Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Rossiyaning shubhali vaʼdalari tufayli Tojikiston YOIIga ishonchsizlik bilan qaramoqda

Kanat Altinbayev

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon (chapda) va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvadagi uchrashuv chogʻida, 2019-yil, 17-aprel. [Aleksandr Nemenov/Pool/AFP]

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon (chapda) va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvadagi uchrashuv chogʻida, 2019-yil, 17-aprel. [Aleksandr Nemenov/Pool/AFP]

DUSHANBA – Rossiya hukumati Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qoʻshilishi uchun Dushanbega bosimni kuchaytirmoqda. Aʼzolik evaziga Kreml tojikistonlik migrantlar uchun qulay sharoit yaratib berishga ishora qilmoqda.

Ammo kuzatuvchilar va qoʻshni mamlakatlarning ogohlantirishicha, bunday kelishuvning teskari tarafi ham bor.

Tojikistonlik ishchi-migrantlar Rossiyada allaqachon ogʻir qiyinchiliklarga duch kelishgan va shundoq ham yuqori boʻlgan byurokratik toʻsiqlar bundan keyin yanada kuchayishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Rossiya yetakchiligidagi savdo blokiga aʼzolik Qozogʻiston va Qirgʻiziston uchun foydasiz ekanligi oʻz isbotini topgan.

24-mart kuni Moskvadagi Vnukovo aeroportida oʻz reyslarini kutayotgan Markaziy Osiyoliklar. [Aleksandr Nemenov/AFP]

24-mart kuni Moskvadagi Vnukovo aeroportida oʻz reyslarini kutayotgan Markaziy Osiyoliklar. [Aleksandr Nemenov/AFP]

Pul joʻnatmalariga qaramlik

Mehnat migratsiyasi va xorijiy mamlakatlardan keladigan pul joʻnatmalari Tojikiston iqtisodiyoti tayanadigan omillardan biridir.

Jahon bankining oktabr oyidagi maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yili pul oʻtkazmalari Markaziy Osiyo mamlakatlari yalpi ichmi mahsulotning (YIM) sezilarli ulushini tashkil qilgan – Qirgʻizistonda 25, Tojikistonda 26 va Oʻzbekistonda 6 foiz.

Pandemiyadan avvalgi 2019-yilda pul oʻtkazmalari hajmi bundan ham kattaroq edi.

2020-yilning dastlabki uch choragida Rossiyadan Tojikistonga yuborilgan pul oʻtkazmalari 1,2 mlrd. AQSH dollariga (13,7 mlrd. somoniy) yetgan, bu avvalgi yilning shu davriga nisbatan 37 foizga kam, deyiladi Rossiya banki xabarida.

COVID-19 pandemiyasi davrida Rossiya bir qator postsovet mamlakatlar bilan chegarani yopgan. Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Belarus oʻrtasidagi aviareyslar tiklangan, ammo Tojikistonga yoʻllar ochilmagan.

Rossiya YOIIga aʼzo boʻlmagan Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida vaqti-vaqti bilan viza rejimini joriy qilib kelgan, deydi Toshkentdagi “Bilimlar karvoni” tahlil markazi rahbari Farhod Tolipov.

“Shu tariqa Rossiya Markaziy Osiyo davlatlarini “oʻziniki” va “begona”larga ajratmoqda”, dedi Tolipov.

Rossiya Tojikistonga bosim oʻtkazmoqda

Mehnat migratsiyasini chegaralash bilan Rossiya rejimi YOIIga qoʻshilishi uchun Tojikistonga bosim oʻtkazmoqda, deydi kuzatuvchilar. Bu orada, Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari Dushanbega toʻgʻridan-toʻgʻri ochiq signallar yubormoqda.

Rossiyaning tashviqot kanallaridan boʻlgan “Sputnik” nashri 11-fevral kuni Rossiyaning oʻrta va kichik eksportchilar uyushmasi rahbari hamda Rossiya xalqaro eksportni rivojlantirish agentligi bosh direktori Yuriy Shurigin bilan intervyu oʻtkazdi.

Shurigin Tojikiston Xitoydan koʻra YOIIni afzal koʻrishi kerakligini aytib oʻtgan. U “Xitoy chegaralarni deyarli yopib qoʻygan” pandemiya davridagi “vaqtinchalik pauzaga” ishora qilgan.

“Tojikistonning Xitoy bilan iqtisodiy aloqalar borasidagi umidlari amalga oshmadi, mamlakat yetakchilari va biznes hamjamiyati YOIIga qoʻshilish orqali bu imkoniyatlarga ega boʻlishlari mumkin”, deb aytgan u.

Rossiya hukumati Dushanbe YOIIga qoʻshilgan taqdirda tojikistonlik migrantlar uchun qulay sharoit yaratib berishini bildirgan.

Ammo, ichkaridagi vaziyatdan xabardor kuzatuvchilar bunga shubha bilan qaramoqda.

Moskva Tojikistonni YOIIga jalb qilish choralarini jadallashtirib, amalga oshmaydigan vaʼdalar bermoqda, deydi “Utro Mira” nodavlat tashkiloti raisi moskvalik Valentina Chupik.

“Rossiya hukumati Tojikistonning mehnat migratsiyasiga qaramligidan oʻz geosiyosiy manfaatlari yoʻlida foydalanmoqda”, deydi u. “Ammo Tojikiston YOII aʼzosi boʻlganidan keyin, migrantlar uchun vaziyat yanada yomonlashadi.”

Rossiyada migrant ishchilar ogʻir sharoitlar va diskriminatsiyaga duch kelishmoqda, koronavirus pandemiyasi vaqtida reyslar toʻxtatilishi ortidan ularning koʻpchiligi ishsiz va yordamsiz qolib ketgan.

YOIIga aʼzo mamlakatlar migrantlari soliq imtiyozlarini kutmasliklari kerak, deydi Chupik Rossiya parlamenti bunday majburiyatlarni yanada ogʻirlashtiruvchi qonun loyihasini ishlab chiqayotganiga ishora qilib.

“Biz ehtiyot boʻlishimiz kerak”

Tojikistonning YOIIga aʼzo boʻlishi ehtimoli jamoatchilik tanqidiga sabab boʻlmoqda.

“Hech qanday mezon yoki majburiyatlarsiz qashshoq mamlakatlarni kuch bilan boʻysundirish qanday bemaʼnilik boʻldi?!” deb yozgan fevralda dushanbelik Muzaffar Imomdod oʻzining Facebook sahifasida. “Men bunga butkul qarshiman!”

Rossiya rejimi provokatsiyalar uyushtirishi mumkin, “biz juda ehtiyot boʻlishimiz kerak”, deb yozadi u.

“Hukumatimiz uchun ichki va umuman davlat manfaatlari haqida qaygʻuradigan vaqt keldi. Aks holda Rossiya tashviqoti va provokatsiyalari tufayli tasavvur qilganimizdan ham koʻproq narsa yoʻqotishimiz mumkin.”

Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti professori, bishkeklik Bolot Kalmirzayev Facebook tarmogʻidagi Imomdodning fikriga javoban 2015-yildan beri YOII aʼzosi boʻlgan Qirgʻizistonning xuddi shunday qiyinchiliklarga duch kelgani haqida yozgan.

“Bojxona ittifoqi (YOIIning eski nomi) bizga hech qanday foyda keltirgani yoʻq”, deb yozgan u. “Ayniqsa, bundan mahalliy tadbirkorlar katta zarar koʻrdilar.”

Dushanbe Pekin bilan iqtisodiy munosabatlarga salbiy taʼsir qilishidan qoʻrqib, Rossiya rahbarligidagi savdo blokiga aʼzo boʻlishni paysalga solayotgan koʻrinadi.

Shvetsiyada yashovchi tojikistonlik siyosatshunos Parviz Mullojonov Tojikistonning 2021-yilda YOIIga qoʻshilishiga unchalik ishonmayapti.

“Tojikistondagi yirik biznes Xitoy bilan yaqindan hamkorlik qiladi, shuning uchun u YOIIga qoʻshilish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlamaydi”, dedi u.

Mehnat migratsiyasining salbiy taʼsiri

Yanvar oyida Jahon banki tomonidan eʼlon qilingan hisobot mualliflari pul oʻtkazmalarining Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga salbiy taʼsirini oʻrganganlar.

Hisobotga koʻra, asosan Rossiyadan Tojikiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonga yuborilayotgan pul joʻnatmalari ushbu mamlakatlar iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Ular iqtisoddagi raqobatdoshlikni pasaytirib, inflatsiyani kuchaytirmoqda, investorlarni choʻchitib, ishlab chiqarish sohasi va yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga toʻsqinlik qilmoqda.

Masalan, Tojikistonda 40 foizga yaqin oilalar pul joʻnatmalari hisobiga kun kechiradi.

Mintaqa mamlakatlariga kirib kelayotgan xorijiy valyuta, shuningdek eksport va iqtisodiyotning real oʻsishiga toʻsqinlik qilib, mahalliy valyuta kursini oshirib yubormoqda.

Bu tendensiya nafaqat ichki, balki tashqi bozorlarda ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining raqobatbardoshligini pasaytiradi, sababi mahalliy kompaniyalar ishchi kuchi bilan bogʻliq xarajatlarning oʻsishiga duch kelmoqdalar, deyiladi hisobotda.

Markaziy Osiyo respublikalari ichida tabiiy resurslarga boy Qozogʻistongina ishchi kuchi eksport qilmay, balki uni jalb qiladi va mehnat migrantlarining pul oʻtkazmalariga qaram emas.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 19

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Tojikiston kabi mamlakatlar uchun yolgʻiz holda jon saqlash qiyin boʻladi. Ammo, masalan, bu xalqqa Xitoydan koʻra Rossiya yaqinroq. Shuning uchun Rossiya bilan boʻlgan maʼqul. Tojikistonning oʻzida juda koʻp muammolar va adolatsizliklar bor; masalan, mahalliychilik.

Javob berish

Tojik burjuaziyasi uchun YOII manfaatli emas. Xitoy bozori esa katta. Oddiy odamlar uchun esa manfaatli. Xitoyga oʻzining ishchi kuchi yetib ortadi.

Javob berish

Ha, bularning bari oʻylayotganimizdan ham qoʻrqinchliroq.

Javob berish

Tojikiston shunchalik mustaqil va mustahkam mamlakat boʻlsa, nega unda Rossiya va Qozogʻistonga ishlgani kelasizlar? Oʻz mamlakatingizda ishlab, iqtisodiyotingizni koʻtaring.

Javob berish

TOJIKISTON – MUSTAQIL, HUQUQIY DAVLAT, BIZ TOJIKLARGA ROSSIYA BILAN YOII KOʻRINISHIDAGI BU ITTIFOQ UMUMAN KERAK EMAS.

Javob berish

Prezidentimiz IMOMALI RAHMON malades!! Yashasin prezidentimiz IMOMALI RAHMON!

Javob berish

Toʻgʻri! Bu yerda hech kimga kerak emassizlar! Xitoyga boringlar. Xitoyliklarga ishlanglar. Ular sizni tezda yutib yuborishadi.

Javob berish

Adashmasam, 2014 yoki 2015-yilda, aniq eslay olmayman... Ular Tojikiston bilan Rossiya harbiy bazasiga oid shartnoma muddatini uzaytirishlari kerak edi. Keyin [Rossiya bosh vaziri oʻrinbosari Igor] Shuvalov shaxsan Tojikiston televideniyesi orqali jonli efirga chiqdi. U aprel oyidan boshlab faqat Tojikiston fuqarolari uchun Rossiyada yashash ruxsatnomalari mamlakat hududidan chiqmay 3 yilga rasmiylashtirilishini vaʼda qilgan. Rossiya yana nimalarni vaʼda berganini yaxshi eslay olmayman. Tojikiston juda arzon narxda harbiy baza shartnomasini uzaytirishi bilan, Rossiya oʻz vaʼdalarini unutdi. Hukumatimiz esa janob Shuvalovga uning balandparvoz vaʼdalarini eslatishga ham uringani yoʻq... shuning uchun men YOIIga aʼzolikka qarshiman! (Chunki doim faqat puch vaʼdalar beriladi.)

Javob berish

Yevropa Ittifoqi bitta choʻqinib oldi hozir

Javob berish

Rossiya oʻzini migrantlardan, jumladan mehnat migrantlaridan va SSSR boʻyicha sobiq vatandoshlarga nisbatan nafratdan saqlanishi kerak. Mustaqil va baxtli yashashlariga qoʻyib beringlar.

Javob berish

Toʻppa-toʻgʻri! Erkinlik xohlagan edingiz; mana endi unga tiqilib oʻling.

Javob berish

Nafaqat bu ittifoq, balki Tojikiston hukumatining oʻzi ham rasvo.

Javob berish

Hokimiyatning haqiqiy yutuqlarini bilmay tanqid qilma, (qolgani tojik tilida).

Javob berish

Bu ittifoqning turgan-bitgani bemaʼnilik. Ammo bizning migrantlar bu Ittifoqning mohiyatini tushunmasdan uni yoqlamoqda. Shuni unutmang, biz (ayniqsa migrantlar) Ittifoqga aʼzo boʻlsak, yutmaymiz. Aksincha, migrantlar yanada zaiflashadi va ish beruvchilarga qattiqroq qaram boʻlib qoladi. Qisqasi, Ittifoq shartnomasini imzolash bilan biz oʻzimizni sirtmoqqa, qullikka tushiryapmiz.

Javob berish

Oddiyroq qilib tushuntir, iltimos

Javob berish

Agar tojikistonlik deputatlar yoki mansabdor shaxslardan kimdir bu izohni oʻqiyotgan boʻlsa, diqqat bilan oʻqisin: bu ittifoq tufayli biz 44 milliard dollar yoʻqotdik. Bir soʻz bilan aytganda, shartnomadagi hech bir bandga yozilgani kabi rioya qilinmayapti. Shunday ekan, bu bamisoli qarta oʻyinidir, uchta oʻyinchidan har birining yengida qoʻshimcha qartalar dastasi bor.

Javob berish

Oʻzingiz ham raqamlarga eʼtiborli boʻling

Javob berish

YOII faqat Rossiyaga foyda keltiradi.

Javob berish

Bizga bunday Bojxona ittifoqi kerak emasligi aniq.

Javob berish