Karvonsaroy
Jinoyat va adolat

Eron Ukraina samolyotining halokatidan bir yil oʻtib ham hech kimni javobgarlikka tortmadi

Ardasher Kurdistoniy

Eron rasmiylari nihoyat mamlakat harbiylarining samolyotni urib tushirganini tan olishi ortidan Eronda bir necha kun davomida hukumatga qarshi namoyishlar boʻlib oʻtgan. Oʻn minglab eronliklar “Diktatorga oʻlim” (oliy ruhoniy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiyga ishora), “Yolgʻonchilarga oʻlim” kabi rejimga qarshi boshqa shiorlarni hayqirganlar.

Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) Tehronning Imom Humayniy xalqaro aeroportidan Kiyevga yoʻl olgan Ukraina yoʻlovchi samolyotini urib tushirganidan soʻng bir yil oʻtib ham, Eron rahbariyati bu fojia uchun hech kimni javobgarlikka tortgani yoʻq.

2020-yilning 8-yanvar kuni 752-reys bilan Tehrondan Kiyev tomon uchayotgan “Ukraina xalqaro avialiniyalari”ga qarashli samolyot IIPK tomonidan uchirilgan “yer-havo” raketasi bilan urib tushirilgan edi. Oqibatda samolyotda boʻlgan 176 kishining barchasi halok boʻlgan.

Halokat qurbonlari orasida 82 nafar eronlik, 50 dan ortiq Eron-kanadaliklar va 11 nafar ukrainalik, shuningdek, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Afgʻoniston va Germaniya fuqarolari bor edi.

Tehron IIPK “Al-Quds” kuchlari qoʻmondoni, general-mayor Qosim Sulaymoniy oʻldirilgani uchun Iroqdagi AQSH qoʻshinlariga qarata raketalar uchirganidan bir necha soat oʻtib, Ukraina samolyoti halokatga uchragan.

2020-yilning 10-yanvar kuni yerga qulagan Ukraina samolyotining qoldiqlari. [IRNA]

2020-yilning 10-yanvar kuni yerga qulagan Ukraina samolyotining qoldiqlari. [IRNA]

Aviahalokatning eng yosh qurboniga tegishli poyafzal – 1 yasharlik goʻdak Eron va kanadalik ota-onasi bilan birga halok boʻlgan. [Hamshahrionline.ir surati]

Aviahalokatning eng yosh qurboniga tegishli poyafzal – 1 yasharlik goʻdak Eron va kanadalik ota-onasi bilan birga halok boʻlgan. [Hamshahrionline.ir surati]

Avialayner “yer-havo” raketasi bilan urib tushirilganiga ishora qiluvchi video va bilvosita dalillarga qaramay, Tehron 752-reys bilan uchayotgan samolyot halokatiga raketa hujumi sabab boʻlganini bir necha kun davomida rad etib keldi.

Nihoyat, 11-yanvar kuni Eron prezidenti Hasan Ruhoniy haqiqatni – samolyotni IIPK urib tushirganini tan oldi.

Bu iqror va haqiqatni yashirishga urinish Eronda bir necha kunlik aksilhukumat namoyishlarini keltirib chiqargan.

Oʻn minglab eronliklar mamlakat oliy ruhoniysi Homanaiyga qarata “Diktatorga oʻlim”, “yolgʻonchilarga oʻlim” degan hayqiriqlar va hukumatga qarshi boshqa shiorlar bilan namoyishga chiqishgan.

Talabalardan iborat ayrim namoyishchilar IIPKni “layoqatsiz” va “xalq uchun sharmandali” deb ataganlar.

Bu voqeadan soʻng oʻtgan bir necha oy ichida Eron rasmiylari xalqaro tergovchilar bilan hamkorlikni toʻxtatdi va endi yaqinlarini yoʻqotib, hukumatdan javob talab qilayotgan eronlik-kanadalik oilalarni tanqid ostiga olmoqda.

Javobsiz qolayotgan savollar

“Bu mudhish hodisaning koʻpgina muhim tafsilotlari nomaʼlumligicha qolmoqda”, deyiladi 15-dekabr kuni Kanadada eʼlon qilingan mustaqil hisobotda. Unda fojia yuz bergan kechada nima uchun Eron havo hududi ochiq qolgani soʻroqqa tutilgan.

“Eron buning uchun javobgar, chunki u eng kamida (xavfsizlik, jinoiy yoki boshqa tomondan) chinakam mustaqil, xolis va shaffof tergov oʻtkazmagan”, deyiladi bosh vazir Jastin Tryudo hukumatining sobiq vazirlaridan biri, fojea boʻyicha hukumat maxsus maslahatchisi Ralf Gudeyl oʻz hisobotida.

“Bu ishni holat uchun javobgar tomonning oʻzi tergov qilmoqda, bu jarayon asosan yashirin tarzda olib borilyapti. Bu ishonchni oshirmaydi”, deyiladi hisobotda.

Hisobotga koʻra, “harbiylar tomonidan urib tushirish holatida, fojeaga sababchi hukumat (yaʼni Eron) manfaatlar ziddiyati mavjud ekaniga qaramay, mustaqillik, xolislik yoki qonuniylik tarafdan juda kam kafolatlar bilan xavfsizlikka oid tergovni toʻliq nazorat qiladi, deganidir”.

Noyabr oyi boshida Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) Eronni “fojeani tergov qilishni tezlashtirishga” va halokat boʻyicha soʻnggi xulosalarni eʼlon qilishga chaqirdi.

Hodisa koʻplab savollarni keltirib chiqarmoqda, deydi AQSHdagi eronlik jurnalist Shahin Muhammadiy.

Yaqinda Tehrondagi harbiy sud Erondagi falokat qurbonlarining yaqinlarini kompensatsiya olishga koʻndirish va halokat sabablarini chuqurroq oʻrganishdan qaytarish uchun mazkur ish boʻyicha eshituvlar oʻtkazgan.

Risoladagi tergov IIPK rasmiylarining sudga kelishini va nima sababdan halokat yuz berganini, qoʻmondonlik zanjiridagi xatoliklarni, nima sababdan haqiqat kechikib oshkor qilinganini tushuntirib berishni talab qilar edi. Guruh bunga tayyor emas, dedi Muhammadiy.

Yuqori lavozimi mansabdorlarni himoya qilish

IIPKga aloqador “Fars” axborot agentligi oʻshanda barcha qurolli kuchlar bosh qoʻmondoni boʻlgan Homanaiy falokat haqida uch kundan soʻng xabardor qilinganini aytgan.

“Bundan birgina maqsad koʻzlangan: IIPK va boshqa rasmiylarni tanqiddan himoya qilish”, deb aytgan shaxsini ochiqlashni istamagan eronlik sobiq harbiy dengiz kuchlari tahlilchisi.

Rejim halokat tafsilotlarini yashirish bilan oʻz malakasi va professionalligini koʻrsatishga urinmoqda.

“Aks holda ular qoʻmondonlik zanjirining qayerida uzilish boʻlgan yoki qaysi fuqaroviy mutasaddiga axborot berilgan, degan noqulay savollarga javob berishi kerak boʻlar edi.”

Raketa batareyasi operatorlari qanday tayyorgarlikdan oʻtgani ham javobsiz qolayotgan savollardan biridir.

Eron hukumatining tergoviga koʻra, raketa uchirilishidan avval raketa batareyasi operatorlari qoʻmondonlar bilan aloqada boʻlishmagan.

“Xatolik yuz bergan va buning uchun javobgarlikni toʻliq oʻz zimmamga olaman. Xabar yetib kelganida oʻlishni orzu qilgan edim. Jazo sifatida qanday qaror qabul qilinsa, roziman”, dedi IIPKning aerofazoviy kuchlarini boshqargan brigada generali Amir Ali Hojizoda 11-yanvar kuni.

Haligacha oʻz lavozimida qolayotgan Hojizoda oʻzi tan olgan xato uchun hech qanday javobgarlikka tortilmagan koʻrinadi.

IIPK kuchlari oʻsha tunda jangovar shay holatda boʻlishgan, “havo hududini yoʻlovchi samolyotlaridan tozalash haqida takror-takror bildirilgan talablar ayrim sabablarga koʻra qabul qilinmagan”, dedi u sabablarga aniqlik kiritmay.

Jarayonni choʻzish

Eron rasmiylari javobgarlikni tan olganiga qaramay, Ukraina, Kanada va Fransiya mutaxassislari ishtirokida oʻtkazilgan va samolyotning yozuv qurilmasi deshifrovka qilingan va oʻqilgan tergov jarayonini choʻzib yuborishgan.

Kanadalik rasmiylarga koʻra, hozirga qadar Eron rasmiylari samolyotga raketa kelib urilishidan avvalgi 25 soniyalik yozuvdan faqat 19 soniyasini taqdim etgan.

Xuddi shuningdek, ukrainalik rasmiylar ham Eron bilan olib borilgan muzokaralar 24 dekabrdan beri Tehron Kiyev bilan oktabrda oʻtkazilgan ikki tomonlama muzokaralarda vaʼda qilingan hujjatlar va dalillarni taqdim etmagani sababli toʻxtab qolganini aytganlar.

22-dekabr kuni Eronning “Tasnim” axborot agentligining xabar qilishicha, Eron tergovchilari fuqarolari halokatga uchragan boshqa davlatlar vakillariga urib tushirilgan samolyot haqida texnik hisobot berishgan.

Ammo Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba buni rad etib, Kiyev hali hisobotni olmaganini aytdi.

Reparatsiyalarni toʻlashga rozi boʻlgan Eron, shuningdek, aviahalokat qurbonlarining yaqinlariga tovon puli toʻlash uchun kelasi yilgi budjetga 200 million yevro kiritish toʻgʻrisidagi taklifini ham qaytarib oldi, dedi 9-dekabr kuni Ukraina tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Yevgen Yenin.

Unga koʻra, Eron tomoni bilan kompensatsiya boʻyicha muzokaralar hali boshlanmagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500