BISHKEK – Yakshanba (10-yanvar) kuni Qirgʻizistonda prezident saylovlari boʻlib oʻtadi. Bahsli parlament saylovlari tufayli kelib chiqqan inqiroz ortidan mahbuslikdan chiqqan Sadir Japarov prezidentga aylanishi kutilmoqda.
29 yillik mustaqillik davrida yuz bergan namoyishlar ortidan Qirgʻizistonda uch bor – 2005, 2010 va 2020-yillarda prezident almashgan.
Oktyabrdagi notinchliklar
Noroziliklar 4-oktyabr kungi saylovdan keyin boshlangan. Muxolifatchi partiyalar tarafdorlari oʻsha vaqtdagi prezident Sooronbay Jeyenbekovga yaqin partiyalarning saylovchilar ovozini ommaviy sotib olganini daʼvo qilib, koʻchalarga chiqqan edi.
Tunga yaqin namoyishchilar politsiya bilan toʻqnashgan, namoyishchilardan biri halok boʻlgan. Bir qator taniqli siyosatchilar, jumladan Japarov qamoqdan ozod qilingan.
Hukumat saylov natijalarini zudlik bilan bekor qilgan boʻlsa-da, keyingi kunlarda siyosatchilar yuzaga kelgan boʻshliqni toʻldirishga urindilar. Japarovni qoʻllab-quvvatlovchilar Jeyenbekovning isteʼfosini talab qilgan eng yirik guruh boʻldi.
Inqirozning kutilmagan tabiati eng asosiy ittifoqchi Rossiyani ham shoshirib qoʻyar ekan, yuz bergan hodisalarda uyushgan jinoiy guruhlarning oʻrni haqidagi savollar paydo boʻlgan.
Prezident Vladimir Putin maʼmuriyati rahbarining oʻrinbosari Dmitriy Kozak Jeyenbekov va Japarov bilan muzokara oʻtkazish uchun Bishkekka uchib kelgan.
Tashrif Jeyenbekovning pozitsiyasini qoʻllab-quvvatlash uchun amalga oshirilgandek koʻrinsa ham, bu voqeadan bir necha kun oʻtib, u rasmiy qarorgohi atrofida Japarov tarafdorlari toʻplangani sababli qon toʻkilishini istamasligini aytib isteʼfoga chiqqan.
Bir oyga yaqin vaqt mobaynida Japarov ham bosh vazir, ham prezident vazifasini bajaruvchi boʻldi. 14-oktyabr kuni prezident saylovlarida ishtirok etish uchun lavozimidan ozod etildi .
Ayni damda Japarov hech qanday lavozimni egallamagan, ammo unga sodiq boʻlganlar asosiy lavozimlarga tayinlangan va saylovchilar 10-yanvar kuni unga ilk bosqichda muvaffaqiyat olib kelishi aniq.
Xuddi shu kuni saylovchilar Japarov boshqaradigan prezidentlik hokimiyati va parlament boshqaruv shakliga ovoz berishadi.
Yangi konstitutsiya ustidagi ishlar saylovdan keyin ham davom etar ekan, yangi bosh qonun 2010-yilda avtoritarlikni cheklash uchun kiritilgan amaldagi prezident uchun qoʻyilgan shartni bekor qiladigan koʻrinadi.
Japarov xalq odamimi?
52 yashar Japarov Qirgʻiziston siyosati sahnasiga 2005-yilda Issiqkoʻl viloyatida kichik neft biznesini yaratganidan keyin kirib kelgan.
Prezident Kurmanbek Bakiyev homiyligida mavqei koʻtarilgan Japarov 2008-yilda korruptsiyaga qarshi kurash agentligi rahbari etib tayinlangan edi.
Ammo, idora oʻsha vaqtda tizimdagi poraxoʻrlikdan eng koʻp manfaat koʻrgan deb sanalgan Bakiyevning oilasini tergov qilmagan.
Bakiyev 2010-yilda bu voqeadan besh yil avval birinchi postsovet prezidenti Asqar Akayevni lavozimidan ozod qilgan norozilikdan ancha shiddatliroq oʻtgan inqilob bilan agʻdarilgan.
Bundan ikki oy oʻtib, etnik qirgʻizlar va ozchilik oʻzbek guruhi oʻrtasida qonli toʻqnashuv yuz bergan va yuzlab odamlarni hayotdan olib ketgan.
Oʻsha yilning oxirlarida yetakchilari orasida Japarov ham boʻlgan millatchi muxolifat partiyasi parlament saylovlarida gʻolib boʻlgan, ammo hokimiyat koalitsiyasidan chiqarilgan.
Japarovning siyosiy nomi mamlakat YaIMning 10 foizini tashkil etuvchi, ammo korruptsiya ayblovlari va ekologik muammolarga uchragan, Qirgʻizistondagi eng katta oltin konining kanadalik boshqaruvchilariga qarshi tartibsiz chiqishlari bilan bogʻliq boʻlib qolgan.
2013-yilda u tugʻilib oʻsgan viloyatdagi namoyishlar chogʻida norozi olomon mahalliy hokimni qoʻlga olib, uning ustidan benzin quyib yuborgan.
Hukumat Japarovga qarshi jinoiy ish qoʻzgʻagan, u esa xorijga qochib ketgan.
Qochqinlikda Japarov million kishidan iborat Rossiya va Qozogʻistonda faol boʻlgan qirgʻiz diasporasi bilan aloqani kuchaytirgan.
2017-yilda vataniga qaytgach, Japarov odamni garovga olish ayblovlari bilan hibsga olingan va 11,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Oldinda turgan muammolar
10-yanvar kuni Japarov gʻalaba qozonsa, uning oldida turgan ikki tizimli muammo – pandemiyadan aziyat chekkan iqtisodni tiklash hamda korruptsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash vaʼdalarini bajarishi kerak boʻladi.
Rossiya ishonchini qozonish esa yana bir muammo.
Qirgʻiziston hukumati Kreml koʻrsatmalarini bajarishdan bosh tortayotgani sababli Moskva va Bishkek oʻrtasidagi munosabat tobora sovuqlashib bormoqda, deydi kuzatuvchilar.
Ayrim xabarlarga koʻra, Putin rejimi soʻnggi yillarda Qoʻshma Shtatlar bilan aloqalarni yaxshilayotgan Jeyenbekovning ketishini istagan.
Keyingi voqealar ham Rossiyaning rejasiga muvofiq kechgani yoʻq , deydi bishkeklik professor va xalqaro huquqshunos Kayrat Osmonaliyev.
Kreml Qirgʻiziston qonunchiligiga asosan Jeyenbekov Japarovga hukumatni topshirishini talab qilishi uchun Kozakni Bishkekka yuborgan, deb aytgan edi Osmonaliyev oʻtgan yil oktyabrda.
“Moskva prezidentlik muddati tugaganidan keyin Jeyenbekovning vazifasidan ketishini istagandi, bu tashqaridan tabiiy siyosiy jarayondek koʻrinar edi, ammo kutilmaganda Jeyenbekov isteʼfoga chiqdi”, dedi u.
Jeyenbekovning Rossiya rejasini buzgani “Rossiyadan iqtisodiy koʻmakning toʻxtashiga” sabab boʻlishi mumkin, deydi Osmonaliyev.
Oktyabrdagi voqelar Rossiyani gʻazablantirgan
Oktyabrda Jeyenbekovning isteʼfoga chiqishi sababli Moskva ochiqdan-ochiq Bishkekdan noroziligini koʻrsatgan. Kuzatuvchilarga koʻra, bu voqeaning kutilmaganda yuz berishi Kremlning Markaziy Osiyodagi taʼsiri kamayib borayotganiga dalil boʻla oladi.
Qirgʻizistonlik hamkasbi Ruslan Kazakbayev bilan Rossiya-Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlarni tiklashga qaratilgan muzokaralardan keyin muxbirlar bilan soʻzlashar ekan, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov asabiy koʻringan edi.
23-oktyabr kungi matbuot anjumanida Lavrov qirgʻiz jurnalistlarining qator savollariga qoʻpol javob qaytargan .
“Qirgʻizistonda siyosiy vaziyat barqarorlashmas ekan”, Rossiyaning Qirgʻizistonga moliyaviy koʻmagi tiklanmaydi, deb aytgan Lavrov Kazakbayevga.
Shundan keyin Moskva qirgʻiz rasmiylari bilan ishlashdan bosh tortgan edi .
Moskvadagi qizgʻin matbuot anjumanidan bir kun avval shaxsan Putin oʻz xavotirlarini bildirgan edi.
“U yerdagi vaziyat qirgʻiz xalqi uchun falokatli ” deb aytgan u 22-oktyabr kuni Moskvada boʻlib oʻtgan “Valday” muzokara klubidagi uchrashuvda. “U yerda yuz berayotgan voqealarga achinish va xavotir bilan qaraymiz.”
Turkiy davlatlar Qirgʻizistonga Rossiyadan mustaqil boʻlishga yordam berishi kerak.
Javob berishFikrlar 1