Karvonsaroy
Iqtisodiyot

COVID-19dan daromad orttirgan Xitoy iqtisodiyoti 2028-yilga borib dunyoning eng yirik iqtisodiga aylanishi kutilmoqda

Karvonsaroy

Rojdestvo arafasida Shanxaydagi savdo majmuasi majmuasi yaqinida bayramga atab oʻrnatilgan installyatsiya oldida niqobsiz selfiga tushayotgan odamlar, 2020-yilning 24-dekabr kuni olingan surat. [STR / AFP]

Rojdestvo arafasida Shanxaydagi savdo majmuasi majmuasi yaqinida bayramga atab oʻrnatilgan installyatsiya oldida niqobsiz selfiga tushayotgan odamlar, 2020-yilning 24-dekabr kuni olingan surat. [STR / AFP]

Buyuk Britaniyadagi iqtisodiyot va biznes tadqiqotlari markazi (CEBR) maʼlumotlariga koʻra, dunyoning aksar iqtisodiyotlari koronavirus pandemiyasi tufayli katta talafotlar koʻrgan bir paytda, Xitoy 2028-yilga borib – avval taxmin qilinganidan besh yil avval – dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga aylanishi kutilmoqda.

Xitoyning jahon iqtisodiyotidagi ulushi 2000-yildagi 3,6 foizdan joriy yil 17,8 foizga koʻtarildi. 2023-yilga borib, mamlakat “yuqori daromadli iqtisodiyot”ga aylanadi, deyiladi xabarda.

Butun dunyo pandemiyaning iqtisodiy oqibatlari bilan kurashar ekan, Xitoyning jahon bozoridagi ulushi texnologik sanoat va shaxsiy himoya vositalari savdosi ortidan tobora oʻsib bormoqda.

AQSHdagi Peterson xalqaro iqtisodiyot instituti maʼlumotlariga koʻra, Xitoy koronavirus pandemiyasi boshlanishidan oldin ham shaxsiy himoya vositalari eksporti boʻyicha yetakchi edi, dunyodagi yuz niqoblari, xalatlar va himoya koʻzoynaklarining qariyb yarmi Xitoyda ishlab chiqarilgan.

Lyanyungandagi niqob ishlab chiqaruvchi korxona, 29-oktyabr, Xitoy, Tszyansu viloyati. Xitoy iqtisodiyotining oʻsishiga shaxsiy himoya vositalari eksporti ham qisman taʼsir qilgan. [STR / AFP]

Lyanyungandagi niqob ishlab chiqaruvchi korxona, 29-oktyabr, Xitoy, Tszyansu viloyati. Xitoy iqtisodiyotining oʻsishiga shaxsiy himoya vositalari eksporti ham qisman taʼsir qilgan. [STR / AFP]

Oktyabr oyi oxirida shaxsiy himoya vositalarining eng yirik global distribyutori boʻlgan Pekindagi LyncMed kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Pol Vang AQSH jamoat teleradioeshittirish xizmatiga kompaniyaning savdo hajmi bir yil oldingi koʻrsatkichdan 10 baravar koʻp ekanligini aytgan.

“Yozda koʻp joylarda viruz biroz susaygani sababli savdo hajmi pasaydi, endi esa buyurtmalar shiddat bilan kelmoqda”, dedi u.

Xitoy shaxsiy himoya vositalari savdosidan foyda koʻrmoqda, buning ortidan mamlakat iqtisodiyoti misli koʻrilmagan tezlikda mustahkamlanmoqda. Noyabr oyida uning eksport hajmi oxirgi uch yil ichidagi eng tez surʼatlarda oʻsib, savdo balansida rekord darajadaga ijobiy saldoga erishdi.

Noyabr oyida Xitoyning yalpi eksport hajmi oʻtgan yildagiga nisbatan 21,1 foizga oʻsgan va bu 2018-yil fevralidan beri eng tez oʻsish boʻlgan. Tahlilchilar oʻsish 12 foiz atrofida boʻlishini bashorat qilgan edilar, oktyabr oyidagi raqamlar bu taxminlardan 11,4 foizga ilgarilab ketgan, deb xabar beradi 6-dekabr kuni Reyter agentligi Xitoy bojxona xizmati maʼlumotlariga tayanib.

Foydani deb inson huquqlarini buzish

2028-yilga kelib, Xitoy dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga aylanadi, lekin nimaning evaziga?

Pandemiyadan foyda koʻrishni maqsad qilgan Xitoy taqchillik oʻrnini toʻldirish uchun shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqarishga zoʻr berdi. Yilning birinchi yarmida 73 mingdan ortiq, jumladan, aprel oyining oʻzida narxlar va talabning ortishi tufayli 36 mingta kompaniya niqob ishlab chiqaruvchi sifatida roʻyxatdan oʻtgan.

Bu kabi choralar doirasida Xitoy hukumati Shinjon hududidagi musulmon ozchilikni himoya vositalari ishlab chiqaruvchi zavodlarda ishlashga majburlagan. Bu haqda New York Times nashri videolavha tayyorlagan boʻlib, unda yuzlab videotasvirlar, fotosuratlar va rasmiy hujjatlar dalil oʻlaroq keltirilgan.

Maqolada yozilishicha, pandemiyadan oldin Shinjonda shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqaruvchi 4 ta korxona boʻlgan, 30-iyun holatiga ularning soni 51 taga yetgan va shulardan kamida 17 tasi asosan musulmon ozchilikka mansub ishchilar mehnatidan foydalangan.

“Tayms” nashrining videolavhasida uygʻurlar uchun ajratilgan zavoddagi turarjoy binolarining sunʼiy yoʻldoshdan olingan suratlari aks etgan. Nashrga koʻra, uygʻur ishchilari muassasa ichida har hafta mafkuraviy darslar, shuningdek, xitoy tili kurslariga qatnashga majbur.

Muxbirlardan birining aytishicha, bu zavodlar ishchilari “oʻz ixtiyori bilan mehnat qilayotgani yoʻq”. Pekin ularga nisbatan majburiy choralar qoʻllamoqda – xalqaro qonunchilikka koʻra, bu majburiy mehnatning bir turi hisoblanadi.

Iyul oyida Xitoy korxonalarida musulmonlarga nisbatan noqonuniy munosabat haqidagi xabarlar ortidan Buyuk Britaniya hukumati Shinjon mintaqasidagi etnik va diniy ozchiliklar, jumladan, etnik qozoqlar va qirgʻizlarga nisbatan “oʻta xavotirli” munosabati uchun Xitoy rejimini “inson huquqlarini nomaqbul va qoʻpol tarzda buzishda” ayblab chiqqan.

20-iyul kuni AQSH Savdo vazirligi uygʻurlarining inson huquqlarini poymol qilishga aloqador 11 Xitoy korxonasini qora roʻyxatga kiritib, ularga Amerika mahsulotlaridan foydalanishni taqiqladi.

Xitoy rasmiylarining iddaosicha, Shinjonda himoya vositalarini ishlab chiqarish bilan bogʻliq bandlik dasturi “mahalliy aholiga kambagʻallikni yengib, toʻkis hayot kechirishiga” yordam beradigan “ishchilar almashinuvi dasturi” doirasida amalga oshirilmoqda.

Aslida esa bu Pekinning soʻnggi bir necha yil ichida bir milliondan ortiq musulmon, jumladan, etnik qozoq va qirgʻizlarni qayta tarbiyalash lagerlariga joylashtirish va soʻngra ularni ozodlikka chiqarishga oid saʼy-harakatlarining bir qismi hisoblanadi.

“Ishchilar almashinuvi dasturi” Pekinning boshqa bir dasturiga oʻxshash.

Virus qayerdan kelib chiqqanini yashirishga urinishlar

Pekin epidemiya tarqaganidan beri virus kelib chiqqan joyni shubha ostiga olishga urinib keldi.

Masalan, “People's Daily” hukumat nashri noyabr oyi boshlarida Facebook tarmogʻida “barcha mavjud dalillar koronavirus Xitoy markazidagi Uxan shahridan chiqmaganini koʻrsatmoqda”, deb yozgan.

Shuningdek, noyabr oyida ham Pekin COVID-19 koronavirusi Italiyada 2019-yil sentyabrdayoq mavjud boʻlgani haqida Italiya jurnalida chiqqan tadqiqotni chop etishga shoshilgan va tadqiqot xulosasidagi muhim dalillarni olib tashlab, epidemiya kelib chiqishini gumon ostiga qoʻyuvchi yuzaki ilmiy manbalarni qoʻllagan edi.

Aslida esa barcha dalillar Xitoyning Uxan shahri xalqaro inqiroz manbai ekanligini koʻrsatmoqda.

2020-yil boshlarida Xitoy rasmiylari halokatli kasallik avj olayotganini bila turib, deyarli bir hafta sukut saqladilar va Uxandagi virusning dunyo boʻylab tarqalib ketishiga yoʻl qoʻyib, epidemiyaga oid dalillarni qasddan yashirish yoki yoʻqotishga urindilar.

Inqiroz boshlanganidan beri Pekin fitna nazariyalarini targʻib qilish orqali koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq aybni oʻzidan soqit qilishga va ijtimoiy tarmoqlar hamda axborot makonini virus haqidagi dezinformatsiya bilan toʻldirishga harakat qildi.

Xitoy rejimi kasallikning tarqalishi va inqirozdagi aybini yashirayotganiga qaramay, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda oʻzining “mardonavor xatti-harakatlari” haqida bong urib kelmoqda.

Avgust oyida Xitoy milliy muzeyida “Kuch birdamligi” deb nomlangan yangi koʻrgazma ochilgan boʻlib, unda rejimning “inqirozga qarshi kurashda erishgan muvaffaqiyatlarini” madh etuvchi rasmlar, haykallar va xattotlik ishlari namoyish etilgan.

Xitoy OAV mamlakatda koronavirus xavfi ortda qolganini koʻrsatishga urinmoqda dunyo mamlakatlari esa Xitoydan chiqib, butun dunyoga tarqagan COVID-19 karantini bilan bogʻliq cheklovlardan aziyat chekayotgan bir vaqtda, bu kabi axborot kampaniyalarini hayrat bilan kuzatmoqdalar.

Xitoy shuningdek, pandemiya davrida yumshoq kuch siyosatini kengaytirishga urindi “vaksina diplomatiyasini” qoʻllab, rivojlanayotgan davlatlar bilan oʻz vaksinasini boʻlishishga vaʼda berdi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Barakalla! Xitoyliklar buyuk xalq

Javob berish