Karvonsaroy
Inson huquqlari

Qirgʻiziston hukumati kuchayib borayotgan maishiy zoʻravonlik muammosiga qarshi choralar koʻrmoqda

Munara Borombayeva

2020-yilda Qirgʻiziston huquqni muhofaza qilish organlari butun mamlakat boʻylab 9025 ta maishiy zoʻravonlik holatlarini qayd etganlar (2019-yilda bu koʻrsatkich 6145 tani tashkil etgan). 16-fevral kuni Bishkekda olingan bu suratda oiladagi zoʻravonlik holati aks etgan. [Munara Borombayeva/Karvonsaroy]

2020-yilda Qirgʻiziston huquqni muhofaza qilish organlari butun mamlakat boʻylab 9025 ta maishiy zoʻravonlik holatlarini qayd etganlar (2019-yilda bu koʻrsatkich 6145 tani tashkil etgan). 16-fevral kuni Bishkekda olingan bu suratda oiladagi zoʻravonlik holati aks etgan. [Munara Borombayeva/Karvonsaroy]

BISHKEK – Qiyin kechgan 2020-yilda Qirgʻizistonda oiladagi zoʻravonlik holatlari avj oldi. Qonun chiqaruvchilar jabrdiydalarni himoya qilishga qaratilgan qonunga oʻzgartishlar kiritishni taklif qilmoqda.

2020-yilda militsiya 9000 dan ortiq oilaviy zoʻravonlik holatlarini qayd etgan boʻlib, bu 2019-yildagiga qaraganda taxminan 3000 taga koʻp.

Muammo koronavirus pandemiyasi va uning natijasida uyiga qamalgan oilalarning oʻta asabiy holatga tushib qolgani sababli avj olgan boʻlishi mumkin , lekin, asosiy muammo – aksariyat huquqbuzarlarning jazosiz qolayotganidir, deydi huquqbon va qonun chiqaruvchilar.

Uydagi zoʻravonlik

14 yoshli Alina (ismi oʻzgartirilgan) oʻtgan yilning aprel oyida COVID-19 karantini vaqtida otasi bilan yashab kelgan.

Qirgʻiziston militsiyasi 8-mart kuni Bishkekda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan jinsiy zoʻravonlikka qarshi namoyish oʻtkazgan ayolni hibsga olgan. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

Qirgʻiziston militsiyasi 8-mart kuni Bishkekda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan jinsiy zoʻravonlikka qarshi namoyish oʻtkazgan ayolni hibsga olgan. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

Otasi uni bir necha bor kaltaklagan. Qoʻshnilar bu haqda Bishkekdagi “Bola huquqlari himoyachilari ligasi” nodavlat tashkilotiga xabar berishgan.

“Uni zudlik bilan tajovuzkor otasidan ajratish kerak edi”, deydi NNT direktori Nozgul Turdubekova. “Mamlakatdagi favqulodda holat paytida [hukumat] hamma joyda blokpostlar oʻrnatib, ularni Mudofaa vazirligi nazoratiga topshirdi.”

COVID-19 tarqalishini kamaytirish uchun oʻrnatilgan blokpostlar tufayli Liga xodimlari qizning uyiga yetib borishga qiynalganlar.

“Huquq-tartibot organlari va ijtimoiy xizmatlarning oʻzi qiyin ahvolda qoldi va yordam berolmadi”, dedi u harbiylarning ularni blokpostdan oʻtkazmagani va pandemiya bilan bogʻliq koʻplab cheklovlarni nazarda tutib.

“Uzoq davom etgan tortishuvlardan soʻng, qizni uyidan olib chiqdik va onasini topib, uning ixtiyoriga topshirdik”, dedi u.

Karantin vaqtidagi yana bir maishiy zoʻravonlik hodisasi oʻtgan yil may oyida sodir boʻlgan – 21 yashar Omon opasining eri tarafidan kaltaklangani haqida Facebook orqali xabar bergan.

Omon militsiyaga qoʻngʻiroq qilib, COVID-19 tufayli joriy qilingan komendantlik soatiga qaramay, opasining uyiga borgan. Voqea joyiga kelgan militsiya xodimlari “hammasi joyida” deb aytishgan.

“U opamni shafqatsiz kaltaklagan, qanday qilib hammasi joyida boʻladi?” deb yozdi Omon. “Uni tahqirlab, qorniga va qovuq qismiga qattiq tepgan, polda yotganida farzandlarining koʻz oldida sochlaridan tortqilagan”.

Jamoatchilikka oshkor boʻlganidan soʻng bu ishga huquqbonlar aralashdilar. Oqibatda sud er Maqsat Jaanbayevni 60 ming soʻmlik (taxminan 700 dollar) jarimaga tortdi.

Maishiy zoʻravonlikning jazosiz qolishi odatiy holga aylangan

Maishiy zoʻravonlik sodir etgan shaxsning jazosiz qolishi Qirgʻizistonda oddiy holga aylangan, deb yozadi Human Rights Watch (HRW) oʻzining yillik hisobotida.

“Qonunchilikka, jumladan, 2020-yilda qabul qilingan Jinoyat-protsessual kodeksiga oilaviy zoʻravonlik qurbonlarining himoyasini taʼminlaydigan tuzatishlar kiritilganiga qaramay, rasmiylar himoya choralarini toʻliq amalga oshirmayapti yoki aybdorlarni javobgarlikka tortmayapti”, deyiladi xabarda.

2020-yilda qayd etilgan 9025 ta maishiy zoʻravonlik holatidan 944 tasi sudga oshirilgan, deb xabar beradi Ichki ishlar vazirligi (IIV).

Oʻsib borayotgan muammoni tan olgan AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) COVID-19 pandemiyasi davrida maishiy zoʻravonlik qurbonlarini himoya qilish va ularni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻtgan yil avgust oyida Qirgʻizistondagi 11 ta nodavlat tashkilotga 230 ming AQSH dollari miqdorida grant ajratgan. Bu AQSHning Markaziy Osiyoga mintaqada odam savdosi kabi shu va shunga oʻxshash muammolarni hal etishdagi koʻmagiga misoldir.

Karantin va u bilan bogʻliq tanglik sababli maishiy zoʻravonlik 2020-yilning birinchi choragida (2019-yilning xuddi shu davri bilan solishtirganda) 65 foizga oʻsgan boʻlishi mumkin, deb aytgan bosh vazir oʻrinbosari Aida Ismailova oʻtgan yil iyun oyida Ayollar ishlari va gender rivojlanishi boʻyicha milliy kengash yigʻilishi chogʻida.

Bularning bari maishiy zoʻravonlikka barham bera olmayotgan qonunlarga borib taqaladi, deydi Turdubekova.

“Qirgʻizistonda ayollar va yosh bolalar zoʻravonlikning yagona qurbonlari emas, ular orasida qariyalar, nogironlar va migrantlarning farzandlari, deyarli ijtimoiy himoyaga muhtoj barcha qatlamlar vakillari bor”, dedi u.

“Bolalarga kelsak, ota-onalar farzandining zoʻravonlikdan jabr chekayotganini bilib olishni oʻrganmagunicha zoʻravonlikni toʻxtatib boʻlmaydi, bolalar ham buni bilib olishlari kerak.”

Koʻp hollarda kattalarning ularga nisbatan munosabatini normal deb bilgan bolalar oʻz huquqlarini qanday himoya qilish kerakligini bilishmaydi, dedi Turdubekova.

“Shu bois, bolalar boshqalarda boʻlgani kabi, ota-onalaridan ham oʻz shaxsiy muhitlarini himoya qilishni oʻrganishlari kerak. Jinsiy xarakterdagi xatti-harakatlar sodir boʻlganda ularga nisbatan kattalarning harakatlari normal emasligini tushunishlari va ota-onalari yoki ishongan odamlariga ayta olishlari kerak”, dedi u.

Tajovuzkorlar jazosiz qolmoqda

Huquqbonlarga koʻra, ayni koʻrinishda qonun zoʻravonlarni himoya qiladi.

Qirgʻiziston qonunchiligiga koʻra, agar jabrlanuvchi oʻz arizasini qaytib olsa yoki sudgacha tomonlar yarashib ketsa, zoʻravon jazodan qochib qutulishi mumkin, deydi “Ijobiy dialog” nodavlat tashkiloti xodimasi, oʻshlik faol Muhayyo Abduraupova.

“Oiladagi zoʻravonlikning oldini olish yoki kamaytirishga imkon bermaydigan bu amaliyotga qarshimiz”, dedi u.

Qonunga koʻra, “intizomiy dasturlarga ehtiyoj bor, tajovuzkor shaxs va oila kelajakda zoʻravonlik holatlari qaytarilmasligi uchun maxsus dasturdan oʻtishi kerak”, dedi u. “Ammo, Qirgʻizistonda bunday amaliyot yoʻqligini bilamiz.”

Abduraupovaga koʻra, boshqa mamlakatlarda, sud zoʻravonni ruhshunosga yuboradi, u oʻz navbatida shaxsning xavfli yoki xavfsiz ekanini, u bilan birga yashash mumkin yoki mumkin emasligini aniqlaydi.

Qirgʻizistonda tibbiy koʻrik jarohatlanuvchi yengil shikastlanganini aniqlasa, huquq-tartibot idoralari buni maʼmuriy (jinoiy boʻlmagan) huquqbuzarlik deb baholaydilar.

Bu holatda huquqbuzar jamoat ishlariga jalb qilinishi yoki 30 ming qirgʻiz soʻmi (350 AQSH dollari) miqdorida jarima toʻlashi kerak boʻladi.

Koʻpincha sudlar jarimani zoʻravonning oʻziga emas, balki oila zimmasiga yuklaydi, dedi u.

30 ming qirgʻiz soʻmi oila budjeti uchun katta pul va koʻp hollarda uni ayol kishi toʻlaydi, dedi u sudlarning jabrdiyda ayollarni jarima toʻlashdan himoya qila olmasligini nazarda tutib.

Yangi hukumat maishiy zoʻravonlikka diqqat qaratmoqda

Yaqinda oʻz vazifasiga tayinlangan bosh vazir Ulugʻbek Maripov 12 fevral kuni Bishkekda oʻtgan IIV boshqarmasi majlisida maishiy zoʻravonlik masalasiga eʼtibor qaratdi.

“Har qanday tajovuz, shu jumladan maishiy zoʻravonlik ham kuch idoralari eʼtiboridan chetda qolmasligi kerak”, dedi u mazkur masalada Qirgʻiziston qonunchiligini qayta koʻrib chiqish kerakligiga ishora qilib.

“Maishiy zoʻravonlik oilaning shaxsiy ishi deb koʻrilmasligi kerak”, dedi u. “Bunday ishlarni bosti-bosti qilish yaramaydi, jamoatchilik bunday voqealarga toqat qilmasligi lozim.”

Qonun ustuvorligi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash qoʻmitasini boshqaruvchi parlament aʼzosi Natalya Nikitenko ham qonunni isloh qilish borasidagi soʻnggi choralarni muhokama qildi.

“Zoʻravonlar masalasiga kelsak, jinoyat sodir boʻlganida ularni hibsga olish yoki u yerdan olib ketish choralari koʻrilmagan edi”, dedi u.

“Hozir, zoʻravonlik holatlari koʻpaygan pandemiya vaqtida biz qonunga oʻzgartishlar kiritishni taklif qildik. Unga koʻra, zoʻravonlik holati haqida xabar berilganida, gumondor qoʻlga olinib, jinoyat sodir etilganidan boshlab 48 soatgacha hibsda ushlab turiladi.”

Ammo, koʻp hollarda kuch idoralari zoʻravonlarni qoʻlga olishadi va jinoiy ish ochilganida, qurbonlar turli taraflarning bosimi tufayli yarashishga ahd qilishadi, dedi u.

“Bu yerda haqli jazo printsipi buzilmoqda”, deya tushuntirdi Nikitenko.

U Jalolobod viloyati Soʻzak tumanida yuz bergan mudhish zoʻravonlik voqeasini misol qilib keltirdi.

Oʻtgan yil iyun oyida internet foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videoni dahshat bilan kuzatganlar, unda er ayolning boʻyniga shinalar bogʻlab qoʻyib, uni kaltaklagan va ustidan suv quygan.

Unga qamoq jazosi oʻrniga ikki yillik sinov muddati belgilangan.

Nikitenkoning soʻzlariga koʻra, Qirgʻiziston jinoiy kodeksi zoʻravonlikni amalga oshirgan oila aʼzosi yoki yaqin qarindosh tushunchalarini oʻz ichiga olmagan.

“Oʻzgarishlar oila aʼzosi yoki yaqin qarindosh zoʻravonlik qilgan holatlarda javobgarlik standartlarini kuchaytirishni koʻzda tutadi”, deydi u. “Kaltaklagan odam oʻgay ota, vasiy, er yoki sobiq er boʻlishi mumkin. Qarab tursangiz, qurbon ruhiy yoki jismoniy shikastlanganiga qaramay, goʻyoki yengil tan jarohati olgan boʻlib chiqadi.”

“Sud jarayoni vaqtida muammoni yashirishni istagan qarindoshlar bosimi ostida sudlar ogʻir holatlarni yengil deb koʻrsatib, tomonlarni yarashtirish uchun qoʻyib yuboradi”, dedi u.

Qonun loyihasi parlamentda uchinchi oʻqishdan oʻtmoqda. Nikitenko oʻzgarishlar shu oy qabul qilinishidan umidvor ekanini aytgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500