Karvonsaroy
Jinoyat va adolat

Hisobot: Rossiyaning kimyoviy “oʻlim otryadi” Navalniyni yillar davomida taʼqib qilgani maʼlum boʻldi

Karvonsaroy va AFP

23-sentyabr kuni Rossiyaning Berlindagi elchixonasi oldida tashkil etilgan aksilhukumat namoyishi chogʻida prezident Vladimir Putinning tulumi yonida Rossiya muxolifat lideri Aleksey Navalniyning “zaharlangan” yozuvi tushirilgan surati (chapda) koʻrinmoqda. [Odd Andersen / AFP]

23-sentyabr kuni Rossiyaning Berlindagi elchixonasi oldida tashkil etilgan aksilhukumat namoyishi chogʻida prezident Vladimir Putinning tulumi yonida Rossiya muxolifat lideri Aleksey Navalniyning “zaharlangan” yozuvi tushirilgan surati (chapda) koʻrinmoqda. [Odd Andersen / AFP]

MOSKVA – Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) kimyoviy qurollar boʻyicha mutaxassislari guruhi Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyni bir necha yillar davomida, jumladan, u zaharlangan kuni ham taʼqib qilishgan. Bir qator OAV bilan hamkorlikda oʻtkazgan tekshiruv shundan dalolat bermoqda.

44 yashar Navalniy avgust oyida Sibirdan Moskvaga uchayotgan samolyotda hushini yoʻqotganidan soʻng Rossiyaning Omsk shahridagi kasalxonaga yotqizilgan, keyinroq tibbiy samolyotda Berlinga olib ketilgan edi.

Germaniya poytaxtidagi gʻarb mutaxassislari Navalniy Sovet Ittifoqi davrida ishlab chiqilgan asabni falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlangan, degan xulosaga kelishdi. Bu daʼvolar Rossiya rasmiylari tomonidan bir necha bor rad etilgan.

Dushanba (14-dekabr) kuni Bellingcat tergov guruhi AQSHning CNN tarmogʻi, Rossiyaning The Insider va Germaniyaning Der Spiegel nashrlari bilan hamkorlikdagi qoʻshma hisobotini eʼlon qildi. Unda “Novichok” kabi asabni falajlovchi va zaharli moddalar bilan ishlashga ixtisoslashgan shaxslarning ismlari va fotosuratlari eʼlon qilingan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) zaharli moddalarga ixtisoslashgan maxfiy boʻlinmasining operativ xodimlari Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyni butun Rossiya boʻylab kuzatib yurgan. Jumladan, avgust oyida uch nafar FSB xodimi Navalniyni taʼqib qilib, u zaharlangan Tomsk shahrigacha borgan, deb xabar beradi Bellingcat tergov guruhining veb-sayti. [Bellingcat]

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) zaharli moddalarga ixtisoslashgan maxfiy boʻlinmasining operativ xodimlari Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyni butun Rossiya boʻylab kuzatib yurgan. Jumladan, avgust oyida uch nafar FSB xodimi Navalniyni taʼqib qilib, u zaharlangan Tomsk shahrigacha borgan, deb xabar beradi Bellingcat tergov guruhining veb-sayti. [Bellingcat]

Bu odamlar Navalniyni 2017-yildan beri doimiy kuzatib kelishgan. Bellingcat “katta hajmdagi maʼlumotlar”, jumladan, telefon qaydlari va safarlarga oid maʼlumotlarga asoslanib shunday xulosaga kelgan.

Bellingcat guruhining maʼlum qilishicha, “ushbu operativ xodimlar muxolifatchi harbiy darajadagi kimyoviy qurol bilan zaharlangan kun va soatlarda uning yaqinida boʻlishgan”. Guruh 2017-yildan beri amalga oshirilgan 37 ta safarni tahlil qilib, Navalniyning ortidan bir yoki bir necha kishi kuzatganini aniqlagan.

“Bunday aql bovar qilmas tasodiflar inobatga olinsa, begunohlikni isbotlash masʼuliyati toʻlaligicha Rossiya davlati zimmasida qolayotgan koʻrinadi”, deb qoʻshimcha qiladi Bellingcat FSB yoki Kremlga izoh uchun murojaat qilganini ochiqlamay.

CNNga koʻra, Kreml buni izohlashdan bosh tortgan, FSB esa uning soʻroviga javob bermagan.

Meni kim oʻldirmoqchi boʻlganini bilaman”, dedi Navalniy 14-dekabr kungi videomurojaatida tergov tafsilotlarini ochiqlab. “Ular qayerda yashashini bilaman. Qayerda ishlashini bilaman. Asl ismlarini bilaman. Soxta ismlarini bilaman. Menda ularning fotosuratlari bor”.

Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya Rossiya hukumatini Navalniyning zaharlanishiga “aloqadorlik va javobgarlik”da ayblab chiqqan.

Ammo Rossiya prezidenti Vladimir Putin Navalniyni halok qilayozgan zaharlanish holati jinoiy ish ochish uchun sabab boʻlmaslini taʼkidlagan.

“Kimdir oʻlay degan boʻlsa, bu imkon topilishi bilan jinoiy ish qoʻzgʻash kerak degani emas”, dedi Putin, Fuqarolik jamiyati va inson huquqlari boʻyicha prezident kengashining (maslahat organi) majlisida. Bu haqda Kremlning 11-dekabr kungi stenogrammasida bayon qilingan.

“Lekin bu odamning oʻlishiga oz qoldi-ku” dedi Putin bilan uchrashuvda bu savolni koʻtargan jurnalist Nikolay Svanidze.

“Tushunaman”, deb javob berdi Putin.

Putin qonunni chetlab oʻtmoqda

Soʻnggi yillarda, Bellingcat bir necha bor internetda toʻplangan maʼlumotlar yordamida Rossiya maxsus xizmatlari josuslarini aniqlagan ammo bu iddaolar har safar Moskva tomonidan rad etilgan.

Veb-sayt Rossiya harbiy razvedka idorasi (GRU) agentlarining ismlarini oshkor qilgan. Bellingcat maʼlumotlariga koʻra, ular 2018-yilda Britaniyaning Solsberi shahrida Rossiyaning sobiq ikki taraflama josusi Sergey Skripal va qizining “Novichok” bilan zaharlanishida aybdor deb koʻriladi.

Rossiya yoki xorijda sirli ravishda oʻlgan Putin tanqidchilarining soni yil sayin ortib bormoqda.

Ular orasida 2006-yilda Angliyada poloniy bilan zaharlanish tufayli vafot etgan Aleksandr Litvinenko va 2015-yilda Kreml yaqinida otib ketilgan sobiq bosh vazir oʻrinbosari Boris Nemtsov ham bor. Bu holatlarning barchasida Kreml gumondorlarni topshirishdan bosh tortgan yoki suiqasd tashkilotchilarini oshkor qilmay hibsga olgan.

Siyosiy tahlilchilarga koʻra, Rossiya parlementida tasdiqdan oʻtayotgan qonun loyihasi prezident Vladimir Putinni 20 yillik hukmronlik davrida oʻz mamlakati va xorijda amalga oshirgan jinoyatlari uchun javobgarlikdan himoyalashga qaratilgan.

Qonun tasdiqlangan taqdirda sobiq prezident va uning oila aʼzolariga hayotlari davomida sodir etilgan har qanday jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilmaslik daxlsizligini beradi. Shuningdek, ular hibsga olinmaydi, tintuv va soʻroq qilinmaydi.

Bunday qonunni qabul qilish oʻzini jinoyatchi deb tan olishga teng”, deydi “ASIA-Plus” va “Deutsche Welle” nashrlarida ishlagan, hozirda Yevropada yashayotgan tojikistonlik jurnalist Xayrullo Mirsaidov.

Putin juda koʻp jinoyatlar sodir etgan, siyosiy qonunbuzarliklar tilga olinmagan taqdirda ham, bu misli koʻrilmagan miqyosdagi korrupsiyadir”, dedi u. “Ertami-kechmi, u qonun oldida javob berishi kerak. Shu sababli ham u shunday qonunni joriy etmoqchi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 6

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya terrorchi mamlakat boʻlib qoldi

Javob berish

Navichok kuchli zahar haqiqatdan ham zaharlashganda u o'lardi bu fitna menimcha

Javob berish

Navalniy hamma teshik FSB, GRU xodimlaridan kuchli Supermenga oʻxshaydi.

Javob berish

Bunday ish uchun Rossiyani yoʻq qilish kerak. Allaqachon shunday boʻlishi kerak edi.

Javob berish

Yangi asoslangan davlatlardan farqli oʻlaroq, Rossiya ming yillik davlatchilikka ega. Rossiya oʻz yurtini vaxshiylardan himoya qilish huquqiga ega.

Javob berish

Bu Rossiya degan mamlakat yoʻq degani. Rossiya ISHIDi nomli terrorchilik tashkiloti bor xolos.

Javob berish