Karvonsaroy
Namoyishlar

Ikkinchi hafta davom etayotgan shiddatli namoyishlar Putin uchun xavotirni kuchaytirmoqda

Karvonsaroy va AFP

2021-yilning 23-yanvar kuni Rossiya boʻylab 120 dan ortiq shaharlarda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning hokimiyatiga bevosita tahdid koʻrilgan 3700 dan ortiq namoyishchi hibsga olingan. [NIKOLAY KORJOV / AFPTV / AFP]

Rossiyaning 100 dan ortiq shaharlarida ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda – yakshanba (31-yanvar) kuni ham oʻn minglab odamlar prezident Vladimir Putinning asosiy muxolifini ozod etishni talab qilib, koʻchalarga chiqishgan.

Kuch idoralari Moskva markazini yopib qoʻyishdi – norozilik namoyishlari qamoqdagi Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyni bir necha yilga ozodlikdan mahrum etishi mumkin boʻlgan mojaroli sud majlisi oldidan oʻtkazilgan.

Vladivostokdan Pskovgacha boʻlgan norozilik namoyishlari chogʻida politsiya 5100 dan ortiq odamni hibsga olgan. Ular orasida 82 nafar jurnalist ham bor.

“OVD Info” monitoring guruhi maʼlumotlariga koʻra, yaqin tarixdagi namoyishlar bilan bogʻliq hibslar soni yangi rekordni qayd etgan – 23-yanvar kungi namoyishlarda 4000 dan ortiq odam hibsga olingan edi.

31-yanvar kuni Sankt-Peterburgda hibsdagi muxolifat lideri Aleksey Navalniyni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻtkazilgan namoyish chogʻida politsiya tomonidan hibsga olingan erkak. [Olga Maltseva/AFP]

31-yanvar kuni Sankt-Peterburgda hibsdagi muxolifat lideri Aleksey Navalniyni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻtkazilgan namoyish chogʻida politsiya tomonidan hibsga olingan erkak. [Olga Maltseva/AFP]

31-yanvar kuni Sankt-Peterburgda hibsdagi Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻtkazilgan miting chogʻida kuch ishlatar organlar xodimlari namoyishchilar yoʻlini toʻsmoqda. [Olga Malseva/AFP]

31-yanvar kuni Sankt-Peterburgda hibsdagi Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻtkazilgan miting chogʻida kuch ishlatar organlar xodimlari namoyishchilar yoʻlini toʻsmoqda. [Olga Malseva/AFP]

Oʻtgan yil avgust oyida Sibirda asabni falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlanib halok boʻlayozgan va Germaniyada davolangan Navalniy Rossiyaga qaytgan kuni – 17-yanvarda Moskva aeroportida hibsga olingan edi. U zaharlash amaliyotida Kremlni ayblamoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurash faoli hozirda Moskvadagi tergov izolyatorida hibsda saqlanmoqda.

Qamoqxona maʼmuriyatining Navalniyga belgilangan shartli qamoq muddatini qamoq jazosiga almashtirishga oid soʻrovi qondirilgan. Bu haqda Bosh prokuratura dushanba kuni bayonot bergan.

Kreml tanqidchilariga koʻra, Navalniy jamoasining ovozini oʻchirish, uning Korrupsiyaga qarshi kurash jamgʻarmasini tugatish va oilasiga bosim oʻtkazish uchun kelishilgan harakatlar olib borilmoqda.

Namoyish oldidan Navalniyning ukasi Oleg va asosiy ittifoqchilari, jumladan faollardan biri Lyubov Sobol karantin qoidalarini buzgani va odamlarni namoyishlarga qoʻshilishga chaqirgani uchun 23-martga qadar uy qamogʻiga olingan.

Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya yakshanba kuni Instagramda oʻz oilasining rasmini joylashtirib, tarafdorlarini jim turmaslikka chaqirdi.

“Bugun sukut saqlasak, ertaga istalgan birimizni olib ketish uchun kelishadi”, dedi u.

Navalnaya ijtimoiy tarmoqlarda yakshanba kungi mitingga kelganini eʼlon qilganidan koʻp oʻtmay politsiya tomonidan hibsga olingan, deb xabar beradi Navalniyning jamoasi.

“Putin – oʻgʻri!”

Yakshanba kuni Moskva markazidagi koʻchalarda yuzlab politsiyachilar saf tortgan, markaziy metro stantsiyalari yopilib, piyodalar harakati cheklandi.

Federal xavfsizlik xizmati bosh qarorgohi oldida toʻplanishni rejalagan namoyishchilar shaharning turli qismlariga tarqab ketishgan, chunki tashkilotchilar soʻnggi daqiqalarda uchrashuv joyini oʻzgartirganlar.

Namoyishchilar qattiq sovuq va qorga qaramay, “Ozodlik!” va “Putin – oʻgʻri!” degan hayqiriqlar bilan Rossiya poytaxtining koʻchalaridan yurib oʻtgan.

Ayrimlarning qoʻlida tillarang hojatxona choʻtkasi bor edi – Navalniyning jamoasi chiqargan videoda Putinga sovgʻa qilingan Qora dengizdagi 1,35 mlrd dollarlik qasr hojatxonalarida 840 dollarlik choʻtkalar borligi aytilgan.

Navalniy kazino, teatr, yerosti xokkey maydoni, akvadiskoteka va chilimxonasi bor qasr “eng katta pora evaziga” bunyod etilganini taʼkidlagan edi.

Putinning ittifoqchisi va dzyudo mashgʻulotlari boʻyicha sobiq sherigi Arkadiy Rotenberg shanba kuni Rossiya OAVga intervyu berar ekan, ushbu mulkning egasi ekanligini aytib, shunday dedi: “Kreditorlar koʻp edi. Men bu obyektning benefitsiariga aylandim”.

Noroziliklarni Navalniyning hibsga olinishi avj oldirgan boʻlsa-da, jamoatchilikning “poraxoʻrlik” qasridan gʻazabga kelgani – rossiyaliklarning ish haqi va pensiyalarning pasayishidan, sanksiyalar va boshqa moliyaviy muammolardan noroziligi kuchayib borayotganini koʻrsatadi.

Namoyishlar Navalniy tarafdorlaridan tashqari, kommunistlardan tortib oʻng qanot millatchilarigacha boʻlgan muxolifat guruhlarini ham jalb qilgan.

Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilinishidan avval soʻnggi barqaror oʻsish qayd etilgan 2013-yildan beri rossiyaliklarning maoshi inflyatsiya hisobiga 10 foizga kamaygan, deb yozgan edi Moscow Times nashri oʻtgan juma kuni.

Iqtisodiy norozilik Putinning reytingiga putur yetkazmoqda – siyosiy tahlilchilarning taʼkidlashicha, noroziliklarning chekka viloyatlarga ham tarqalgani tasodif emas, chunki bu hududlarda iqtisodiy qiyinchiliklar keskinroq his qilinadi.

Toʻqmoqlar va elektroshokerlar

Namoyishchilar va kuzatuvchilar politsiyaning qattiqqoʻlligiga eʼtibor qaratgan – ular tinch namoyishchilarga qarshi toʻqmoq va elektroshokerlar qoʻllagan, ayrimlar qattiq doʻpposlangan.

Kremlning inson huquqlari boʻyicha kengashi raisi Valeriy Fadeyev mitinglarni qoralab, ularni “provokatsiya” deb atadi.

Kuch tuzilmalari esa namoyishchilarga qarshi salkam “jangovar operatsiya” oʻtkazdi va shaharni falaj holatga keltirdi, deydi Sankt-peterburglik ombudsman.

Politsiya asosiy yoʻl boʻlgan Nevskiy shohkoʻchasini yopib qoʻygani va metro bekatlarini berkitganiga qaramay, Sankt-Peterburgda bir necha ming namoyishchi koʻchalarga chiqqan. Miting davomida 962 kishi hibsga olindi, deb xabar beradi “OVD Info”.

“Tayoqlar va elektroshokerlar mavjud muammolarni hal qilmaydi. Zoʻravonlik faqat murosasizlik keltirib chiqaradi va shafqatsizlikni avj oldiradi”, dedi ombudsman Aleksandr Shishlov. “Bu katta falokatga olib boruvchi yoʻl. Toʻxtash vaqti keldi.”

“Toʻgʻri, biz oʻzimizga bu namoyishlardan foyda bormi, degan savolni beryapmiz”, deydi norozilik namoyishida qatnashgan 21 yoshli talaba Nadya. “Navalniyni ozod qilish uchun bundan koʻproq narsa talab etiladi, Rossiyaning ozod boʻlishi uchun esa undan ham koʻproq.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiyada har yil maydanlar tez-tez sodir boʻlmoqda.

Javob berish

Men bu namoyishlarda qatnashdim. OMONchilar oprichniklar kabi quturishdi.

Javob berish

Ha-ya, 150 milliondan odamdan 3700 ta tentak koʻchaga chiqibdi. Shu ham namoyish boʻldimi? Odamni kuldirmanglar... Va bu “norozilik”da bolalar ham ishtirok etibdi. Bunaqa ishlar uchun ... Gitler haqida nimani ham bilarding? Buvangdan soʻra. Rossiya aholisining 78 foizi ovoz bergan odam haqida bunaqangi gaplarni gapirishga qanday til aylanarkin?

Javob berish

Dahshat. Hatto Gitler ham oʻz xalqiga bunday munosabatda boʻlmagan. Rossiyada hukumat allaqachon legitim emas.

Javob berish