Karvonsaroy
Texnologiya

Bir haftalik “haqiqiy internet” erkinligidan keyin Pekin “Clubhouse” ilovasini blokladi

Karvonsaroy va AFP

Pekin metrosida mobil telefonlardan foydalanayotgan yoʻlovchilar, 2020-yil, 19-dekabr. [Noel Selis / AFP]

Pekin metrosida mobil telefonlardan foydalanayotgan yoʻlovchilar, 2020-yil, 19-dekabr. [Noel Selis / AFP]

PEKIN – Kontinental Xitoydagi va boshqa xitoyzabon foydalanuvchilar bir hafta davomida noyob “haqiqiy” internetdan cheklovsiz foydalanish imkoniyatiga ega boʻldilar, ammo keyin senzurachilar bu imkoniyatni ham yoʻqqa chiqardi.

Xitoyning Shinjondagi musulmonlarga nisbatan zulmi, Tyananmen maydonidagi namoyishning bostirilishi va taqiqdagi boshqa mavzularga ekskluziv tarzda, faqat taklif bilan kirish mumkin boʻlgan “Clubhouse” audioilovasining filtrlanmagan chatxonalarida umuman cheklov yoʻq edi.

Bu ilova odatda Xitoyda Kompartiya tomonidan boʻgʻilgan ovozlar uchun taqiqdagi siyosiy va ijtimoiy mavzularni tahlil qilishga kamyob imkoniyat taqdim etdi.

Dushanba (8 fevral) kuni xavfsiz ulanish imkoniyatini beruvchi VPNsiz internetga kirgan xitoylik foydalanuvchilarda xatolik haqidagi ogohlantirishlar paydo boʻlgan – davlat senzorlari bu muhokamalardan xabar topishgan.

Ikki uygʻur ayoli Urumchidagi Katta bozor oldida qoʻriqchilik qilayotgan Xitoy harbiy politsiyachisi yonidan oʻtib ketmoqda. Xitoy tilida soʻzlashuvchi aholi “Clubhouse” ilovasi orqali Xitoyning “qayta tarbiyalash lagerlaridagi” elektroshokerlar, ochlik bilan qiynash, kaltaklash, guruh boʻlib zoʻrlash va majburiy sterilizatsiya kabi dahshatli qiynoqlar haqida bir haftacha xabardor boʻlib turganlar. [Piter Parks / AFP]

Ikki uygʻur ayoli Urumchidagi Katta bozor oldida qoʻriqchilik qilayotgan Xitoy harbiy politsiyachisi yonidan oʻtib ketmoqda. Xitoy tilida soʻzlashuvchi aholi “Clubhouse” ilovasi orqali Xitoyning “qayta tarbiyalash lagerlaridagi” elektroshokerlar, ochlik bilan qiynash, kaltaklash, guruh boʻlib zoʻrlash va majburiy sterilizatsiya kabi dahshatli qiynoqlar haqida bir haftacha xabardor boʻlib turganlar. [Piter Parks / AFP]

“Clubhouse” ilovasi foydalanuvchilari Tayvan haqidagi muhokamalardan ham xabardor boʻlishgan. Suratda: oktabr oyida Taypeyda honkonglik faollarni qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan yurish soʻngida namoyishchilar Xitoy bayrogʻini yoqishmoqda. [Kris Stouers/AFP]

“Clubhouse” ilovasi foydalanuvchilari Tayvan haqidagi muhokamalardan ham xabardor boʻlishgan. Suratda: oktabr oyida Taypeyda honkonglik faollarni qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan yurish soʻngida namoyishchilar Xitoy bayrogʻini yoqishmoqda. [Kris Stouers/AFP]

“(Xitoy prezidenti Si Szinpin boshqaruvi ostida) bloklash ertami-kechmi yuz bergan boʻlardi”, deydi Gonkongdagi Xitoy universiteti kommunikatsiya professori Lokman Suy.

2013-yilda Si prezident boʻlganidan beri internetda erkin onlayn muhokamalar koʻlami “keskin qisqargan”, deb qoʻshimcha qildi Parijdagi Kretey universitetida Xitoydagi siyosiy ishtirok va vakillik boʻyicha tadqiqot olib boruvchi dotsent Emili Frenkiyel.

Ammo uning soʻzlariga koʻra, tayvanliklar singari boshqa xitoyzabonlar bilan nozik mavzularda ochiq suhbat oʻtkazish imkoniyati “juda xavfli boʻlsa ham kamdan-kam hollarda uchrab turadi va koʻpchilik bu imkoniyatni qoʻldan boy berishni istamaydi”.

Musulmonlarning tahqirlanishi haqidagi ochiq muhokamalar

Pekindagi texnologik startaplardan birining muharriri, 30 yashar Aleks Su “Clubhouse” ilovasida oʻtkazgan qisqa vaqt davomida uygʻur musulmonlarining Shinjondagi tahqirlanishiga oid voqealardan juda taʼsirlangan.

“Odatda Xitoyning materik qismida bu kabi maʼlumotlarga kirish imkoni yoʻq”, deb aytgan u New York Times bilan telefon orqali suhbatida.

Oʻtgan haftaning shanba kuni “Clubhouse” ilovasida Xitoyning Shinjon hududida uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlarning ommaviy hibsga olinishiga bagʻishlangan chatxonada mingdan ortiq foydalanuvchilar toʻplangan.

Huquqbon tashkilotlarga koʻra, Shinjondagi lagerlarda kamida bir million kishi saqlanadi, ammo Pekin ularni ekstremizm taʼsirini kamaytirishga qaratilgan taʼlim markazlari deb iddao qilmoqda.

Xitoyning “qayta tarbiyalash lagerlaridagi” elektroshokerlar, ochlik bilan qiynash, kaltaklash, guruh boʻlib zoʻrlash va majburiy sterilizatsiya kabi dahshatli qiynoqlarning fosh etilishi xalqaro hamjamiyatning Xitoydagi inson huquqlari buzilishiga oid xavotirlarini kuchaytirgan.

“Clubhouse” ilovasi chatxonalarining birida xitoylik erkak Shinjonda musulmonlar uchun “konsentratsiya lagerlari” tashkil etilgani haqidagi xabarlarga ishonqiramayotganini aytgan.

Bunga javoban Vinira Abdugʻani ismli uygʻur ayol ularning mavjudligiga shubha qilmasligini va mahbuslar orasida uning qarindoshlari ham borligini aytgan.

Keyinroq u oʻz vatani Shinjonda sodir boʻlayotgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisida hali ham shubhada boʻlgan xitoylik vatandoshlari bilan yuzma-yuz kelganidan mamnun boʻlganini aytgan.

“Oʻz umidsizligimni ifodalash uchun turli yoʻllarni izladim”, deb aytgan hozirda Tokioda yashayotgan ayol New York Times bilan telefon suhbatida. “Gapirib olishga imkonim bor ekan, foydalanib qolishim kerak, chunki jim yuradigan odam boʻlishni xohlamayman.”

“Clubhouse” chatlarida kamida uch kishi uygʻur millatidan ekanligini aytib, oʻz hikoyasini soʻzlab bergan, yana bir necha boshqa odam Shinjonda yashagan xitoylik xanlardan ekanini ochiqlagan.

Yana bir ayol chet elda yashab, Shinjon haqida koʻproq maʼlumot olganidan keyin uning fikri oʻzgarganini aytib oʻtgan.

“Men ulkan yolgʻon ichida yashagan ekanman”, deb aytdi u.

“Haqiqiy internetdan” foydalanish imkoniyati

Xitoyda bloklangan bir qator xorijiy ijtimoiy tarmoqlar, jumladan Tvitterda ham xitoy tilidagi muhokamalar dam olish kunlari omma eʼtiborini jalb qilgan.

“Hozirgina “Clubhouse” ilovasida kontinental xitoylik qiz: ilk marta haqiqiy internetga kirishim, deb aytdi” deb yozgan muhokamani tinglagan jurnalist Izabel Niu yakshanba kuni oʻzining Twitter sahifasida.

Dushanba kuni ikki mingdan ortiq foydalanuvchi 1989-yili Tyananmen maydonidagi namoyishlarning qonli bosqini haqidagi yana bir chatxonada toʻplanishgan. Bu mavzu ham Xitoy uchun tabu hisoblanadi.

Foydalanuvchilaridan biri muhit fuqarolar va hukumatni nazarda tutib, “ikki tomon uchun ham xavfli” boʻlganini aytgan boʻlsa, yana biri harakatda ishtirok etgan talabalarning “onglari oson zaharlanganini” daʼvo qilishga kech ekanini taʼkidlagan.

Xitoyga aloqador mavzular muhokamasida Honkong va tayvanliklar ham ishtirok etishgan yoki moderatorlik qilishgan.

“Men “Clubhouse” ilovasining tayvanliklar olib borayotgan chatxonasidaman, u yerda toʻrt ming nafar mandarin tilida soʻzlashuvchilar, jumladan XITOYDAGI va undan tashqaridagi uygʻurlar, xitoylik xanlar hamma narsa haqida gaplashishmoqda”, deb yozgan Berlindan Melissa Chan oʻzining Twitter sahifasida.

“Kuzatuvdan tortib, qayta taʼlim lagerlaridan qochgan qarindoshlaridan to oddiy masalalargacha.”

“Bu “Clubhouse” chatxonalarida boʻlish qanday ekanligini tasvirlab bera olmayman, deb yozgan u 5-fevral kuni. “Ular qisman iqrorxonalardek tuyuladi, odamlarda esa hamdardlik, oʻz fikrini ifoda etishga intilish hissi, Partiya yoki demokratiya haqida ikkilanish bor.”

Bu mamlakat “Buyuk Fayrvolining” odatiy cheklovlarisiz amalga oshgan bir lahzali transchegaraviy suhbat edi.

Senzura va qatʼiy choralar muqarrar

Dushanba kechga borib, xitoy tilidagi chatxonalar ilovaning bloklanishini muhokama qilishga oʻtgan.

“Koʻp chatxonalarda boʻgʻoz muammolari va nozik masalalar muhokama qilinganiga guvoh boʻlar ekanman, bu uzoqqa choʻzilmasa kerak deb oʻyladim”, deydi xitoylik foydalanuvchilardan biri ilova bloklanganidan keyin Tayvan bilan bogʻliq ogʻriqli muammoni nazarda tutib.

Yana bir kishi “bloklanishdan keyin platformadan foydalanganlarning roʻyxatini tuzish boshlanadi”, deya xavotirga tushgan.

“Ertami-kechmi bloklanishi turgan gap edi”, deb aytgan texnologik startap muharriri Su.

Taqiq yuzasidan soʻroqqa tutilgan Xitoy tashqi ishlar vaziri tafsilotlardan boxabar emasligini aytib, “Xitoy interneti ochiq ekani va Xitoy hukumati uni qonun-qoidalar asosida tartibga solishini” qoʻshimcha qilgan.

Xitoy savdo-sotiq saytlarida 10 yuandan 100 yuangacha (1,5-15 AQSH dollari) sotilgan “Clubhouse invaytlari” qidiruvi ayni damda natija bermayapti. Ilovaning bloklanishidan avval bitta kod uchun narx 300 yuangacha (46 AQSH dollari) koʻtarilgan, deb xabar beradi New York Times nashri.

Bloklanganidan beri ilovaga qaytgan xitoylik suhbatdoshlar “Buyuk Fayrvolni” chetlab oʻtishni muhokama qilishgan, Kompartiyani istehzo bilan maqtayotgan chatxona suhbatlari esa namoyishkorona tarzda davom ettirilmoqda.

Muhokama uchun ochilgan maydon uchqun olsa-da, alangalanmagani keng norozilikka sabab boʻldi.

“Bu yerga soʻz erkinligi borligi uchun kelgan edim”, deb aytgan foydalanuvchilardan biri.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500