Karvonsaroy
Salomatlik

Qozogʻiston “Sputnik V” borasidagi shubhalar sababli Pfizer vaksinasini olishga qaror qildi

Aydar Ashimov

28-dekabr kuni Nur-Sultonda boʻlib oʻtgan brifingda Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Marat Shoranov (oʻrtada) mamlakat Pfizer kompaniyasida COVID-19 vaksinasini sotib olishga tayyor ekanligini aytdi. [Qozogʻiston Markaziy kommunikatsiyalar xizmati]

28-dekabr kuni Nur-Sultonda boʻlib oʻtgan brifingda Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Marat Shoranov (oʻrtada) mamlakat Pfizer kompaniyasida COVID-19 vaksinasini sotib olishga tayyor ekanligini aytdi. [Qozogʻiston Markaziy kommunikatsiyalar xizmati]

NUR-SULTON – Kreml shoshma-shosharlik bilan ishlab chiqqan COVID-19 vaksinasini faol reklama qilayotganiga qaramay, Qozogʻiston AQSHning Pfizer farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va sinchiklab sinovdan oʻtkazilgan vaksinaga yuzlandi.

Dushanba (28-dekabr) kuni Nur-Sultondagi Qozogʻiston Markaziy kommunikatsiyalar xizmati (MKX) idorasida oʻtkazilgan brifingda sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Marat Shoranov Qozogʻiston Pfizer vaksinasini sotib olishga tayyorligini eʼlon qildi.

“Biz bugun Pfizer bilan... kelishuv imzoladik va bu vaksinalarni Qozogʻistonga keltirish ustida ish boshlayapmiz”, deyiladi “Kazinform” xabarida. “Hammasi kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari va respublika hududiga dori-darmon yetkazib berish imkoniyatiga bogʻliq boʻladi.”

Pfizer vaksinasini Qozogʻistonga yetkazib berishni tezlashtirishga oid muzokaralar chorshanba (30-dekabr) kuni boshlanishi kerak, dedi brifingda Qozogʻiston tibbiyot va farmatsevtika faoliyatini nazorat qilish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Nurlibek Asilbekov.

Qozogʻiston AQSHning Pfizer farmatsevtik kompaniyasi taklif etgan COVID-19 vaksinasini sotib olishga tayyor. Suratda Pfizer laboratoriyalarida olib borilayotgan tadqiqotlar jarayoni aks etgan. [Pfizer/Facebook]

Qozogʻiston AQSHning Pfizer farmatsevtik kompaniyasi taklif etgan COVID-19 vaksinasini sotib olishga tayyor. Suratda Pfizer laboratoriyalarida olib borilayotgan tadqiqotlar jarayoni aks etgan. [Pfizer/Facebook]

“Pfizer dunyo miqyosida ishonch qozongan murakkab vaksinalarni katta hajmda ishlab chiqarish va tarqatish boʻyicha muvaffaqiyatli va uzoq yillik tajribaga ega. Biz COVID-19 vaksinasi bilan yutuqlarimiz koʻlamini kengaytirishni davom etyapmiz”, deyiladi kompaniya saytidagi bayonotda.

Bu xabar Qozogʻistonda Rossiya vaksinasini ishlab chiqarish haqidagi kelishuvdan bir necha hafta oʻtib paydo boʻlgan.

Qozoqlar “haqiqiy vaksinani kutmoqdalar”

Koʻpchilik qozoqlar Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasidan shubhada. U xavfsizlik va samaradorlikka oid koʻplab savollarni keltirib chiqarmoqda.

Bu shubhalar internetda qoldirilgan fikr-mulohazalarda ochiq aks etgan.

“Sputnik-5” bilan emlanish xavfli, deb yozgan Tengrinews.kz veb-sayti tashrifchisi “Sputnik V” vaksinasini nazarda tutib. “Qanday asoratlar kelib chiqishi nomaʼlum. Bu kabi asoratlar uchun 100 foiz sogʻlom boʻlishingiz kerak. Tekinga ham kerak emas.”

“Men bu boʻlmagʻur narsa (Rossiyaning Sputnik V” vaksinasini) bilan emlanmayman, deydi Aytim Malik ismli foydalanuvchi. “Men haqiqiy “Pfizer” vaksinasini kutyapman.”

“Oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyadigan axmoq yoʻq”, deb yozgan yana bir foydalanuvchi.

Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi keksalar uchun moʻljallanmagan, “Pfizer” vaksinasi esa bunday shartlardan xoli, deb yozgan Askar Boʻlatov.

“Pfizer vaksinasini ham olsak boʻladi. Hatto AQSHning 78 yoshli prezidenti Jo Bayden ham u bilan emlansa, biz nimadan qoʻrqamiz? Sotib olamiz va emlanamiz, tamom-vassalom. Boʻlmasa, Rossiya yana oʻzinikini tiqishtiradi”, deb fikr bildirgan Abin.

Mutaxassislar ham “Sputnik V” vaksinasiga xuddi shunday shubha bilan qarashmoqda, ularning fikricha, Rossiya uni shoshma-shosharlik bilan taqdim etgan.

“Tibbiyotga oid ilmiy nashrlarda ham Rossiya vaksinasi borasida koʻp tanqid va gumonlar bildirilgan”, deydi Nur-Sultonlik farmatsevt-kimyogar Elizabet Kim. “Rosti, men oʻzim va yaqinlarimga uni qoʻllamagan boʻlar edim.”

“Klinik sinovlardan oʻtgan Pfizer va qozoq vaksinasiga ishonch yuqoriroq”, dedi u.

19-dekabr kuni Qozogʻistonda ishlab chiqilayotgan vaksina sinovlarining uchinchi bosqichi boshlangan, unda 3000 nafar koʻngilli ishtirok etmoqda, deyiladi MKXning 28-dekabr kungi bayonotida.

Klinik tadqiqotlar qozoq vaksinasining rossiyalik raqobatchisidan samaraliroq ekanligini koʻrsatdi, deyiladi bayonotda. Natijalar mos ravishda 96 foiz va 92 foizdan sal pastroq. Rossiya kamida ikkita COVID-19 vaksinasini ishlab chiqarishini aytgan edi.

Avvalroq, Karvonsaroy nashri Qozogʻistonda ikkita vaksina va Jambul viloyatida biofarmatsevtik zavod qurilayotgani haqida xabar bergan edi.

“Sputnik V” vaksinasiga “ishonch yoʻq”

Xalqaro kuzatuvchilar avgust oyida eʼlon qilinganidan beri Rossiya vaksinasi borasida oʻz shubhalarini izhor qilib, Kremlning vaksina ishlab chiqarish “poygasida” birinchi boʻlishga urinishi uning samaradorligi va xavfsizligiga taʼsir qilishidan xavotir bildirganlar.

Rossiyaning aniq va tekshirilgan maʼlumotlar taqdim etmay, “Sputnik V” vaksinasini xalqaro muqobillar bilan bir xil darajada yoki undan ham faolroq reklama qilishga urinishi jamoatchilikning nomzod-vaksinaga boʻlgan ishonchiga putur yetkazgan.

“Pfizer” va “BioNTech” oʻz vaksinalarining samaradorligini 90 foizdan yuqori deb eʼlon qilganlaridan ikki kun oʻtib, 11-noyabr kuni Kreml “Sputnik V” 92 foiz samarali ekanligini taʼkidlashiga dunyo olimlari va kuzatuvchilari eʼtiroz bildirganlar.

Oradan bir hafta oʻtmay, AQSH Milliy sogʻliqni saqlash instituti bilan hamkorlikda oʻzining COVID-19ga qarshi vaksinasini ishlab chiqqan Moderna biotexnologiya kompaniyasining xabar berishicha, dastlabki natijalar nomzod-vaktsinaning 94,5 foizga samarador ekanini koʻrsatgan.

Kimoʻzarga harakat qilayotgan rossiyaliklar 24-noyabr kuni “Sputnik V” vaksinasi samadorligini 95 foizga oʻzgartirishgan.

“Rossiya vaksinasiga ishonch yoʻq”, deydi “Tengrinews.kz” veb-saytining T. Sulton ismli mushtariysi. U rossiyalik internet-trollarning tanqidiy fikr-mulohazalarga “salbiy” baho berayotganini qoʻshimcha qilgan.

Tadqiqotchilar virusni toʻliq oʻrganmagani yoki Rossiya vaksinasi barcha sinovlardan oʻtmaganiga qaramay, Rossiya hukumati uni darhol “dunyodagi birinchi” vaksina deb roʻyxatdan oʻtkazdi, deya taʼkidlagan Amris.

“Bu kimga va nima uchun kerak?”, dedi Amris va oʻz savoliga oʻzi javob berishga harakat qildi: “Bu juda katta pul.”

Qozogʻistondagi koʻpchilik shifokorlar Rossiya vaksinasiga shubha bilan qarashadi.

“Sputnik V” vaksinasining samaradorligi shubhali sir boʻlib qolmoqda, dedi Olmaotadagi birinchi yordam xodimasi Aygerim Jakasheva.

“Rossiya aniq qanday qilib “Sputnik V” vaksinasini sinovdan oʻtkazganini yashirmoqda”, dedi Jakasheva. “Ular klinik protokolni ochiqlamayaptilar. Namuna kichkina hajmda va koʻngillilarda sinov oʻtkazish uchun yetarli emas. Bizga faqat loyihani moliyalashtirgan tashkilotning press relizi topshirilgan xolos.”

“Rossiya oʻz vaksinasi samaradorligini qay tarzda baholagani tushunarsiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

Bu orada Sinopharm vaksinasining 3-bosqich sinovlari uning 79 foizga samarali ekanligini koʻrsatdi, deb xabar bergan Xitoy farmatsevtik giganti chorshanba (30-dekabr) kuni. Bu koʻrsatkich Pfizer-BioNTech va Moderna tarafidan ishlab chiqilgan raqobatchi vaksinalarnikidan pastroq.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya vaksinasi pul uchun, Amerikaniki esa tekin va xayriyagami... axmoqlar))) Qozoqlarning qimizi, voy yoʻgʻey vaksinasi bilan emlanish kerak emasligi aniq. Chao, tentakmiyalar )))

Javob berish

“Sputnik V” vaksinasiga ishonch yoʻq, uning atrofida juda koʻp nosogʻlom gap-soʻzlar yuradi. Voz kechgan maʼqul

Javob berish