Karvonsaroy
Terrorizm

Turkiyadagi mehnat migrantlarini jangarilikka yollash kuchaymoqda

Jumaguli Annayev

Turkiya politsiyasi dam olish kunlari COVID-19 koronavirusi tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etilgan komendantlik soatida Istanbuldagi Istiqlol shohkoʻchasida sayyohlarning shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirmoqda, 5-dekabr. Turkiyadagi koʻplab turkman mehnat migrantlari ishsiz qolgan va uylariga qayta olmayapti. [Ozan Kose / AFP]

Turkiya politsiyasi dam olish kunlari COVID-19 koronavirusi tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etilgan komendantlik soatida Istanbuldagi Istiqlol shohkoʻchasida sayyohlarning shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirmoqda, 5-dekabr. Turkiyadagi koʻplab turkman mehnat migrantlari ishsiz qolgan va uylariga qayta olmayapti. [Ozan Kose / AFP]

ASHXOBOD – Turkmaniston hukumati, jumladan uning maxsus xizmatlari ish izlab Turkiyaga ketgan, ammo koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz tufayli ogʻir kunlarni boshdan kechirayotgan minglab turkman fuqarolarining taqdiridan xavotirga tushgan.

Bu turkmanlar terrorchilikka yollovchi guruhlar uchun tayyor nishonga aylanmoqda, deydi rasmiylar va kuzatuvchilar.

Turkiyadagi aksar turkmanlar ishidan ayrilib, pulsiz qolgan, pasport va viza muddatlari tugagan, deydi Milliy xavfsizlik vazirligining (MXV) isteʼfodagi podpolkovnigi, ashxobodlik A. Rahmon.

“Hozirda ayniqsa “Islom davlati” (ID) yollovchilari bu odamlarga yaxshi hayot va moʻmay pul vaʼda qilib turganida, ularning vasvasalarga qarshi turishi juda mushkul”, dedi u.

Istanbul politsiyasi 2016-yil iyun oyida huquqbuzarlik sodir etishda gumon qilingan turkmanistonlik migrantni hibsga olgan. [Fayl]

Istanbul politsiyasi 2016-yil iyun oyida huquqbuzarlik sodir etishda gumon qilingan turkmanistonlik migrantni hibsga olgan. [Fayl]

“Qiyin ahvolda qolganlar oson oʻljaga aylanishi mumkin.”

A. Rahmonning aytishicha, “Turkmaniston fuqarolari nafaqat oʻzlari, balki oʻz yurtlarini ham xavf ostiga qoʻyayotganini mamlakat rahbariyati va MXV yaxshi tushunib turgan boʻlsa-da, hukumat darajasida aniq choralar koʻrilayotgani yoʻq”.

Uning aytishicha, turkmanistonlik migrantlar orasida profilaktika yoki operativ choralarni amalga oshirish, shuningdek, xorijda qolib ketgan turkmanlar uchun evakuatsiya parvozlarini tashkil qilish uchun Turkmaniston huquq-tartibot va razvedka idoralari xodimlarining Turkiyaga safari shular jumlasidandir.

“Hozirda Ashxoboddan Anqara yoki Istanbulga muntazam reyslar yoʻq, bahorgacha hech qanday parvozlar kutilmayapti, shu sababli Turkmaniston elchixonasi xodimlarining choralari bilan cheklanishga majburmiz. Ammo bu yetarli emas”, dedi u.

Yollovchilar nishonida – ayollar

Turkmaniston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan mehnat migrantlarini jangarilikka yollash tobora kuchayib borayotganligini Turkiya matbuotida chop etilayotgan xabarlar ham tasdiqlamoqda.

Jumladan, 3-noyabr kuni Duvar gazetasi suriyalik ekstremistlarning toʻrt nafar turkman ayolini yollagani haqida yozgan. Ular Damashqdagi boy oilalarning uyida yaxshi maoshli ish haqidagi yolgʻon vaʼdalar bilan Ankaradan olib chiqib ketilgan.

23-32 yosh orasidagi ayollar “epidemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlaridan jabr koʻrib, yollovchilar bilan bir necha oy muloqot qilganlaridan soʻng, iyul oyining ilk haftasida noqonuniy tarzda Suriyaga oʻtganlar”, deb yozadi gazeta.

Gazeta ayollarning ikkitasidan internet orqali intervyu olishga muvaffaq boʻldi.

Ayollardan biri hafsalasi pir boʻlib, Turkiyaga qaytib kelgan.

Gazetada A.K. nomi bilan tilga olingan ayolning ikki qizi buvisi bilan Turkmanistonda qolgan, oʻzi esa Turkiyaga ish izlab kelgan.

A.K. ish beruvchining uyida yashash sharti bilan keksa turk ayoliga qaragan, kampir yil boshida oʻlgan. Shundan soʻng pandemiya boshlanib, A.K. ishsiz, boshpanasiz va pulsiz qolib ketgan.

A.K. internetda juda koʻp vaqt oʻtkazgani va ayolning ogʻir holatini tushunib, unga hamdard boʻlgan yigit bilan tanishib qolgani haqida batafsil soʻzlab bergan.

“U menga taskin-tasalli berar, islomdagi birdamlik, arab tili va diniy kitoblarni oʻrganish muhimligini aytar edi. Turkiyada yoʻqotgan ishimga oʻxshagan ish ham taklif qildi”, dedi A.K.

A.K. Suriyada ekanligida akasi uning holidan xabar topib, halokatdan saqlab qolgan. Akasi uni notanish kimsaning aldov va yolgʻon vaʼdalariga uchmaslikka chaqirgan.

“U buning tuzoq ekanligi, bu odamlar terrorchilar ekani va men ulardan uzoqroq yurishim kerakligini qayta-qayta eslatib turdi”, deydi A. K. “U qattiq xavotirda edi. Men qoʻrqdim. Hamma yozishmalarni oʻchirib tashlab, u yigit bilan barcha aloqalarni uzdim.”

A. K. koʻrgan-kechirganlari dars boʻlishi uchun doʻstlariga yuz bergan hodisalarni soʻzlab bergan.

Yuzlarcha oʻxshash holatlar

Terrorchi yoki hatto jinoiy guruh yollovchilarining turkmanlarni oʻz tuzogʻiga ilintirgani bilan bogʻliq yuzlab, hatto minglab holatlar bor, deydi 20 yildan beri Istanbulda yashab kelayotgan turkmanistonlik Gulshat Esen qizi.

“Men bu yerda anchadan beri yashayman va bu haqda koʻp narsa bilaman. Bu yerdagi holatdan bexabar tanishlarim va hamqishloqlarim bilan gaplashar ekanman, ularga “Ehtiyot boʻl, tanimagan odaming bilan muloqot qilishdan avval yuz marta oʻylab koʻr”, deb aytaman”, deydi Facebook Messenger orqali Karvonsaroy bilan suhbatlashgan Esen qizi.

Gulshat tanishlari orasida hech kim yollovchilar qarmogʻiga ilinmaganiga shukr qilishini aytadi.

“Bu yerda ishlayotganlar, jumladan qirgʻiz va oʻzbek migrantlaridan eshitishimga qaraganda, ular bilan internet orqali bogʻlanishgan va Suriyada yaxshi maoshli ish taklif qilishgan”, deydi u.

Boshqalar bilan gaplashib shuni bildimki, jangarilar yollangan ayollarni jinsiy qullikka, erkaklarni esa oʻz saflarida jang qilishga majburlaydilar, deydi Esen qizi.

Qulay sharoitlar

Pandemiya va karantin choralari terrorchilarga migrant ayollarni jangovar boʻlmagan ishlarga (majburiy jinsiy aloqadan tashqari), ishsiz qolgan Markaziy Osiyolik erkaklarni esa siyraklashgan jangarilar safiga yollash uchun juda qoʻl keldi, deydi isteʼfodagi MXB podpolkovnigi Rahmon A.

“Avvalgi ishimdan shuni bilamanki, ikki yil oldin Turkiya universitetlarida 17 ming nafar turkmanistonlik talaba taʼlim olgan va 2018-yilning oʻzida 50 ming turkman Turkiyaga ishlagani kelgan”, dedi u.

A. Rahmon talabalardan koʻngli toʻq ekanligini aytgan. Ularga koronavirus va karantin choralari u qadar taʼsir qilmagan. U uylarda bola va kasallarga qarovchi, bar, bozor va boshqa savdo rastalari ishchilari, kichik, yashirin korxonalardagi hujjatsiz ishchilardan xavotirda ekanligini aytadi.

“Ularning aksari bar yoki restoranlarning yopilishi ortidan turklar ularni koʻchaga haydab chiqarganidan soʻng ishsiz qolishgan”, deydi u. “Turkmaniston chegaralarining yopiqligi va reyslarning yoʻqligi sabab ular uylariga ham qayta olmaydilar.”

Uning soʻzlariga koʻra, hukumat Turkiyada ogʻir ahvolda qolgan turkmanistonlik migrantlar muammosini zudlik bilan hal qilishi kerak.

“Aks holda ular oʻz hukumatlaridan norozi boʻlib, yollovchilarga aldanib qoladilar”, deydi A. Rahmon.

“Oʻz holiga tashlab qoʻyilganlar”

Har yili Turkmanistondagi qarindoshlariga yuz minglab dollar pul yuboradigan va shu yoʻl bilan oʻz mamlakati iqtisodiga yordam berayotgan Turkiyadagi mehnat migrantlari “taqdir hukmiga tashlab qoʻyilgan”, deydi Esen qizi.

Vaziyat shu qadar ogʻirki, Istanbulda ishsiz qolgan koʻplab turkmanistonlik migrantlar “koʻprik ostida va masjidlar hovlisida” tunamoqda, deb xabar bergan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining turkman xizmati.

“Umidsizlikka tushib, ilojsiz qolgan odamni oʻylamay ish qilishga osonlikcha koʻndirish mumkin”, deydi Rahmon A.

Turkiyada 6000 dan ortiq turkmanistonlik oʻz vataniga qaytish uchun navbatda turibdi, ammo hozirga qadar ular uchun faqat bir marta, sentabr oyida bittagina samolyot yuborilgan, deb yozadi Niderlandiyadagi Turkmen.news sayti.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500