Karvonsaroy
Siyosat

Sulaymoniyning Livandagi merosi: tahdid, beqarorlik va ichki kurashlar

Nohad Topalian

Eron OAV tomonidan eʼlon qilingan soʻnggi fotosuratlarning birida “Al-Quds” qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy (oʻngda) 3-yanvar kuni Bagʻdodda oʻldirilishidan bir necha kun avval Bayrutdagi uchrashuvda Hizbulloh rahbari Hasan Nasrulloning peshonasidan oʻpayotgani aks etgan.

Eron OAV tomonidan eʼlon qilingan soʻnggi fotosuratlarning birida “Al-Quds” qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy (oʻngda) 3-yanvar kuni Bagʻdodda oʻldirilishidan bir necha kun avval Bayrutdagi uchrashuvda Hizbulloh rahbari Hasan Nasrulloning peshonasidan oʻpayotgani aks etgan.

BAYRUT – Eronning yuqori lavozimli generali Qosim Sulaymoniy Bagʻdodda AQSH zarbasi bilan oʻldirilganiga deyarli bir yil toʻlar ekan, uning zararli taʼsiri “Hizbulloh” rahbari Hasan Nasrullo orqali Livanda tarqalishda davom etyapti.

Livan yangi koronavirus (COVID-19) pandemiyasi va 4-avgust kuni Bayrut portida yuz bergan portlash tufayli mislsiz siyosiy va iqtisodiy tanazzul bilan bilan yuzma-yuz kelgan. Donorlarga koʻra, inqiroz oqibatlarini bartaraf etish uchun 2,5 milliard dollar kerak boʻladi.

Koʻplab livanliklar mamlakatdagi muammolarga sabab “Hizbulloh” ekanini aytadilar, Livanning inqirozdan chiqishga zohiriy layoqatsizligida partiyani ayblaydilar.

Sulaymoniy qoldirgan “meros” uning Nasrulloh bilan yaqin aloqalariga oiddir.

Eron oliy rahbari idorasi tomonidan eʼlon qilingan ushbu sanasiz suratda oliy ruhoniy Ali Homanaiy (chapda), “Hizbulloh” rahbari Hasan Nasrulloh (oʻrtada) va “Al-Quds” kuchlarining marhum qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy aks etgan.

Eron oliy rahbari idorasi tomonidan eʼlon qilingan ushbu sanasiz suratda oliy ruhoniy Ali Homanaiy (chapda), “Hizbulloh” rahbari Hasan Nasrulloh (oʻrtada) va “Al-Quds” kuchlarining marhum qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy aks etgan.

12-dekabr kuni olingan surat: Bayrut bandargohi, Mar Mixael hududidagi “Electricité du Liban” binosining 4-avgust kungi portlashdan keyingi holati. Vayron boʻlgan binolarning aksariyati portlashdan 4 oy oʻtib ham qayta tiklangani yoʻq. [Nohad Topalian/Al-Mashareq]

12-dekabr kuni olingan surat: Bayrut bandargohi, Mar Mixael hududidagi “Electricité du Liban” binosining 4-avgust kungi portlashdan keyingi holati. Vayron boʻlgan binolarning aksariyati portlashdan 4 oy oʻtib ham qayta tiklangani yoʻq. [Nohad Topalian/Al-Mashareq]

“Kelajak” harakati vakili, sobiq parlament deputati Mustafo Allushga koʻra, Sulaymoniy Nasrullohning “qoʻmondoni” boʻlgan. Nasrullohning roli “boʻrttirib koʻrsatilgan”, aslida u Sulaymoniyga boʻysungan.

Sulaymoniyning roli va Nasrulloh bilan aloqalarini “uning partiyaga boʻlgan taʼsiri va “Hizbulloh”ga koʻrsatgan bevosita harbiy va moddiy-texnik yordamidan ham bilish mumkin”, dedi u.

Bu taʼsir Livan ichidagi voqealarda ham oʻz aksini topdi, deydi Allush.

Livan taraqqiyotiga toʻsiq

“40 yildirki, “Hizbulloh” Livandagi beqarorlik sababi boʻlib kelmoqda, chunki u davlat ichidagi davlatdir”, dedi Allush.

Uning soʻzlariga koʻra, Hizbulloh “Livanni vayronkor urushlarga giriftor qildi” (ayniqsa Suriya urushiga), uning yakkalik tamoyillarini buzib, “mamlakatni terrorizm girdobiga tashladi”.

Bu holat Livanga pul oʻtkazmalari va yordam manbalarini taqdim etgan davlatlar, jumladan Fors koʻrfazi mamlakatlari bilan oʻzaro munosabatlarga putur yetkazdi, shuningdek, Gʻarb bilan aloqalar sovuqlashdi.

Hizbulloh boʻlmaganida, Livandagi siyosiy partiyalar “demokratik murosa yoʻlini tanlagan boʻlardi”, dedi u. Ammo tashkilotning mamlakat siyosiy tizimidagi ishtiroki “unga qoʻyilgan sanksiyalar tufayli hukumatni shakllantirishga xalal bermoqda”.

Akademik tadqiqotchi va “Lihaqqi” harakati faoli Mohir Abu Shakraning aytishicha, Livan siyosiy tizimida hukmron boʻlgan “Hizbulloh” uning beqarorligi uchun masʼuldir.

2019-yil oktyabr oyida ommaviy norozilik namoyishlari boshlanganidan beri u mavjud samarasiz tizimni himoya qilib kelmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

“Hizbulloh yaxlit iqtisodiy va harbiy tizimga ega qurolli partiya boʻlib, mamlakat ichi va tashqarisida chuqur ildiz otgan imperiyaga ega”, dedi u. “Shu tariqa u davlatdan ham qudratliroq kuchga aylanib, mamlakat va xalq uchun jiddiy xavf tugʻdirmoqda.”

Partiyaning kuchi uning “Eron bilan bevosita aloqalari hamda Nasrulloh va Sulaymoniy oʻrtasidagi munosabatlardan” kelib chiqadi, dedi u.

Partiya uning kengayishiga hamda hukumat, shahar, parlament va kasaba uyushmalariga saylovlarda ular bilan birlashishga koʻz yumayotgan, korrupsiyaga botgan siyosiy kuchlarga tayanib, oʻzining ichki qudratini mustahkamlamoqda, dedi u.

Nasrulloh Sulaymoniyga boʻysunar edi

“Sulaymoniy Hizbulloh bilan munosabatlarini yashirmas edi”, deydi Hizbullohga qarshi boʻlgan siyosiy faollardan biri Luqmon Salim.

Bu munosabatlar haqida koʻp narsa maʼlum emasdi, dedi Salim. “Lekin, oz miqdorda bilganlarimizdan bu – rahbar va unga boʻysunuvchi xodim oʻrtasidagi munosabatlar ekanini taxmin qilish mumkin edi”.

“Sulaymoniy Hizbullohning muvaffaqiyatli bajarilgan vazifalarini oʻz yutugʻi deb hisoblagan”, deydi u Hizbullohning Suriya, Yaman va Iroqdagi operatsiyalari Sulaymoniy Eronning taʼsirini kengaytirishga uringan hududlarda oʻtkazilganini taʼkidlab.

Bu ikki kishining oʻzaro munosabatlarida “kim buyruq beruvchi va kim boʻysunuvchi ekanligi aniq edi”, dedi u. “Sulaymoniyning oʻlimi Eronning qoʻrqitish yoʻli bilan tiyib turish siyosatiga har qachongidan ham jiddiyroq putur yetkazdi”.

Bu Nasrulloni ham zaiflashtirdi, dedi u.

Uning soʻzlariga koʻra, partiyaning imidji 2005-yilda Livan sobiq bosh vaziri Rafiq al-Haririyni oʻldirgani uchun uchun 11-dekabr kuni besh martalik umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan “Hizbulloh” aʼzosi Salim Ayyashning obraziga mos keladi.

“Bandargohdagi portlashdan soʻng, ikki suveren tuzilma, yaʼni davlat va davlatcha birga bitta mamlakat ichida yashay olmasligi bilinib qoldi”, dedi Luqmon Salim.

“Livan bugun ikki yoʻldan birini: davlatchilikni qayta tiklashi yoki Eron modelini tanlashi kerak – bu modelda “davlatcha” mamlakatni boshqaradi, rasmiy davlat esa soxta guvoh vazifasini oʻtaydi”, dedi u.

Hizbullohga aloqador vazirlarga ayblov eʼlon qilingan

Livanning Bayrut bandargohida yuz bergan portlash boʻyicha bosh tergovchisi 10-dekabr kuni oʻz lavozimini tark etayotgan bosh vazir, Hizbulloh ittifoqchisi Hasan Diab va boshqa uch nafar sobiq vazirni oʻz ishiga masʼuliyatsizlikda ayblagan, deb xabar beradi AFP.

Bu toʻrtovlon “sovuqqonlikda hamda yuzlarcha odamning oʻlimi va minglab odamlarning jarohatlanishiga sababchi boʻlishda” ayblanmoqda. Livan tarixida amaldagi bosh vazirga nisbatan ilk marta shunday rasmiy ayblovlar ilgari surilgan, deb xabar beradi suddagi manba.

Portlashdan soʻng maʼlum boʻlishicha, xavfsizlik kuchlari mansabdorlari va siyosatchilar Bayrut portida yuzlab tonna ammiakli selitra oʻgʻitlari betartib saqlanayotganidan xabardor boʻlgan, ammo ehtiyot choralarini koʻrmagan.

Gumondorlarga “ammiakli selitra oʻgʻitlarini kechiktirmay utilizatsiya qilish kerakligi haqida bir necha bor yozma ogohlantirish” yuborilgani tergovda tasdiqlangach, sudya Fadi Savan shunday qaror chiqargan.

“Shuningdek, ular halokatli portlash va u keltirgan ulkan zararning oldini olish uchun zarur choralar koʻrmaganlar”, deb qoʻshimcha qildi manba, bu xususda gapirish vakolatiga ega emasligi sababli ismini oshkor qilmay.

Shuningdek, boshqa yuqori mansabdor shaxslar – sobiq moliya vaziri Ali Hasan Xalil va jamoatchilik ishlari boʻyicha sobiq vazirlar – Yusuf Fenianos va Gʻoziy Zayterga nisbatan ham ayblovlar ilgari surilgan.

Sentabr oyida AQSH Xalil va Fenianosga nisbatan korrupsiyaga aloqadorlik va Hizbullohni qoʻllab-quvvatlash ayblovi bilan sanksiyalar joriy qilgandi.

Javobsiz qolayotgan savollar

Allushning soʻzlariga koʻra, ayrim savollar, masalan, nima uchun portlovchi moddalar olib ketayotgan kema Bayrutga yoʻnaltirilgani va kim oʻz yukini 12-omborda saqlashga qaror qilgani hanuzgacha javobsiz qolmoqda.

Uning aytishicha, Hizbullohning jangovar operatsiyalarida portlovchi moslamalar komponentlaridan boʻlgan ammiakli selitra ishlatilgan yoki yoʻqmi, aniqlash kerak boʻladi.

Allushning soʻzlariga koʻra, bu savollarga “hukumat tomonidan oʻtkaziladigan shaffof tergov yordamida” javob topilishi kerak, u esa afsuski, “Hizbulloh”ga boʻysunadi.

“Lihaqqi” harakati faoli Abu Shakraning aytishicha, Hizbulloh “mamlakatdagi siyosiy tizim ishtirokchisi oʻlaroq, bandargohdagi portlash hamda aholi punktlari yaqinida qarovsiz qoldirilgan xavfli moddalar uchun” javob berishi kerak.

Shunday boʻlsa-da, “tergov aybdorlarni aniqlashi dargumon”, dedi u jinoyatchi siyosiy elita vakillari bir-birining aybini xaspoʻshlashiga ishora qilib.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500