Karvonsaroy
Inson huquqlari

Xitoyda uygʻur musulmonlarini javobgarlikka tortish kuchaygan, jazo muddatlari uzaytirilmoqda

Karvonsaroy va AFP

Xitoyning Shinjon viloyati, Qashgʻar shahri shimolidagi aksari musulmon boʻlgan etnik ozchiliklar vakillari hibsda saqlanadigan, Xitoy rejimining “qayta tarbiyalash” lagerlaridan biri boʻlgan Artux City kasb-hunar taʼlimi markazi, 2019-yilning 2-iyun kuni olingan surat. [Greg Baker/AFP]

Xitoyning Shinjon viloyati, Qashgʻar shahri shimolidagi aksari musulmon boʻlgan etnik ozchiliklar vakillari hibsda saqlanadigan, Xitoy rejimining “qayta tarbiyalash” lagerlaridan biri boʻlgan Artux City kasb-hunar taʼlimi markazi, 2019-yilning 2-iyun kuni olingan surat. [Greg Baker/AFP]

PEKIN – Xitoy rejimi Shinjondagi musulmon ozchiliklar vakillarini sud orqali taʼqib qilishni keskin kuchaytirib, “janjallarda ishtirok etish” va “xorijdagi qarindoshlariga sovgʻalar berish” kabi shubhali ayblovlar bilan uzoq muddatli qamoq jazolarini tayinlagan, deb xabar berdi Human Rights Watch (HRW) tashkiloti chorshanba (24-fevral) kuni.

Bu jinoiy hukmlar bir millionga yaqin uygʻurlar va asosan musulmonlardan iborat boshqa ozchiliklar vakillarining Shinjondagi “siyosiy taʼlim” lagerlarida hibsda saqlanayotgan vaqtda chiqarilgan.

2016-yildan buyon shimoli-gʻarbiy mintaqaning 250 mingdan ortiq aholisi rasmiy ravishda sudlanib, qamoqqa olingan, deb xabar beradi HRW.

Bu holatlar qonuniy boʻlib koʻrinsa-da, Shinjon qamoqxonalaridagi mahbuslarning koʻpchiligi - “oʻz hayoti bilan yashagan va diniga amal qilgani uchun sudlangan oddiy odamlardir”, deyiladi HRW tadqiqotchisi Mayya Vanning bayonotida.

Qashgʻar yaqinidagi harbiy gospital tashqarisida, askarlarning uygʻur oilasi bilan uchrashuvi aks etgan tashviqot banneri oldida oʻz motosiklini parkovka qilayotgan uygʻur ayoli, Shinjon, Xitoy, 2019-yil 2-iyun. [Greg Baker/AFP]

Qashgʻar yaqinidagi harbiy gospital tashqarisida, askarlarning uygʻur oilasi bilan uchrashuvi aks etgan tashviqot banneri oldida oʻz motosiklini parkovka qilayotgan uygʻur ayoli, Shinjon, Xitoy, 2019-yil 2-iyun. [Greg Baker/AFP]

HRWga koʻra, Shinjon mintaqasida jinoyatda ayblab jazoga tortish holatlari 2017-2019-yillar oraligʻida uygʻurlar va asosan musulmonlardan iborat boshqa ozchiliklarga qarshi tazyiqlar vaqtida keskin koʻpaygan.

Shinjon sudlari 2017-yilda qariyb 100 ming ayblanuvchiga hukm oʻqigan, 2016-yilda bu koʻrsatkich 40 mingdan kam boʻlgan, deb xabar beradi tashkilot rasmiy maʼlumotlarga tayanib.

Terrorizmga qarshi kurash nomi bilan “tez va qatʼiy jazo tayinlashi” uchun politsiya, prokuratura va sudlarga bosim oʻtkazilgan, natijada hech qanday qonunbuzarlik sodir etmagan koʻplab odamlar qamoqqa tashlandi, deydi huquqbon guruh.

Terrorizmga qarshi kurash nomi bilan “tez va qatʼiy jazo tayinlashi” uchun politsiya, prokuratura va sudlarga bosim oʻtkazilgan, natijada hech qanday qonunbuzarlik sodir etmagan koʻplab odamlar qamoqqa tashlandi, deydi huquqbon guruh.

2017-yilgacha chiqarilgan hukmlarning taxminan 11 foizida besh yildan ortiq jazo muddat belgilangan. 2017-yilda bu koʻrsatkich 87 foizga koʻtarilgan.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiysi HRW hisobotidagi xulosalarga raddiya berar ekan, tashkilot “doim Xitoy bilan bogʻliq masalalarda noxolis boʻlgan kelgani, koʻpincha Xitoyni yomonotliq qilish uchun yolgʻon bayonotlar tarqatgani va ularning iddaolariga ishonib boʻlmasligini” aytgan.

Orani ochiq qilishni istagan Pekin allaqachon “Gonkong bilan bogʻliq masalalarda nomaqbul yoʻl tutgan odamlar”, jumladan HRW direktori Kennet Rotga nisbatan ham sanktsiyalar joriy qilishga ulgurgan.

Eʼtirozning kuchayishi

Xitoyning Shinjondagi musulmon ozchiliklarga nisbatan siyosati va ularning hibsga olinishi, jumladan, ayollarning guruh boʻlib zoʻrlanishi va majburiy bichilishi hamda majburiy mehnat rejimining joriy qilinishi kabi holatlar dunyo davlatlari tomonidan keskin qoralangan.

AQSH Davlat departamenti Xitoyning Shinjondagi xatti-harakatlari genotsid deb hisoblanishini aytgan, chorshanba kuni Kanada parlamenti ham xuddi shunday deklaratsiyani qabul qildi.

Frantsiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian chorshanba kuni Xitoyning uygʻur ozchiligiga nisbatan siyosatini qoraladi.

Le Drian BMTning Jenevadagi Inson huquqlari boʻyicha kengashida videoaloqa orqali soʻzlar ekan, Shinjondan olingan hujjatlar va guvohlarning koʻrsatmalari “uygʻurlarga nisbatan asossiz amaliyotlar, keng koʻlamli kuzatuv va idoraviy repressiyalar tizimi” qoʻllanilayotganidan darak berishini aytgan.

Avvaliga Shinjondagi lagerlarning mavjudligini rad etgan Pekin endi ularni ekstremizmning taʼsirini kamaytirishga qaratilgan kasb-hunar markazlari deya oqlashga urinmoqda.

Shinjondagi etnik ozchiliklarga nisbatan munosabat Xitoydagi inson huquqlari taraqqiyotining “yorqin namunasidir”, deb bayonot berdi mamlakat tashqi ishlar vaziri Van I dushanba kuni.

U Xitoyning “doim inson huquqlarini himoya qilish tarafdori boʻlib kelganini” aytib, Shinjon va Xitoyda aholi jon boshiga YAIM hajmining oʻsgani va mintaqalarda umr koʻrish davomiyligining oshganini bunga dalil oʻlaroq keltirgan.

Yanvar oyida Xitoy rasmiylari Shinjonda aholi soning keskin kamayganini ayollar huquqlarini himoyalash sohasidagi yutuq deb iddao qilgan va majburiy sterilizatsiya holatlarini aniqlagan nufuzli mustaqil tadqiqotlarni rad etgan edilar.

“Shinjondagi uygʻur ayollari erkinlikka erishdilar, gender tengligi va reproduktiv salomatlik targʻiboti tufayli ular “bola ishlab chiqaradigan mashina” maqomidan xalos boʻldilar”, deb yozgan Xitoyning AQSHdagi elchixonasi oʻz tvitterida Shinjondagi tadqiqot markazining 2018-yildan beri viloyatdagi aholi sonining oʻzgarishi haqida shu vaqtga qadar eʼlon qilinmagan hisobotidan iqtibos keltirib.

Huquqbonlar va faollarga koʻra, tibetliklar Xitoy hukmronligi ostida bir qator diniy va madaniy cheklovlar, jumladan monastirlarning buzilishi bilan bogʻliq holatlarga duch kelishgan, natijada soʻnggi yillarda bir qancha tibetlik bunga norozilik sifatida oʻz-oʻziga oʻt qoʻygan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500