Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qozogʻiston gibrid urushga tayyorgarlik doirasida harbiy oʻquv mashqlarini oʻtkazdi

Aydar Ashimov

Suratda: Qozogʻistonning Jambul viloyatidagi Matibuloq poligonida boʻlib turgan quruqlikdagi kuchlar razvedkachilari, 30-yanvar. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

Suratda: Qozogʻistonning Jambul viloyatidagi Matibuloq poligonida boʻlib turgan quruqlikdagi kuchlar razvedkachilari, 30-yanvar. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

NUR-SULTON – Kremlning postsovet makondagi tajovuzkor xatti-harakatlaridan xavotirga tushgan Qozogʻiston oʻz milliy xavfsizligini himoyalash va qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish choralarini koʻrmoqda.

Bunday xavotirga oxirgi ikki oy ichida Rossiya siyosatchilari va jurnalistlarining Qozogʻiston hududiga oid bir qator irredentistik bayonotlari sabab boʻldi.

Kreml Qozogʻistonning bir qismini “qaytarib olishi” kerak, degan gap-soʻzlar qizgʻin bahslarni keltirib chiqardi va Qrimning Rossiya tarafidan noqonuniy anneksiya qilinishi bilan bogʻliq masalani yana oʻrtaga olib chiqdi.

2017-yilda Qozogʻiston rasmiylari Kremlning 2014-yilda Ukrainaga qarshi “gibrid urush” olib borganini inobatga olib, olti yil ichida ilk bor mamlakat harbiy doktrinasini yangiladilar.

Jambil viloyatidagi Matibuloq poligonida boʻlib turgan askarlar razvedka dronini havoga uchirmoqda, 30-yanvar. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

Jambil viloyatidagi Matibuloq poligonida boʻlib turgan askarlar razvedka dronini havoga uchirmoqda, 30-yanvar. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

27-yanvar kuni Nur-Sultonda shtab oʻquv mashqlarini oʻtkazayotgan qoʻshinlar. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

27-yanvar kuni Nur-Sultonda shtab oʻquv mashqlarini oʻtkazayotgan qoʻshinlar. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

Avvalgi harbiy doktrinada jangovar ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga koʻproq eʼtibor qaratilgan boʻlsa, yangi tahrirdagi hujjatda chegara boʻylab qurolli mojarolar va ularni yumshatish choralariga keng oʻrin ajratilgan.

Harbiylar yangicha koʻrinishdagi jangovar harakatlar bilan bogʻliq voqelikni inobatga olgan holda harbiy tayyorgarlikni kuchaytirishlari kerak, deydi chimkentlik faxriy Aleksey Juravov.

“Gibrid urushlar bugungi kunda ulkan tahdid hisoblanadi”, dedi u. “Agressor hozir urush eʼlon qilmaydi va biror mamlakatni bosib olish uchun ochiqdan-ochiq qoʻshin kiritmaydi. Qoʻporuvchiliklar, ayirmachilarni qoʻllab-quvvatlash, kiberhujumlar va axborot urushi – mana shular gibrid urush vositalaridir.”

Rossiyaning tashqi siyosati “tajovuzkor boʻlib qolgan”, deydi Nur-sultonlik siyosatshunos Yernar Beysaliyev.

“Qudratli armiya va ogohlik mamlakat mustaqilligining kafolatidir”, dedi u. “Tinchlikni istasangiz, urushga tayyor boʻlishingiz kerak. Sinovdan oʻtgan bu aksioma hozirgi kunda ham dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq.”

Jangovar shaylik tekshiruvi

Oʻtgan oyda Qozogʻiston armiyasining jangovar tayyorgarligi sinovdan oʻtkazildi, unda chegaradagi tahdidlarga qarshi turishga alohida eʼtibor qaratildi.

Qurolli kuchlar nafaqat tashqi tahdidlarga qarshi kurashishga, balki yangicha turdagi urushlar olib borishga ham tayyor boʻlishi kerak, deyiladi Mudofaa vazirligining 30-yanvar kungi bayonotida.

“Qurolli Kuchlar Bosh shtabi qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligini sinovdan oʻtkazdi”, deyiladi xabarda. “Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev Mudofaa vazirligiga jangovar tajribani doimiy tarzda oshirib borish zarurligi haqida koʻrsatma bergan.”

Birinchi boʻlib quruqlikdagi qoʻshinlarning razvedka va aloqa boʻlinmalari trevoga bilan ogohlantirildi, keyinroq mashqlarga aviatsiya, tank va artilleriya boʻlinmalari ham qoʻshildi.

Shuningdek, mashqlar hududida dronlar yordamida havo razvedkasi amaliyotlari olib borildi.

Mashqlar qoʻshinlar maskirovkasini ham oʻz ichiga oldi, jumladan maketlardan foydalangan holda soxta tayanch punktlari va boshqa harbiy nuqtalar tashkil qilindi.

“Mudofaa vazirining harbiy xizmatchilarni notanish poligonlarda jangovar tayyorgarlikdan oʻtkazish talabini bajarish uchun, harbiy boʻlinmalar jangovar topshiriqlarni bajarishi kerak boʻlgan hududlarga turli usullar, shu jumladan transport samolyotlari yordamida joylashtirildi”. Bu haqda Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshligʻi, general-leytenant Murat Bektanov maʼlum qildi, deyiladi vazirlik bayonotida.

Uning aytishicha, bitta razvedkachi polk ilk marta Qozogʻistonning turli geografik va iqlimiy hududlarida joylashgan beshta poligonda tekshiruvdan oʻtgan.

Oʻquv mashqlari Olmaota, Qaragʻanda va Jambul viloyatlaridagi Matibuloq, Qizilogʻoch, Spassk, Sarioʻzak va Jetisuv poligonlarida boʻlib oʻtdi.

Zamonaviy tahdidlar va ularga qarshi kurash

Mashqlar davomida razvedka qoʻshinlari harbiy topografiya, yadroviy, biologik va kimyoviy himoya, qoʻporuvchilik texnikasi va jismoniy tayyorgarlik sinovlaridan oʻtdilar.

Ular tunda pistirmada oʻtirib, shartli dushman obyektlariga havo reydlarini amalga oshirdilar.

Uchuvchilar jangovar topshiriqlarni razvedka polkidagi ilgʻor aviadispetcherlar koʻmagida bajardilar.

Harbiy mutaxassislar dronlar yordamida shartli dushmanga tegishli 80 foizdan ortiq yashirin obyektlar koordinatalarini aniqladilar, haqiqiy pozitsiyalarni soxtalaridan ajratib, artilleriya kuzatuvini amalga oshirdilar.

Poligonlarda barcha turdagi qurollardan oʻt ochish mashq qilindi.

Mudofaa vazirligining xabar berishicha, boʻlib oʻtgan mashqlar rejadan tashqari tekshiruvlarning birinchisi boʻldi. Dastlabki mashgʻulotlar yakuniga koʻra, vazirlik mutasaddilari zimmasiga yaqinda boʻlib oʻtadigan keng koʻlamli mashgʻulotlar oldidan jangovar shaylikni va qoʻshinlar tayyorgarligini kuchaytirish vazifasi yuklatildi.

Qozogʻiston oʻz Qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish yoʻlida ham qatʼiy choralar koʻrmoqda.

Harbiylar zamonaviy zenit-raketa tizimlarini hozirladilar, avatsiya parki va muhandislik qoʻshinlarining texnikasini mustahkamladilar, Qozogʻiston harbiy dronini ishlab chiqdilar va 900 dan ortiq harbiy inshootlarni taʼmirladilar.

Oʻtgan yili harbiy modernizatsiya dasturi doirasida Qozogʻistonda kompyuterlashtirilgan xizmatlar va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari ishga tushirildi.

Harbiy xizmat “jozibadorligi”

Qozogʻiston qonunchiligiga koʻra, 18 yoshdan 27 yoshgacha boʻlgan barcha erkaklar oliy maʼlumot olish, salomatligi bilan bogʻliq yoki boshqa sabablar bilan chaqiruvdan ozod qilinmagan boʻlsa, qurolli kuchlar safida bir yillik xizmatni oʻtashga majbur.

“Chaqiruvdan qochishni xayolimga ham keltirmaganman”, deydi Nur-sultonlik 17 yashar Doniyor Kashqinbayev. “Bu notinch davrda mamlakatimiz xavfsizligini taʼminlash – har bir qozoq oʻgʻloni uchun muqaddas burchdir.”

Uning soʻzlariga koʻra, soʻnggi vaqtlarda harbiy xizmatning jozibadorligi oshgan.

“Men chegara qoʻshinlarida xizmat qilmoqchiman va bu yil armiyaga chaqirishadi deb umid qilaman”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Yaxshi ish boʻlibdi, Rossiya agressiyasiga tayyor turish kerak.

Javob berish

Ha, men lolman.

Javob berish

Turkiya mudofaa vaziri Qozogʻistonga kelgani tasodif emas.

Javob berish