Karvonsaroy
Inson huquqlari

Pekin ommaviy hibslar bilan Hongkongdagi demokratiya alangasini oʻchirishga urinmoqda

Karvonsaroy va AFP

1-oktyabr kuni Gonkongda Xitoy Milliy kuni davomida politsiya tomonidan qurshab olingan hudud. [May James / AFP]

1-oktyabr kuni Gonkongda Xitoy Milliy kuni davomida politsiya tomonidan qurshab olingan hudud. [May James / AFP]

PEKIN - Chorshanba (6-yanvar) kuni Xitoyning Honkongdagi zoʻravonliklari shiddatli tus oldi. 50 ga yaqin muxolifatchining politsiya tarafidan hibsga olinishi Hongkongdek yirik moliya markazida xavfsizlikka oid juda qattiq qonun joriy etilganidan beri oʻtkazilgan eng yirik operatsiya boʻlgan.

Bu “tozalash” 2019-yilda millionlab odamlar demokratiya himoyasi uchun norozilik namoyishlariga chiqqanidan beri, Pekinning muxolifatni bostirishga qaratilgan soʻnggi yurishlaridan biridir.

“Bu haqiqiy maʼnodagi “uzun pichoqlar tuni”, Hongkongdagi demokratiyaga nisbatan eng yirik hujum boʻldi”, deb yozadi shahardagi norozilik harakati haqida kitoblar yozgan huquqshunos Entoni Dapiran oʻz Twitterida.

Oʻtgan yili chet elga qochib ketgan taniqli demokratik lider Natan Lou Xitoy rasmiylarini soʻnggi hibsga bilan “qarshilik alangasini oʻchirishga” urinishda aybladi.

Mediamagnat Jimmi Lay (oʻrtada) 31-dekabr kuni Gonkongdagi Apellyatsiya sudi binosi oldida qamoqxona mashinasida olib ketilmoqda, shahar oliy sudi uning garov evaziga ozod qilinishiga qarshi apellyatsiya shikoyatini qondirganidan soʻng, qamoqqa qaytishga majbur boʻlgan. [Isaac Lawrence/AFP]

Mediamagnat Jimmi Lay (oʻrtada) 31-dekabr kuni Gonkongdagi Apellyatsiya sudi binosi oldida qamoqxona mashinasida olib ketilmoqda, shahar oliy sudi uning garov evaziga ozod qilinishiga qarshi apellyatsiya shikoyatini qondirganidan soʻng, qamoqqa qaytishga majbur boʻlgan. [Isaac Lawrence/AFP]

23-avgust kuni qayiqda Gonkongdan Tayvanga qochishga urinish chogʻida Xitoy hukumati tomonidan ushlangan 12 nafar gonkonglik demokratparast faolni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻtkazilgan namoyish soʻnggida Xitoy bayrogʻini yoqayotgan namoyishchilar, 25-oktyabr, Taypey. [Chris Stowers/AFP]

23-avgust kuni qayiqda Gonkongdan Tayvanga qochishga urinish chogʻida Xitoy hukumati tomonidan ushlangan 12 nafar gonkonglik demokratparast faolni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻtkazilgan namoyish soʻnggida Xitoy bayrogʻini yoqayotgan namoyishchilar, 25-oktyabr, Taypey. [Chris Stowers/AFP]

Gonkong politsiyasi qancha odam va nima sababdan hibsga olingani toʻgʻrisida izoh bermagan.

Xitoy mamlakat ichi va tashqarisida oʻz avtoritar siyosatini yuritishda davom etar ekan, Pekinning oʻzgacha fikrni boʻgʻishi bilan bogʻliq anchli hodisalar soni koʻpayib bormoqda.

Honkongning demokratik xatti-harakatlaridan tobora koʻproq xavfsirayotgan Pekin yarim muxtor shahardagi oʻzgacha fikrlashni boʻgʻib, oʻzining siyosiy, iqtisodiy va madaniy taʼsirini kuchaytirishga urinayotgan Osiyodagi boshqa mamlakatlarga ogohlantirish yoʻllamoqda.

Avvalroq, 30-dekabr kuni Xitoy sudi tezyurar qayiqda shahardan Tayvanga qochib ketishga uringan 10 nafar honkonglik demokratparast faolni uch yilgacha qamoq jazosiga hukm qilgan.

23-avgust kuni Xitoy sohil qoʻriqlash xizmati oʻz-oʻzini boshqaruvchi Tayvanga ketayotgan “Honkong oʻn ikkiligini” hibsga olgan. Pekin siyosiy boshpana izlovchi honkongliklar uchun oʻz eshiklarini ochgan Tayvanni xoin viloyat deb biladi.

Shenchjen sudi Tang Kay-Inni uch yilga, qochishni tashkillashtirgan Kuinn Munni esa ikki yilga ozodlikdan mahrum qildi. Yana sakkiz kishi yetti oylik qamoq jazosiga hukm qilingan. Shuningdek, bu 10 shaxs 20 ming yuan (3060 dollar) miqdorda jarimaga tortilgan.

Guruhdagi ikki voyaga yetmagan shaxs Hongkongga qaytarilgan.

AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo sud qarorini tanqib qilib, 10 kishini “zudlik bilan va soʻzsiz ozod qilishga” chaqirdi.

“Oʻz xalqining yurtni tark etishiga toʻsqinlik qiladigan rejim buyuklik yoki global yetakchilikka daʼvo qila olmaydi”, deb aytgan u 31-dekabr kungi bayonotida. “Bu oʻz xalqidan qoʻrqadigan zaif diktatura, xolos”.

“Soxta maktublar”

“Honkong oʻn ikkiligi”dagi yetti kishi hibsga olinganidan keyin va sud oldidan oʻz yaqinlariga maktub yozib, ularni tinchlantirgan va OAV bilan gaplashmaslikka chaqirgan.

Ammo 20-noyabr kuni ularning oila aʼzolari bir xil qolipdagi bu maktublar bosim ostida yozilgan boʻlishi mumkinligini aytganlar.

“Tashqi dunyoning Xitoy haqidagi shubhalariga toʻgʻridan-toʻgʻri “javob beruvchi” maktublar ham koʻp edi”, deyiladi xabarda. “Ular xatni oʻz ixtiyori bilan yozgani dargumon.”

“Bu yerda ahvolim juda yaxshi. Mendan xavotir olmanglar. Sogʻ-salomatman, qornim toʻq, bir kunda uch mahal ovqatlanyapman”, deyilgan Cheng Tzo-Xoning 21-oktyabr kungi xatida.

“Bu yerda yaxshi uxlab, yaxshi ovqatlanyapman, dam olishim ham yaxshi”, deb yozilgan 24-oktyabrdagi Tang Kay-Yinning yana bir xatida. “Hibsxona xodimlari juda muloyim.”

Majburiy iqrornomalar, qiynoqlar va tashqi dunyodan uzgan holda uzoq muddat hibsda saqlash holatlari kontinental Xitoy huquq tizimida juda koʻp kuzatiladi.

Gʻayriinsoniy munosabat haqidagi xabarlar Pekinning Xitoy gʻarbida, musulmon ozchilikka qarshi choralarni kuchaytirayotgan Shinjondagi faoliyatini eslatmoqda. Yangi hisobotga koʻra, kommunistik davlat Shinjonda 100 dan ortiq yangi hibsxonalar qurgani maʼlum boʻlgan.

“Oʻlganim yaxshi edi”

2018-yilda prezident Si Tszinpinning suratini tahqirlayotganini tasvirga tushirgan xitoylik faollardan biri yaqinda olgan videosida bu voqeadan soʻng hukumatning kuzatuviga tushganini yigʻlab gapirib bergan.

Shanxaylik 31 yashar Dun Yaotsyun jonli efirda Sining portretiga siyoh chaplagan. Twitter tarmogʻiga joylashtirilgan bu video oʻn minglab marta koʻrilgan.

Doʻstlarining AFPga aytishicha, qiz 2018-yildagi voqeadan beri ruhiy holati “normal” ekanligiga qaramay, ikki marta majburan ruhiy kasallar shifoxonasiga yotqizilgan.

Dong voqea sodir boʻlganidan keyingi ilk videosida hukumat uning harakatlanishi va odamlar bilan muloqotini ham cheklayotganini aytib oʻtgan.

“Oʻlganim yaxshi edi”, deb aytgan u. “Tobora kuchayib borayotgan bu kuzatuvga chiday olmayman, oʻzimni yoʻqotish yoqasida turibman. Hech qanday erkinlik yoʻq, hamma narsa cheklangan.”

Dun bilan muntazam aloqada boʻlib turgan Xunan viloyatilik faollardan biri Ou Byaofenning soʻzlariga koʻra, ertasi kuni uning oldiga huquq-tartibot xodimlari kelganidan keyin bu videoyozuv oʻchirilgan.

Twitter Xitoyda boshqa ijtimoiy tarmoqlar qatori bloklangan, ammo koʻpchilik internetdagi taqiqlarni chetlab oʻtuvchi vositalardan foydalanadi.

OAV hujum ostida

73 yashar honkonglik demokratparast Jimmi Lay 31-dekabr kuni shahar oliy sudi uning garov evaziga ozod qilinishiga qarshi apellyatsiya shikoyatini qondirganidan soʻng, qamoqqa qaytishga majbur boʻlgan.

Lay firibgarlik bilan bogʻliq shubhali ayblovlarga qarshi kurashib kelmoqda – bu Pekinni tanqid qilayotgan demokratparastlarga qarshi olib borilayotgan eng soʻnggi sud taʼqiblaridan biridir.

U Honkongning eng koʻp sotiladigan, hukumatni ochiqdan-ochiq tanqid qiluvchi va demokratiyani qoʻllovchi mashhur “Apple Daily” tabloidiga egalik qiladi.

U va kompaniyaning boshqa ikki rahbari nashr ofislarini ijara shartnomasida ruxsat etilmagan maqsadlar uchun qoʻllashda ayblangan.

23-dekabrda Lay 10 million Honkong dollariga (1,3 million AQSH dollari) teng garov evaziga ozodlikka chiqarilib, uning barcha xorijga chiqish hujjatlari olib qoʻyilgan.

U uy qamogʻiga olinib, omma oldida nutq soʻzlash huquqidan mahrum qilingan.

Lay xorijiy mamlakatlarni shahardagi demokratik faollikni bostirish harakatlariga javoban Gongkong va Xitoyga nisbatan sanksiyalar qoʻllashga chaqirish orqali ular bilan til biriktirishda ayblanmoqda.

Ayblov tomoni uning mingdan ortiq tvitlari va qator intervyularini oʻrganib chiqqan.

Shuningdek, Lay firibgarlikda va 2019-yilda demokratiyani qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazilgan shiddatli namoyishlar chogʻida noqonuniy yigʻilishlarga qoʻshilishda ham ayblangan.

Xitoy kompartiyasining eng asosiy jarchisi boʻlgan “People's Daily” gazetasi garov evaziga ozod etish haqidagi qarorni tanqid qilar ekan, Layning Xitoyga ekstraditsiya qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Hududiy daʼvolar

Pekinning oʻz hukmronligi ostidagilarni bostirishga urinishi, uning harbiy qudratini koʻz-koʻz qilish va qoʻshnilarining suveren hududiga tajovuz qilish istaklariga mos keladi.

Masalan, Oʻtgan yili Xitoy samolyotlari Tayvan havo hududini rekord darajada koʻp – 380 marta buzib kirgan. Bu haqda seshanba (5-yanvar) kuni Tayvan mudofaa vazirligi rasmiysi maʼlum qildi.

Demokratik va oʻzini oʻzi boshqaruvchi mamlakat – Tayvan orolni oʻz hududi deb biladigan va uni qachondir (kerak boʻlsa, kuch bilan) tortib olishga tayyor boʻlgan avtoritar Xitoyning doimiy tajovuzi ostida yashamoqda.

Tayvan 1949-yildan beri oʻz hukumatiga ega.

Xitoyning tajovuzi qoʻshni Hindistonga ham yetib borgan.

Iyun oyi oʻrtalarida Ladax viloyatida Xitoy va Hindiston harbiylari oʻrtasida shiddatli toʻqnashuvlar yuz bergan, natijada 20 nafar hind askari halok boʻldi. Xitoy rejimi qurbonlar berilganini tan olgan boʻlsa-da, raqamlarni ochiqlamagan.

Pekin Markaziy Osiyo mamlakatlarining munosabatini baholash uchun “oʻz” hududlarini qaytarish gʻoyasini ilgari surib kelmoqda. Kuzatuvchilarga koʻra, bu mintaqa suverenitetiga toʻgʻridan-toʻgʻri tahdiddir.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500