Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Qozogʻiston biznes doiralari Rossiyaning yagona elektron savdo “operatorini” yaratish tashabbusidan xavotirda

Anna Karr

Internet-xaridni amalga oshirayotgan ayol, Olmaota, 25-fevral. [Anna Karr/Karvonsaroy]

Internet-xaridni amalga oshirayotgan ayol, Olmaota, 25-fevral. [Anna Karr/Karvonsaroy]

OLMAOTA – Kremlning Rossiya boshchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) doirasida elektron tijorat qoidalarini belgilaydigan yagona “operatorni” (nazoratchi organ) tashkil etishga urinishi Qozogʻistondagi ishbilarmon doiralarni xavotirga solmoqda.

Qozogʻiston tadbirkorlar milliy palatasi “Atameken” Qozogʻiston yagona elektron savdo operatorini joriy qilishga tayyor emasligini bildirgan boʻlsa-da, YOIIning nazorat organi boʻlgan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YOIK) uni tashkil etish payiga tushgan.

Elektron tijorat operatori YOIIga aʼzo davlatlar bojxona idoralari faoliyatini soddalashtirish va transchegaraviy onlayn savdo va bojxona omborlarini rivojlantirishga koʻmaklashishi aytilmoqda.

Tashkil etilgan taqdirda mazkur organ xorijdagi elektron tijorat saytlarida tovarlar xarid qilgan jismoniy shaxslar uchun elektron bojxona deklaratsiyalarini tuzish, bojxona toʻlovlarini hisoblash va toʻlash, shuningdek, YOIIga aʼzo davlatlar bojxona organlariga xorijiy elektron tijorat saytlaridagi tovarlar maʼlumotlarini yetkazish bilan shugʻullanadi.

Suratda: Olmaotadagi Rossiya avtomobillarini sotadigan dilerlik markazi, 2020-yilning fevral oyi. Rossiyaning “GAZ” avtomobil ishlab chiqaruvchisi YOII preferensiyalaridan foydalangan holda Qozogʻiston bozorini monopollashtirishga urinib keladi. [Kanat Altinbayev]

Suratda: Olmaotadagi Rossiya avtomobillarini sotadigan dilerlik markazi, 2020-yilning fevral oyi. Rossiyaning “GAZ” avtomobil ishlab chiqaruvchisi YOII preferensiyalaridan foydalangan holda Qozogʻiston bozorini monopollashtirishga urinib keladi. [Kanat Altinbayev]

Shoshilinch xatti-harakatlar

“Atameken” YOIKning loyiha maqsadlarini aniq tushunmay, elektron tijorat operatorini yaratish tashabbusi yuzasidan bir necha bor xavotir bildirgan, deyiladi “Atameken”ning 22-fevral kuni internetda eʼlon qilingan bayonotida.

Butun savdo bloki uchun bitta elektron tijorat operatori tashkil etiladimi yoki bir nechtami, unda qancha va qanday xodimlar ishlaydi kabi savollar borasida YOII hali bir qarorga kelmagan.

“Sinov loyihalarni amalga oshirish va natijalarni tahlil qilishdan avval, YOII qoidalarini ishlab chiqish va joriy qilish urinishlari xavotirga sabab boʻlmoqda”, deyiladi “Atameken” veb-saytidagi bayonotda.

“Atameken” bayonotiga koʻra, YOIK asosiy yondashuvlar va konsepsiyani koʻrib chiqmay, Bojxona kodeksiga oʻzgartirish kiritishga tayyorlanmoqda. Bunday holat YOII tarixida ilk bor kuzatilyapti.

YOII yagona elektron tijorat operatorini yaratish masalasini joriy yilning birinchi yarmida maʼqullamoqchi.

Rossiya manfaatlarini ilgari surish

YOIK qarorlari ittifoqning bosh aʼzosi Rossiyaga bogʻliq. (Mazkur elektron tijorat operatori kabi) har qanday YOII organining aksar aʼzolari Moskvaning siyosatini ilgari suradigan rossiyaliklardan iborat boʻladi, deydi Nur-Sultonlik iqtisodchi Andrey Chebotarev.

“YOII – teng huquqli ittifoq emas. Ittifoqda bitta katta oʻyinchi – Rossiya bor va u YOII mamlakatlariga umumiy qarorlar va yashash qoidalarini majburlab oʻtkazadi”, dedi u.

“[YOIIdagi] qoidalar umumiy manfaat uchun hammani murosaga keltiruvchi muzokaralar va kelishuv orqali qabul qilinmaydi, aksincha Kremlning qarashlari bilan belgilanadi”, dedi u.

Chebotarevga koʻra, YOII Sovet davriga xos tuzilma, oʻsha paytda ittifoqning Rossiyadan boshqa aʼzolari iqtisodiy erkinlikka ega emas edilar. Sovet Ittifoqi respublikalarning umumiy konfederatsiyasi boʻlib koʻrinsa-da, iqtisodiy siyosatni Moskvaning yakka oʻzi yuritar edi.

“Hozirda hammamiz mustaqil davlatmiz, ammo YOIIning har bir qarorida barchani bitta mamlakat [Rossiya] ostida yashashga majburlash istagi mavjud”, deb xulosa qildi iqtisodchi.

Rossiya kompaniyalariga ustuvorlik berish

YOIIda yagona elektron savdo operatorini yaratish boʻyicha munozaralar ikki yil oldin boshlangan, ammo gʻoya mujmal va xom edi, deydi Qozogʻiston internet biznesi va mobil tijorat assotsiatsiyasi prezidenti Konstantin Gorojankin.

“Hozirda savdo sohasida bartaraf etish kerak boʻlgan va butun boshli xalqaro organ tuzishni taqozo etuvchi hech qanday toʻsiqlar yoʻq. Shuning uchun men ishbilarmon sifatida, rossiyaliklarga nima uchun yagona davlat organi kerakligini tushuna olmayapman”, dedi u.

“Bu tashabbusni biz (internet-biznes uyushmasi) bilan hech kim muhokama qilmagan va qilmayapti”, dedi Gorojankin.

Soʻnggi bir necha yildan beri Qozogʻiston hukumati onlayn tijorat rivojiga katta eʼtibor qaratib kelmoqda va bu borada bir nechta davlat dasturlarini qabul qilishga ulgurdi, deydi Dresscode internet-doʻkonining sohibi, chimkentlik Daulet Boyjigitov.

2021-2025-yillarga moʻljallangan soʻnggi dastur elektron savdo rivojini monitoring va tahlil qiluvchi yagona tizimni yaratish hamda elektron tijorat boʻyicha statistik hisobotlar va tadqiqotlarni takomillashtirishni koʻzda tutadi.

“Ushbu dasturda Qozogʻistondagi kompaniyalar va mijozlarning barcha ehtiyojlari inobatga olingan. Boshqacha qilib aytganda, tashqi operatorga hech qanday ehtiyoj yoʻq”, dedi Boyjigitov.

“Lekin, agar gʻoyaga siyosiy nuqtai nazardan qaralsa, hammasi tushunarli boʻladi. Rossiya SSSRning vorisi sifatida qanday qilib yagona [postsovet] makonda hukmronlikni oʻz qoʻliga olishni oʻylamoqda”, deb qoʻshimcha qildi u.

Markaziy tuzilma shakllanganidan soʻng, u butun ishbilarmon doiralar uchun oʻz qoidalarini oʻrnatishni boshlaydi va Qozogʻiston yoki qirgʻizistonlik biznesmenlar bilan ishi ham boʻlmaydi, dedi u.

Boyjigitovning taxminicha, Kreml birinchi navbatda rossiyalik ishlab chiqaruvchilar haqida qaygʻuradi.

“Masalan, u Amazon yoki boshqa xorijiy elektron tijorat maydonchalaridan olingan tovarlarga bojlarni oshirib, shu yoʻl bilan odamlarni bevosita rossiyalik ishlab chiqaruvchilarning tovarlarini sotib olishga majburlaydi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Gap deklaratsiyada koʻrsatiladigan bojxona qiymatini nazorat qilish toʻgʻrisida ketmoqda - u [bojxonachilar tarafidan] doim atayin kamaytirib koʻrsatiladi. Shuningdek, Qozogʻistonga kontrabanda mahsulotlar olib kirish bilan shugʻullanadigan [noinsof qozoq bojxonachilari] haqida. Bu yerda gap shaffoflik, roʻyxatga olish va tartib haqida ketmoqda. Bojxona bilan bogʻliq muammolarni “hal qilish” Qozogʻistonda odat tusiga kirgan; kompyuter texnologiyalariga nisbatan negativ munosabatning asosiy sababi ham shu.

Javob berish

Bu Bojxona Ittifoqidan chiqishimiz lozim.

Javob berish