgan, deb yozadi The Moscow Times nashri.

Moskvadagi “Levada” markazi tomonidan oktyabr oyi oxirida oʻtkazilgan soʻrovlardan ruslarning atigi 27 foizi koronavirus haqidagi rasmiy maʼlumotlarga ishonishi maʼlum boʻlgan.

Soʻrovda qatnashganlarning 61 foizi Kreml maʼlumotlariga ishonmasligini aytgan, ularning 28 foizi raqamlarni oʻta yuqori, 33 foizi esa oʻta past deb hisoblaydi.

Bunday ishonchsizlik ruslarning koʻp yillik iqtisodiy turgʻunlikdan soʻng prezident Vladimir Putindan hafsalasi pir boʻlgani bilan mos keladi, deydi “Levada markazi” direktorining oʻrinbosari Denis Volkov.

“Rasmiy maʼlumotlarga sukut boʻyicha ishonchsizlik mavjud”, dedi u The New York Times bilan suhbatda.

Kremlning “Sputnik V” vaktsinasini rossiyaliklar va dunyo liderlariga sotish uchun Kreml tomonidan olib borilgan keng qamrovli tashviqot kampaniyasiga qaramay, soʻrovda qatnashgan rossiyaliklarning aksari vaktsina bepul va ixtiyoriy boʻlsa, uni qabul qilmasligini aytgan.

Avgust oyida hali klinik sinovlar oʻz nihoyasiga yetmay turib, Putin katta shov-shuv bilan Rossiyaning “birinchi boʻlib” COVID-19 vaktsinasi ishlab chiqqanini eʼlon qilar ekan, ijtimoiy soʻrovda qatnashgan rossiyaliklarning 38 foizi vaktsinani olishini, 54 foizi esa olmasligini aytgan.

Oradan uch oy oʻtib, “Sputnik V”ga boʻlgan ishonchni oshish oʻrniga pasaydi – “Levada-Tsentr” soʻrovi 36 ga 59 foiz nisbatni koʻrsatdi.

“Sputnik V”ga rossiyalik tibbiyot xodimlari ham ishonmayapti: ularning 50 foizdan koʻprogʻi koronavirusga qarshi emlanish niyatida emasligini aytgan, deyiladi Rossiya Federatsiyasi tibbiyotchilar tarmogʻining dushanba (5-dekabr) kuni VTimes tomonidan nashr etilgan soʻrovida.

Bundan tashqari, respondentlarning 21 foizdan ortigʻi Rossiyaning oʻzida ishlab chiqarilgan vaksina oʻrniga xorijda ishlab chiqarilganini afzal koʻrishini aytgan.

Ajib raqamlar

Rossiyaning aniq va tekshirilgan maʼlumotlar taqdim etmay, “Sputnik V” vaksinasini xalqaro muqobillar bilan bir xil yoki undan yaxshiroq deb reklama qilishga urinishi jamoatchilikning nomzod-vaktsinaga boʻlgan ishonchiga putur yetkazgan.

Pfizer va BioNTech kompaniyalarining vaktsinalari 90 foiz samaradorlikka ega ekani eʼlon qilinganidan ikki kun oʻtib, 11-noyabr kuni Kreml “Sputnik V” vaktsinasi 92 foizga samarador ekanini iddao qilar ekan, dunyo olimlari va kuzatuvchilar hayratdan boshlarini sarak-sarak qilgan edilar.

Oradan bir hafta oʻtmay, AQSH Milliy sogʻliqni saqlash instituti bilan hamkorlikda oʻzining COVID-19ga qarshi vaktsinasini ishlab chiqqan Moderna biotexnologiya kompaniyasining xabar berishicha, dastlabki natijalar nomzod-vaktsinaning 94,5 foizga samarador ekanini koʻrsatgan.

Oʻzlarini hammadan oldinda qilib koʻrsatish uchun ruslar “Sputnik V” samadorligini 95 foizga “koʻtarishgan”.

Xorijlik olimlar Kremlning daʼvolari yuzasidan oʻz xavotirlarini bildirganlar.

Daʼvo qilinishicha, vaktsina birinchi dozadan 28 kun oʻtib, 91,4 foizga samaradorligini koʻrsatgan, 42 kundan soʻng – ikkinchi dozadan keyingi natijalar esa “samaradorlik 95% dan yuqori” ekanini koʻrsatgan.

“Bu raqam biror samaradorlik koʻrsatkichini daʼvo qilish uchun juda past”, dedi Filadelfiyadagi Templ universiteti biologi Enriko Buchchi Kanadaning CBC News telekanaliga bergan intervyusida. U 91,4 foizlik koʻrsatkich COVID-19 bilan kasallangan 18000 kishi orasidan tanlangan 39 holatga asoslanganini taʼkidladi.

Uning aytishicha, ruslar bu 39 kishining jugʻrofiy kelib chiqishi yoki yoshiga oydinlik kiritmagan va bir nechta mamlakatlardagi sinovlar natijalari umumlashtirilganmi-yoʻqmi, tushuntirish bermagan.

Rossiyaning daʼvolari elementar tekshiruvdan ham oʻtolmaydi, degan edi vaksinalar kelajagini takomillashtirishga xizmat qiluvchi “Human Vaccines Project” notijorat tashkiloti rahbari Ueyn Koff.

Ishlab chiqarishdagi toʻsiqlar

Kremlning shu oy boshida maʼlum qilishicha, butun dunyo boʻylab 1,2 milliard doza “Sputnik V” vaktsinasiga oldindan buyurtma berilgan.

Ammo rasmiylar 2020-yil oxiriga qadar mamlakatda faqat ikki million doza vaksina ishlab chiqarilishini aytganlar. Bir kishi uchun ikkita doza kerakligi inobatga olinsa, bu raqam 145 million rossiyalikni himoya qilish uchun zarur boʻlganidan ancha kam.

Putin oktyabr oyi oxirida Rossiya ishlab chiqarish bilan bogʻliq muammolarga duch kelayotganini tan olib, mamlakat “chet ellik sheriklari bilan ishlashga tayyor” ekanligini aytdi.

Rossiyaga aloqador xakerlarning vaksinaga oid tadqiqotlarni nishonga olgani haqidagi Britaniyaning ayblovlarini inkor etgan Moskva Gʻarb davlatlari bilan hamkorlikka ochiq ekanligini aytib, oʻz vaksinalarini ishlab chiqqan AstraZeneca britan kompaniyasi va Oksford universitetiga sheriklikda ishlashni taklif qilgan.

Ammo vaksinani chiqarish yoʻlida Moskvaga hozircha asosan ittifoqchilargina koʻmaklashish istagini bildirgan.

“Sputnik V” vaksinasining xavfsizligi bilan bogʻliq shubhalar kuchayib borar ekan, Kreml oʻz mahsulotini reklama qilishni kuchaytirgan.

Moskvaning Sputnik V” vaksinasini reklama qilish kampaniyasi vatanparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan va tanqidni koʻtarmaydi – “Kreml xavfsizlikni oʻylamayapti” degan daʼvolar Rossiyaga qarshi boʻhton sifatida qabul qilinadi.

17-noyabr kuni Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika respublikasidan iborat BRIKS alyansining onlayn sammitida nutq soʻzlagan Putin ittifoqning qolgan toʻrt aʼzosini Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinalarni keng miqyosda ishlab chiqarish va tarqatishga undadi.

22-sentyabr kuni Putin BMT Bosh assambleyasida soʻzlagan nutqidan vaksinani sotish va davlatga aloqador tashkilotlarga milliardlab daromad keltirish uchun imkoniyat sifatida foydalangan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

50% shifokorlar Sputnikka (Rossiya vaktsinasiga) ishonmaydi, deb koʻzboʻyamachilik qilyapsizlar, soʻrovga koʻra, ular hech qaysi vaktsina bilan emlanishni istamaydi. Juda qoʻpol ishlayapsizlar

Javob berish

Tavba, qanday safsata boʻldi bu? Vabo boshlanganida vaktsina olishni xohlamagan edilar, xoʻsh nima boʻldi? Pashshadek qirilib ketishdi. Xohishga koʻra; hech kim zoʻrlayotgani yoʻq. Ammo biz jamiyatning bir qismimiz, koʻpchilik "boʻladi yoki boʻlmaydi", deydi. Qayerdan 59 foiz kelibdi - soʻrovnomani kim oʻtkazdi? Tramp aytmoqchi, “feyk xabar” bular.

Javob berish

Albatta, emlanish zarur. Xonaki vaksina bilan emas, Gʻarbning normal vaksinasi bilan.

Javob berish