Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Oʻzbekistonda “terrorizmning makkor qiyofasi” haqida ogohlantiruvchi film suratga olindi

Aydar Ashimov

Suratda: “Men terrorchi emasman: oʻlimim tarixi” filmining bosh qahramoni.

Suratda: “Men terrorchi emasman: oʻlimim tarixi” filmining bosh qahramoni.

TOSHKENT – Kinostudiyalar Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida terrorchilik guruhlarga qoʻshilganlarning ayanchli qismatini tasvirlash orqali ekstremistik mafkuraga qarshi kurashga koʻmaklashmoqda.

11-17-yanvar kunlari Oʻzbekistonda oʻtkazilgan Milliy kino sanʼati doirasida 13 va 14-yanvarda “Men terrorchi emasman: oʻlimim tarixi” filmining namoyishi boʻlib oʻtdi.

Real voqealarga asoslangan bu film “Oʻzbekkino” milliy agentligi tomonidan “Mir Ali cinema” va “Iskandariy visual” kompaniyalari, shuningdek, Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) bilan hamkorlikda suratga olingan, deb xabar beradi Uzdaily.uz nashri.

Film bosh qahramoni ekstremistik mafkuradan hafsalasi pir boʻlib, normal hayotga qaytishni orzu qiladi, ammo endi kech boʻlgan edi.

11-17-yanvar kunlari Toshkentdagi Milliy kino sanʼati haftaligida qizil gilamcha ustidan yurib oʻtayotgan mashhurlar. [Oʻzbekkino / Telegram]

11-17-yanvar kunlari Toshkentdagi Milliy kino sanʼati haftaligida qizil gilamcha ustidan yurib oʻtayotgan mashhurlar. [Oʻzbekkino / Telegram]

21-yanvar kuni Sirdaryoda “jihodchilar” ekstremistik guruhiga aʼzolikda gumon qilinganlar hibsga olingan. [Oʻzbekiston IIV]

21-yanvar kuni Sirdaryoda “jihodchilar” ekstremistik guruhiga aʼzolikda gumon qilinganlar hibsga olingan. [Oʻzbekiston IIV]

“Loyihamizning asosiy maqsadi tomoshabinlarga, ayniqsa, yoshlarga terrorizmning dahshatli mohiyatini, uning insoniyatga qarshi jinoiy harakatlarini yetkazib berish”, deydi film namoyishida soʻzlagan Muhammadali Iskandarov.

Film “terrorizmning ochkoʻz va xoin qiyofasini, shuningdek terrorizm gʻoyalarining asossizligi va bunday xatti-harakatlar uchun jazo muqarrar ekanligini koʻrsatishga” urinadi, dedi u.

14-yanvar kungi namoyishda Oʻzbekiston DXX, Qurolli kuchlar va ichki ishlar idoralari xodimlari ishtirok etib, film ijodkorlari bilan suratga tushdilar, deb xabar beradi “Oʻzbekkino” agentligi oʻz Telegram kanalida.

13-yanvar kungi premera “film haqidagi film” bilan boshlandi, ijodiy guruh filmni suratga olish jarayoni haqida soʻzlab berdi.

“Film boshqa mamlakatlarda suratga olinishi kerak edi, ammo pandemiya sababli biz oʻz yurtimizda pavilyon qurdik va u orqali jangarilar hayotini aks ettirishga harakat qildik”, dedi Iskandarov.

Milliy kino sanʼati haftaligi davomida toshkentlik Murod Garipov filmni rafiqasi Lola Garipova bilan birga tomosha qilgan.

U filmni “terrorizmning barcha dahshatlarini tasvirlovchi kuchli film” deb atadi.

“Yoshlar ekstremizm va urush nimaligini bilishi va tinch hayotimizni qadrlashi kerak”, dedi u.

“Uyda farzandlarimizga film haqida soʻzlab berdik”, deydi Garipova. “Ular hali koʻp narsani tushunmasa-da, yurtni sevish, qonunlarni buzmaslik va zoʻravonlikka chaqiruvchilarga ishonmaslik kerakligini yaxshi bilishadi.”

Qattiq va yumshoq kuch

2017-2021-yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasidagi muhim choralardan biri bu ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirishdir.

21-yanvar kuni DXX va Ichki ishlar vazirligi (IIV) Sirdaryoda “jihodchilar” ekstremistik guruhiga aloqadorlikda gumon qilinganlarni hibsga oldi. Guruh yetakchilaridan ikki nafari oʻtmishda Rossiyada ishlagan paytida radikallashgan, deb xabar beradi Oʻzbekiston IIV.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston kuch tuzilmalari terrorchi guruhlarga odam yollashda ayblangan oʻnlab kishilarni hibsga olgan edi.

2019 va 2020-yillarda Oʻzbekiston hukumati “Islom davlatiga” (ID) aloqador vatandoshlarni Suriyadan olib kelish uchun “Mehr” deb nomlangan uchta insonparvarlik operatsiyasini amalga oshirdi.

Bu operatsiyalar davomida 317 nafar ayol va yosh bolalar oʻz vataniga qaytarilgan. Terrorchi guruhlar aʼzosi boʻlgan erkaklar olib kelinmagan, deb xabar bergan Gazeta.uz nashri.

Boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari ham badiiy va hujjatli filmlar orqali ekstremizm xiyonatlari va terrorizm dahshatlarini fosh qilib kelmoqda.

2019-yilda Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) terrorchilikka yollash va mintaqadagi xavfsizlik muammolariga doir qator hujjatli filmlarni chiqarib, jamoatchilikni ogohlikka chaqirgan edi.

“Jusan isi” nomli yana bir hujjatli film oilasi bilan Suriyaga koʻchib ketgan, turmush oʻrtoqlari ID aʼzolaridan boʻlgan toʻrt nafar qozoq ayoli haqida hikoya qiladi.

Oʻtgan yil dekabr oyida “Xabar” telekanalida Qozogʻistonda suratga olingan 15 seriyali “Qarama-qarshilik” filmi efirga uzatilgan edi. Unda xavfsizlik xizmatlari faoliyati va muhabbat qissasi chambarchas bogʻlanib ketgan.

Tojikistonning “Narodnaya gazeta” nashriga koʻra, oktyabrda Tojikistonda terrorchilik tashkilotlaridan birining faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Xiyonat” hujjatli filmi namoyish etilgan.

Ekstremizmning “bemaʼniligini” fosh qilish

“Hozirda ekstremizm daʼvatchilarining hiylalarini fosh qiluvchi, ularning yolgʻonlari va mafkuralarining puch ekanini koʻrsatuvchi qiziqarli filmlar ishlanmoqda”, deydi Nur-sultonlik Askar Mukashev. “Bunday filmlar yoshlarimizni ogohlikka chaqirib, bu ofatdan toʻsishga xizmat qiladi.”

U qozoq filmlarini Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham namoyish etishni va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining kinolarini Qozogʻistonga olib kelishni taklif qildi.

“Umumiy tariximiz va hozirda terrorchilik xavfi kabi umumiy muammolarimiz bor”, dedi Mukashev. “Bu filmlar qoʻshni davlatda ham koʻrsatilishi kerak deb oʻylayman.”

“Profilaktik ishlarning ortiqchasi boʻlmaydi”, deydi Qozogʻistonning Turkiston viloyatilik diniy mutaxassis Nurbek Muxametov.

“Bugungi yosh yigit-qizlar zerikarli maʼruzalar eshitishga qiziqmaydi, shuning uchun ham kerakli maʼlumotni yetkazish, eʼtiqod, ekstremizm, dunyoviy davlat masalasida koʻzlarini ochish uchun barcha uslublar va shakllardan toʻliq foydalanish kerak”, deydi u. “Yoshlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishimiz, yaxshini yomondan ajratishga yordam berishimiz kerak.”

Muxametov maʼruzalari davomida u bilan gap talashgan, ammo terrorchi erlari bilan IDga oʻralashib qolgan Suriyadagi ayollar haqidagi filmni koʻrganida yigʻlagan yigitni yodga oldi.

“Filmni tomosha qilish asnosida bu voqea tufayli uning qalbi ochildi”, deydi Muxametov. “Hech qanday gap-soʻzga oʻrin qolmadi. Uning oʻzi tinch diyorda urush qoʻzgʻagan odamlardan hafsalasi pir boʻlganini aytdi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500