Karvonsaroy
Xavfsizlik

Rossiyaning igʻvoli bayonotlari Qozogʻistonning oʻz harbiy doktrinasini yangilash qarori toʻgʻri boʻlganini isbotladi

Kanat Altinbayev

Suriyada faoliyat olib borayotgan Rossiyaning yollanma aksarlari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat. Rossiyaning xususiy harbiy kompaniyalarni (XHK) ishga solishi Qozogʻiston xavfsizligi uchun jiddiy muammo oʻlaroq qayd etilgan.[Fayl]

Suriyada faoliyat olib borayotgan Rossiyaning yollanma aksarlari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat. Rossiyaning xususiy harbiy kompaniyalarni (XHK) ishga solishi Qozogʻiston xavfsizligi uchun jiddiy muammo oʻlaroq qayd etilgan.[Fayl]

OLMAOTA – Soʻnggi haftalarda rossiyalik siyosatchilarning koʻplab haqoratomuz va irredentistik bayonotlari 2017-yilda Qozogʻiston harbiy doktrinasining yangilanishi oqilona qaror boʻlganini tasdiqladi.

Oʻsha yili Qozogʻiston rasmiylari 2014-yilda Kremlning Ukrainaga qarshi “gibrid urush” olib borganini yodda tutgan holda olti yil ichida ilk marta mamlakat harbiy doktrinasini isloh qilgan edilar.

Avvalgi harbiy doktrinada jangovar ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga koʻproq eʼtibor qaratilgan boʻlsa, yangi tahrirdagi hujjatda chegara boʻylab qurolli mojarolar va ularni yumshatish choralariga keng oʻrin ajratilgan.

Yangi hujjatda mamlakatga qarshi qoʻllanishi mumkin boʻlgan gibrid urush xavfi zikr qilinadi. Unda gibrid urushi “harbiy-siyosiy va harbiy-strategik maqsadlarga... noharbiy vositalar, shuningdek, vaziyatni beqarorlashtirish uchun boshqa davlatlar, terroristik va ekstremistik tashkilotlar va ayirmachilik harakatlarining salohiyatidan foydalangan holda erishish” deb tavsiflangan.

10-dekabr kuni Rossiya televideniyesining “Bolshaya igra” koʻrsatuvida Vyacheslav Nikonov Qozogʻiston hududlarini “Rossiyaning ulkan sovgʻasi” deb atagan.

10-dekabr kuni Rossiya televideniyesining “Bolshaya igra” koʻrsatuvida Vyacheslav Nikonov Qozogʻiston hududlarini “Rossiyaning ulkan sovgʻasi” deb atagan.

Dekabr oyida boʻlib oʻtgan jonli efir chogʻida Tojik-afgʻon chegarasidagi jangovar harakatlar faxriylari Respublika uyushmasi raisi, oqtovlik Murat Muxamejanov (chapda) Rossiya parlamenti aʼzosi Yevgeniy Fyodorovni (oʻngda) Rossiyaning Qozogʻiston hududlarini egallab olishi haqidagi gap-soʻzlari uchun tanqid qilmoqda. [Belrusinfo/YouTube]

Dekabr oyida boʻlib oʻtgan jonli efir chogʻida Tojik-afgʻon chegarasidagi jangovar harakatlar faxriylari Respublika uyushmasi raisi, oqtovlik Murat Muxamejanov (chapda) Rossiya parlamenti aʼzosi Yevgeniy Fyodorovni (oʻngda) Rossiyaning Qozogʻiston hududlarini egallab olishi haqidagi gap-soʻzlari uchun tanqid qilmoqda. [Belrusinfo/YouTube]

Shuningdek, unda “xususiy harbiy qoʻriqlash kompaniyalarini” ishga solish va “global va mintaqaviy kuchlarning taʼsir sohalari uchun kurashi”, “mintaqani harbiylashtirish” va “muayyan davlatning dunyodagi mavjud tartibni oʻzgartirishga urinishi” haqida soʻz yuritilgan.

“Ukraina sharqida qoʻllanilgan operatsiyalar turlari va taktikalarning aniq zikr qilingani – bu masalalarning Qozogʻiston siyosatchilari diqqat markazida ekanligidan dalolat beradi”, deb xulosa qilgan edi Vashingtonda joylashgan Jamestown Foundation tahliliy markazi 2017-yilda.

Bahsli “sovgʻa”

Bu kabi ogohlikning zarurligini koʻrsatuvchi rossiyalik siyosatchilar orasida Vyacheslav Nikonov ham bor.

10-dekabr kuni Kreml qoʻllovidagi “Birinchi kanal”da chiqish qilgan teleboshlovchi va Rossiya davlat Dumasining taʼlim va fan boʻyicha qoʻmitasi raisi Nikonovning soʻzlari Qozogʻiston suverenitetiga bevosita tahdid oʻlaroq yangradi .

“Qozogʻiston mavjud emas edi. Shimoliy Qozogʻistonda (ruslar kelguniga qadar) odamlar yashamagan. Qozogʻiston hududi – Rossiya va Sovet Ittifoqining ulkan sovgʻasidir”, deb aytgan Nikonov oʻzi boshlovchilik qiladigan “Bolshaya Igra” (Katta oʻyin) teleshousida.

Bu voqeadan bir necha kun oʻtib, Rossiya davlat dumasining boshqa bir deputati Yevgeniy Fyodorov “Belarusinfo” YouTube-kanalida mamlakat hududini nazarda tutib, Qozogʻiston “sovgʻa uchun minnatdor boʻlishi kerakligini” taʼkidgandi.

“Sovgʻa deb tan olmas ekansiz, uni qaytarib bering, chunki siz uni noqonuniy olgansiz – Rossiya shunday deyishga haqli”, dedi Fyodorov.

Ehtimol, deputatlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning avvalgi bayonotidan ruhlanmaganida, bunday igʻvoli, hatto xavfli bayonotlardan tiyilgan boʻlar edi.

Sobiq sovet davlatlari “rus xalqining hadyalarini” qaytarishlari kerak, deb aytgan Putin 21-iyun kuni “Rossiya-1” davlat kanali efirida.

Bir necha oylik sabrdan keyin, dekabr oyida Qozogʻiston hukumati Nikonovning soʻzlariga javoban rus diplomatiga rasmiy nota topshirgan.

“Rossiyalik siyosatchilar tarafidan Qozogʻistonga nisbatan tez-tez yangrayotgan igʻvoli soʻzlar mamlakatlarimizning doʻstona munosabatlariga jiddiy putur yetkazmoqda”, deyiladi TIV bayonotida.

“Salbiy oqibatlar”

Bu hodisa Qozogʻiston aholisi tomonidan, ayniqsa xavotiri kuchayib borayotgan shimolliklarning keskin eʼtiroziga sabab boʻldi.

Oʻtgan yil dekabrda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining (RFE/RL) qozoq xizmati Dolmatovo qishlogʻida boʻldi. Rossiya chegarasidan 4 kilometr masofada joylashgan bu hududda faqat etnik ruslar istiqomat qiladi. Bu yerda yashovchilar Moskvaning xatti-harakatiga nisbatan oʻz nafratini izhor etgan.

“Ularning bunday deyishi xato”, deb aytgan mahalliy fuqarolardan biri Ivan Kolomeytsev RFE/RL nashriga. “Sovet Ittifoqi koʻp yillar avval qulagan, har bir davlatning hududi belgilangan, chegaralar ajratilgan.”

“Butun hayotim davomida Qozogʻistonda yashaganman, bu yerda hech kim ruslarni kamsitmagan”, dedi u. “Men Qozogʻiston fuqarosiman, koʻchishni xohlaganimda allaqachon koʻchib ketgan boʻlardim. Bolalarim, nabiralarim ham Qozogʻistonda.”

Shimoliy Qozogʻiston viloyatining bir guruh jamoatchilik faollari Tashqi ishlar vazirligi va prezident maʼmuriyatiga Duma deputatlarini tanqid qilib maktub yuborgan.

Bu fikrlar nafaqat haqoratli, balki xavfli ham, deb aytgan jurnalist va jamoat arbobi Omir Yeskali RFE/RL radiosi bilan suhbatda. Bu gaplar “shovinizm va ayirmachilik” keltirib chiqarish uchun aytilgan, deydi u.

Qozogʻistonning shimolidagi qustanayliklar ahil ashaydilar, deydi Baytursunov nomli Qustanay davlat universiteti talabasi Serik Almagambetov.

“Biz yagona hamjamiyat sifatida birlikda yashayapmiz. Ham qozoq, ham rus bayramlarini nishonlaymiz, bu yerda madaniyatlar aralashib ketgan”, dedi u Karvonsaroy nashriga.

“Ammo bunga oʻxshash fikr-mulohazalar salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.”

“Rossiya yakkalanib qoladi”

“Dasht yigʻisi” filmining prodyuseri Yernar Malikov rossiyalik siyosatchilarning fikr-mulohazalarini xalqaro miqyosda dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan “mutlaqo nomaqbul provokatsiya”, deb atagan.

Uning “Oskar” mukofotiga daʼvogar filmi Iosif Stalinning qishloq xoʻjaligini mujburiy kollektivlashtirish siyosati tufayli Qozogʻistonda 1930-yillarda yuzaga kelgan ocharchilik haqida hikoya qiladi.

“Rossiyadagi hukumat rasmiylari Kremlning tasdiqlovisiz bunday keskin bayonot bermagan boʻlardi, bu muammo keltirib chiqarishi mumkin edi”, deydi Malikov.

Bu kabi bahsli bayonotlar albatta Kremlning koʻrsatmasi bilan berilgan, deydi Nur Media xoldingi rahbari oʻrinbosari, Nur-Sultonlik Urazgali Selteyev.

“Putin vatanparvarlikni kuchaytirish va rus xalqini birlashtirish uchun imperialistik va shovinistik ritorikadan jirkanmay, qoʻlidan kelganini qilyapti”, dedi u. “Ammo bu Rossiyaga qarshi kayfiyatni yanada kuchaytiradi va oxir-oqibat uni yakkalab qoʻyadi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 8

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya hamma sobiq Sovet davlatlarining dushmani. SSSR bosqinchi boʻlganini isbotlaydi.

Javob berish

Rossiyadan qancha uzoq boʻlsak, shuncha yaxshi.

Javob berish

Doktrinani allaqachon qayta koʻrib chiqish kerak edi. Siz banan respublikasi emassiz-ku, toʻgʻrimi? Rossiyaning sadaqasini kutmay, mustaqil boʻlish va oʻz harakatlaringiz uchun javob berish vaqti kelgan. Axir siz moʻgʻullarning vorislarisiz; olgʻa, birodarlar!

Javob berish

Chiqinglar, nima muammo?.. Lekin Rossiya Qozogʻiston bilan hech qanday kelishuvga ega emas, kerak boʻlganda sizlarni himoya qilmaydi. Albatta, siz qudratli davlatsiz deb aytasiz va h.k. Rossiyaga, boshqalardan farqli oʻlaroq, sizning hududingiz kerak emas... Shunday ekan, oʻylab koʻringlar, qozoq birodarlar.

Javob berish

QOZOQLAR, QOZOQLAR, QOZOQLAR... Yigitlar, saylovlarga yaqin qolgan edi-ku, Fedorov-Nikonovning surbetlarcha qiligʻidan yutgan taraf (men ularni bu oʻyinda shunchaki qoʻgʻirchoq deb bilaman) faqat birinchi prezident Nazarboyevning maʼmuriyati boʻldi. Ukraina bilan taqqoslanadigan boʻlsa, Qozogʻiston Moskvadan ancha uzoqda. Aytish mumkinki, bu – qoʻshiqda kuylangani kabi Volga daryosidan Yeniseygacha choʻzilgan turkiy xalqlar zich yashaydigan joy. Bu yerga Kavkazni ham qoʻshing. Bu kimga kerak? Moskvagami? Rossiyaning igʻvoli nomga ega “Milliy ozodlik harakati” qanday qilib Ostona shahrida oʻz vakolatxonasini ochishga muvaffaq boʻldi? Putin aybdormi? Ushbu faktni bilaturib, johil, men aytamanki, savodsiz Fedorov qandaydir alturistik istak tufayli ogʻzini ochganiga kim ishonadi? QOZOQLAR, QOZOQLAR, QOZOQLAR... oʻzimizga nazar solaylik. Biz kimmiz? Nima uchun qandaydir laychaning akillashiga eʼtibor beramiz-da, barcha tabiiy boyliklarimizni xitoyliklarga sotib yuborganimizni; oʻz fuqarolarimizning erkinligini cheklayotganimizni; davlat boshqaruviga munosib odamlarni saylay olmasligimizni; hokimiyatdagilar hali ham bizni nazorat qilish uchun milliylik masalasidan foydalanishga urinayotganini payqamaymiz? Xalqqa, Vatanga xizmat qilishga qasamyod qilgan harbiylar va boshqa kuchlar qayerda... Qozogʻiston davlat sifatida mavjudmi oʻzi?

Javob berish

Siz uchun Nazarboyev Putindan ham kattaroq dushman. Siz u haqda orzu qilsangiz kerak.

Javob berish

Putin – diktator va tajovuzkor. Deputatlar Kremlning buyurtmasi bilan shunday bayonotlar berishgan. Rossiya 170 yildan oshibdiki, oʻziga qoʻshni va yaqin davlatlarni qoʻrqitib keladi. Masalan, finlar, Boltiqboʻyidagilar, ukrainlar, vengerlar, ruminlar, kavkazliklar va Markaziy Osiyo xalqlari.

Javob berish

Demak, befoyda YOII va oʻlik KXSHTni tark etish kerak.

Javob berish