Karvonsaroy
Salomatlik

Uxanga yetib borgan xalqaro tergov guruhi u yerda qanday dalillar topishi mumkin?

Karvonsaroy va AFP

14-yanvar kuni COVID-19 pandemiyasining kelib chiqishini oʻrganish uchun yetib kelgan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) surishtiruv jamoasi aʼzolarini Uxan aeroportidan olib chiqayotgan avtobus. [Nikolas Asfuri/AFP]

14-yanvar kuni COVID-19 pandemiyasining kelib chiqishini oʻrganish uchun yetib kelgan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) surishtiruv jamoasi aʼzolarini Uxan aeroportidan olib chiqayotgan avtobus. [Nikolas Asfuri/AFP]

UXAN, Xitoy – Uzoqqa choʻzilgan kechikish va siyosiy tortishuvlardan soʻng, koronavirus ilk bor paydo boʻlganidan bir yil oʻtib, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tahlilchilari guruhi nihoyat, uning kelib chiqishini oʻrganish uchun Xitoyning Uxan shahriga yetib keldi.

13 nafar olimdan iborat xalqaro jamoa oʻz missiyasini bajarish uchun payshanba (14-yanvar) kuni Xitoyga kelgan. Ular himoya kiyimlaridagi xitoylik mutasaddilar tomonidan kutib olindi, tomoqlaridan namunalar olinib, ish boshlashdan avval ikki haftalik karantinni oʻtkazish uchun mehmonxonaga joylashdilar.

Butun dunyoni tiz choʻktirgan virus 2019-yil Uxanning dengiz mahsulotlari, jumladan koʻrshapalaklar sotiladigan bozoridan chiqqaniga deyarli hech kim shubha qilmaydi.

Shundan keyin pandemiya butun dunyo boʻylab tarqalib, ikki million kishining hayotiga zomin boʻldi, bir necha oʻn million odamga yuqib, jahon iqtisodiyotini larzaga keltirdi.

Uxan shahrida yopilgan Xuanan dengiz mahsulotlari bozoridagi qoʻriqchi, 2020-yil, 11-yanvar. Shu kuni Xitoyda COVID-19 virusi bilan bogʻliq ilk oʻlim holati qayd etilgan. [Noel Selis/AFP]

Uxan shahrida yopilgan Xuanan dengiz mahsulotlari bozoridagi qoʻriqchi, 2020-yil, 11-yanvar. Shu kuni Xitoyda COVID-19 virusi bilan bogʻliq ilk oʻlim holati qayd etilgan. [Noel Selis/AFP]

Savdo markazidagi odamlar, Uxan, Xubey provintsiyasi, Xitoy, 1-yanvar. [Noel Selis/AFP]

Savdo markazidagi odamlar, Uxan, Xubey provintsiyasi, Xitoy, 1-yanvar. [Noel Selis/AFP]

JSSTga koʻra, kelajakdagi epidemiyalarning oldini olish uchun virusning hayvonlardan odamlarga yuqish yoʻlini aniqlash lozim.

Guruhning vakolati yuzasidan bir necha oy davom etgan muzokaralarga qaramay, Xitoy rejimi shu oy boshida uning mamlakatga kirishiga izn bermagandi. Bu oʻzaro ayblovlar, gumonlar va inkorlar bilan chalkashib ketgan virusning kelib chiqishi haqidagi talqinga nisbatan siyosiy sezgirlik belgisi boʻldi.

2020-yil boshida Xitoy rasmiylari halokatli kasallik avj olayotganini bila turib, deyarli bir hafta sukut saqladilar va Uxandagi virusning butun dunyo boʻylab tarqalib ketishiga yoʻl qoʻydilar, shuningdek, epidemiyaga oid dalillarni qasddan yashirish yoki yoʻqotishga urindilar.

Uxan hokimiyati epidemiyani yashirishga harakat qilgan, keyinchalik esa qimmatli vaqtini virusning odamdan-odamga yuqishini rad etishga sarflagan.

Xitoy rasmiylari avval-boshdan kasallikning Uxandagi Xuanan dengiz mahsulotlari bozoridan chiqqanini rad etganlar. Ammo, Xitoyning 2020-yil yanvardagi maʼlumotlari ilk kasallanish holatlari hozirda yopilgan bozorga aloqador emasligini koʻrsatganidan manbaning boshqa yerda ekanligini taxmin qilish mumkin.

Xitoyning yuqumli kasalliklar nazorati boʻyicha mutasaddisi Gao Fu bozor kasallik manbai emas, balki uni kuchaytirgan joy boʻlganini aytgach, mart oyida Xitoyning daʼvolari yana oʻzgargan.

Biroq, shundan soʻng Xitoy tekshiruvga yordam berishi mumkin boʻlgan bozordagi hayvonlar va atrof-muhitdan olingan namunalar haqida juda kam maʼlumotlarni oshkor qilish bilan hech qanday nuqtalarni bogʻlamagan.

U xorijiy mutaxassislarni ham yaqinlashtirmadi.

Narrativni oʻzgartirishga urinish

Inqiroz boshlanganidan beri, fitna nazariyalarini ilgari surish orqali Pekin koronavirus pandemiyasidagi aybini jon-jahdi bidan rad etishga va ijtimoiy tarmoqlar hamda axborot makonini virus haqidagi ochiqdan-ochiq dezinformatsiya bilan toʻldirishga urinmoqda.

Bu choralar doirasida Xitoy rejimi COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda oʻzining “mardonavor xatti-harakatlari” haqida bong urib kelmoqda.

Pekin pandemiya davrida yumshoq kuch siyosatini kengaytirishga urindi – “vaktsina diplomatiyasini” qoʻllab, rivojlanayotgan davlatlar bilan oʻz vaktsinasini boʻlishishga vaʼda berdi.

Davlat ommaviy axborot vositalari butun dunyoga Xitoyning pandemiyani yengganini koʻrsatishga harakat qildi, ammo JSST mutaxassislarining tashrifi Xitoy rejimi virus toʻplangan yangi joylarni yashirishga urinayotgan vaqtga toʻgʻri kelgan.

14-yanvar kuni sakkiz oydan beri ilk marta COVID-19 bilan bogʻliq oʻlim holati eʼlon qilinar ekan, Xitoy shimolida 20 milliondan ortiq odam karantinda qolgan, provintsiyalarning birida favqulodda holat joriy qilingan.

Shu kunning oʻzida Xitoy milliy sogʻliqni saqlash komissiyasi qoʻshimcha 138 ta kasallanish holatini qayd etgan, bu oʻtgan yil mart oyidan beri eng yuqori koʻrsatkichdir.

Xitoy mamlakat boʻylab millionlab sayyohlar tashrif buyuradigan oy taqvimi boʻyicha yangi yil bayrami nishonlanishidan bir oy avval odamlar toʻplanishining oldini olmoqda.

JSST javoblar izlamoqda

JSST Xitoyning virus haqidagi talqiniga kiritishi mumkin boʻlgan oʻzgartirishlarini yaqindan kuzatadi.

Xitoy pandemiya mamlakatdan tashqarida boshlangan degan gʻoyani oz-ozdan ilgari surib, sogʻliqni saqlash inqirozini darhol nazoratga olganiga asosiy eʼtiborni qaratgan.

Masalan, “People's Daily” hukumat nashri noyabr oyi boshlarida Facebook tarmogʻida “barcha mavjud dalillar koronavirus Xitoy markazidagi Uxan shahridan chiqmaganini koʻrsatmoqda”, deb yozgan.

Shuningdek, noyabr oyida ham Pekin COVID-19 koronavirusi Italiyada 2019-yil sentyabrdayoq mavjud boʻlgani haqida Italiya jurnalida chiqqan tadqiqotni chop etishga shoshilgan va tadqiqot xulosasidagi muhim dalillarni olib tashlab, epidemiya paydo boʻlgan joyni gumon ostiga qoʻyuvchi yuzaki ilmiy manbalarni qoʻllagan edi.

Aslida esa barcha dalillar Xitoyning Uxan shahri xalqaro inqiroz manbai ekanligini koʻrsatmoqda, shu sababdan JSST jamoasi u yerda tekshiruv olib borishni koʻzlayotgan edi.

JSST oʻz missiyasiga aloqador siyosiy yukni imkon qadar kamaytirishga harakat qildi.

“Yuz bergan voqealarni toʻliq anglab yetishimiz uchun ancha vaqt kerak boʻladi”, deb ogohlantirdi JSST jamoasi yetakchisi Piter Ben Embarek.

Mehmonxonadagi majburiy ikki haftalik karantindan keyin jamoa “ishga tushadi va Xitoydagi hamkasblar bilan yuzma-yuz uchrashib, oʻzini qiziqtirgan turli manzillarga bora oladi”, dedi u.

“Bu dastlabki missiyadan keyin aniq javoblar olishimizga ishonchim komil emas, shunday boʻlsa-da, ishni davom ettiramiz”, dedi Embarek.

“Asosiy gʻoya nima yuz berganini yaxshiroq anglashimiz uchun bir necha oy avval ishlab chiqilgan va qabul qilingan qator tadqiqotlarni amalga oshirish.”

Sirlar va shubhalar

Olimlarning koʻrishiga izn beriladigan narsalar va oradan bir yil oʻtib ularning nimadir topa olishi ham shubha ostida qolmoqda. Mutasaddilar vahimaga tushib muhim dalillarni yoʻq qilib yuborgan boʻlishlari mumkin, deydi tahlilchilar.

“Har qanday epidemiya bir xil tarzda kechadi. U tartibsiz va disfunktsional boʻladi”, deydi infektsion kasalliklarning oldini olish bilan shugʻullanuvchi “EcoHealth Alliance” global nodavlat tashkiloti prezidenti Piter Dashak.

“Eng avvalo, ular hayvonlarni oʻrganish boʻyicha deyarli hech qanday ish olib borishmagan”, dedi u.

“Ular qaysidir masalalarda ochiq, ayrim narsalarda esa ancha yopiq boʻlishgan.”

Xitoyning maxfiylik sabablari aniq emas, ammo hukmron kompartiya oʻtmishda siyosiy nuqtai nazardan zararli axborotni boʻgʻib kelgan.

Virus tarqagan ilk haftalarda internet orqali xabar bergan muxbirlar va fuqarolarning ovozi oʻchirilgan yoki qamoqqa olingan.

Pekin mamlakat ichida sharmanda boʻlish yoki xalqaro miqyosdagi “javobgarlikdan” qoʻrqib, normativ hujjatlar yoki tergovdagi kamchiliklarni yashirishga harakat qilishi mumkin, deydi global epidimiyalarni yaqindan kuzatuvchi Jordjtaun universiteti epidemiologi Deniyel Lyusi.

Uxan bozorining oʻzi muammo boʻlmasligi mumkin, dedi u. Virus 2019-yil dekabrdayoq tez surʼatlarda avj olayotgan edi, bu esa uning ancha avval tarqalganidan darak beradi, deb qoʻshimcha qildi u.

Bunga sabab, virus odamlar orasida oʻta yuqumli holatga kelishi uchun zaruriy mutatsiya jarayonidan oʻtishiga bir necha oy yoki yillar kerak boʻladi.

Dekabr oyida Xitoy Uxanda qayd etilgan koronavirus holatlari epidemiyaning boshida oʻsha vaqtdagi rasmiy raqamlarga qaraganda 10 marta koʻproq boʻlgan boʻlishi mumkin deb, shubhalarni yanada kuchaytirgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500