Karvonsaroy
Salomatlik

AQSHning Qirgʻizistonga yordami bilan oylik COVID-19 testlari soni 80 mingga oshiriladi

Karvonsaroy

Bishkekdagi Respublika (Milliy) qon quyish markazi laboranti Jildiz Turdaliyeva 14-avgust kuni zardob oluvchi moslama yordamida bemor qonida brutsellyoz infeksiyasi bor-yoʻqligini tekshirmoqda. Donorlardan olingan qon markazda toʻliq laboratoriya tekshiruvidan oʻtkaziladi. [Fayl]

Bishkekdagi Respublika (Milliy) qon quyish markazi laboranti Jildiz Turdaliyeva 14-avgust kuni zardob oluvchi moslama yordamida bemor qonida brutsellyoz infeksiyasi bor-yoʻqligini tekshirmoqda. Donorlardan olingan qon markazda toʻliq laboratoriya tekshiruvidan oʻtkaziladi. [Fayl]

BISHKEK – AQSHning kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) Qirgʻizistonning Bishkek, Norin, Oʻsh shaharlari va Otboshi tumaniga umumiy qiymati 652 ming dollar (53,9 million qirgʻiz soʻmi) boʻlgan laboratoriya uskunalari va ashyolarini yetkazib berishni boshladi. Bu haqda dushanba (28-dekabr) kuni Bishkekdagi AQSH elchixonasi bayonot bergan.

Ushbu yordam tufayli Qirgʻizistonning kunlik COVID-19 test olish imkoniyati 2700 taga oshishi kutilmoqda.

“Bu uzoq muddatni koʻzlovchi investitsiyadir”, deydi CDCning Markaziy Osiyo boʻyicha rahbari, doktor Daniyel Singer. “Hadya qilingan uskunalar mamlakatga nafaqat bugungi pandemiyaga, balki kelajakda boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashishda ham yordam beradi”.

Qirgʻizistonga yetkazib beriladigan jihozlar 10 dona PCR uskunasini oʻz ichiga olgan boʻlib, ularning umumiy qiymati 300 ming dollardan (24,8 million qirgʻiz soʻmi) oshadi. Bu uskunalar mamlakatning COVID-19 testi olish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirib, turli ishlab chiqaruvchilarning keng turdagi sinov tizimlarini qoʻllash imkonini beradi.

Xayriya yordami Qirgʻizistonga COVID-19ga qarshi kurashishda yordam berish uchun CDC tomonidan vaʼda qilingan 1,38 million dollarlik (114,1 million qirgʻiz soʻmi) yordamning bir qismi hisoblanadi.

Millionlab yordam

Qoʻshma Shtatlar oʻzining turli idoralari, jumladan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi, CDC va AQSH Davlat departamenti orqali umumiy hisobda Qirgʻizistonga 5 million dollardan (413,6 million qirgʻiz soʻmi) ortiq yordam ajratgan.

Bu yordamlar kislorod konsentratorlaridan tortib, epidemiologik tahlilga oid dasturiy taʼminotni oʻz ichiga oladi.

Mintaqaviy miqyosda AQSH pandemiya boshlanganidan beri Markaziy Osiyo mamlakatlari sogʻliqni saqlash vazirliklariga millionlab dollarlik begʻaraz yordam taqdim etdi. Treninglar tashkil etish va texnik yordam koʻrsatish shular jumlasidandir.

“Shoshilinch jarrohlik amaliyotlari, laboratoriya operatsiyalari, yuqumli kasalliklar profilaktikasi va nazorati, kirish joylaridagi skrining, xavf-xatar haqida xabar berish va jamoatchilikni jalb qilish, shuningdek kasalliklar ustidan epidemiologik nazorat” kabi sohalar qoʻllab-quvvatlashga muhtoj hisoblanadi, deyiladi elchixona xabarida.

CDC, shuningdek texnik hujjatlarni tarqatish uchun ularni rus tiliga tarjima qilmoqda.

Bu yil CDCning Markaziy Osiyo boʻlimi oʻzining 25 yilligini nishonlamoqda. Markaziy Osiyodagi ilk CDC idorasi 1995-yilda Olmaotada ochilgan edi.

Bugungi kunda CDC xodimlari Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Tojikistonda faoliyat olib bormoqda. Ular bu mamlakatlarning sogʻliqni saqlash vazirliklariga xodimlarni tayyorlash, sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlash va COVID-19, inson immuniteti tanqisligi virusi (OIV), sil va boshqa yuqumli kasalliklar epidemiyalariga qarshi kurashishda koʻmaklashib kelmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Katta rahmat, Amerika! Juda kerakli yordam bo‘ldi.

Javob berish