Karvonsaroy
Siyosat

Putin “qoʻrquvda”: hibsga olingan Navalniy Rossiya boʻylab norozilik namoyishlariga chaqirmoqda

Karvonsaroy va AFP

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy parvoz oldidan Moskvaga yoʻl olgan “Pobeda” aviakompaniyasi samolyotidagi oʻrindigʻi tomon yurmoqda, 17-yanvar, Berlin. [Kirill KUDRAVTSEV / AFP]

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy parvoz oldidan Moskvaga yoʻl olgan “Pobeda” aviakompaniyasi samolyotidagi oʻrindigʻi tomon yurmoqda, 17-yanvar, Berlin. [Kirill KUDRAVTSEV / AFP]

MOSKVA – Rossiya prezidenti Vladimir Putin muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyni Rossiyaga qaytishi bilan hibsga olishning mamlakat ichi va xorijdagi siyosiy taʼsirlarini notoʻgʻri baholagan boʻlishi mumkin.

Avgust oyida Sibirning Tomsk shahrida asabni falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlanganidan beri ilk marta Germaniyadan Rossiyaga qaytib kelganidan bir soat oʻtmay, 44 yoshli Navalniy Moskvadagi Sheremetyevo aeroportidagi chegara nazorati postida qoʻlga olingan.

Rossiya Jazoni ijro etish federal xizmatining yakshanba (17-yanvar) kungi xabariga koʻra, Navalniy siyosiy motivga ega deb koʻrilgan firibgarlikda ayblanib, 2014-yilda olgan shartli jazo muddatini buzgani uchun hibsga olingan.

“Adolat ustidan kulish”

Dunyo boʻylab Navalniyni ozod qilish chaqiriqlari kuchayib borar ekan, u hibsga olinishi bilan Moskva chekkasidagi Ximki shahrida joylashgan politsiya idorasida tashkil etilgan sud zaliga olib kelingan.

Politsiya 18-yanvar kuni Sankt-Peterburgda Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy tarafdorlaridan birini hibsga olmoqda. Plakatda “Navalniyga ozodlik” deb yozilgan. Navalniy ruslarni “qarshilik koʻrsatishga” chaqirdi, uning tarafdorlari esa 23-yanvar kuni ommaviy norozilik namoyishlari oʻtkazishni rejalashtirmoqda. [Olьga MALЬTsEVA / AFP]

Politsiya 18-yanvar kuni Sankt-Peterburgda Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy tarafdorlaridan birini hibsga olmoqda. Plakatda “Navalniyga ozodlik” deb yozilgan. Navalniy ruslarni “qarshilik koʻrsatishga” chaqirdi, uning tarafdorlari esa 23-yanvar kuni ommaviy norozilik namoyishlari oʻtkazishni rejalashtirmoqda. [Olьga MALЬTsEVA / AFP]

Muxolifat lideri Aleksey Navalniy 18-yanvar kuni 30 kunlik qamoq jazosiga oid sud hukmidan soʻng, Moskva yaqinidagi Ximki shahri politsiya boʻlimidan olib chiqilmoqda. Germaniyadan Moskvaga kelgan Navalniy Rossiyada hibsga olinganidan keyin, sud majlisida hukumatga qarshi ommaviy norozilik namoyishlarini oʻtkazishga chaqirgan. [Aleksandr NEMENOV / AFP]

Muxolifat lideri Aleksey Navalniy 18-yanvar kuni 30 kunlik qamoq jazosiga oid sud hukmidan soʻng, Moskva yaqinidagi Ximki shahri politsiya boʻlimidan olib chiqilmoqda. Germaniyadan Moskvaga kelgan Navalniy Rossiyada hibsga olinganidan keyin, sud majlisida hukumatga qarshi ommaviy norozilik namoyishlarini oʻtkazishga chaqirgan. [Aleksandr NEMENOV / AFP]

Dushanba (18-yanvar) kuni uning jamoasi tomonidan eʼlon qilingan videolavhada har narsadan shubhalanuvchi Navalniy sud majlisining politsiya idorasida oʻtayotgani va nima uchun oxirgi daqiqalargacha bu haqda hech kim xabardor qilinmagani tushunarsiz ekanligini aytgan.

“Men adolatning mazax qilinganiga juda koʻp bora guvoh boʻlganman, ammo bunker ichidagi chol [Putin] shu darajada qoʻrqqanidan, ular Rossiya jinoyat kodeksini ochiqchasiga yirtib otib yuborishdi”, dedi Navalniy.

“Bu oʻtaketgan qonunsizlik.”

Muvaqqat sud mahkamasi prokurorlarning Navalniyni 15-fevralgacha hibsda ushlab turish soʻrovini qondirgan, hibs muddatini uzaytirishga oid sud majlisi esa 2-fevral kuni boʻlib oʻtadi.

“Qarshilik koʻrsating”

Sud hukmi eʼlon qilinganidan koʻp oʻtmay, Navalniy jamoasi tomonidan eʼlon qilingan videoda oʻz tarafdorlarini norozilik bildirishga chaqirgan.

“Jim turmang. Qarshilik koʻrsating. Koʻchalarga chiqing – men uchun emas, oʻzingiz va kelajagingiz uchun”, deydi Navalniy.

Kelayotgan shanba (23-yanvar) kuni butun mamlakat boʻylab norozilik namoyishlari uyushtirishga tayyorgarlik koʻrilmoqda, dedi Navalniyning mintaqaviy tarmogʻi rahbari Leonid Volkov.

Kreml Navalniyning “noqonuniy” norozilik namoyishlarini oʻtkazishga chaqiriqlaridan “xavotirda” , dedi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov seshanba (19-yanvar) kuni jurnalistlarga.

Navalniy tarafdorlari uning chaqirigʻiga toʻliq ijobat qiladigan koʻrinadi.

Kremlning asosiy tanqidchisi bir necha bor, soʻnggi marta 2019-yilning yozida Putinga qarshi koʻcha yurishlarini tashkillashtirgan va oʻtgan yil sentabr oyida quyi palata – Davlat dumasiga saylovlar paytida hokimiyat uchun navbatdagi kurashga hozirlik koʻrgandi.

Hozirdanoq, havo harorati 20 daraja sovuq atrofida boʻlishiga qaramay, Navalniyni hibsga olgan politsiya idorasi oldida “Ozodlik!”, “Uni qoʻyib yuboringlar” degan hayqiriqlar bilan uning oʻnlab tarafdorlari toʻplangan.

Rossiyadagi siyosiy taʼqiblarni kuzatib boruvchi “OVD-Info” nashriga koʻra, Sankt-Peterburgda ham namoyishchilar toʻplangan boʻlib, u yerda kamida 46 kishi hibsga olingan.

“Bu sharmandalik. Oʻylaganingizni ayta olmaysiz”, dedi voqea joyidagi namoyishchilardan biri, 50 yashar Natalya Semyonova AFPga.

“Putindan mashhurroq”

17-yanvar kuni Navalniyning hibsga olinishi keng omma tanqidiga sabab boʻldi va Putinning xavotirlarini fosh etdi.

“Aleksey Navalniy prezident Vladimir Putindan ham mashhurroq siyosiy figuraga aylandi”, deydi inson huquqlari va qonun ustuvorligi boʻyicha Qozogʻiston xalqaro byurosi tahlilchisi, olmaotalik jurnalist Sergey Duvanov.

“Navalniy dovyurak siyosatchi va lider, u oxir-oqibat Rossiya hukumati bilan siyosiy qarama-qarshilikda gʻalaba qozonish imkoniyatiga ega”, dedi u.

“Hozir Rossiyada Putinning ketishini istaydigan odamlar soni keskin koʻpayib bormoqda va ular Navalniy atrofida birlashadilar”, deb bashorat qildi u.

Navalniyning qamoqqa olinishi “uning siyosiy vaznini oshiradi, xolos”, dedi u.

“Butun dunyo Rossiya hukumatining muxolifat yetakchisi Navalniyni jazolash tizimidan shok holatiga tushdi”, deydi Xalqaro inson huquqlari federatsiyasi vitse-prezidenti, bishkeklik Tolekan Ismoilova.

“Biz Vnukovo aeroportida Moskvaning Navalniy tarafdorlari, oddiy yoʻlovchilar va tinch aholiga qarshi repressiv harakatlariga guvoh boʻldik”, dedi u.

Navalniyning samolyoti dastlab 17-yanvar kuni uni kutib olish uchun minglab tarafdorlari yigʻilgan Vnukovoga qoʻnishi kerak edi.

Rossiya hukumati qoʻshimcha maxsus kuchlarni jalb qilib, aeroport ichiga temir toʻsiqlar oʻrnatdi va qator faollarni hibsga oldi.

Rasmiylar Navalniyning samolyotini Sheremetyevoga yoʻnaltirib, tarafdorlarini uni qarshi olish imkoniyatidan mahrum qilishdi.

“Bu faqat Rossiya fuqarolari uchun fojia boʻlibgina qolmay, balki Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) doirasidagi barcha mamlakatlar uchun signaldir”, dedi u.

Koronavirus pandemiyasi vaqtida Rossiya hukumati oʻzining tajovuzkor qiyofasini , oʻzgacha fikrlovchilarga nisbatan toqatsizligi hamda fikr va uni erkin ifoda etish huquqiga ega har kimni qoʻrqitishga urinishini koʻrsatdi”, dedi Ismoilova.

“Biz muxolifat yetakchisining ozod etilishini talab qilamiz”, dedi u va xalqaro kuzatuvchilarni “uning zaharlanishiga oid tergovga koʻmaklashishga hamda Navalniyning hayoti va xavfsizligiga tajovuz qilgan amaldorlarning jazosiz qolayotganiga qarshi kurashishga” chaqirdi.

“U kimga ham kerak?”

Iqtisodiy inqiroz va ommaviy norozilikning kuchayishi fonida Putinning mashhurligi pasayib borar ekan, Rossiya prezidenti oʻzi va ittifoqchilarini himoya qilish uchun tobora umidsiz choralarga qoʻl urmoqda.

Putin “umrbod prezident” boʻlish huquqini qoʻlga kiritdi, yangi qonun esa Putin va uning oila aʼzolariga hayotlari davomida sodir etilgan har qanday jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qiluvchi daxlsizlik taqdim etib, ularni tintuvlar, hibs va soʻroqdan ozod qildi.

“Bunday qonunni qabul qilish oʻzini jinoyatchi deb tan olishga teng”, degan edi “ASIA-Plus” va “Deutsche Welle” nashrlarida ishlagan, hozirda Yevropada yashayotgan tojikistonlik jurnalist Xayrullo Mirsaidov dekabr oyida.

Bu qonun Navalniyning zaharlanishi bilan bogʻliq hodisa nuqtai nazaridan koʻrib chiqilishi kerak.

Navalniy Putinni bu hujumga buyurtma berganlikda, dunyo liderlari esa Rossiya rasmiylarini uning zaharlanishiga “aloqador va javobgar ekanlikda” aybladi.

Sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Mishel Bachelet Moskvani ushbu hujum boʻyicha “puxta, oshkora, mustaqil va xolis tergov” oʻtkazishga yoki bu borada hamkorlik qilishga chaqirgan edi.

“Uning zaharlanganligini shunchaki inkor etish kifoya qilmaydi”, dedi u. Zero, Rossiya politsiyasi jinoiy ish ochishdan bosh tortgan.

Putin Navalniyning ismini kamdan-kam tilga olar, bir safar uni «ahamiyatsiz bloger» deb atagan edi.

“U kimga ham kerak?” degan edi Putin 17-dekabr kuni yil yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan matbuot anjumanida. “Agar kimdir uni zaharlamoqchi boʻlganida, ishni oxiriga yetkazgan boʻlardi.”

OAV bilan hamkorlikda oʻtkazilgan surishtiruv natijasida 14-dekabr kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) kimyoviy qurollar boʻyicha mutaxassislari guruhi Aleksey Navalniyni bir necha yillar davomida, jumladan u zaharlangan kuni ham taʼqib qilgani maʼlum boʻldi.

Navalniy 2018-yilda Angliyaning Solsberi shahrida rossiyalik sobiq ikki taraflama josus Sergey Skripal va uning qizini oʻldirishga urinish chogʻida ishlatilgan kimyoviy modda bilan zaharlangani aytiladi.

[Bu maqolani tayyorlashga Olmaotadan Kanat Altinbayev koʻmaklashgan.]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 6

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Aleksey Navalniy hurmatga loyiq. Putinni kalamushdek burchakka siqib qoʻydi.

Javob berish

Navalniy Rossiyaning keyingi prezidenti boʻladi.

Javob berish

Amerikoslar sizlarni butunligingizcha sotib olgan, shunga siz mintaqamizni muvozanatdan chiqarishga harakat qilyapsiz. Odamzod ming yillar davomida hech narsani oʻrganmasligi va ochkoʻzlik har doim gʻolib kelishi hayratlanarli.

Javob berish

Navalniy Rossiyaning keyingi prezidenti boʻladi.

Javob berish

Kreml foxishalari Navalniyni oʻldirishni ham, bechora blogerni sud qilishni ham eplay olmadi. Yana oʻzlarini macho qilib koʻrsatadi. UYAT

Javob berish

Qayerda? Rossiya xalqi koʻchalarga chiqqanmish, qanday safsata bu, jin ursin? Bu axlatni kim yozadi, kallalaring ishlaydimi? Rossiyaning (jinoiy javobgarlikka tortiladigan) qonunini buzgan maraz uchib keldi. PUTIN kim boʻlibdi-yu, Oralniy kim? [Navalniy Oralniy soʻz oʻyini qilingan]

Javob berish