Karvonsaroy
Tahlil

Tehron Sulaymoniyning oʻlimidan bir yil oʻtib ham mintaqa uchun xavf tugʻdirmoqda

Faris Al-Omran

Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIQK) aʼzolari AQSH harbiy dengiz kuchlari va tijoriy kemalarini nishonga olishni koʻzda tutuvchi harbiy mashqlar chogʻida yuqori tezlikda harakatlanuvchi zarbdor katerlar bilan Fors koʻrfazidagi AQSH aviatashuvchisi modelini qurshab olmoqda. [IIQK]

Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIQK) aʼzolari AQSH harbiy dengiz kuchlari va tijoriy kemalarini nishonga olishni koʻzda tutuvchi harbiy mashqlar chogʻida yuqori tezlikda harakatlanuvchi zarbdor katerlar bilan Fors koʻrfazidagi AQSH aviatashuvchisi modelini qurshab olmoqda. [IIQK]

Eron rejimi oʻzining eng nufuzli harbiy qoʻmondonlaridan birini yoʻqotganidan bir yil oʻtib ham, AQSH va uning mintaqadagi ittifoqchilariga qarshi tahdidlarini toʻxtatgani yoʻq.

Oʻtgan yilning 3-yanvar kuni Bagʻdodda Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusining (IIPK) “Al-Quds” kuchlari qoʻmondoni general-mayor Qosim Sulaymoniyni oʻldirgan AQSH zarbasidan soʻng, Eron rahbarlari darhol qonli qasos olishga vaʼda bergan edilar.

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy va prezident Hasan Ruhoniy “shiddatli qasos” olinishi haqida ogohlantirish bilan chiqqan.

Tehronning eng yuqori darajali xavfsizlik organi boʻlmish Oliy milliy xavfsizlik kengashi Qoʻshma Shtatlar “kerakli joy va vaqtda shiddatli intiqomga” duch kelishini aytgan.

Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIQK) aʼzolari AQSH harbiy dengiz kuchlari va tijoriy tankerlarini nishonga olishni koʻzda tutuvchi soʻnggi jangovar mashgʻulotlar doirasida Fors koʻrfaziga raketalar uchirmoqda. [IIQK]

Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIQK) aʼzolari AQSH harbiy dengiz kuchlari va tijoriy tankerlarini nishonga olishni koʻzda tutuvchi soʻnggi jangovar mashgʻulotlar doirasida Fors koʻrfaziga raketalar uchirmoqda. [IIQK]

Eron islom inqilobi qoʻriqchilari korpusiga (IIQK) qarashli yerosti inshootida uzoq masofaga uchadigan raketalar ustida ish olib borayotgan mutaxassislar. [IIQK]

Eron islom inqilobi qoʻriqchilari korpusiga (IIQK) qarashli yerosti inshootida uzoq masofaga uchadigan raketalar ustida ish olib borayotgan mutaxassislar. [IIQK]

Eron Islom inqilobi posbonlari korpusining sobiq qoʻmondoni, hozirda mamlakatning siyosiy maqbullikni baholash kengashi kotibi boʻlgan Muhsin Rizoiy oʻzining Tvitterdagi sahifasida “Amerikadan dahshatli qasos olinadi”, deb yozdi.

“Soʻzsiz, olinajak qasos shiddatli boʻladi”, deb bayonot bergan Eronning BMTdagi elchisi Majid Taxt Ravanchi.

Eron armiyasi rahbari, general-mayor Abdulrahim Musaviy esa AQSHga nizoni boshlash uchun “jasorat” yetishmayapti, deyishgacha bordi.

Bu kabi barcha dramatik bayonotlardan soʻng, 8-yanvar kuni AQSH va Iroqdagi boshqa xorijiy qoʻshinlar joylashtirilgan ikkita bazaga 22 ta raketa hujumi uyushtirildi va Ruhoniyning taʼbiri bilan aytganda, rejim shu yoʻsin “qatʼiy javob” qaytardi.

Raketalar yetkazgan zarar uncha katta boʻlmagan.

Shu kunning oʻzida, Eron rejimi Iroqqa raketa zarbasi berganidan bir necha soat oʻtib, Eron harbiylari Ukraina xalqaro avialiniyalarining 752-reysi bilan uchayotgan samolyotni urib tushirgan, keyinchalik Ruhoniy buni “halokatli xato” deb tan olgandi.

Mintaqada tartibsizlikni yuzaga keltirish

“Eron va uning safarbarlik kuchlari Sulaymoniyning oʻldirilganini AQSH va Gʻarb manfaatlariga qarshi hujumlarni oqlash uchun bahona oʻlaroq qoʻlladilar”, dedi Iroq strategik tadqiqotlar markazi rahbari, Fransiyada istiqomat qiluvchi Gʻoziy Faysal Husayn.

Uning soʻzlariga koʻra, Eron harbiylari, jumladan, IIPK bevosita AQSHga qarshi tura olmasa-da, mintaqada “tartibsizlik keltirib chiqaruvchi faoliyatini” davom ettirmoqda.

Bu faoliyat “Iroqdagi vositachi kuchlarni xalqaro diplomatik va harbiy missiyalarga raketa hujumlari uyushtirishga yoʻnaltirish hamda Livan, Suriya, Yaman va mintaqaning boshqa mamlakatlarida muammo qoʻzgʻash uchun “Hizbulloh”, xusiylar (Ansarulloh) kabi qurolli guruhlarni qoʻllab-quvvatlashni oʻz ichiga oladi”, dedi u.

Husaynning soʻzlariga koʻra, Tehron mintaqani jang maydoniga aylantirish orqali oʻzining ekspansiyaviy siyosatini davom ettirib, xavfsizlikka tahdid solmoqda hamda barqarorlik, tinchlik va taraqqiyot istiqbollariga putur yetkazmoqda.

Shunday boʻlsa-da, “Sulaymoniy oʻldirilmaganida Eron tugʻdirayotgan tahdid va muammolar bundan ham jiddiyroq va xavfliroq boʻlishi mumkin edi”, dedi u.

Doimiy tahdidlar

Sulaymoniyning vafotidan koʻp oʻtmay, IIPK Al-Quds kuchlari qoʻmondoni lavozimini brigada generali Ismoil Qaʼniy egallagan.

U kutilganidek, oʻtmishdoshi tomonidan belgilangan rejalarning izchilligini koʻp jihatdan taʼminlagan boʻlsa-da, Sulaymoniyning oʻrnini bosa olmadi.

Sulaymoniy Eronda Homanaiydan keyingi eng qudratli odam deb hisoblanar edi.

U oliy rahbar bilan yaqin va ishonchli munosabatlari tufayli juda qudratli sanalar edi va bu mavqeini mintaqada uning buyrugʻini bajaruvchi tehronparast agentlarning ulkan tarmogʻini barpo etish uchun qoʻllay oldi, dedi u.

Garchi Qaʼniy mamlakat ichi yoki tashqarisida Sulaymoniyning maqomiga erisha olmasa-da, Eron oʻzining ekspansiyaviy dasturi bilan mintaqaga tahdid solishda davom etmoqda.

Eron oʻz xatti-harakatlarini oʻzgartirish yoki terrorchilik faoliyatini toʻxtatish “niyatida emas”, dedi siyosiy tahlilchi Ahmad Shavqiy.

“IIPK provokatsion hujumlarni amalga oshirayotgan jangarilarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirmoqda va Sulaymoniyning yoʻqligi uning strategiyasiga taʼsir qilmaganini koʻrsatish uchun oʻz boʻlinmalarini mamlakatdan tashqarida tartibsizliklar keltirib chiqarishga safarbar etmoqda”, dedi u.

Qimmatga tushadigan hujumlar

Shavqiyning soʻzlariga koʻra, Sulaymoniy vafotining birinchi yilida Tehron “oʻz terrorchilik loyihasining asosiy rahbarlaridan birini yoʻqotish bilan bogʻliq iztirobni yumshatishga urinib, guruhlarni safarbarlikka va oʻz operatsiyalarini jadallashtirishga undagan.

Yaqinda AQSH Fors koʻrfazi suvlari uzra jangovar parvozlarni amalga oshirib, qoʻshimcha moddiy vositalarni joylashtirdi – bu ishlar Eron yoki uning qurolli guruhlari tomonidan har qanday potensial hujumga tayyorgarlik doirasida bajarilgan. 27-noyabr kuni Tehron yaqinida eronlik yadroshunos olim Muhsin Faxrizodaning oʻldirilishi ortidan tahdidlar qayta avj olgan.

Sobiq IIPK aʼzosi boʻlmish Faxrizoda mamlakat mudofaa vazirining oʻrinbosari, vazirlikning mudofaa innovatsiyalari va tadqiqotlari tashkiloti rahbari va Eron yadroviy dasturining asoschilaridan biri edi.

Qotillik uchun hech bir guruh yoki hukumat javobgarlikni oʻz zimmasiga olmagan, ammo Tehron odatdagi dushmanlarini: Isroil, AQSH, Saudiya Arabistoni hamda amaldagi hukumatni agʻdarish va oʻz hokimiyatini oʻrnatish tarafdori boʻlgan siyosiy-jangovar tashkilot – Eron xalq mujohidlarini ayblagan.

Qosim Sulaymoniy oʻldirilganiga bir yil toʻlishi arafasida Eron qoʻllovidagi qurolli guruhlar AQSHning Iroq va mintaqadagi manfaatlariga qarshi hujumlarni davom ettirmoqda. Jumladan, 20-dekabr kuni Bagʻdoddagi AQSH elchixonasi raketa hujumlariga uchragan.

AQSH prezidenti Donald Tramp Iroqdagi AQSH fuqarolariga qarshi har qanday halokatli hujum uchun “Eronni javobgar” deb topishi haqida ogohlantirganidan soʻng, Eronning kelajakdagi birgina xatosi yoki provokatsiyasi vayronkor oqibatlarga olib kelishi mumkin, deydi Amerika harbiy manbalari.

Agar eronliklar “qandaydir hujum uyushtirsalar, javob shiddatli va qatʼiy boʻladi. Mintaqadagi vaziyatni ogʻirlashtiradigan hamda uni zoʻravonlik va mojarolarga giriftor qiladigan xatti-harakat ularga qimmatga tushadi”, dedi Shavqiy.

IIPK va uning mintaqadagi jangarilari Sulaymoniysiz ham mintaqa uchun jiddiy xavf tugʻdiradi, deydi harbiy va strategik masalalar boʻyicha iroqlik mutaxassis Alaʼ al-Nashou.

“Bu odam Viloyati faqih rejimiga katta xizmatlar qilgani, Iroq va mintaqa davlatlari boshdan kechirayotgan koʻplab inqirozlar uchun masʼul boʻlgani va Eronning tajovuzkor siyosatini ishlab chiqishda hal qiluvchi rol oʻynagani rost. Sulaymoniyning imkoniyatlari va roli qoʻrqitish maqsadida boʻrttirib koʻrsatilgan”, dedi u.

Sulaymoniy vafotidan bir yil oʻtib ham, vaziyat “u qadar oʻzgargani yoʻq, chunki eronliklar va ularning ittifoqchilari nafaqat mintaqada, balki dunyoning turli burchaklarida muammolar va keskinliklar keltirib chiqarishda davom etmoqda”, dedi u.

U Homanaiydan boshqa hech kimga hisobot bermasligi bilan gʻayrioddiy shaxs edi, deydi harbiy va strategik tahlilchi Xatem al-Falaxiy.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500