Karvonsaroy
Salomatlik

COVID-19 pandemiyasi Rossiya va Xitoyning Markaziy Osiyodagi asl maqsadlarini fosh etdi

Kanat Altinbayev

Pnevmoniyaga chalingan bemor uchun tomchidori hozirlayotgan hamshira Ajar Jantayeva, 14-avgust, Bishkek. [Maksat Osmonaliyev / Karvonsaroy]

Pnevmoniyaga chalingan bemor uchun tomchidori hozirlayotgan hamshira Ajar Jantayeva, 14-avgust, Bishkek. [Maksat Osmonaliyev / Karvonsaroy]

OLMAOTA – COVID-19 pandemiyasidan aziyat chekayotgan Markaziy Osiyoliklar Rossiya va Xitoy rejimlari tomonidan berilgan vaʼdalarga qaramay, oʻzlarini mahrum va yordamsiz qolgandek his qilishmoqda.

Pandemiya butun dunyoni larzaga keltirdi va zaiflashtirdi, Markaziy Osiyo davlatlari esa halokatli koronavirusdan tashqari nochorlik bilan kurashishga ham majbur boʻldilar. Qoʻshni Rossiya va Xitoydek qudratli davlatlar ularni oʻz holiga tashlab qoʻygan.

Moskva va Pekinning Markaziy Osiyodagi birodar mamlakatlar ittifoqi va oʻzaro qoʻllab-quvvatlov haqidagi emotsional ritorikasi qogʻozdagi quruq gap xolos, deydi Nur-Sultonlik xalqaro munosabatlar boʻyicha mutaxassis Ruslan Nazarov.

Ikki davlat ham mintaqada oʻz strategik maqsadlarini koʻzlamoqda, Rossiya ogʻir vaqtlarda yordam qoʻlini choʻzadi, degan xomxayollarga berilish yaramaydi, dedi u.

Iyuldagi karantin vaqtida Olmaotadagi bolalar attraksionlari yopiq edi. [Kanat Altinbayev / Karvonsaroy]

Iyuldagi karantin vaqtida Olmaotadagi bolalar attraksionlari yopiq edi. [Kanat Altinbayev / Karvonsaroy]

Pandemiya vaqtida Rossiyadagi koʻpchilik migrantlar bamisoli qamalda qolib, oʻz uylariga qaytib keta olmaganlar. Vnukovo aeroportidagi Markaziy Osiyolik migrantlar, 24-mart, Moskva. [Aleksandr Nemenov/AFP]

Pandemiya vaqtida Rossiyadagi koʻpchilik migrantlar bamisoli qamalda qolib, oʻz uylariga qaytib keta olmaganlar. Vnukovo aeroportidagi Markaziy Osiyolik migrantlar, 24-mart, Moskva. [Aleksandr Nemenov/AFP]

“Birov birovdan qarzdor emas, shaxsiy hech nima yoʻq, faqat manfaatlar”, deb qoʻshimcha qildi u.

COVID-19 tufayli 4000 dan ortiq oʻlim

Gavjum shifoxonalar va zarur dorilarning yetishmasligi sababli mintaqada 330 mingdan ziyod kishi kasallangan va 4000 dan ortigʻi turli asoratlar, asosan pnevmoniya tufayli vafot etgan.

Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston ilk COVID-19 holatlari qayd etilishi bilan, mart oyida qatʼiy karantin choralarini joriy qildilar.

Bu mamlakatlar hukumatlari virus tarqalishining oldini olishga qaratilgan boshqa choralar qatori davlat muassasalarini yopib, uzrli sababsiz koʻchaga chiqishni taqiqladilar. Mahalliy va xalqaro transport harakati toʻxtatildi.

Qozogʻiston va Qirgʻizistonda bahorgi cheklovlardan soʻng yoz oylarida karantinning yumshatilishi ortidan epidemiologik vaziyat sezilarli darajada yomonlashdi.

Mamlakat ichida virus tarqagani haqida aprel oyi oxirida xabar bergan Tojikiston esa qimmatli vaqtni boy berib, tezkor choralar koʻrmadi. Natijada keyingi haftalar davomida Markaziy Osiyoda eng koʻp COVID-19 qurbonlari berilgani haqida xabarlar paydo boʻldi.

Bu orada Turkmaniston sogʻliqni saqlash mutasaddilari “mamlakatda COVID-19 holatlari qayd etilmadi” deb turgan bir paytda, prezident Gurbanguli Berdimuhamedov virusga qarshi tasdiqlanmagan dorivor giyohlarni targʻib qildi.

Yevropadagi muxolifatga qarashli OAV koronavirus bilan kasallanganlar soni koʻp ekanligi haqida xabar bergan, ammo ularning veb-saytlari Turkmanistonda bloklangan.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) Yevropadagi favqulodda vaziyatlar boʻyicha katta xodimi Ketrin Smolvud iyuldagi tashrifi chogʻida hukumatga “COVID-19 virusi mamlakatda tarqagandek” tegishli choralar koʻrishni maslahat bergan, ammo keyinchalik hukumatning mamlakatda virus yoʻqligidan maqtanayotganiga shubha qilishdan toʻxtagan.

Shunday boʻlsa-da, Turkmaniston hamon JSSTning tasdiqlovchi testidan oʻtmagan.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida polimer zanjirli reaksiya (PZR) testlari yetishmasligi tufayli mintaqadagi kasallanganlar va vafot etganlar soni pandemiyaning haqqoniy holatini aks ettira olmaydi.

Testlarning qimmatligi ham muammo keltirib chiqargan, masalan Qozogʻistonda hukumat COVID-19 PZR testining narxini 20 AQSH dollariga tushirishni rejalashtirgan boʻlsa-da, uning narxi 42 dollar atrofida boʻlgan, deb yozgan edi “Lancet” tibbiy nashri noyabr oyida.

Shu tariqa mutasaddilar koʻplab COVID-19 qurbonlarining oʻlimiga nima sabab boʻlganini aniqlay olmaganlar.

Xitoy: nosoz testlar va dezinformatsiya

Markaziy Osiyodagi epidemiologik fojianing haqiqiy koʻlamini ijtimoiy tarmoqlardagi tashvishli xabarlardan bilish mumkin edi. Foydalanuvchilar yordam soʻrab, dori-darmon izlaganlar, oʻzaro maslahat almashib, yaqinlarining oʻlimi haqida xabar berganlar.

Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan “birodar va doʻst ekanliklarini” ovoza qilishlariga qaramay, moliyaviy resurslari va sogʻliqni saqlash sohasining salohiyati ancha yuqori boʻlgan, virusni birinchilardan boʻlib jilovlaganini daʼvo qilgan Rossiya va Xitoy mintaqadagi muammolarni yanada ogʻirlashtiradigan qarorlar qabul qilishdi.

COVID-19 virusi 2019-yil oxirida Xitoyning Uxan shahrida aniqlanganiga qaramay, Xitoy rejimi qoʻshni Markaziy Osiyoda pandemiyaning halokatli oqibatlari uchun javobgarlik his qilgani yoʻq.

Mahalliy shifoxonalarda testlar yetishmagan, ular “virusni muvaffaqiyatli yenggan” Xitoyga umid qilishgan, deydi Olmaotadagi 32-poliklinika shifokori Aygerim Jakasheva.

“Ammo, aftidan maqsadi faqat pul ishlash boʻlgan Xitoyning vijdonsiz kompaniyalari qanchadan-qancha odamlar hayoti ularning mahsulotiga bogʻliq ekani haqida oʻylamadilar”, dedi u.

Bahorda Qozogʻiston Xitoydan 700 mingta COVID-19 test toʻplamlarini sotib oldi, ammo bir qator Yevropa mamlakatlari bu mahsulotlarning sifatsiz ekanligini eʼlon qilgach, testlarni Qozogʻistonning oʻzida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi .

Oʻtgan yil iyul oyida Qozogʻistonda COVID-19 virusi bilan kasallanish holatlari koʻpayar ekan, Xitoy rasmiylarining dezinformatsiya tarqatishi bilan bogʻliq mojaro boʻy koʻrsatgan.

Nur-Sultondagi Xitoy elchixonasidan iqtibos keltirgan Xitoy OAV Qozogʻistonda koronavirusdan ham halokatliroq “nomaʼlum infeksiya” tarqagani haqida xabar bergan.

“Nomaʼlum infeksiya sababli iyun oyidan beri pnevmoniyaga chalinish holatlari sezilarli darajada oshdi, ammo yangi koronavirus pnevmoniya keltirib chiqarmaydi”, deb daʼvo qilgan edi elchixona.

Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi mamlakatdagi “nomaʼlum virus”ga oid xabarlar “soxta” ekanini aytgan. JSSTning Sogʻliqni saqlash boʻyicha favqulodda vaziyatlar dasturining ijrochi rahbari Maykl Rayan Qozogʻistondagi pnevmoniya tarqalishiga COVID-19 sabab boʻlgani haqidagi taxminlarini bildirgan.

Bundan tashqari, Qirgʻiziston oʻz iqtisodiyotining zaiflashgani tufayli Xitoydan kredit boʻyicha toʻlovlar muddatini kechiktirishni iltimos qilganida, Pekindan doʻstona boʻlmagan javob olgan.

Bishkekning eng yirik kreditori boʻlgan Pekin “oʻzining strategik qoʻshnisi va hamkorining” iltimosini rad etgan. Kuzatuvchilarga koʻra, Pekin xuddi Tojikiston bilan boʻlgani kabi, Qirgʻiziston qarzlarini toʻlay olmagan taqdirda oʻz yeri yoki tabiiy resurslarini topshirishiga umid qilmoqda.

Rossiya: migrantlar huquqlarining buzilishi va majburiy vaksina

Markaziy Osiyodagi sobiq mustamlakachi qudrat boʻlgan Kreml ham murakkab yilda mintaqadan yuz oʻgirgan.

Oʻtgan yil pandemiya boshlangan mart oyida Moskva virusni jilovlash uchun dastlab hech qanday choralar koʻrmagan, ammo oy oxirida toʻsatdan barcha xalqaro parvozlarni toʻxtatishi tufayli asosan Markaziy Osiyolik mehnat migrantlari oʻz uylariga keta olmay qolishdi.

Rossiya aviakompaniyalari bekor qilingan chipta pullarini qaytarmagan, vaholanki bu pullar Rossiyada qolishga majbur boʻlgan xorijliklarning sharoitini yengillashtirishi mumkin edi.

Natijada, asosan malakasiz ishchilardan iborat migrantlar ishsiz va pulsiz koʻchada qolib ketishgan.

Koʻchada qolib ketgan Markaziy Osiyolik migrantlarni Rossiya politsiyasi hibsga olishni boshlagan, bunga ularning “karantin qoidalariga rioya qilmagani” bahona qilib koʻrsatilgan, ular maxsus markazlarda “ogʻir sharoitlarda” ushlab turilgan.

Faqat puli borlargina pora toʻlab erkinlikka chiqa olgan, deydi inson huquqlari faollari va migrantlarning oʻzi.

Rossiyada Markaziy Osiyolik mehnatkashlarning yashash sharoiti boshqa vaqtlarda ham ogʻir edi, ammo pandemiya davrida undan ham yomonlashdi, deydi Moskvadagi “Utro mira” nodavlat tashkiloti raisi Valentina Chupik.

Aftidan, Moskva pandemiyadan Markaziy Osiyoda siyosiy va iqtisodiy manfaat koʻrish uchun foydalanmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin qozogʻistonlik hamkasbi Qosim-Joʻmart Toʻqayevni Rossiyaning hali toʻliq sinovdan oʻtmagan koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarishga va u bilan mahalliy aholini emlashga koʻndirgan.

Rossiya tarafidan “birinchi” boʻlish maqsadida ishlab chiqilgan vaksinaga Qozogʻistonlik shifokorlar, oddiy xalq va dunyo mutaxassislari hamjamiyati shubha bilan qaramoqda.

Rossiya vaksinasining boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilishi va qoʻllanilishi vaksinani yaratish boʻyicha global poygada gʻalaba qozonishga alohida ahamiyat bergan Putinga siyosiy ochko beradi, deydi xalqaro aloqalar boʻyicha mutaxassis Nazarov.

“Bundan tashqari iqtisodiy maqsad ham bor: Rossiya vaksinadan yaxshigina foyda koʻradi – ikkita inyeksiya uchun xorijiy mamlakatlar 20 AQSH dollari toʻlaydi”, dedi u.

Ularning koʻpchiligi rasmiy roʻyxatdan oʻtmagani sababli kompensatsiya uyoqda tursin, oylik maoshini olmay boʻshatib yuborilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 7

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya va Xitoy har doim oʻz geosiyosiy ustunligidan foydalangan holda Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini boshqaradi. Markaziy Osiyo mamlakatlarida esa korruptsiya va savodli va oqil rahbarlar taqchilligi kuchayib boradi. Bunday siyosiy oʻyinlardan esa Markaziy Osiyo xalqlari aziyat chekadilar.

Javob berish

Siyosiy oʻyinlarda Oʻzbekiston vaziyatni qoʻldan boy bermasligi kerak, boʻlmasa koloniyaga aylanib qoʻlishimiz hech gap emas.

Javob berish

Rossiyaga nisbatan ishonch anchdan beri yoʻq

Javob berish

Xitoy dunyoni qariyalar oʻlimiga sabab boʻlayotgan Pfizer vaksinasidan foydalanishni toʻxtatishga chaqirmoqda. 23:05 15.01.2021 Xitoylik tibbiy mutaxassislar Norvegiya va boshqa mamlakatlarni odamlarda Pfizer vaksinasini qoʻllashni toʻxtatishga chaqirdi. Birinchidan, vaksina qariyalarda qoʻllanilishi kerak emas, deydi shifokorlar. Yaqinda Norvegiyadan emlanganlaridan keyin 23 kishi hayotdan koʻz yumgan. Pfizer vaksinasi yetarli darajada tekshirilmagan va uning xavfsizligi hali ham tasdiqlanmagan, deydi Xitoy immunologlari. Bu vaksinanining samaradorligi tashvishlarga sabab boʻlmoqda.

Javob berish

Misol uchun odamlar nima uchun AQSH yoki Kanadada etnik Xitoy, rus yoki ukrainalik milliarder yoʻq, deb savol berishadi?.. Xuddi ular adolatli iqtisodiy raqobatga magʻlub boʻladigandek. Ha, mayli, boʻlmagʻur yolgʻon. Chunki, aslida hozir Xitoyda AQSHga koʻra nisbatan koʻproq milliarderlari bor... Uylarida omadlari kelsa, AQSH va Kanadada ishi yurishmaydi. Jin ursin, Amerikaning havosi boshqa boʻlsa kerak. Faqat kallavaram emigrantlar avval oʻzining kommunust otalariga ishongani kabi Amerika haqidagi bu ertak safsataga ishonadi. Balki, hammasi ancha oddiydir. Amerikadagi daxshatli irqchilik, natsizm, qarindosh-urugʻchilik hammasi xitoylik yoki rossiyaliklar hayotini oʻnlab olish uchun halaqit berar? Yahudiy milliarderlarni misol qilmang; ular oʻzlarini na Amerika, na Rossiya bilan bogʻlamaydi.

Javob berish

Rossiyada amerikalik milliarder bormi? )))

Javob berish

Rossiya muhojirlar huquqlarini qoʻpol ravishda buzyapti.

Javob berish