NUR-SULTON – Yaqinda “Xabar” telekanali orqali namoyish etilgan yangi “Poligon” qozoq seriali Sovet ittifoqining yadro qurollari sinovdan oʻtkazilgan Semipalatinskda (hozirgi Semey) poligonning mudhish oʻtmishiga eʼtibor qaratgan.
1949-yildan 1989-yilga qadar Sovet Ittifoqi Semipalatinskda mahalliy aholi salomatligi va atrof-muhitga eʼtiborsizlik bilan 456 ta yadro sinovini oʻtkazgan.
Yaponiya va Qozogʻistonning hamkorlik oʻtkazgan tekshiruvi natijasida Semipalatinsk atrofida yashovchi mahalliy aholi orasida turli saraton kasalliklari, tugʻma nuqsonlar va yurak-qon tomir kasalliklari darajasi yuqori ekanligi aniqlangan, deyiladi 2016-yilgi EurasiaNet hisobotida.
17-19-dekabr kunlari namoyish etilgan olti qismli drama poligonning tarixi va uning 1991-yilda (oʻsha vaqtdagi) Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan yopilishi haqida hikoya qiladi.
“Xabar” telekanalining maʼlum qilishicha, “serialdagi voqealar 1980-yillar oxirida yuz beradi”. Syujet markazida real tarixiy shaxslar, jumladan, Sovet Ittifoqining soʻnggi rahbari Mixail Gorbachyov aks etgan.
Gorbachyovning obrazi serialda markaziy oʻrinni egallaydi, zero uning gʻoyalari “butun Sovet Ittifoqini qamrab olib, oʻzgarishlar uchun yoʻl ochdi”, deyiladi telekanal xabarida.
“Kechirolsang, kechir Qozogʻiston...”
Kartinada jabrlangan mintaqa aholisining fojiali taqdiri, shuningdek, qozogʻistonlik faollarning poligon direktori va KGB agentlari bilan kurashi tasvirlangan.
Serial Gorbachyov va AQSHning oʻsha paytdagi prezidenti Ronald Reyganning yadroviy qurolsizlanishga oid sammitdagi uchrashuvi bilan bogʻliq tarixiy kadrlar bilan boshlanadi.
Tomoshabinlar birin-ketin mahalliy aholi chekkan mashaqqatlar, ularning majburan koʻchirilishi, oddiy odamlarning ular bilan tajriba oʻtkazayotgan rasmiylar va harbiylarga nisbatan nafrati va qozoqlarning qudratli KGB oldidagi matonatiga shohid boʻladilar.
“Qozogʻiston, kechirolsang kechir bizni. Sinovlar taqiqlanganini olqishlaymiz!” – filmda qozogʻistonlik shoir, yozuvchi va “Nevada-Semipalatinsk” aksilyadroviy harakati rahbari Oʻljas Sulaymonov qalamiga mansub satrlar yangraydi.
Sulaymonov rolini aktyor Yerlan Bilol ijro etgan.
“Bu loyihani yaratish uchun taxminan 4-5 oy vaqtimiz bor edi”, deydi “Xabar” telekanaliga intervyu bergan rejissyor va prodyuser Axat Ibrayev filmda tarixiy faktlar va badiiy janr birlashtirilganini tushuntirib.
Sovet harbiy-sanoat kompleksi va maxsus xizmatlar poligon faoliyatiga oid maʼlumotni yashirib kelgan. “Semipalatinsk poligoniga oid maʼlumotlarning 90 foizi bugunga qadar oshkor qilinmagan”, deydi u.
“Xalqimiz va yerlarimiz qurbon qilindi”, deb qoʻshimcha qiladi u YouTube tarmogʻiga joylangan intervyuda.
“Hammasi Moskvada hal qilingan”
“Serial haqqoniyligi va qahramonlarning yorqin obrazlari bilan maʼqul boʻldi”, deydi turkistonlik Guljamol Balayeva.
“Farzandlarimiz Moskvaning harbiy qudrati yoʻlida Sovet hukumati tarafidan qurbon qilingan odamlar haqida bilishlari lozim”, deb qoʻshimcha qildi u. “Tarixiy xotira unutilmasligi kerak”.
Balayeva serialda “KGBning bosimiga qaramay, yadro sinovlarini toʻxtatish va oʻz mamlakatlari mustaqilligiga erishishni orzu qilgan” yosh qahramonlardan taʼsirlanganini aytdi.
“Odamlar uylaridagi hamma narsani titratgan portlashlardan, nomaʼlumlikdan qoʻrqar edi”, deydi Sharqiy Qozogʻiston viloyatida yashovchi va “Beybit Atom” (Tinch atom) nodavlat tashkiloti rahbari Dauren Atabayev.
“Ular kasalliklarga chalinib, vafot etar edilar... Haqiqat izlovchilar va faollar esa taʼqib qiinar, Sovet tuzumiga qarshi biron soʻz aytib boʻlmas edi”, dedi u.
Bunday teleseriallar Semipalatinskda oʻtkazilgan yadro sinovlari haqidagi hujjatli filmlar kabi juda qimmatli, deydi u.
Serial qahramonlaridan biri shunday deydi: “Bizga nomaʼlum qandaydir kimsalar Moskvada bizning oʻrnimizga hamma narsani hal qilishyapti”. Haqiqatan ham shunday: kimdir yadro sinovlarini oʻtkazish kerak degan qarorga kelgan va bir yarim million qozogʻistonlik sogʻligʻidan, ayrimlari esa hayotidan ayrilgan, deydi Atabayev.
Qozogʻiston 1991-yilda poligonni yopganidan beri yadroviy xavfsizlikni himoya qilib kelmoqda.
30-noyabr kuni Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan xalqaro onlayn-anjumanda siyosatchilar va mutaxassislar dunyo rahbarlariga qaratilgan bayonotni qabul qilib, xalqaro hamjamiyatni yadroviy xavfsizlik masalasiga yanada masʼuliyatliroq yondoshishga chaqirdilar.