Karvonsaroy
Inson huquqlari

Rossiya va Xitoy ichki zoʻravonlikni oqlash uchun AQSHdagi saylov mojarolarini boshqacha talqin qilmoqda

Karvonsaroy va AFP

1-iyul kungi referendum natijalariga qarshi namoyish ishtirokchilaridan birini hibsga olayotgan rossiyalik politsiyachilar, 15-iyul. Ovoz berish jarayonida Rossiya konstitutsiyasiga kiritilajak oʻzgartishlar maʼqullandi – ular prezident Vladimir Putinga 2036-yilgacha oʻz lavozimida qolishga imkon yaratgan. [Dimitar Dilkoff/AFP]

1-iyul kungi referendum natijalariga qarshi namoyish ishtirokchilaridan birini hibsga olayotgan rossiyalik politsiyachilar, 15-iyul. Ovoz berish jarayonida Rossiya konstitutsiyasiga kiritilajak oʻzgartishlar maʼqullandi – ular prezident Vladimir Putinga 2036-yilgacha oʻz lavozimida qolishga imkon yaratgan. [Dimitar Dilkoff/AFP]

Rossiya va Xitoy rasmiylari chorshanba (6-yanvar) kuni Qoʻshma Shtatlarda saylovga oid zoʻravonlik kelib chiqqanidan mamnun ekanligini izhor etib, oʻz mamlakatlarida davom etayotgan repressiv kampaniyalarini oqlash maqsadida bu xabarlarni oʻz foydasiga talqin qilishga urindi.

Kreml rasmiy bayonot bilan chiqmagan, ammo davlat televideniyesi tungi dasturlarda AQSH Kapitoliysiga qarshi hujum aks etgan videoni taʼsirli orkestr musiqasi bilan batafsil yoritgan.

“AQSHdagi demokratiya tantanasi oʻz nihoyasiga yetdi. U eng tuban darajaga yetib keldi, buni ichiqoralik bilan aytayotganim yoʻq”, deb yozgan Rossiya parlamenti yuqori palatasining tashqi ishlar qoʻmitasi raisi Konstantin Kosachev oʻzining Facebook sahifasida.

AQSH kapitoliysiga qilingan hujumga AQShdagi tizimning oʻzi aybdor, dedi tashqi ishlar matbuot kotibi Mariya Zaxarova.

Xitoy politsiyasi hukumatning qonunchilik kengashi saylovlarini keyinga qoldirgani va ichki muxolifatni boʻgʻishga qaratilgan milliy xavfsizlikka oid qonuniga qarshi chiqqan namoyishchilarni hibsga olmoqda, Gonkong, 6 sentyabr. [Deyl de la Rey/AFP]

Xitoy politsiyasi hukumatning qonunchilik kengashi saylovlarini keyinga qoldirgani va ichki muxolifatni boʻgʻishga qaratilgan milliy xavfsizlikka oid qonuniga qarshi chiqqan namoyishchilarni hibsga olmoqda, Gonkong, 6 sentyabr. [Deyl de la Rey/AFP]

Rossiyaning aksildemokratik meʼyorlari

Rossiya prezidenti Vladimir Putin har qanday demokratik meʼyorlarga zid ravishda “umrbod” prezident boʻlish imkoniyatiga ega boʻldi, yangi qonunchilik esa Putin va uning oila aʼzolarini hayotlari davomida sodir etgan har qanday jinoyat uchun javobgarlikdan, shuningdek tintuvlar, hibs va soʻroqdan ozod qiladi.

Rossiyada har qanday muxolifat harakati zudlik bilan va halokatli tarzda yoʻq qilinadi, bunga yaqinda Aleksey Navalniyga qarshi muvaffaqiyatsiz suiqasd harakati misol boʻla oladi.

Rossiyalik sharhlovchilar Qoʻshma Shtatlardagi nizolarga anchadan beri mamnuniyat bilan ishora qilib keladilar, Kreml esa bu ixtiloflarni aralashuv va dezinformatsiya kampaniyasi, jumladan 2016-yilgi saylovlarga qarshilik harakatlari bilan avj oldirgan.

Kreml qoʻllovidagi xakerlar AQSH hukumat idoralariga qilingan bir qator kiberhujumlar ortida turadi, bu harakatlar qisman mamlakatdagi beqarorlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Rossiyadagi boshqa arboblar esa AQSH Kapitoliysidagi voqeani Moskvaning mahalliy siyosatini oqlash uchun qoʻllamoqda.

Bu voqea ijtimoiy tarmoqlar nazoratini kuchaytirish kerakligini koʻrsatmoqda, dedi Rossiya parlamenti quyi palatasining telekommunikatsiya qoʻmitasi aʼzosi Anton Gorelkin.

“Ijtimoiy tarmoqlar qonun chegarasida qatʼiy qoidalarga muvofiq ishlashi kerak. Chunki mutloq axborot erkinligi ekstremistlar uchun qurol boʻlib xizmat qilyapti”, deb yozgan u oʻzining Telegram kanalida.

Qoʻshma Shtatlar va boshqa Gʻarb mamlakatlari Rossiya rejimining ijtimoiy tarmoqlar nazoratini kuchaytirayotganini bir necha bor tanqid ostiga olgan edi.

Vashington Putinning oʻzgacha fikrlovchilarni taʼqib qilishini shiddat bilan tanqid qilib, oʻtgan oyda xorijiy agent hisoblangan nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalariga qarshi qoidalarni qatʼiylashtirgan Rossiyani “fuqarolik jamiyati repressiyasini kuchaytirayotganlikda” ayblagan.

“Goʻzal manzara”

Bu orada Xitoy interneti AQSHdagi saylov mojarosi sababli xursandchilikdan larzaga kelgan.

Payshanba kuni ertalab “Global Times” davlat tabloid gazetasi oʻzining Twitter sahifasida 2019-yilda Gonkongda shahar qonunchilik kengashi binosini qoʻlga olayotgan omma bilan 6-yanvar kungi Vashingtondagi norozilik namoyishlari suratlarini solishtirgan.

Xitoy kommunist partiyasining yoshlar ligasi Twitter tarmogʻiga oʻxshash Weibo platformasida namoyishlarni “goʻzal manzara” deya tasvirlagan.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi bu qarashlarni qoʻllab-quvvatlar ekan, Xitoyning Gonkongdagi demokratik oʻzgacha fikrni bostirish kampaniyasiga nisbatan “AQSHdagi ayrim odamlarning, jumladan ayrim OAV qarashi umuman boshqacha” ekaniga eʼtibor qaratgan.

Payshanba kuni axborot brifingida soʻzga chiqar ekan, vazirlik matbuot kotibi Xua Chunin “munosabatlardagi keskin tafovut odamni oʻylantiradi, jiddiy va chuqur mulohazaga undaydi”, deb aytgan.

7-yanvar kuni Xitoyning Weibo tarmogʻida AQSH Kapitoliysiga hujum mavzusidagi xeshteglar koʻrsatkichi yuqorilab, 570 million marta tomosha qilingan, foydalanuvchilar Gonkongdagi namoyishchilarning global quvvatlovini olomonni qoralash bilan solishtirganlar.

“Hozirda barcha Yevropa davlatlari rahbarlari qoʻsh standartlarni namoyish etib, bu voqealarni (Vashingtondagi gʻalayonlarni) qoraladi”, deyiladi Weibo saytida 5000 dan ortiq layk toʻplagan izohda.

“Oʻtgan yili Honkong qonunchilik kengashida sodir boʻlgan voqea AQSH Kapitoliysida takrorlandi”, deb yozgan yana bir foydalanuvchi 4500 dan koʻproq “layk” bosilgan izohda.

Keskin kontrast

Taktikalar oʻxshash boʻlsa-da, qonunchilik organiga qarshi bu ikki hujumning sabablari va motivlari bir-biridan keskin farq qiladi.

Honkongdagi namoyishchilar toʻlaqonli demokratiya talab qilish va shaharning saylanmagan rahbariyati tomonidan ilgari surilayotgan nooʻrin qonun loyihasini toʻxtatish uchun Qonunchilik kengashi binosiga bostirib kirishgan.

Xitoydagi yarim muxtor shahar fuqarolarining toʻlaqonli demokratik huquqlarga ega emasligi uzoq yillar davomida ommaviy noroziliklarga sabab boʻlib kelgan.

Pekin 2019-yilgi tartibsizliklarni shafqatsiz tarzda bostirib, notinch shaharda qattiq qonunni joriy qildi, oʻnlab tanqidchilarni hibsga olib, oʻzgacha fikrni boʻgʻishga urindi.

Xitoyning Hongkongdagi zoʻravonliklari 6-yanvar kuni keskinlashdi – politsiya naq 53 nafar muxolifat arbobini hibsga olgan. Kuzatuvchilar buni “Hongkongdagi demokratiyaga qarshi eng yirik hujum” deb baholaganlar.

Aksincha, AQSHdagi Kapitoliyga hujum qilganlar erkin va adolatli prezident saylovlari natijalarini bekor qilishga uringanlar.

Pekin, shuningdek Shinjonda millionlab musulmonlarni hibsga saqlash va qayta tarbiyalash kabi koʻpchilik “genotsid” deb ataydigan ishlarning muallifi hisoblanadi.

Xitoyning musulmon ozchiliklarga qarshi zoʻravonlik kampaniyasi yana bir karra oʻz tasdigʻini topgan – BuzzFeed News nashrining tekshiruviga koʻra, kommunistik davlat Shinjonda 100 dan ortiq yangi hibsxonalar qurgani maʼlum boʻlgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500