Karvonsaroy
Xavfsizlik

Eron jangarilari safiga yollangan afgʻonistonlik yoshlarni Sulaymoniyning “koʻlankasi” taʼqib qilmoqda

Ali

Eronlik qoʻmondon Qosim Sulaymoniy tomonidan tashkil etilgan Fotimiyun boʻlinmasi nochor afgʻon immigrantlarini yollashda davom etmoqda, ularning aksariyati Tehronning bilvosita urushlarida qurbon boʻlmoqda.

KOBUL – Eronlik qoʻmondon Qosim Sulaymoniy oʻlimiga bir yil toʻlar ekan, u qoldirgan meros Erondagi afgʻon migrantlarini hamon taʼqib qilib kelmoqda.

Eron islom inqilobi posbonlari korpusining “Al-Quds” kuchlari (IIPK-QK) qoʻmondoni 3-yanvar kuni Bogʻdodda AQSH droni yordamida oʻldirilgan, ammo u asos solgan eronparast Fotimiyun jangari boʻlinmasi Suriya va boshqa bilvosita urushlar jabhalariga malakasiz, yaxshi qurollanmagan afgʻon jangarilarini yuborish bilan oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

Fotimiyun Eronda ishlayotgan nochor afgʻonlarni nishonga olishi dalillar bilan isbotlangan. Ular oʻz oilasini boqish gʻamida yurgan afgʻonistonliklardir. Kuzatuvchilarning aytishicha, jangarilar guruhi Afgʻoniston va mintaqa uchun jiddiy tahdidga aylangan.

IIPK Fotimiyunda oʻlganlar sonini eʼlon qilmasa-da, Tehron olib borgan bilvosita urushlarda minglab afgʻon migrantlari halok boʻlgan, deb taxmin qilinadi.

12-dekabr kuni Eron harbiylari tomonidan chop etilgan arxiv fotosi: Qosim Sulaymoniy Erondagi yigʻilishda qatnashmoqda. [Eron mudofaa vazirligi]

12-dekabr kuni Eron harbiylari tomonidan chop etilgan arxiv fotosi: Qosim Sulaymoniy Erondagi yigʻilishda qatnashmoqda. [Eron mudofaa vazirligi]

15-dekabr kuni Fotimiyun boʻlinmasi tomonidan chop etilgan surat: Qosim Sulaymoniy Suriyadagi yosh afgʻon yigitlari bilan. [Fayl]

15-dekabr kuni Fotimiyun boʻlinmasi tomonidan chop etilgan surat: Qosim Sulaymoniy Suriyadagi yosh afgʻon yigitlari bilan. [Fayl]

2012-yil yanvardan 2019-yil sentabrga qadar Suriyada 917 nafar afgʻonistonlik oʻlgan. Bu haqda fevral oyida Vashingtondagi IIPK kuzatuvchisi Ali Alfoneh oʻz maʼlumotlariga tayangan holda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga xabar bergan.

Aksar afgʻonlar Fotimiyun boʻlinmasiga Eron fuqaroligi, imtiyozlar, oilasi uchun oylik maosh va jangari sifatida faoliyat olib borgani uchun qoʻshimcha haq olish vaʼdalariga ishonib yollangan.

Ammo Fotimiyun faxriylari va oʻlgan askarlarning qarindoshlariga koʻra, bu katta vaʼdalar kamdan-kam holatlarda bajarilgan.

“Eron hukumati afgʻon yoshlarini Fotimiyunga yollashda davom etmoqda, umidsizlikka tushgan bu yoshlar Tehron uchun kerakli kuch ekanligini isbotladi”, deydi Hirotdagi siyosiy tahlilchi Abdul Qodir Kamol.

“Eron hukumati Fotimiyunni jangovar kuch sifatida saqlab qolib, urush qilish niyatida boʻlgan mamlakatlarda qoʻllamoqchi”, deb qoʻshimcha qildi u. “Shu sababli Fotimiyun safiga yangi aʼzolar yollash va ularni tayyorgarlikdan oʻtkazish toʻxtagani yoʻq.”

Yaqinda Fotimiyun nafaqat Suriyada, balki askarlarning oʻz vatanida ham jang olib borishi mumkin.

Eron rejimi AQSHning Afgʻonistondagi manfaatlariga putur yetkazish va u yerda oʻz siyosiy hamda razvedkaviy taʼsirini kengaytirish uchun Fotimiyun boʻlinmasini ishga solish niyatida, deydi Kamol.

19-dekabr kuni afgʻon telekanaliga intervyu bergan Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Fotimiyunni “Afgʻoniston agar istasa qoʻllashi mumkin boʻlgan eng yaxshi kuch”, deb atagan.

“Afgʻonistonliklar xalqaro koalitsiya kuchlari Afgʻonistonni tark etadigan boʻlsa, Eron u yerda yana tartibsizlik keltirib chiqarishidan xavotirda”, degan edi mart oyida Kobuldagi harbiy masalalar boʻyicha tahlilchi Yusuf Amin Zazaiy Fotimiyunning kelajakdagi ehtimoliy missiyasiga ishora qilib.

Yosh bolalarni askarlikka yollash

Erondan oʻz vataniga qaytgan afgʻonistonliklar Fotimiyun safiga qoʻshilayotgan migrantlar haqida soʻzlab berganlar.

Eronning Yazd viloyatidagi Fotimiyun yollash markazi afgʻon yoshlarini jangari guruh safiga qoʻshilishga targʻib qiladi, dedi yaqinda Erondan deportatsiya qilingan Helmand viloyatilik Muhammad Idris.

“Eron kuchlari afgʻon yoshlariga Eronda yashash ruxsatnomasi va turarjoy vaʼda qilishgan”, dedi u. “Shuningdek, Suriyaga urushga ketadigan boʻlishsa, ularning oilalarini doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlashlarini ham aytganlar.”

Yashash uchun ruxsatnoma Fotimiyun faxriylariga Suriyada uch oy xizmat qilganlaridan keyingina berilishi kerak boʻlgan, dedi Idris.

IIPK Suriyadagi urushda halok boʻlgan jangarilarni oʻsha yerda dafn qilishga vaʼda beradi, deya qoʻshimcha qilgan u.

“Men bilan ishlagan yigit Suriyaga ketib, qaytib kelmagan”, dedi u. “Ular (Eron rasmiylari) Suriyaga borishimni soʻragan edilar, ammo men bosh tortdim.”

15 yashar Muhammad Sardor Bomiyon viloyatidan. U Erondan yaqindagina deportatsiya qilinganidan beri Hirotdagi BMT qochqinlar lagerida yashab kelmoqda.

Uning akasi Fotimiyun bilan ikkita yurishda tirik qolgan, ammo IIPK oʻz vaʼdasida turmagan.

Oʻtgan yili hali 16 yosh boʻlgan akasi Suriyadagi urushga borgan va uch oydan keyin Eronga qaytgan, deb aytgan Muhammad 16 dekabrda.

“Akam Husayn bir necha oy oldin yana Suriyaga yuborilgan va ikki oy oʻtib qaytib kelgan edi”, deb qoʻshimcha qildi Sardor. “Hozir u Eronning Qum shahrida yashayapti.”

“Eron hukumati akamga Suriyadagi xizmati evaziga Eronda uy, barcha oila aʼzolari uchun yashash ruxsatnomasi va yirik pul vaʼda qilgan boʻlsa-da, unga vaqtincha yashash ruxsatnomasidan boshqa hech narsa bermagan”, deb qoʻshimcha qildi u. “Eron hukumati oila aʼzolarini deportatsiya qilmasligini aytgan boʻlsa ham, meni deportatsiya qilishdi.”

Fotimiyunda xizmat qilishni istaganlar avval harbiy tayyorgarlikdan oʻtish uchun 45 kunga Tehronga koʻchib oʻtishlari, soʻng Suriyaga ketishlari kerak boʻladi, dedi Sardor.

Eron hukumati Fotimiyun safini toʻldirish uchun vaqti-vaqti bilan hujjatsiz afgʻon migrantlarini turli ayblovlar, jumladan immigratsiya qonunlarini buzganlikda ayblab qoʻlga oladi. Ulardan 1 milliard Eron riyoli (qora bozorda 4281 AQSH dollari) toʻlash talab qilinadi, bu pulni hech qaysi afgʻonistonlik toʻlay olmaydi, dedi yaqinda deportatsiya qilingan hirotlik Abdullatif.

Hukumat esa buncha pulni toʻlay olmaydigan afgʻonlarga (deyarli hammasi) 25 yillik qamoq jazosini oʻtash yoki Suriyada jang qilishni taklif qiladi, dedi Latif.

Insoniyatga qarshi jinoyat

Bolalarni urushga yuborish BMTning bola huquqlari konvensiyasi va boshqa xalqaro qonunlariga ziddir, deydi Hirot viloyatidagi Afgʻoniston inson huquqlari mustaqil komissiyasi rahbari Mirvais Aminiy.

“Urushlarda bolalardan foydalayotgan mamlakatlar va hukumatlar javobgarlikka tortilishi va xalqaro qonunlarga muvofiq jazolanishi lozim”, deb qoʻshimcha qildi u.

Bolalarni urushda qatnashishga majburlovchilar harbiy jinoyat, shuningdek insoniyatga qarshi jinoyat sodir etgan boʻladi, dedi Aminiy.

Uning aytishicha, bolalar majburan jangovar harakatlarga jalb etilsa yoki soddaligi tufayli oʻzi shu ishga rozi boʻlsa, ularning harbiy xizmatlari xalqaro qonunbuzarlik hisoblanadi va qonunbuzarlar jazolanishi kerak.

Suriyada afgʻon yoshlari va bolalaridan foydalanish gʻayriinsoniy amal va jinoyatdir, deb taʼkidladi Hirotdagi inson huquqlari faoli Muhammad Idris Vahidiy.

“Fotimiyunga qoʻshilgan afgʻonistonliklarning koʻpchiligi voyaga yetmaganlardan iborat”, dedi u. “Ular urush nimaligini bilmaydi va osongina qurbon boʻlishi mumkin.”

Xalqaro huquq tashkilotlari IIPKdan Eronda yosh, jumladan voyaga yetmagan afgʻonlardan foydalanishga chek qoʻyishni talab qilmogʻi kerak, dedi u.

“Voyaga yetmagan afgʻonlar Eronda oʻz oilalaridan ajratib olinadi va Eron hukumati ota-onalariga hech nima demasdan ularni urushga yuboradi”, deb qoʻshimcha qildi u. “Bu oliy darajadagi zoʻravonlik va jinoyatdir.”

“Afgʻonlar boshqalarning maqsadi yoʻlida qurbon boʻlmasligi uchun Afgʻoniston hukumati va xalqaro tashkilotlar Fotimiyun tomonidan bolalarning yollanishiga barham berishi lozim”, deydi Hirotdagi jamoatchilik faoli Muhammad Ayyub.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Juda achinarlii.biz tinclik tufayli har olayotgan nafasimizga shukrona qiliwimiz darkor

Javob berish

Musulmon begunoh odamni o‘ldirishi mumkin emas, jumladan musulmonlarni.

Javob berish