Karvonsaroy
Diplomatiya

Qirgʻiziston AQSHning yangi qaroridan mamnun

Kanat Altinbayev

Bishkekdagi 2-davlat xizmatlari markazida biometrik pasport olgan ayol, 2020-yil, 25-fevral. [Qirgʻiziston hukumati]

Bishkekdagi 2-davlat xizmatlari markazida biometrik pasport olgan ayol, 2020-yil, 25-fevral. [Qirgʻiziston hukumati]

BISHKEK – Qirgʻiziston rasmiylari va fuqarolari AQSH hukumatining Qirgʻizistonga nisbatan yangi immigratsiya qarorini olqishlamoqda.

20-yanvar kuni AQSH prezidenti Jo Bayden Qirgʻiziston fuqarolariga immigratsion va Diversity Immigrant Visas (“Grin karta lotereyasi”) dasturi boʻyicha viza berishni deyarli bir yil toʻxtatib qoʻyganidan keyin qayta tikladi, deb xabar berdi Bishkekdagi AQSH elchixonasi.

Qirgʻiziston biometrik pasportlar joriy qilmagani, noqonuniy migratsiya va Qirgʻizistonda pasportlar qalbakilashtirilishi sababli bu roʻyxatga kiritilgan boʻlishi mumkin, deydi tahlilchilar.

“Oʻtgan 12 oy ichida sayohat xavfsizligi bilan bogʻliq muhim oʻzgarishlar joriy qilinganini yuqori baholaymiz”, deyiladi elchixona xabarida. “Qirgʻizistonda biometrik identifikatsiya chiplariga ega elektron pasportlar ishlab chiqilgan va hozirlikning yakuniy bosqichida.”

Shu bilan birga, elchixona Qirgʻizistonning INTERPOL bilan hamkorligini, jumladan jinoyatchilik va terrorizmga oid maʼlumotlarning almashinuvini ham yuqori baholadi.

“Qirgʻizistonning yangi elektron pasportlari va huquq-tartibot organlarining oʻzaro hamkorligi barchamizning xavfsizligimizni yanada mustahkamlaydi”, deyiladi xabarda.

“Qoʻshma Shtatlar qirgʻiz xalqining xavfsizligi, suvereniteti va farovonligini yaxshilashda oʻzaro munosabatlarni kuchaytirishga sodiq qoladi”, deyiladi bayonotda.

Qaror olqishlandi

Siyosatning oʻzgarishi fonida Qirgʻiz rasmiylari va siyosatchilari Qirgʻiziston va AQSH oʻrtasidagi hamkorlik va oʻzaro munosabatlar istiqboliga umid qilayotganliklarini taʼkidlaganlar.

21-yanvar kuni Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Baydenning Qirgʻiziston fuqarolariga nisbatan joriy qilingan cheklovlarni bekor qilganini yuqori baholadi va hukumat idoralarining bu maqsadga erishish yoʻlida barcha zaruriy choralarni koʻrganini, xususan biometrik pasport ishlab chiqilganini taʼkidlagan.

“Qirgʻiziston tomoni Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidentining giyohvand moddalar savdosi va uyushgan jinoyatchilikni yengish, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash choralarini kuchaytirish va umuminsoniy qadriyatlarni targʻib qilish kabi masalalar boʻyicha koʻp tomonlama platformalarda hamkorlikni faollashtirish toʻgʻrisidagi qarorini olqishlaydi”, deyilgan ingliz tilidagi bayonotda.

Qirgʻiziston fuqarolik jamiyati Qoʻshma Shtatlarga kirish cheklovlari bekor qilinganini nekbinlik bilan qabul qildi, deydi “Islohot” siyosiy partiyasi faoli, bishkeklik Osmon Kangeldiyev.

“Biz tez orada Qirgʻiziston-AQSH munosabatlarida ijobiy oʻzgarishlar yuz berishini va mamlakatlarimiz oʻrtasida koʻplab sohalarda hamkorlik mustahkamlanishini kutmoqdamiz”, dedi u.

“Umuman olganda, prezident Baydendan umidimiz katta, oʻylaymizki, u mamlakatimizga nisbatan doʻstona siyosat yuritadi.”

Minnatdorchilik va yengillik

Ijtimoiy tarmoqlardagi fikr-mulohazalarga qaraganda, oddiy fuqarolar ham AQSH hukumatining qaroridan mamnun.

“AQSHning yangi prezidenti Jo Bayden Qirgʻizistonga nisbatan viza cheklovlarini bekor qildi! Biz endi “qora roʻyxatda” emasmiz!” deb yozgan Facebook sahifasida Elgezit.kg nashri bosh muharriri Semetey Amanbekov oʻz quvonchini smayliklar bilan ifodalab.

Qirgʻiziston prezidentining sobiq matbuot kotibi va mamlakatning Qoʻshma Shtatlardagi sobiq elchisi Qodir Toktogulov oʻz Tvitterida minnatdorchiligini bildirib, ingliz tilida “Thank you @potus @JoeBiden” deb yozdi.

“Koʻplab odamlar uchun ulkan yengillik”, deb yozadi Toktogulovga javoban Massachusets texnologik instituti bitiruvchisi, hozirda Avstriyaning Vena shahrida yashovchi oʻshlik Meder Kamalov oʻz tvitterida.

Qirgʻiziston hukumatining 2018-yilgi maʼlumotlariga koʻra, AQSHda 15 mingga yaqin Qirgʻiziston fuqarosi qonuniy asosda istiqomat qiladi.

“Qirgʻizlar koʻpincha bu yerga taʼlim dasturlari boʻyicha kelib, oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirishadi”, deydi AQSH fuqarosi bilan turmush qurgan, Filadelfiyada yashovchi Gulmira Oʻrozova. “Qirgʻizistondagi koʻplab universitet talabalari juda yaxshi oʻqib, yirik korporatsiyalarga ishga joylashadilar.”

Masalan, bishkeklik dasturchi Tilek Mamutov oʻn yildan ortiq vaqt davomida Google korporatsiyasida ishlagan va Google Translate xizmatiga qirgʻiz tilini kiritishga koʻmaklashgan, dedi Oʻrozova.

“Bu yerdagi koʻplab qirgʻizlar gid, tarjimon, ofitsiant, yuk mashinasi haydovchisi boʻlib ishlaydi”, dedi u. “Ular yaxshi pul topishadi va vatandagi qarindoshlariga moddiy yordam berishadi”.

Qirgʻiziston hukumatining soʻnggi statistik maʼlumotlariga koʻra, 2016-yilda Qoʻshma Shtatlardan Qirgʻizistonga yuborilgan pul oʻtkazmalari hajmi 38 million dollardan ziyodni (3,2 milliard qirgʻiz soʻmi) va 2017-yilning 11 oyida deyarli 22 million dollarni (1,9 milliard qirgʻiz soʻmi) tashkil etgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 7

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

AQSH tamom boʻlgan Rossiyaga oʻxshamaydi.

Javob berish

Koʻrib turibman, Qozogʻiston va Rossiyadan toʻda-toʻda odamlar hojatxona tozalashga ketishyapti. Bu mamlakatlar fuqarolari Gʻarb davlatlarida koʻchmas mulk sotib olishmoqda. Ammo bizning Buyuk migrantlar davlatimizga baʼzi “mamlakatlar”dan ... Nimasiga hasad qilish mumkin? Qarollikkami. Oʻz vatani, nasl-nasabi, ajdodlari haqida oʻylash kerak odam...

Javob berish

Vatan haqida oʻylab, qorin gʻamini ham yeyish kerak, shu sababli pul ishlash uchun chet elga chiqishga majbur boʻlishmoqda

Javob berish

AQSH – eng qudratli davlat.

Javob berish

Nimaga xursand boʻlyapsiz? Fuqarolaringiz AQShga hojatxona tozalash uchun borishigami? Yoshlarning mamlakatni tark etishigami? Oʻz mamlakatingiz rivoji uchun ishlay olmaysiz, lekin begona yurtda qul boʻlishga tayyorsiz. Migrantlar oilalariga pul yuborib tursa boʻldi sizga. Boylaringizni esa olingan foizlardan yogʻ bossa..

Javob berish

Qaysi gap tegib ketdi senga? Yoki hasad qilyapsanmi? Hojatxona tozalayotganda sham ushlab turganmiding? Har qanday mamlakatni fuqarolar tark etadi, shu jumladan, ayniqsa Oʻzbekistonni va Rossiyani ham )

Javob berish

Rossiyadan millionlab ruslar qochyapti. NATO mamlakatlariga borib hojatxona tozalashyapti, noliyotganlari yoʻq.

Javob berish