Karvonsaroy
Salomatlik

Xitoy COVID-19 virusining kelib chiqishini oʻrganuvchi xalqaro guruhning mamlakatga kirishini taqiqladi

Karvonsaroy va AFP

Pekin aeroportining boʻm-boʻsh xalqaro tashriflar zalida yurib ketayotgan xodim, 2020-yil, 6-noyabr. [GREG BEYKER / AFP]

Pekin aeroportining boʻm-boʻsh xalqaro tashriflar zalida yurib ketayotgan xodim, 2020-yil, 6-noyabr. [GREG BEYKER / AFP]

PEKIN – Bir necha oy davom etgan muzokaralarga qaramay, chorshanba (6-yanvar) kuni Pekin Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) guruhining mamlakatga kirishini taqiqlar ekan, koronavirus pandemiyasining kelib chiqishini oʻrganuvchi xalqaro missiya boshlanmay turib toʻxtab qolgan.

Axborotni yashirish, fitna nazariyalari va oqlashga urinish ayblovlari ortidan shu hafta oʻn nafar mutaxassis Xitoyga tashrif buyurishi kerak edi.

JSST raisi Tedros Adxanom Gebreyesusga koʻra, ekspertlarning ayrimlari allaqachon Xitoyga joʻnab ketgan.

“Bu xabarni eshitib hafsalam pir boʻldi, ikki kishi allaqachon yoʻlda edi, qolganlar esa oxirgi daqiqalarda safarga chiqa olishmadi”, deb aytgan u Jenevada Pekinga nisbatan taʼna oʻlaroq.

31-dekabr kuni Pekinda Xitoy davlat kengashining axborot idorasi tomonidan COVID-19 koronavirusiga qarshi emlash masalasiga bagʻishlangan anjuman oʻtkazilgan. [Leo Ramirez/AFP]

31-dekabr kuni Pekinda Xitoy davlat kengashining axborot idorasi tomonidan COVID-19 koronavirusiga qarshi emlash masalasiga bagʻishlangan anjuman oʻtkazilgan. [Leo Ramirez/AFP]

Yopiq konsertda raqsga tushayotgan xitoyliklar, 1-yanvar. Xitoy rejimi 2020-yilgi pandemiya ustidan gʻalaba qozonganiga eʼtibor qaratishga urinmoqda. [Noel Selis/AFP]

Yopiq konsertda raqsga tushayotgan xitoyliklar, 1-yanvar. Xitoy rejimi 2020-yilgi pandemiya ustidan gʻalaba qozonganiga eʼtibor qaratishga urinmoqda. [Noel Selis/AFP]

JSSTning boshqa bir vakili Pekinning shubhalarini oqlashga urinib, muammo vizalar bilan bogʻliq ekanini aytgan. Ammo Pekinning 6-yanvar kungi xabariga koʻra, “kechikish faqat vizalar tufayli emas”.

Tomonlarning “aniq sanalar va ekspertlar guruhining tashrifiga oid maxsus koʻrsatmalar” borasidagi muzokaralari davom etmoqda, deb aytgan Xitoy tashqi ishlar vaziri vakili Xua Chunin muxbirlarga.

“Kasallikning kelib chiqishini aniqlash masalasi juda murakkab”, dedi u. “Xitoyda xalqaro mutaxassislar guruhining uzluksiz faoliyatini taʼminlash uchun biz zaruriy muolajalarni bajarishimiz va tegishli choralar koʻrishimiz kerak.”

Mamlakat “xalqaro mutaxassislar guruhining Xitoyga kelishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga imkon qadar harakat qilmoqda”, dedi u.

Manbaga oid voqelikni nazorat qilish

Xitoy rejimi dunyo boʻylab 1,8 million kishining oʻlimi va global iqtisodiy tanazzulga sabab boʻlgan virusning kelib chiqishi haqidagi narrativni nazorat qilishni maqsad qilib olgan.

Ilk kasallanish holatlari 2019-yil oxirlarida Xitoyning Uxan shahrida qayd etilgan. Natijada virusning tashqariga chiqib ketishiga yoʻl qoʻygan Xitoy hukumatining tartibsiz va yashirin harakatlari jiddiy tanqid ostiga olindi.

2020-yil boshida Xitoy halokatli virus tarqayotganini bila turib, bir hafta davomida sukut saqlagan hamda virusning Uxan ichida va butun dunyo boʻylab tarqalishiga yoʻl qoʻyib, epidemiya haqidagi dalillarni qasddan yashirgan yoki yoʻq qilgan.

COVID-19 virusining kelib chiqishi shiddatli bahslarga sabab boʻlish bilan birga, xalqaro hamjamiyatning ayblovlari va gumonlari, shuningdek Xitoy hukumatining virus kelib chiqishi haqidagi narrativni nazorat qilish harakatlarining shubhali pardasi ostida qolmoqda.

Olimlar dastlab pandemiya Uxandagi ekzotik hayvonlar goʻshti sotiladigan bozordan boshlanganini aytgan edilar.

Endilikda ular bozor kasallik manbai emas, balki uning avj olishiga xizmat qilgan joy boʻlishi mumkinligini aytganlar.

Xabarchilarning “ovozini oʻchirish”

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) virusning kelib chiqishi boʻyicha tergov boshlashidan bir necha hafta avval Xitoyda COVID-19 pandemiyasi boshlangani haqida xabar bergan xitoylik jurnalistga nisbatan toʻrt yillik qamoq jazosi tayinlangan.

Epidemiyaning ilk bosqichi haqida xabar tarqatgan sobiq huquqshunos Chjan Chjanga nisbatan “jamoat tartibini buzish va muammo keltirib chiqarish” ayblovi bilan Shanxay sudidagi qisqa jarayon ortidan hukm oʻqilgan.

Uning fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan jonli reportaj va maqolalari hukumatning epidemiyaga qarshi choralarini tanqid qilgan sakkiz muxbirni jazolashga ulgurgan kuch tuzilmalarining eʼtiboriga tushgan.

Uxanda boshlangan pandemiyaga bir yil toʻlar ekan, dunyo davlatlarining aksariyati karantin va kasallanishlar koʻlamidan aziyat chekayotgan bir paytda, iqtisodiyoti qayta tiklanayotgan Pekin mamlakat ichida virusni jilovlaganiga oid “mislsiz” muvaffaqiyat bilan oʻz-oʻzini tabriklagan.

Sogʻliqni saqlash sohasidagi misli koʻrilmagan global inqiroz davrida axborot oqimini nazorat qilish – Xitoyning kommunistik hukumatiga holat haqidagi tasavvurni oʻz foydasiga burish va Prezident Si Szinpinning yetakchiligi uchun mamlakat hukmron partiyasi tomonidan taqdirlanishida muhim rol oʻynadi.

Xitoy kommunistik hukumati avvallari ham Gʻarbning diqqatini chalgʻitish maqsadida dissidentlarni Rojdestvo va yangi yil bayrami oraligʻida sud qilgan.

Haqiqatni shubha ostiga olish

Pekin epidemiya tarqaganidan beri virus kelib chiqqan joyni shubha ostiga olishga urinib keldi.

Masalan, “People's Daily” hukumat nashri noyabr oyi boshlarida Facebook tarmogʻida “barcha mavjud dalillar koronavirus Xitoy markazidagi Uxan shahridan chiqmaganini koʻrsatmoqda”, deb yozgan.

Shuningdek, noyabr oyida ham Pekin COVID-19 koronavirusi Italiyada 2019-yil sentyabrdayoq mavjud boʻlgani haqida Italiya jurnalida chiqqan tadqiqotni chop etishga shoshilgan va tadqiqot xulosasidagi muhim dalillarni olib tashlab, epidemiya paydo boʻlgan joyni gumon ostiga qoʻyuvchi yuzaki ilmiy manbalarni qoʻllagan edi.

Aslida esa barcha dalillar Xitoyning Uxan shahri xalqaro inqiroz manbai ekanligini koʻrsatmoqda.

Inqiroz boshlanganidan beri Pekin fitna nazariyalarini targʻib qilish orqali koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq aybni oʻzidan soqit qilishga va ijtimoiy tarmoqlar hamda axborot makonini virus haqidagi dezinformatsiya bilan toʻldirishga harakat qildi.

Xitoy rejimi kasallikning tarqalishi va inqirozdagi aybini yashirayotganiga qaramay, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda oʻzining “mardonavor xatti-harakatlari” haqida bong urib kelmoqda.

Avgust oyida Xitoy milliy muzeyida “Kuch birdamligi” deb nomlangan yangi koʻrgazma ochilgan boʻlib, unda rejimning “inqirozga qarshi kurashda erishgan muvaffaqiyatlarini” madh etuvchi rasmlar, haykallar va xattotlik ishlari namoyish etildi.

Xitoy OAV mamlakatda koronavirus xavfi ortda qolganini koʻrsatishga urinmoqda, COVID-19 karantini bilan bogʻliq cheklovlardan aziyat chekayotgan dunyo mamlakatlari esa bu kabi axborot kampaniyalarini tushunmovchilik bilan kuzatmoqdalar.

Xitoy shuningdek, pandemiya davrida yumshoq kuch siyosatini kuchaytirishga urindi – “vaksina diplomatiyasini” qoʻllab, rivojlanayotgan davlatlar bilan oʻz vaksinasini boʻlishishga vaʼda berdi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500