SHANXAY – Pekinning uygʻurlarga qarshi qatagʻonlari mahalliy texnologik gigant – Alibaba qoʻllovida yanada kuchaygan. Xalqaro hamjamiyat bu holatni qoralashda davom etar ekan, jahon brendlari Shinjon mintaqasida biznes yuritishdan bosh tortmoqda.
Soʻnggi haftalar davomida tarqalgan qator xabarlarga koʻra, huquq-tartibot organlari Xitoyning Shinjon viloyatidagi aksar musulmonlar ozchiliklarni kuzatish, monitoring qilish va hibsga olishda texnologiyalardan qanday foydalanayotgani maʼlum boʻlgan.
Alibaba tomonidan ishlab chiqilgan yuzni tanish dasturiy taʼminoti kompaniyani Pekinning uygʻurlarga qarshi tazyiqi bilan bogʻliq mojaroga aralashgan navbatdagi Xitoy korporatsiyasiga aylantirgan.
Alibaba korporatsiyasining bulutli texnologiyalar biznesiga oid sayti mijozlar uning dasturidan surat va videolar ichidan uygʻurlar va boshqa etnik ozchiliklarning yuzlarini aniqlashda qanday qilib foydalanishi mumkinligini koʻrsatgan. Bu haqda 16-dekabr kuni IPVM kuzatuv sanoati nashri va The New York Times xabar berdi.
Jurnalistlar kompaniyadan bu borada izoh soʻragach, Alibaba Cloud “uygʻurlar” va “ozchiliklarni aniqlash”ga oid soʻzlarni darhol saytidan oʻchirib tashlagan.
Alibaba Cloud dalillar va qoʻshimcha izohlar bermay, bu texnologiya faqat “sinov rejimida” ishlatilganini aytgan, deb yozadi IPVM.
Yillik savdosi hajmi 78 milliard dollarni tashkil etuvchi Xitoyning eng yirik elektron tijorat veb-sayti boʻlgan Alibaba 17-dekabr kuni Internetda eʼlon qilingan bayonotda Alibaba Cloud bu funksiyani ishlab chiqqanini “bilgach, xavotirga tushganini” aytgan.
Ushbu texnologiya faqat imkoniyatlarni sinovdan oʻtkazish uchun ishlatilgan va hech bir mijoz tomonidan qoʻllanilmagan, dedi Alibaba oʻz mahsulotlarida “har qanday etnik belgilarni yoʻq qilganini” aytib.
“Biz oʻz texnologiyamizdan muayyan etnik guruhlarni aniqlash yoki identifikatsiya qilishda qoʻllanishiga izn bermaganmiz va bunday qilmaymiz”, deyiladi bayonotda.
Xitoyning boshqa bir bulutli provayderi Kingsoft Cloud ham oʻz saytida dasturiy taʼminot odamning yuz tasviridan foydalanib, uning “uygʻur” yoki “uygʻur emasligini” aniqlashi mumkinligini bayon qilgan, deb yozadi The New York Times.
Jurnalistlar kompaniyadan bu texnologiya haqida soʻragach, Kingsoft Cloud bu sahifalarni veb-saytidan oʻchirib tashlab, dastur mijozlarga sotilmagani va uygʻurlarning yuzini taniy olmasligini aytgan.
“Uygʻurlardan ogohlantirish”
Butun dunyoda Pekinning Shinjondagi siyosatiga nisbatan tanqidlar kuchayar ekan, uygʻurlar masalasi Xitoy kompaniyalari uchun muammoga aylangan.
Xitoyning boshqa ikki texnologik giganti – Huawei va Megvii birgalikda “uygʻur trevogasi” tizimini sinash va tekshirish ishlarini olib borganlar, deb xabar beradi 8-dekabr kuni IPVM va Washington Post nashrlari.
Huawei – Xitoyning eng yirik texnologik kompaniyasi, Megvii esa mamlakatda yuzni tanish texnologiyalari boʻyicha eng yirik taʼminotchilardan biri hisoblanadi.
IPVM Huawei kompaniyasining maxfiy “muvofiqlik hisoboti”ni qoʻlga kiritgan boʻlib, unda ikki kompaniya 2018-yilda olomon ichida yuzlarni skanerlash va har bir odamning yoshi, jinsi va qaysi etnik guruhga mansubligini baholaydigan sunʼiy intellektli kamera tizimini sinash uchun birgalikda ishlagani qayd etilgan.
“Sinovlarga oid hisobotda aytishilishicha, agar tizim asosan musulmon ozchilikka mansub odamning yuzini aniqlasa, “uygʻur trevogasi” bilan ular haqida Xitoy politsiyasiga xabar berishi mumkin”, deb yozadi Washington Post.
Ikkala kompaniya ham hisobotni tasdiqlagan boʻlsa-da, bu texnologiya etnik guruhlarni nishonga olish yoki belgi qoʻyishda ishlatilganini inkor etgan.
“Xitoyning kuzatuvga intilishi ozchiliklarni taʼqib qilishdangina iborat emas”, deydi Human Rights Watch tashkilotining Xitoy boʻyicha katta ilmiy xodimi Maya Van.
Kuzatuv xarajatlari oʻsib bormoqda
Pekin keng jamoatchilikni kuzatib borish hamda ozchiliklar, namoyishchilar va davlatga tahdid deb hisoblanganlarni taʼqib qilish uchun sunʼiy idrokka tayanuvchi kuzatuv tizimidan tobora koʻproq foydalanmoqda, dedi u.
Shinjonda uygʻurlarning “shubhali” xatti-harakatlarni aniqlaydigan dastur ishga tushgach, mahalliy politsiya ularni hibsga ola boshlagan, deydi Human Rights Watch.
Soʻnggi yillarda Shinjonda kuzatuv sarf-xarajatlari keskin oshgan, zero terrorizmga qarshi kurash bahonasida butun viloyat boʻylab yuzni tanish texnologiyalari, koʻz toʻrpardasi skanerlari, DNK maʼlumotlarini yigʻish va sunʼiy intellekt tizimlari oʻrnatilgan.
Xitoy rejimi Shinjonda olib borgan siyosati tufayli xalqaro hamjamiyatning jiddiy tanqidiga uchradi. Huquqbon tashkilotlarga koʻra, bu mintaqada millionga yaqin uygʻur va aksari musulmon boʻlgan boshqa ozchiliklar vakillari qayta tarbiyalash lagerlarida saqlanmoqda.
Pekin bu lagerlarni terrorizmga qarshi kurash va ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan kasb-hunarga oʻrgatish markazlari sifatida himoya qiladi.
Ceshanba (27-oktabr) kuni AQSH senatorlari Xitoy rejimining uygʻurlar, etnik qozoqlar, qirgʻizlar va boshqa musulmon ozchiliklarga qarshi genotsid siyosatini qoʻllayotgani haqidagi rezolyutsiyani taqdim etdilar.
Xitoy rejimi Shinjondagi musulmon ozchiliklarga qarshi repressiv siyosatini oqlash uchun SHTIHni muntazam ravishda ayblab keladi.
Pekin uzoq yillar davomida islom madaniyatini yoʻqotish, masjidlarni buzish, musulmonlarga kommunistik mafkurani singdirish va ayollarni majburan bichish boʻyicha tizimli siyosat olib bormoqda, deydi kuzatuvchi va tadqiqotchilar.
Bu kabi choralar doirasida, asosan oxirgi uch yilda Xitoy hukumati 16 mingga yaqin masjidni buzgan yoki ularga zarar yetkazgan, deyiladi Avstraliya strategik siyosat institutining (ASPI) sentyabr oyidagi hisobotida.
Hisobotda aytilishicha, Shinjondagi masjidlar, qabristonlar va ziyoratgohlar kabi islomga oid yirik obyektlarning deyarli uchdan biri yer bilan yakson qilingan.
Qullik mehnati
Xitoy hukumati koronavirus pandemiyasi sharoitida Shinjondagi musulmon ozchiliklarni shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqarish korxonalarida ishlashga majburlagan, deb yozadi “New York Times” yuzlab video, foto va rasmiy hujjatlaridan dalil keltirib.
Shinjondagi uygʻurlar va boshqa musulmonlar paxta terimiga va uni qayta ishlash korxonalariga ishlashga majburlanganlar, deydi huquqbon guruhlar.
AQSH Bojxona-chegara xizmati 2-dekabr kuni Shinjon mintaqasidan “qullik mehnati” bilan yetishtirilgan paxta importini taqiqlagani haqida eʼlon qilgan.
Shinjonning “qayta tarbiyalash markazlaridagi” 570 mingdan ortiq uygʻur davlatning majburiy mehnat dasturi doirasida paxta terimiga jalb qilinmoqda, deb xabar bergan 14-dekabr kuni Vashingtondagi Global siyosat markazi.
Pekinning iddaosicha, ushlab turilganlarning bari markazlarni “tamomlagan”, ammo hisobotlarga koʻra, sobiq mahkumlar koʻp hollarda lagerlar bilan bogʻliq past malakali ish oʻrinlariga jalb etilgan.
Global siyosat markazining hukumat hujjatlariga tayanib maʼlum qilishicha, ishchi kuchini taqsimlash dasturi ishtirokchilari politsiya tomonidan qattiq nazorat qilingan – manzildan manzilga kuzatib qoʻyish, “harbiy usuldagi boshqaruv” va mafkuraviy tayyorlov shular jumlasidandir.
“Ishchi kuchini paxta terimiga jalb qilish majburiy mehnat xavfi bilan bogʻliqligi aniq”, deb yozadi hujjatlarni oʻrgangan Adrian Zents oʻz bayonotda.
“Ayrim ozchiliklar vakillari bu jarayonga nisbatan maʼlum darajada rozilik bildirishi va bundan moliyaviy manfaat olishi mumkin. Ammo qayerda majburlash tugab, qayerda mahalliy rozilik boshlanishini aniqlash imkonsiz.”
Xitoy haqida “ularni uygʻotmang!” degan Napoleon haq edi: Uygʻurlar, qozoqlar va boshqa etnik ozchiliklarga nisbatan bu qadar shafqatsizlik qayerdan?
Javob berishFikrlar 3
Iflos Xitoy Alloh jazoingni bersin.
Javob berishFikrlar 3
Tezroq Turon birligini tuzish kerak.
Javob berishFikrlar 3