Karvonsaroy
Siyosat

Qozogʻiston hududlari “Rossiyaning sovgʻasi” degan daʼvolar hududiy xavotirlarni keltirib chiqardi

Aydar Ashimov

10-dekabr kuni Vyacheslav Nikonov Qozogʻiston hududini “Rossiyaning ulkan sovgʻasi” deb atagan “Bolshaya Igra” rus telekoʻrsatuvidan olingan kadr.

10-dekabr kuni Vyacheslav Nikonov Qozogʻiston hududini “Rossiyaning ulkan sovgʻasi” deb atagan “Bolshaya Igra” rus telekoʻrsatuvidan olingan kadr.

NUR-SULTON – Yaqinda kremlparast siyosatchilar va jurnalistlarning bir qator hududiy daʼvolari Qozogʻistonda xavotir va norozilik keltirib chiqardi.

Masalan, 10-dekabr kuni Rossiya davlat dumasining taʼlim va fan boʻyicha qoʻmitasi raisi Vyacheslav Nikonov “Birinchi” davlat telekanali efirida Qozogʻistonning suverenitetiga bevosita daxl qiluvchi soʻzlarni aytgan.

“Qozogʻiston mavjud emas edi. Shimoliy Qozogʻistonda (ruslar kelguniga qadar) odamlar yashamagan. Qozogʻiston hududi – Rossiya va Sovet Ittifoqining ulkan sovgʻasidir”, deb aytgan “Bolshaya Igra” (Katta oʻyin) teleshousida mehmon boʻlgan Nikonov.

“Ukrainaning yarmi ham Rossiyaning sovgʻasi”, dedi tok-shou mehmoni boʻlgan rossiyalik senator va teleboshlovchi Aleksey Pushkov.

12-dekabr kuni Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Marat Sizdikov Rossiyaning muvaqqat ishonchli vakili Aleksandr Komarov (chapda) bilan uchrashdi. [Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi]

12-dekabr kuni Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Marat Sizdikov Rossiyaning muvaqqat ishonchli vakili Aleksandr Komarov (chapda) bilan uchrashdi. [Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi]

“Sovet Ittifoqi zabt etilgan va bosib olingan turli hududlardan tashkil topgan Rossiya imperiyasi edi”, deb aytgan mehmonlardan biri, teleboshlovchi Vladimir Pozner.

Bu rossiyalik arboblarning tabiiy resurslarga boy va Markaziy Osiyodagi eng koʻp etnik ruslar yashaydigan mamlakat – Qozogʻiston haqida bunday bayonotlar berishi bilan bogʻliq ilk holat emas.

13-dekabr kuni Rossiya davlat dumasining yana bir deputati Yevgeniy Fyodorov “Belrusinfo” YouTube kanalida mamlakat hududini nazarda tutib, Qozogʻiston “sovgʻa uchun minnatdor boʻlishi kerakligini” aytgan edi.

“Sovgʻa deb tan olmas ekansiz, uni qaytarib bering, chunki siz uni noqonuniy olgansiz – Rossiya shunday deyishga haqli”, dedi Fyodorov.

Rossiyaning “sovgʻalari”

Rossiya rasmiylarining soʻnggi bayonotlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning postsovet respublikalar Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqqani uchun Rossiyadan “qarzdor” degan avvalgi bayonotiga mos keladi.

Postsovet davlatlar “rus xalqining sovgʻalari”, yaʼni yerlarni qaytarib berishi kerak, degan edi Putin 21-iyun kuni “Rossiya-1” davlat telekanalida efirga uzatilgan intervyusida.

Uning soʻzlariga koʻra, Sovet Ittifoqini taʼsis etishga oid 1922-yilgi kelishuvda ittifoqdan chiqish huquqi eʼtirof etilgan boʻlsa-da, bu jarayon tartibi belgilanmagan.

“Demak, savol tugʻiladi: agar u yoki bu respublika Sovet Ittifoqiga qoʻshilgan boʻlsa-yu, tarixan, azaldan Rossiyaga tegishli yerlarni qoʻlga kiritgan boʻlsa, keyinroq Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqishga qaror qilgan boʻlsa-chi? U holda, nima bilan kelgan boʻlsa, shu bilan ketishi, rus xalqining hadyalarini qaytarishi kerak edi”, deb aytgan Putin.

“Birinchi kanal” koʻrsatuvi ortidan Rossiya Federatsiyasining muvaqqat ishonchli vakili Aleksandr Komarov 12-dekabr kuni Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan.

Uchrashuv davomida Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Marat Sizdikov “vazirlikning Nikonov bayonoti yuzasidan taajjubda ekanini” bildirgan.

Sizdikov ushbu bayonot munosabati bilan Komarovga Qozogʻiston hukumatining pozitsiyasi bildirilgan notani topshirgan.

Vazirlik bayonotida ayrim rus siyosatchilarining Qozogʻistonga nisbatan tez-tez provokatsion hujumlari davlatlar oʻrtasidagi ittifoqchilik munosabatlariga jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etilgan.

“Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi bunday iddaolarga Rossiya tomonidan munosib baho berilishini kutadi va bundan buyon Rossiya Federatsiyasi davlat arboblarining bunday bayonotlar berishiga yoʻl qoʻymaslikka chaqiradi”, deyiladi bayonotda.

“Shoh” nima fikrda

“Bunday bayonotlar Rossiyalik siyosatchilar tarafidan tez-tez yangramoqda. Bundan xavotirlanmay iloj yoʻq. Qozogʻistonliklarning reaksiyasi oʻrinli, Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligining pozitsiyasi ham toʻgʻri”, deydi Nur-Sultonlik siyosiy tahlilchi Yernar Beysaliyev.

“Ehtimol, bu atayin qilingan provokatsiya emas, balki Rossiya va uning mintaqada hukmronlik qilishini istaydigan siyosatchilarining imperialistik qiliqlaridir”, dedi u.

“Qozogʻistonda bunday provokatsion bayonotlarning bari siyosiy masxarabozlarning shovqini sifatida talqin qilindi. Bu Qozogʻiston rahbariyatining katta xatosi boʻlgan. Aslida masxarabozlar koʻpincha podshoh va uning izdoshlari oʻylayotgan gaplarni gapiradi”, deb yozadi olmaotalik siyosiy tahlilchi Dosim Satpayev oʻzining Facebook sahifasida.

Rossiya rahbariyati diplomatik notalarga Kremlning baland minorasidan turib tupurmoqda, dedi u.

“Qozogʻistonga, uning hududiy yaxlitligi, tarixiga va tiliga nisbatan provokatsion va haqoratli hamlalar qiluvchi barcha shaxslar uchun respublikamizga kirish taqiqlanishi kerak”, dedi Satpayev.

“Endi Qozogʻiston YOII (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi) tarkibidan chiqishi, soʻngra Oʻzbekiston kabi KXSHTga (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) aʼzolikdan voz kechishi kerak”, deb yozgan Satpayev Kreml boshchiligidagi iqtisodiy va harbiy bloklarni nazarda tutib. Oʻzbekiston YOIIga qoʻshilmagan va 2012-yilda KXSHTni tark etgan.

Qozogʻistonliklar internetda bu borada oʻz eʼtirozlarini bildirganlar.

“Qozogʻiston mavjud boʻlmagan, deydimi? Davlat dumasi raisining oʻrinbosari shunday bemaʼni gapni gapirib tursaya. Yana bular Qozogʻistonda Yevrosiyoga qarshi kayfiyat kuchayib borayotganidan hayron boʻlishadi”. “Uzr soʻrashlarini talab qilamiz”, “Sovet Ittifoqi qulagan, boʻlar ish boʻlgan”, deb yozgan Nikonov ishtirokidagi YouTube videolavhasi ostida fikr-mulohaza qoldirgan qozogʻistonliklar.

“Rossiyalik siyosatchilar aqldan ozibdi. Nahotki, ular bu gaplaridan keyin Qozogʻistonda aksilrossiya kayfiyati kuchayishini bilishmasa? Biz shu yerda yashaymiz, Qozogʻistonni oʻz vatanimiz deb bilamiz va bunday bayonotlarni eshitishni istamaymiz”, deydi chimkentlik Yelena Shepeleva Karvonsaroy bilan suhbatda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 17

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Umuman olganda, rus odamining portretini chizsa boʻladi: bu rus odami oʻzi yoki rus jamiyati uchun qanday qilib, nimani va qayerdan oʻgʻirlash yoki oʻzlashtirish mumkinligini, qayerda nimani qoʻlga kiritsa boʻladi yoki oʻziniki qilib olish uchun sharoit bor yoki yoʻqligini qidirib yuradi. Birovlarning yerini bosib olish yoki egallashni nazarda tutyapman. Aytmoqchimanki, asrlar davomida shunday boʻlgan va afsuski, abadiy shunday boʻlib qoladi. Birovning yerlarini egallab olish bilan bogʻliq ishlar, bularning bari rus xalqining tomirlari va genlarida mustahkam oʻrnashgan. Bu jirkanch xislatni yoʻq qilib, oʻchirib tashlash imkonsiz. Shu tariqa ruslar tufayli yangi urush yaqinlashmoqda; ular barcha muammolarning sababidir. Barchangiz eslasangiz kerak, ruslar asrlar davomida qanday qilib bugungi kungacha BUTUN UMR TURLI URUSHLARNI olib borishgan. Ular tufayli koʻp odamlar halok boʻldi. Barcha xalqlar ruslar tufayli juda koʻp aziyatlarni boshdan kechirdilar. Hatto rus yozuvchilarining oʻzlari ham tan olishgan, biz ruslar boshqa odamlarga azaldan turli aziyatlar, mashaqqat va azob-uqubatlarni keltiramiz va buni hech qanaqasiga oqlab boʻlmaydi. Bularning bari yorqin kelajak vaʼdasi bilan, doimo birovlarning yerlarini tortib olish uchun qilingan. 6-7-asrlardayoq Ladoga koʻli boʻyida rus slavyanlarining ilk qabilalari paydo boʻlgach, begona yerlarni egallab olish boshlandi. Oʻsha paytdan beri Moskoviya chegaralari Alaskagacha yetib bordi va ularga quloq soladigan boʻlsangiz, dunyoning

Javob berish

Rossiyaning oʻzi boshqa mamlakatlarning yerida joylashgan. Kavkazdan Yakutiyaga qadar hech bir hudud Rossiyaniki emas.

Javob berish

Bu Rossiya imperiyasining taxti; hech kim uni qimirlata olmaydi. Koʻpchilik urinib koʻrdi, natijasi esa ayanchli boʻldi. Ha, zamonaviy Rossiyada turkiy xalqlar ham yashaydi, ammo ular siz kabi emas... Siz baʼzida moʻgʻul-tatarlarga, baʼzida esa turklarga ilakishasiz. Bir toʻxtamga kelib olmasangiz, tez orada xitoylik boʻlib qolasiz. Biz oʻz yerlarimizni baʼzan qurollar yordamida qoʻlga kiritdik, hayot shunaqa. Nima qilsangiz ham oʻz boshingizga balo orttirib olmang. Rossiyaliklarga choh qazimang (rossiyaliklar faqat ruslar emas), aks holda biz uni xandaq sifatida ishlatamiz. Turkiy nomlar haqida gapiradigan boʻlsak, unga sizning qanday aloqangiz bor? Siz oʻz yurtingizni asrang, Rossiyani oʻzimiz hal qilib olamiz. Xonlaringizning oʻzi qoʻshib olishimizni soʻragan; rossiyaliklar esa sizning yeringiz uchun oʻz jonlarini berdilar. “...filga huryaptimi, demak u kuchli”.

Javob berish

Biz turklar vaqtincha Rossiya tomonidan ishgʻol qilinganmiz va kim bilan boʻlishni xohlayotganimizni bilamiz.

Javob berish

Rossiya hududlari – Moskva atrofidagi botqoqliklar va torfli yerlardir. Qolgan joylar boshqalarga tegishli.

Javob berish

Ha, tarixni oʻrganish kerak. Turkcha nomlarga kelsak... Ust-Kamenogorsk, Akmolinsk, Serebryanka, Pavlodar, Semipalatinsk va boshqalarchi? Orenburg esa umuman nemischa nom, qanaqasiga turkcha boʻladi? Rossiyaning oʻzida ham ahmoqlar yetib ortadi. Biz esa koʻp asrlardan beri birga yashayapmiz; SSSR parchalanganidan keyin chegaralar tan olingan... Rossiya oʻz yerlarining bir qismini respublikalarga topshirgani esa haqiqat. Buning qoʻrqinchli joyi yoʻq - shunchaki tan olish va yashashda davom etish kerak. Nizo qoʻzgʻamaslik kerak. Tarixni, ayniqsa oʻz mamlakating tarixini bilishing kerak, aksil-Rossiya shiorlarni hayqirib yurgandan koʻra. Bu yaxshilikka olib kelmasligini koʻrib turibmiz (Ukraina, Armaniston, Turkmaniston, Gruziya ...). Shunday ekan, keling ahil yashaylik va chegaralar oʻzgarmaydi.

Javob berish

Rassiya yerlarini ko'pi turkiylarga tegishli

Javob berish

Nima uchun qandaydir jiriklar [Jirinovskiy tarafdorlari] shimoliy Qozogʻistonni Rossiyaniki deb baqirayotganiga tushunmayapman. Shimoliy Qozogʻiston shundoq ham Rossiya ichida - bular Omsk, Orenburg, Tyumen, Barnaul, Kemerovo. Hatto bu shaharlarning nomlari ham turkcha. Shunday ekan, ortiqcha chiranish kerak emas.

Javob berish

Qrim voqeasining qaytarilishini istaydilar chogʻi, lekin bu luqma yebtoʻymas xalqumga tiqilib qolishi mumkin.

Javob berish

Aslida Putin SSSRni qayta tiklamoqchi. 1865 yilda Toshkentni bosib olishda oʻldirilgan askarlar uchun Samarqand Darvozada qoʻyilgan yodgorlikning qayta tiklanishi, 9 may kunini Xotira kunidan Gʻalaba kuniga oʻzgartirish, Gʻalaba parki ochilishi, Mariya Zaxarovaning qonunchilikda rasmiy tilning qoʻllanilishiga aralashuvi, Duma deputatlarining baqir-chaqiri, rusiyzabonlar huquqlari poymol qilinayotgani haqidagi Rossiya targʻibotchilarining jazavasi va hokazo hammasi bir zanjirning boʻgʻimlari. Rossiya iqtisodi pasaymoqda, ularning raqobatbardosh boʻlmagan mahsulotlari uchun yangi bozor kerak. Xuddi Don Kixot Lamancheskiyga oʻxshab shamol tegirmoniga qarshi qilich koʻtargan Putinning geosiyosiy ambitsiyalari osmonga koʻtarilib ketgan. HAMMA IMPERIYALAR QULASHINI odamlar qachon tushunib yetar ekan?! Ertami-kechmi shunday boʻladi, bu ortga qaytmas tarixiy jarayon.

Javob berish

Putinning taxti qimirlab qolgan. Rossiyaning o‘zi ham deyarli parchalanishga tayyor.

Javob berish

Rossiyaning tarixiy, azaliy yerlari - Oltin xalqa hududidir. Qolgan barcha yerlar turk, kavkaz, finn-ugor, sibir va boshqa xalqlardan tortib olingan.

Javob berish

Bundan buyon KALININGRAD - Polshadan Rossiyaga sovgʻa qilingan yer. Buning uchun [Polshaga] rahmat aytish kerak. Aks holda, Rossiya yerni oʻz egasiga qaytarsin !!!

Javob berish

Rossiya bu provokatorlarni javobgarlikka tortib, Qozogʻiston tarixini oʻrgatib qoʻysin.

Javob berish

Tarix bormi o‘zi? Har yili qayta yozilayotganga o‘xshaydi.

Javob berish

Rossiya Qozogʻistonni qoʻldan chiqarmoqda; shuning uchun ham qoʻrqitib qoʻymoqchi.

Javob berish

Jin urgur Putin

Javob berish