Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Rossiyada kambagʻallikning oʻsishi siyosiy noroziliklar va namoyishlarni keltirib chiqarmoqda

Karvonsaroy va AFP

Rossiyaning mashhur xayriya tashkilotlaridan biri boʻlgan “Miloserdiye” (Rahm-shafqat) xodimi Moskvadagi Marfa-Mariya monastirida bepul tarqatiladigan oziq-ovqat xaltalarini tayyorlamoqda, 9-fevral. [Natalya Kolesnikova / AFP]

Rossiyaning mashhur xayriya tashkilotlaridan biri boʻlgan “Miloserdiye” (Rahm-shafqat) xodimi Moskvadagi Marfa-Mariya monastirida bepul tarqatiladigan oziq-ovqat xaltalarini tayyorlamoqda, 9-fevral. [Natalya Kolesnikova / AFP]

MOSKVA – Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri Moskvadagi Marfa-Mariya monastiri odamlar bilan gavjum.

Oq devorli ayollar monastirida bepul oziq-ovqat tarqatish va boshqa shu kabi ishlar bilan shugʻullanuvchi Rossiyaning eng mashhur xayriya tashkilotlaridan biri joylashgan.

“Pandemiyadan avval kuniga 30-40 kishi kelar edi”, deydi “Miloserdiye” (Rahm-shafqat) tashkiloti xodimasi Yelena Timoshuk kungaboqar yogʻi idishlari taxlangan stolga suyanganicha.

“Hozir esa kuniga 50-60 kishi kelyapti. Ish juda koʻp.”

Rossiyaning mashhur xayriya “Miloserdiye” (Rahm-shafqat) tashkilotida bepul oziq-ovqat olish uchun navbatda turganlar, Moskvadagi Marfa-Mariya monastirida, 9-fevral. [Natalya Kolesnikova/AFP]

Rossiyaning mashhur xayriya “Miloserdiye” (Rahm-shafqat) tashkilotida bepul oziq-ovqat olish uchun navbatda turganlar, Moskvadagi Marfa-Mariya monastirida, 9-fevral. [Natalya Kolesnikova/AFP]

Qoʻllariga atirgul va yozuvlar ushlab olgan rossiyalik ayollar muxolifatchi Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya va boshqa siyosiy mahbuslarni qoʻllab-quvvatlab, Valentin kunida “Birdamlik zanjirini” hosil qilishdi, Sankt-Peterburg, 14-fevral. Yurak shaklidagi belgida “Hukumatimiz Irina Slavinaning oʻlimida aybdor”, deb yozilgan. Nijniy Novgorodlik jurnalist Slavina oʻtgan yil oktyabr oyida hukumatning taʼqiblariga javoban oʻz-oʻzini qurbon qilgan edi. [Olga Maltseva/AFP]

Qoʻllariga atirgul va yozuvlar ushlab olgan rossiyalik ayollar muxolifatchi Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya va boshqa siyosiy mahbuslarni qoʻllab-quvvatlab, Valentin kunida “Birdamlik zanjirini” hosil qilishdi, Sankt-Peterburg, 14-fevral. Yurak shaklidagi belgida “Hukumatimiz Irina Slavinaning oʻlimida aybdor”, deb yozilgan. Nijniy Novgorodlik jurnalist Slavina oʻtgan yil oktyabr oyida hukumatning taʼqiblariga javoban oʻz-oʻzini qurbon qilgan edi. [Olga Maltseva/AFP]

Muxolifat siyosatchisi Aleksey Navalniyning hibsga olinganiga norozilik sifatida chiroqlar yoqib olgan namoyishchilar orasida chiroqli rezina oʻrdak ushlab turgan qiz, Moskva, Qizil maydon, 14-fevral. Rezina oʻrdak 2018-yilda Navalniy Dmitriy Medvedevni qimmatbaho koʻchmas mulklar, shu jumladan oʻrdakxonasi bor mulkni sotib olganlikda ayblashi ortidan prezident Vladimir Putin hukumatiga muxoliflar orasida norozilik belgisiga aylandi. [Dimitar Dilkoff/AFP]

Muxolifat siyosatchisi Aleksey Navalniyning hibsga olinganiga norozilik sifatida chiroqlar yoqib olgan namoyishchilar orasida chiroqli rezina oʻrdak ushlab turgan qiz, Moskva, Qizil maydon, 14-fevral. Rezina oʻrdak 2018-yilda Navalniy Dmitriy Medvedevni qimmatbaho koʻchmas mulklar, shu jumladan oʻrdakxonasi bor mulkni sotib olganlikda ayblashi ortidan prezident Vladimir Putin hukumatiga muxoliflar orasida norozilik belgisiga aylandi. [Dimitar Dilkoff/AFP]

Ichida grechka, shakar, choy kabi mahsulotlar boʻlgan paketlarga navbatda turganlar asosan nafaqaxoʻr qariyalar, ammo oralarida ishsiz qolgan yoki maoshi kamayganlar ham bor.

Koronavirus pandemiyasi Gʻarb sanksiyalari, neft narxining tushib ketishi va zaif korporativ investitsiyalardan aziyat chekayotgan Rossiyaning turgʻunlikdagi iqtisodiyotiga yangi zarba bergan.

Qashshoqlikning kuchayishi, maoshlarning kamayishi va pandemiya davrida hukumat tomonidan moddiy yordam berilmagani prezident Vladimir Putinning yigirma yillik boshqaruvidan norozilikning kuchayishiga va muxolifatning faollashuviga sabab boʻlmoqda, deydi kuzatuvchilar.

Hibsdagi Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyning chaqirigʻiga javoban oʻtgan haftalar davomida bir necha oʻn minglab odamlar Rossiya boʻylab norozilik namoyishlari uyushtirdilar. Uning jamoasi sentyabrdagi parlament saylovlaridan avval yana namoyishlar oʻtkazishni rejalamoqda.

Soʻnggi besh yillikda rossiyaliklarning real daromadlari pasayib, 2020-yilda 3,5 foizga qisqargani holda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi koʻtarilgan.

Turmush darajasining pasayishi tufayli norozilik kuchayib borayotganini sezgan Putin dekabrda vazirlarga narxlarni chegaralash uchun favqulodda choralar koʻrishni buyurgan.

Hukumatning inflyatsiyani jilovlash harakatlariga qaramay, yanvar oyida shakar narxi bir yil avvalgiga nisbatan 64 foizga oshgan.

66 yashar Sandra doʻkonga chiqishni toʻxtatib, “Miloserdiye” tashkilotining xayriya yordamlaridan foydalana boshlagan.

“Hech narsa sotib ololmaysiz”, deydi familiyasini ochiqlashni istamagan nafaqaxoʻr. “Avval qushlarga don bera olardim, hozir uning narxi ham oshib ketgan.”

“Xavflar kuchaydi”

Siyosiy oqibatlar nuqtai nazaridan hozirgi vaziyat yaxshi emas”, deydi Rossiyada joylashgan “FBK Grant Thornton” moliyaviy konsalting firmasining strategik tahlilchisi Igor Nikolayev.

“Hukumat uchun xavf kuchaydi.”

Uning soʻzlariga koʻra, keksa rossiyaliklar 1991-yilda Sovet Ittifoqi qulashi ortidan yuzaga kelgan inflyatsiyani juda yaxshi eslaydilar, shu sabab narxlarning oshishiga “ayniqsa sezgir” boʻlishgan.

Rossiya hukumati parlament saylovlaridan avval aholi noroziligini kamaytirish uchun yangi iqtisodiy choralar taklif qilishi mumkin, deb taxmin qildi Nikolayev.

“Ular nimadir qilishlari kerak”, dedi u.

“Levada” mustaqil markazi olib borgan soʻrovnomaga koʻra, 43 foiz rossiyaliklar iqtisodiy noroziliklar sabab namoyishlar oʻtkazilishini istisno etmayapti, bunday koʻrsatkichlar 1998-yilda kuzatilgan.

Soʻrovnomaga koʻra, respondentlarning 17 foizi bu namoyishlarda ishtirok etishga tayyor ekanini aytgan.

Yaqinda boʻlib oʻtgan namoyishlar shuni koʻrsatdiki, hukumatga nisbatan gʻazab endi muxolifat bilan cheklanibgina qolmaydi. Koʻpchilik namoyishchilar iqtisodiy qiyinchiliklardan taʼsirlangan, deydi “Levada” rahbari oʻrinbosari Denis Volkov.

“Namoyishchilar hukumatdan norozi ekanliklarini, kelajakdan umidlari uzilgani va ularning nazdida mamlakat boshiberk koʻchaga kirib qolganini aytmoqchi boʻlganlar”, deb yozgan edi oʻtgan oy “Forbes” nashrida Volkov.

“Hukumat uning siyosatidan norozilarga hech nima taklif qila olmaydi”, deb qoʻshimcha qilgan u Rossiya elitasining “xoʻjakoʻrsinga qilingan hashamatiga” va jamiyatdagi tobora ortib borayotgan ixtilofga diqqat qaratib.

Rossiya “diktaturaga” aylanib bormoqda

Butun mamlakatni qamrab olgan namoyish ishtirokchilarining katta qismini rossiyalik yoshlar tashkil etgan.

Namoyishlar oʻtgan yil avgust oyida Sibirda sovet davriga oid “Novichok” moddasi bilan zaharlanib halok boʻlayozgan Navalniyning Germaniyada davolanib, yanvar oyida Rossiyaga qaytganida hibsga olinishi ortidan boshlanib ketgan edi.

Ammo namoyishchilar tiyiqsiz korruptsiya va ijtimoiy tengsizlikdan norozi, ularni mamlakat kelajagi xavotir solmoqda.

Moskva va Sankt-Peterburg aholisi yakshanba (14-fevral) kuni Navalniyni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mobil telefonlarining chiroqlarini yoqib, uylarining hovlilari va maydonlarda Valentin kuniga atab fleshmob uyushtirdilar.

Kreml yaqinidagi Manejnaya maydonida telefon chiroqlarini yoqqan ellikka yaqin namoyishchidan biri Aleksandr Kojokar Rossiyaning “diktaturaga” aylanib borayotganidan xavotirda ekanini aytgan.

“Keyinroq nima boʻlishini oʻylashga qoʻrqyapman”, deydi Moskva yaqinidagi Mitishchi shahridan kelgan 28 yoshli ishchi.

Moskvadagi oʻyin maydonchasida 30 ga yaqin namoyishchilar toʻplandi – ayrimlar it yetaklagan, kimlardir bolalarini olib chiqqan - fonarlar yoqib, qor bilan qoplangan yerga Rojdestvo chiroqlarini yurak shaklida joylashtirdilar.

Namoyishchilar biri Mixail Orlovning aytishicha, u Putin siyosatidan norozi ekanligini bildirish uchun oʻyin maydonchasidagi fleshmobga qoʻshilgan.

“Mamlakat inqirozda; ilm-fan inqirozda”, deydi 29 yoshli muhandis AFPga.

Orlovning rafiqasi Mariya eri bilan Rossiyani tark etish haqida oʻylay boshlaganini aytadi. “Oʻzimni bu yerda himoyasiz sezyapman”, deydi u.

Moskvadagi boy mahallalarning birida yashovchi 28 yoshli stendap qiziqchisi Garik Oganisyan siyosiy oʻzgarishlar istayotganini aytdi.

“Menga bu mamlakatda sodir boʻlayotgan voqealar, odamlarni retvitlar uchun ochiqdan-ochiq va surbetlarcha qamoqqa tashlashlari yoqmayapti”.

Vladivostokda Navalniyni qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan mitinglarga qoʻshilgan 18 yashar siyosatshunos talaba Yekaterina Nikiforovaning aytishicha, mamlakat turgʻunlik holatida.

U AFP bilan suhbatda Rossiyada “iqtisodiy va siyosiy rivojlanish istiqbollarini” koʻrmayotganini aytdi.

Sankt-Peterburgdagi namoyishda qatnashgan sotsiologiya fakulteti bitiruvchisi, 22 yoshli Arseniy Dmitriyev ham shunga oʻxshash fikrlarni bildirdi.

“Statistikaning oʻzidan real daromadlar kamayib borayotganini, hayot sifati esa yaxshilanmayotganini anglash mumkin”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 8

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ular qaytara olmaydi )))

Javob berish

Rossiyaliklar oʻzlarini shveytsariyaliklardek tutishini tushunmayman. Rossiya oddiy, qashshoq, qoloq uchinchi dunyo mamlakati.

Javob berish

Sanksiyalar ularga yordam bergani, import oʻrnini bosishi, tik turganlari, qayta takrorlay olshlari, ota-bobolari urushgani haqida bor ovozlari bilan qichqirgan edilar! Qashshoqlik botqoqligiga yetib kelishibdiku!

Javob berish

Nima chekib olgansan? Bu saroy bir milliard dollar tursa turavermaydimi, sizga nima? Qashshoqlashgan Rossiya deysizmi? Ruslar bilan gaplashib, oʻzlaridan soʻrab koʻring. Hech boʻlmaganda Internetga kirib koʻring. 218 ta zavod noldan barpo etildi, ikkita atom muzyorar kema va boshqalar qurildi – hammasi bir yil ichida. Sizlar qayerdasiz-u, Rossiya qayerda.

Javob berish

Haqiqat Pukinning televideniyesida gapirilganidan ancha farq qiladi.

Javob berish

Rossiya qashshoq mamlakat, bu fakt.

Javob berish

Putin va uning toʻdasi hamma narsani oʻgʻirlagan. Qasrlaridan biri 100 milliard rubl turadi. 100000000000 rubl-a!

Javob berish

Tizzadan turish shousi har doimgidek xoʻjakoʻrsinga boʻldi. Rossiya tez surʼatda qashshoqlashib bormoqda.

Javob berish