Karvonsaroy
Texnologiya

Kreml xakerlari AQSHning qator federal idoralari va kiberxavfsizlik kompaniyasiga hujum qildi

Karvonsaroy va AFP

Oʻtgan hafta “FireEye” kiberxavfsizlik kompaniyasiga uyushtirilgan hujumlar AQSH hukumat idoralariga qilingan xakerlik hujumi bilan bogʻliq boʻlgan. Mijozlarning kompyuterlar tizimini sinash vositalarini oʻgʻirlagan mohir hujumchilar ularning xavfsizlik tizimlarini buzib kirishgan. [Pexels]

Oʻtgan hafta “FireEye” kiberxavfsizlik kompaniyasiga uyushtirilgan hujumlar AQSH hukumat idoralariga qilingan xakerlik hujumi bilan bogʻliq boʻlgan. Mijozlarning kompyuterlar tizimini sinash vositalarini oʻgʻirlagan mohir hujumchilar ularning xavfsizlik tizimlarini buzib kirishgan. [Pexels]

VASHINGTON – AQSHning bir qator hukumat idoralariga qarshi hujumlar ortida Kreml qoʻllovidagi xakerlarning turgani – Rossiyaning dunyo miqyosidagi kiberjosuslik kampaniyasi davom etayotganidan dalolat beradi, deydi vaziyat bilan yaxshi tanish boʻlgan hukumat va xususiy sektordagi manbalar.

Yakshanba (19-dekabr) kuni AQSH hukumati uning bir qator kompyuter tizimlari xorijiy davlat qoʻllovidagi xakerlar hujumiga uchraganini tasdiqladi.

“APT29”, “The Dukes” va “Cozy Bear” nomlari bilan tanilgan xakerlik guruhi Rossiya tashqi razvedka xizmatiga (SVR) ishlashi maʼlum boʻlgan, deb xabar beradi Washington Post nashri dushanba (14-dekabr) kuni vaziyatning nozikligini hisobga olgan holda anonim qolishni istagan va hujumdan xabardor manbaga tayangan holda.

Ushbu xakerlik hujumi oʻtgan hafta “FireEye” kiberxavfsizlik kompaniyasiga qilingan hujumga aloqadorligi aytilmoqda. Mijozlarning kompyuter tizimlarini sinovchi vositalarini oʻgʻirlagan mohir xakerlar “FireEye” firmasining xavfsizlik tizimini buzib kirishgan.

Qidiruvdagi Rossiya harbiy razvedkasining olti nafar xizmatchisi aks etgan surat yonida turib nutq soʻzlayotgan AQSHning Pensilvaniya gʻarbiy okrugi prokurori Skott Bredi (oʻngda) va AQSH bosh prokurori yordamchisi Jon Demers (chapda), Vashington, 19-oktabr. [Endryu Xarnik/POOL/AFP]

Qidiruvdagi Rossiya harbiy razvedkasining olti nafar xizmatchisi aks etgan surat yonida turib nutq soʻzlayotgan AQSHning Pensilvaniya gʻarbiy okrugi prokurori Skott Bredi (oʻngda) va AQSH bosh prokurori yordamchisi Jon Demers (chapda), Vashington, 19-oktabr. [Endryu Xarnik/POOL/AFP]

“FireEye” taxminicha, hujumlar davlatning qoʻllab-quvvatlovi ostida amalga oshirilgan.

Xakerlar “SolarWinds” kompaniyasi tomonidan yaratilgan tarmoqlarni boshqarish tizimini yangilash serveri orqali barcha tashkilotlar himoyasini buzib kirishgan, deb xabar bergan “FireEye” 13-dekabr kuni oʻz blogida.

“FireEye” kompaniyasiga koʻra, hujumdan Shimoliy Amerika, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqdagi hukumat idoralari, konsalting, texnologiya, telekom, neft-gaz kompaniyalari zarar koʻrgan.

“SolarWinds” tomonidan mart va iyun oylarida chiqarilgan mahsulotlar muayyan davlat tomonidan “murakkab va yoʻnaltirilgan hujum chogʻida yashirin qurolga aylantirilgan” boʻlishi mumkin, deyiladi kompaniyaning 13-dekabr kungi bayonotida.

“SolarWinds” mahsulotlaridan dunyo boʻylab 300 mingdan ortiq tashkilot foydalanadi, deyiladi kompaniya veb-saytida. Ular safida AQSH armiyasining barcha besh boʻlinmasi, AQSH davlat departamenti, AQSH adliya vazirligi, Aeronavtika va kosmik fazoni tadqiq qilish milliy boshqarmasi, prezident ijro apparati va Milliy xavfsizlik agentligi bor.

Aysbergning choʻqqisi

Kiberhujum keng miqyosda va mohirlik bilan bilan amalgan oshirilgan. AQSH razvedka idoralari hujum keltirgan zarar koʻlamini baholamoqda, baʼzilar ochiqlangan hujum faqatgina aysbergning uchi boʻlishi mumkin deya xavotirlanmoqda.

“APT29” va Kreml qoʻllovidagi boshqa xakerlik guruhlari oʻtmishda ham Gʻarbdagi obyektlarni nishonga olgan.

Guruh yil boshida COVID-19 vaksinasini ishlab chiqish bilan shugʻullanayotgan turli tashkilotlarga qarshi kiberhujumlar uyushtirgan edi, deb xabar bergan Gʻarb razvedka idoralari.

“APT29” guruhining zararli faoliyati qimmatli intellektual mulkni oʻgʻirlash maqsadida asosan hukumat, diplomatik, tadqiqot, sogʻliqni saqlash va energetika sohalariga qaratilgan, deb xabar bergan Britaniya milliy xavfsizlik markazi 16-iyul kuni. Bu fikrlarni AQSH va Kanada xavfsizlik xizmatlari ham qoʻllab-quvvatlaydi.

Shu bilan birga, guruh 2014-2015-yillarda AQSH davlat departamenti va Oq Uy pochta serverini ham buzib kirgan, soʻng AQSH demokratik partiyasining milliy qoʻmitasi (DNC) hamda yuqori lavozimli rasmiylarning himoya tizimlariga ham hujum uyushtirgan.

Sobiq GRU nomi bilan tanilgan Rossiyaning harbiy razvedkasi idorasi – GRU DNCning elektron maktublarini oshkor qilishda ayblangan, bu 2016-yilgi prezidentlik saylovlariga soya solgan tergov ishlariga sabab boʻlgan.

“Bu kampaniyadan hukumat sektorida ham, xususiy sektorda ham koʻpchilik jabrlangan koʻrinadi”, deb aytgan “Silverado Policy Accelerator” geosiyosiy tadqiqot markazi raisi Dmitriy Alperovich New York Times nashriga.

Alperovich toʻrt yil avval DNC hujumlariga ruslarning aloqadorligini aniqlagan “CrowdStrike” kiberxavfsizlik firmasining hammuassisidir.

Dalillar koʻpayib bormoqda

Rossiyaning Qoʻshma Shtatlardagi elchixonasi yillar davomida dunyo boʻylab Kreml qoʻllovidagi xakerlarga oid koʻpayib borayotgan dalillarni rad etib keladi.

“Axborot makonidagi zararli faoliyat Rossiyaning tashqi siyosati tamoyillari, milliy manfaatlar va bizning davlatlararo munosabatlar tushunchamizga zid”, deb taʼkidlaydi elchixona oʻzining Facebook sahifasida.

Norvegiya politsiya xavfsizlik xizmati (PST) oʻtgan hafta Moskvaning harbiy razvedkasiga aloqador boshqa bir rossiyalik xakerlar guruhini shu yil boshida Norvegiya parlamentiga qilingan hujumdan ayblab chiqqan edi.

“Tahlillardan maʼlum boʻlishicha, operatsiyaga katta ehtimol bilan “APT28” yoki “Fancy Bear” nomli ijrochi rahbarlik qilgan”, deyiladi PSTning 8-dekabr kungi bayonotida. “Bu ijrochi Rossiya harbiy razvedkasi – GRU bilan aloqador”.

Oktabr oyida AQSH hukumati olti nafar GRU zobitini Ukraina energetika tizimi, Fransiyadagi saylovlar va 2018-yilda Janubiy Koreyada oʻtgan qishki Olimpiya oʻyinlariga qarshi kiberhujumlarda ayblab chiqqandi.

Rossiyaning olti josusi, shuningdek 2017-yilda butun dunyodagi kompyuterlarni zararlab, birgina AQSHning uch kompaniyasiga qariyb 1 milliard dollar ziyon keltirgan “NotPetya” virusi hujumlarida ayblangan.

Ular, shuningdek rossiyalik sobiq ikki taraflama josus Sergey Skripal va qizining Angliyada asabni falajlovchi modda bilan zaharlanishiga oid xalqaro tergovga, shuningdek, (2018-yilda) Gruziya ommaviy axborot vositalari va (2019-yilda) parlamentiga qarshi kiberhujum uyushtirishda gumonlanmoqda.

Shu bilan birga, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab Rossiya harbiy razvedkasini (XOQ koronavirus pandemiyasi sababli Tokio olimpiadasini 2021-yilga qoldirishidan avval) Olimpiya oʻyinlari bilan bogʻliq obyektlarga qarshi onlayn-razvedka amaliyotlari olib borishda ayblagan.

2017-yili NotPetya virusi hujumlari butun dunyo boʻylab biznes va infratuzilmaga jiddiy zarba berdi – AQSHda bu hujumdan kasalxonalar, FedEx pochta gigantining shoʻba korxonasi va farmatsevtika kompaniyasi talafot koʻrgan.

2018-yil aprel oyida Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) va Birlashgan Qirollikning mudofaaviy fan va texnologiyalar laboratoriyasi tomonidan Skripalning zaharlanishi yuzasidan olib borilayotgan tergovlarga qarshi “maqsadli fishing” kampaniyalari oʻtkazilgan.

2018-yilda Gruziyada yirik OAVga qarshi yoʻnaltirilgan fishing kampaniyasi boshlandi, 2019-yilda esa xakerlar mamlakat parlamentining kompyuter tarmogʻini buzishga urindilar, deb xabar beradi AQSH adliya vazirligi.

Ayblanuvchilar 2015 va 2016-yilning dekabr oylarida zararkunanda dasturlarni qoʻllagan holda Ukrainadagi elektr tarmoqlariga qarshi hujumlar uyushtirgan, dedi AQSH Bosh prokurorining yordamchisi Jon Demers.

“Bular oʻta muhim fuqaroviy infratuzilma obyektlarining boshqaruv tizimlariga qarshi zararli dasturlar yordamida uyushtirilgan ilk jiddiy hujumlardir”, dedi u.

“Bu hujumlar oqibatida sharqiy Yevropada qishning qoq oʻrtasida elektr va issiqlik taʼminoti izdan chiqib, yuz minglab ukrainalik erkaklar, ayollar va bolalar qorongʻulik va sovuqda qolishgan.

Reuters tomonidan ham yoritilgan hujum AQSH milliy xavfsizlik agentligi (NSA) “Rossiya davlati tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan zararli ijrochilar” federal hukumat foydalanuvidagi tizimlarning kamchiliklarini oʻrganayotgani haqidagi ogohlantirishdan bir hafta oʻtmay sodir etilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

RFga qanday dalillar taqdim etildi? AQSH Rossiyani hamkorlikda tergov oʻtkazishga taklif qilganmidi?

Javob berish

Shunchaki yaxshi, sifatli safsata. -:)

Javob berish

Shunday boʻlgan taqdirda ham, gʻarbliklar tentaksizlar...

Javob berish

Ota va himoyachi Tramp ketdi. Bayden sanktsiyalarni Rossiyaning tomogʻiga tiqadi :))

Javob berish