MOSKVA – Chorshanba (9-dekabr) kuni Kreml yana bir harbiy muvaffaqiyatsizlik voqeasida yuqori lavozimli qoʻmondonlarni yadroviy portlashdan himoya qilish uchun moʻljallangan “oxirzamon samolyotidan” maxfiy qurilma oʻgʻirlangani haqida xabar berdi.
Taganrog politsiyasi aerodromda qiymati 1 million rublga (13600 AQSH dollari) teng qurilmaning Ilyushin IL-80 samolyotidan oʻgʻirlanganini aniqladi. Bu haqida Ichki ishlar vazirligi (MVD) xabar bergan.
Vladimir Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov qonunbuzarlikni “favqulodda holat” deb atagan va “kelajakda bunday hodisalar yuz berishining oldini olish choralari koʻrilishiga” vaʼda bergan.
IIV aynan nima oʻgʻirlanganini ochiqlamagan va voqea joyiga tergovchilar joʻnab ketganini aytgan.
Taganrogda qiyin ahvolda qolgan “Beriev Aircraft Co.” korxonasi joylashgan.
Jinoyatchilar Taganrogda texnik xizmat koʻrsatilayotgan IL-80 samolyotining radio qurilmasini oʻgʻirlashgan, deya xabar bergan joriy hafta avvalida kremlparast REN-TV telekanali.
Oʻgʻrilar samolyotning yukxonasi eshigini ochib kirishgan, samolyot ichida barmoq va oyoq kiyim izlari topilgan, deyilgan telekoʻrsatuvda. “Beriev” kompaniyasi jinoyat haqida oʻtgan hafta xabar bergani qoʻshimcha qilingan.
Oʻgʻirlik sodir etilgan samolyot – toʻrtta maxfiy qoʻmondonlik markazlaridan biri boʻlib, ular prezident va boshqa yuqori lavozimli rasmiylarni yadroviy portlash holatida evakuatsiya qilishga moʻljallangan.
Deyarli oynasiz boʻlgan Rossiya bu turdagi ilk samolyoti 1985-yilda havoga koʻtarilgani aytiladi.
Muvaffaqiyatsizliklar tarixi
Bu voqea Rossiya armiyasi boshidan kechirayotgan sharmandalik yoki muvaffaqiyatsizliklar sirasiga kiradi.
Oʻtgan oydagi tekshiruvlar Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi olti oylik Togʻli Qorabogʻ urushida qoʻllanilgan Rossiya harbiy texnikasi (xuddi shu texnika rossiyaparast Liviya jangarilari va Suriya hukumati kuchlariga ham pand bergan) Turkiya harbiy texnikasining oldida zaif ekanligini koʻrsatdi.
Yil davomida Rossiya harbiy texnikasi bir nechta jabhada tor-mor boʻlar ekan, Kremlning oʻtmishdagi “misli koʻrilmagan” va “engilmas” qurollari bilan maqtanishi har qachongidan ham puch boʻlib koʻringan.
Oʻtgan yil dekabrda, Murmanskda Rossiyaning yagona aviatashuvchisi boʻlmish “Admiral Kuznetsov” yongʻinga uchragan, kema bortida 400 dan ortiq kishi boʻlgan. Yongʻin taxminan 600 kvadrat metr maydonni egallab olgan.
2019-yil avgustda Arxangelsk viloyatida Rossiya armiyasining asosiy yadro tadqiqotlari maydonida yangi qurolni ishlab chiqarishga urinish chogʻida portlash yuz bergan.
Halokatdan soʻng qoʻshni Severodvinsk shahrida radiatsiya koʻrsatkichlari oshgan, tahlikaga tushgan aholi yod olish uchun dorixonalarga oshiqqan. Bu modda radiatsiyaning qalqonsimon bezga taʼsirini kamaytirishga yordam beradi.
Oʻsha oy boshida Krasnoyarsk viloyatining Achinsk shaharchasidagi oʻq-dori omborxonasida bir necha kun ketma-ket portlashlar sodir boʻlgan edi.
2019-yil 5-avgust kuni sodir boʻlgan portlashda bir kishi hayotdan koʻz yumgan. 2019-yil 9-avgust kuni esa xuddi shu hududni minalardan tozalash vaqtida kamida toʻqqiz kishi jarohat olgan.
2019 iyul oyida esa, 14 nafar rus askari suvosti kemasida toksik gazdan zaharlanib halok boʻlgan, bu falokat 2000-yilda Kurs suvosti kemasining choʻkishini yodga soladi. Putin prezidentligining birinchi yili boʻlgan oʻsha davrda kema ekipajining 118 aʼzosi oʻlgan edi.
2011-yili Rossiyaning “Ekaterinburg” nomli katta yadroviy suv osti kemasi Murmansk viloyati shimolida taʼmirlash ishlari vaqtida yongʻinga uchragan.
Keyinchalik yongʻin vaqtida kema uzoq masofaga uchuvchi yadroviy raketalar bilan jihozlangani haqida xabar berilgan.
2008-yili yuz bergan yana bir falokatda 20 nafar rossiyalik (ulardan uch nafari dengiz zobiti va 17 fuqaro) Yaponiya dengizidagi sinovlar vaqtida kemaning oʻt oʻchirish tizimi tasodifan ishga tushib ketishi natijasida zaharli gaz chiqishi ortidan halok boʻlgan.
Rossiya chirigan imperiya va xalqlar uchun zindon.
Javob berishFikrlar 2
Oʻgʻirlik ularda davlat darajasidagi sport turi :)))
Javob berishFikrlar 2