Karvonsaroy
Iqtisodiyot

2020-yilga nazar: Rossiya va Xitoy Markaziy Osiyoning sodiq doʻstlari emasligi ayon boʻldi

Kanat Altibayev

Bishkekda 4-oktabr kungi parlament saylovlaridan keyin namoyishchilar bostirib kirgan Qirgʻiziston parlamenti binosining (Oq Uy nomi bilan tanilgan) panjaralari olib tashlanmoqda. [Vyacheslav Oseledko / AFP]

Bishkekda 4-oktabr kungi parlament saylovlaridan keyin namoyishchilar bostirib kirgan Qirgʻiziston parlamenti binosining (Oq Uy nomi bilan tanilgan) panjaralari olib tashlanmoqda. [Vyacheslav Oseledko / AFP]

BISHKEK – Oʻtgan yilgi kutilmagan pandemiya Markaziy Osiyoning avvaldan iqtisodiy zaif mamlakatlari uchun ijtimoiy-iqtisodiy falokatga aylandi.

Mintaqadagi eng ogʻir damlardan boʻlgan bunday vaziyatda yordam berish oʻrniga, qoʻshni Rossiya va Xitoy, ayniqsa Qirgʻizistondagi vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi, deydi kuzatuvchilar.

2019-yilning oxirida Xitoyning Uxan shahridan chiqqan halokatli COVID-19 virusi boshqa mamlakatlar kabi Markaziy Osiyo respublikalarini ham qatʼiy karantin choralarini qoʻllashga, davlat muassasalari va zaruriy xizmatlar koʻrsatayotgan koʻplab korxonalarni yopishga majbur qildi.

Cheklovlar shusiz ham ogʻir ahvoldagi iqtisodiyotni vayron qildi. Oqibatda, sayyohlik agentliklari, restoranlar, kinoteatrlar kabi muassasalar bankrot boʻldi, ishsizlik avj oldi, minglab kishilar tirikchilik imkoniyatidan mahrum boʻldilar.

Bishkekdagi mozor, 2020-yil, 13-iyul. COVID-19 koronavirus pandemiyasidan keyin qabrlar soni keskin koʻpaygan. [Maksat Osmonaliyev / Karvonsaroy]

Bishkekdagi mozor, 2020-yil, 13-iyul. COVID-19 koronavirus pandemiyasidan keyin qabrlar soni keskin koʻpaygan. [Maksat Osmonaliyev / Karvonsaroy]

Ibraimaliyev nomidagi maktabga kirish oldidan birinchi sinf oʻquvchilarining tana harorati tekshirilmoqda, 1-sentabr, Kurpuldok qishlogʻi, Panfilov tumani, Chuy viloyati, Qirgʻiziston. [Maksat Osmonaliyev / Karvonsaroy]

Ibraimaliyev nomidagi maktabga kirish oldidan birinchi sinf oʻquvchilarining tana harorati tekshirilmoqda, 1-sentabr, Kurpuldok qishlogʻi, Panfilov tumani, Chuy viloyati, Qirgʻiziston. [Maksat Osmonaliyev / Karvonsaroy]

Markaziy Osiyodagi pandemiya ayniqsa kichik biznes egalari, (farroshlar, sartaroshlar kabi) norasmiy ishchilar va ayollarni qiyin ahvolda qoldirdi, degan edi Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) taraqqiyot dasturi mutaxassisi Mixail Pelia dekabr oyida.

BMTga koʻra, 2020-yilda Markaziy Osiyodagi eksport hajmi 24 foizga pasaygan.

Markaziy Osiyoning iqtisodiy dvigateli boʻlgan Qozogʻiston neftning arzonlashuvidan zarar koʻrgan boʻlsa, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston kabi boshqa davlatlarda Rossiyadagi migrantlardan kelib tushadigan pul oʻtkazmalari miqdori kamaygan.

Migrantlar oʻz uylariga yuboradigan oz miqdordagi pul oʻtkazmalari Qirgʻiziston va Tojikiston YIMning uchdan birini tashkil etadi. BMTga koʻra, bu davlatlar xorijdan keladigan pul joʻnatmalariga qaram boʻlgan dunyodagi besh mamlakat sirasiga kiradi.

Pandemiyadan eng koʻp zarar koʻrgan mamlakatlardan biri – Qirgʻizistonning yalpi ichki mahsuloti 2020-yilning birinchi yarmida 5 foizdan koʻproqqa kamaygan, deb xabar beradi 24.kg nashri.

Juda zarur boʻlgan tashqi moddiy yordam

Tarixdagi ogʻir va misli koʻrilmagan bu pallada Markaziy Osiyoga moddiy yordam juda zarur edi. Ayniqsa, mintaqa bilan iqtisodiy bogʻlangan qoʻshni Rossiya va Xitoydan yordam kelishi kutilgan edi.

Ammo, koʻp yillardan beri Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan mustahkam doʻstona munosabatlar, birodarlik aloqalari va oʻzaro quvvatlovni taʼkidlab kelgan Moskva va Pekinning siyosiy qarorlari favqulodda vaziyatda yordamdan koʻra koʻproq zarar keltirgani tasdiqlandi.

Bahorda Rossiyadan mehnat migrantlarining yoppasiga qaytib kelishi Qirgʻizistonda ishsizlikni kuchaytirdi. Pandemiya sababli joriy qilingan karantin choralari ortidan ishsiz qolgan minglab mehnatkashlar Rossiyada qola olmadilar. Rossiya aviakompaniyalarining reyslarni bekor qilishi va chipta pullarini qaytarishdan bosh tortishi oqibatida ularning koʻpchiligi pulsiz qolgan.

Qirgʻizlarning mehnat migratsiyasiga bogʻliqligi Moskva uchun Qirgʻizistonga bosim oʻtkazish vositasi boʻlib xizmat qiladi, deydi bishkeklik iqtisodchi Elmira Suranchiyeva.

[Rossiya prezidenti Vladimir] Putin Qirgʻizistonning Rossiyadan kelib tushadigan pul oʻtkazmalariga qanchalik qaramligini biladi”, dedi u. “U qirgʻiz migrantlari uchun mehnat sharoitlarini ogʻirlashtirish bilan bosim oʻtkazishi mumkin”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Oʻtgan yil mart oyida yuzaga kelgan vaziyat mamlakatimiz uchun bunday choralar qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga misol boʻla oladi.”

Shafqatsiz Xitoy

Xitoy rejimi ham Qirgʻizistonning musibatiga oʻz hissasini qoʻshdi.

COVID-19 bilan bogʻliq kasallanish va oʻlim holatlarining koʻpayishi, qashshoqlikning kuchayishi fonida ichki ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga eʼtibor qaratish bilan bir qatorda, Bishkek oldida tashqi qarzlarini toʻlash masʼuliyati ham bor edi.

Qirgʻiziston moliya vazirligiga koʻra, oʻtgan yilning iyun oyi holatiga Qirgʻizistonning tashqi qarzi 4,1 milliard AQSH dollarini tashkil qilgan, shundan 1,8 milliard AQSH dollari Xitoyning Eksport-import banki oldidagi qarzdir.

Xitoy Qirgʻizistonning eng yirik kreditori hisoblanadi. 2020-yilda Bishkek bir necha marotaba Pekindan “Qirgʻizistonning Xitoy oldidagi tashqi qarzi boʻyicha toʻlovlarni yengillashtirish va toʻlov muddatini uzaytirishni” soʻragan”.

Pekin bu iltimosni rad etgan.

Kuzatuvchilarga koʻra, Pekinning murosasizligi Xitoy uchun manfaatli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun qirgʻizlarga bosim oʻtkazish imkonini beradi.

Rad javobining asosiy sababi Pekinning “Qirgʻizistondagi loyihalari, jumladan Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli va Chuy viloyatidagi “Iskra Azii” (Osiyo uchquni) sanoat parki loyihalarining kechikayotgani tufayli haddan tashqari norozi boʻlayotgani bilan bogʻliq”, dedi Bishkekdagi Ichki siyosiy jarayonlar markazi xodimi Kusagaliyev.

Siyosiy gʻalayonlar

Toʻpolonlardan tashqari, Qirgʻizistonda oʻtgan yilgi gʻalayonlar chogʻida prezident oʻzgardi– bu 2005-yildan beri uchinchi marta prezidentning hokimiyatdan chetlatilishi boʻldi.

4-oktabr kungi parlament saylovlarining soxtalashtirilganiga qarshi norozilik bildirgan namoyishchilar hukumatning asosiy binosini egallab olishgan.

Namoyishchilar Kremlning gʻazabini keltirib, rossiyaparast siyosiy partiyalarning parlamentga saylanganini shubha ostiga oldilar, oqibatda mamlakat Markaziy saylov komissiyasi esa saylov natijalarini bekor qildi.

Bu voqeadan bir necha kun oʻtib, prezident Sooronbay Jeyenbekov isteʼfoga chiqdi, sobiq deputat Sadir Japarov esa noyabr oyining oʻrtalarigacha muvaqqat bosh vazir va prezident vazifasini egalladi. U yanvar oyida gʻolib boʻlgan saylovda prezidentlikka nomzod boʻlish uchun bu ikki lavozimdan voz kechgan edi.

Saylovdagi gʻalaba oktabr oyidagi gʻalayonlar paytida namoyishchilar qamoqdan ozod qilgan Japarov uchun mislsiz qaytish kulminatsiyasi boʻldi. U odam oʻgʻirlashda ayblangani uchun 2017-yildan beri qamoq jazosini oʻtayotgan edi.

Oʻtgan yil kuzda yuzaga kelgan siyosiy notinchlik vaqtida Kreml Bishkekka yana bosim oʻtkazgan va Qirgʻizistondagi “siyosiy vaziyat barqarorlashmagunicha” ikki mamlakat oʻrtasida kelishilgan moliyaviy koʻmakni berishdan bosh tortgan edi.

Moskvaning Qirgʻizistonga ogʻir paytda yordam berishdan bosh tortishi – sinalgan usul, deydi Bishkeklik jurnalist Musurqul Qobilbekov.

“Bu Kremlga Qirgʻizistondagi taʼsirini mustahkamlashga hamda soliq va bojxona kabi iqtisodiyotning strategik sohalari ustidan nazoratni kuchaytirishga imkon beradi”, dedi u.

Moskvaning bosimi, aftidan, kichik strategik gʻalabani taʼminladi.

Oktabr oyi oxirida Qirgʻiziston TIV Bishkek mamlakat shimolidagi “Qant” aviabazasini kengaytirish masalasini koʻrib chiqishga tayyorligini aytgan.

Yillar davomida Qant aviabazasi Qirgʻizistonda siyosiy bahslar mavzusi boʻlib kelgan, zero koʻplab qirgʻizistonliklar Rossiya harbiylarining mamlakatdagi davomli hozirligini milliy suverenitetga tahdid deb biladilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Turon – bosh maqsadimiz.

Javob berish

Rossiyadan qancha uzoq boʻlinsa, shuncha yaxshi.

Javob berish

Siz nima xohlagandingiz? Har yili davlat toʻntarishlari, boshqaruv shakllarini oʻzgartirish, yoʻqsillikda yashash? Sizga yordam beradiganlarning qoʻliga tupurasizmi? Turkiy xalqlar va Turkiya oʻrtasida yana qanaqa ittifoq? Ha, bu – mintaqaning eng boy davlati. Yoki siz Angliya, AQSH va Germaniyani ham turkiy davlatlar qatoriga qoʻshib qoʻydingizmi? Oʻzingiz qachon mehnat qilishni boshlaysiz? Mehnat migrantlari hisobiga yashayverasizmi? Xitoydan qarzlarni olib tashlagansiz, foizlarni esa Rossiya toʻlashi kerak... Kubaga nazar soling - SSSR uni yolgʻiz qoldirdi, lekin Kuba qiyinchilikka dosh berib, endi boshqalarga ham yordam bermoqda. Sizlar esa sariq chaqa soʻrab tilanyapsiz. Mamlakatingizda hamma narsa bor: tabiiy boyliklar, ajoyib tabiat va ulugʻ, mehnatsevar odamlar. Hokimiyat...

Javob berish

Turkiy davlatlar ittifoqi tarafdorimiz.

Javob berish

Rossiyaga ishonch yoʻq.

Javob berish