Karvonsaroy
Siyosat

Markaziy Osiyoliklar Putinning yaqinda Rossiyada boʻlib oʻtgan namoyishlardan qoʻrquvga tushganini koʻrmoqdalar

Kanat Altinbayev

Kremlda yolgʻiz oʻtirgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin, 21-dekabr. [Kreml]

Kremlda yolgʻiz oʻtirgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin, 21-dekabr. [Kreml]

OLMATA – Markaziy Osiyoliklarning aytishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va muxolifat lideri Aleksey Navalniy oʻrtasidagi ziddiyat ularga boshqa Putinni: kuchli, xarizmatik siyosatchi emas, balki oʻziga ishonmaydigan qoʻrqoq odamni koʻrsatib qoʻygan.

Ular ayniqsa, “xalqning Putinni qoʻllab-quvvatlayotganini” koʻrsatish uchun Kreml qoʻl urgan choralardan hayratda qolganliklarini aytganlar.

Rossiyada fevral oyining boshlarida oʻtkazilgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan Putinni qoʻllab-quvvatlovchi fleshmoblar va mitinglar hukumat amaldorlari tarafidan tashkillashtirilgan – buni tadbirlarga aldov yoʻli bilan olib kelingan koʻplab “ishtirokchilarning” keskin eʼtirozi oshkor qilgan.

Sahnalashtirilgan mitinglar norozilik keltirib chiqardi

9-fevral kuni Bi-bi-si Rossiyaning 10 dan ortiq shaharlarida tashkil etilgan va mahalliy universitetlar talabalari, budjet tashkilotlari va turli korxonalar xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan “Putin – bizning prezidentimiz” fleshmobi haqida xabar berdi.

Yaqinda Putinni “qoʻllab-quvvatlash” maqsadida oʻtkazilgan fleshmob videolavhasidan olingan kadr. [Fayl]

Yaqinda Putinni “qoʻllab-quvvatlash” maqsadida oʻtkazilgan fleshmob videolavhasidan olingan kadr. [Fayl]

31-yanvar kuni qamoqdagi muxolifat lideri Aleksey Navalniyni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazilgan miting chogʻida politsiya tomonidan qoʻlga olingan erkak. [Aleksandr Nemenov/AFP]

31-yanvar kuni qamoqdagi muxolifat lideri Aleksey Navalniyni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazilgan miting chogʻida politsiya tomonidan qoʻlga olingan erkak. [Aleksandr Nemenov/AFP]

“Bir qolipdagi bu videolavhalarda oʻnlab va yuzlab odamlarning vatanparvarlik qoʻshigʻi sadolari ostida Rossiya bayrogʻini hilpiratayotgani yoki prezidentni qoʻllab-quvvatlovchi shiorlarni hayqirayotganini koʻrish mumkin”, deb yozadi Bi-bi-si fleshmoblarni tasvirlab.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu videolavhalar fevral oyining boshlarida Putin hukumatida keng tarqalgan korrupsiya holatlari yuzasidan surishtiruv oʻtkazgan muxolifat lideri Navalniyning hibsga olinishiga qarshi ommaviy namoyishlar ortidan paydo boʻlgan.

“Putinni qoʻllab-quvvatlovchi” videolavhalar “Yagona Rossiya” partiyasiga mansub deputatlarning veb-sahifalaridan tarqatilgan.

17-yanvar kuni Berlindan kelganida hibsga olingan Navalniy xalqaro hamjamiyatning uni ozod etish haqidagi talablariga qaramay, hozirda 32 oylik qamoq jazosini oʻtamoqda.

Navalniyning hibsga olinishi ortidan butun Rossiya boʻylab uni qoʻllab-quvvatlovchi namoyishlar boʻlib oʻtdi va minglab odamlar hibsga olindi.

Bi-bi-si xabariga koʻra, talabalar, oʻqituvchilar, shifokorlar va boshqa davlat xizmatchilari oʻzlarini bu videolavhalarda koʻrib, tashkilotchilar ularni boshqa bahonalar, jumladan, COVID-19ga qarshi kurash yoki Vatan himoyachilari kunini nishonlash (butun Rossiya boʻylab 23-fevralda nishonlanadi) bahonasida tadbirga jalb qilishganini aytganlar.

Ayrim ishtirokchilar nima sababdan yigʻilganliklarini ham bilishmagan.

Jamoat tartibini buzish ayblovi bilan Navalniy tarafdorlarining namoyishlarini kuch bilan bostirgan Rossiya politsiyasi fleshmob ishtirokchilarini toʻxtatmagan. Davlat va Kreml nazorati ostidagi OAV Putinni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻtkazilgan mitinglarni keng yoritgan.

Baʼzi katta shaharlarda Putinni qoʻllab-quvvatlovchi sahnalashtirilgan tadbirlar norozilik keltirib chiqargach, deputatlar videolavhalarni oʻz veb-sahifalaridan oʻchirib tashlaganlar.

“Boshqa Putin”

Kuzatuvchilar va oddiy Markaziy Osiyoliklar “xalq Putinni qoʻllab-quvvatlashini” koʻrsatish uchun Kreml tarafdan amalga oshirilgan xatti-harakatlardan hayratda qolishgan.

Ularning soʻzlariga koʻra, nima boʻlgan taqdirda ham Rossiya hukumati u yerdagi haqiqatni yashira olmaydi.

Rossiyada yuz berayotgan voqealar Putin xorijdagi imidjidan xavotirda emasligini koʻrsatmoqda, deydi siyosiy tahlilchi va yozuvchi, olmaotalik Vadim Boreyko.

“Rossiya hukumatining bunday noqonuniy harakatlari hozirgi Kreml siyosatining qonunlar, inson huquqlari yoki oddiy insonparvarlikka mutlaqo daxli yoʻq ekanini koʻrsatib turibdi”, deydi Boreyko.

Rossiyadagi soʻnggi siyosiy hodisalar rejimning niqobini yechib tashlab, uning haqiqiy qiyofasini fosh etdi, deydi “Uygʻon Qozogʻiston” yoshlar harakatining faoli, olmaotalik siyosiy tahlilchi Dimash Aljanov.

“Kreml va Navalniy oʻrtasidagi qarama-qarshilik Putinning psixologik komplekslarini ochib tashladi va uning kuchli siyosatchi sifatidagi imidjini yoʻqqa chiqardi. Rossiyaliklar boshqa, chinakam qoʻrquvga tushgan Putinni koʻrdilar”, dedi u. “Uning siyosiy kelajagi noaniq.”

Aljanov Rossiyadagi yangi namoyishlarning yaqin kelajakda yana kuch toʻplab, mamlakatning avtoritar rejimini qulatishiga umid bildirgan.

Uning soʻzlariga koʻra, Markaziy Osiyodagi progressiv fuqarolik jamiyati Rossiyadagi oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashi kerak.

Putin “odamlarning ishonchini yoʻqotdi”

Rossiya hukumati oʻz xalqidan qoʻrqadi, shuning uchun ham odamlar gʻalaba qozonish uchun koʻchalarga chiqishlari kerak, deb aytdi Kloop.kg veb-saytining hammuassisi bishkeklik Bektur Iskender.

U Rossiyaning boshqaruvini “noqonuniy rejim” deb atagan. Shu sababli Qirgʻizistondagi demokratik islohotlar istiqboli ham mavhumligicha qolmoqda, dedi u.

“Rossiya hukumatidagi jinoiy unsurlar mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlarga taʼsir oʻtkazib kelyapti: ular hukumatda avtoritar boshqaruv modelini tatbiq qilishmoqda”, dedi Iskender.

Putin hukumati boshqa sobiq Sovet mamlakatlariga ham shunday destruktiv taʼsir oʻtkazmoqchi, dedi u.

Kreml Putinni qoʻllab-quvvatlash tadbirlarini sahnalashtirayotgan boʻlsa, rossiyaliklarni ahmoq qilayotgan boʻladi, deydi “Avitsenna” qurilish kompaniyasida ishlaydigan dushanbelik Abdurahmon Hasanov.

“Odamlar quvvatlovlarini erkin ifoda etishlari kerak, ularni bunday pastkashlik bilan aldash u yoqda tursin, bunga undash ham kerak emas”, dedi Hasanov. “Putin rejimi shunday qilishga majbur boʻlyaptimi, demak u odamlarning ishonchini yoʻqotgan va qudratda uzoq qolmaydi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bunkeridan chiqibdimi?

Javob berish

Putin ishtoniga oʻtirib qoʻydi.

Javob berish

Bunker kalamushi yorugʻlikka chiqmayotganiga yaqinda bir yil boʻladi.

Javob berish

Nega endi Putler [Putin va Gitlerning qorishmasi] oʻlgudek qoʻrqmasin? U Rossiyada ham, undan tashqarida ham juda koʻp jinoyatlar sodir etgan. Harbiy jinoyatlar esa eskirmaydi. U Rossiyada allaqachon oʻz dastagini yoʻqotib boʻlgan. Taxti qimirlab qolgan. Uni Qaddofiyning taqdiri kutayotgan boʻlishi mumkin.

Javob berish