MOSKVA – Minglab rossiyaliklar va gʻarb mamlakatlari diplomatlari oʻtgan shanba (27-fevral) kuni bundan olti yil avval muxolifatchi siyosat arbobi Boris Nemtsov otib ketilgan koʻprik ustida uni xotirlar ekan, Qoʻshma Shtatlar Kremlning soʻz erkinligiga toqatsiz boʻlib borayotganidan “chuqur xavotirda” ekanligini bildirgan.
“Qotillik qurboni boʻlgan “maʼnaviy yoʻlboshchiga” hurmat bajo keltirish uchun bu yerga yoshu qari oʻz farzandlari bilan keldi”, deb aytgan Nemtsovning eng yaqin doʻsti va safdoshi Ilya Yashin shanba kuni Moskvadagi “Exo Moskvi” muxolifat radiostansiyasida “Grani nedeli” dasturining Nemtsov xotirasiga bagʻishlangan sonida.
“Faqat Rossiyada emas, balki hech bir mamlakatda u oʻldirib ketilgan joyga shuncha vaqt davomida, har kuni gul olib kelingan boshqa siyosatchini bilmayman”, deb aytgan u.
“Rejim haddidan oshdi”
Nemtsov 2015-yil 27-fevral kuni Kreml yaqinidagi Bolshoy Kamenniy koʻprigi ustida otib ketilgan. Bu kabi ochiq, koʻplab qoʻriqchilar va kuzatuv kameralari bor joyda sodir etilgan suiqasd ommani qoʻrqitish uchun qilingani aniq edi.
Nemtsovga qarata toʻrt marta oʻq uzilgan va u oʻsha joyning oʻzida vafot etgan.
Yakunda Rossiya tergov qoʻmitasi kavkazlik besh fuqaro: Zaur Dadayev, Xamzat Baxayev, Anzor va Shadid Gubashev hamda Temirlan Eserxanovlarni aybdor deb topgan.
Dastavval gumondorlar diniy adovat sabab jinoyat sodir etganliklarini aytishgan, ammo yakunda tergov va sud Nemtsovning 15 mln. rubl (200 ming AQSH dollari) uchun oʻldirilgani haqida xulosa chiqargan.
2017-yilning iyulida sud hayʼati ularni aybdor deb topgan. Ammo Nemtsovning doʻstlari va boshqa kuzatuvchilar tergovni adolatli yakunlanmagan deb hisoblaydi.
Suiqasdni tashkillashtirgan ikki erkak (Ruslan Muxudinov va Ruslan Geremeyev) olti yildan beri erkinlikda. Ammo Nemtsovni oʻldirish haqidagi buyruq bu ikkovidan ham yuqoriroq lavozimdagi shaxslar tarafidan berilgan, deydi ayrim kuzatuvchilar.
Rossiya hukumati oʻz ixtiyoriga koʻra jinoiy ishni siyosiy suiqasd sifatida tergov qilishdan bosh tortgan, deydi rossiyalik demokratiya faoli, siyosatchi, muharrir va kinoijodkor, Nemtsovning qadrdon doʻsti va “Erkinlik” uchun jamgʻarmasi raisi Vladimir Kara-Murza.
Kara-Murzaning oʻzi ikki marta shubhali zaharlanish bilan bogʻliq suiqasddan omon qolgan.
Nemtsovning safdoshlari Rossiya aʼzo boʻlgan Yevropa Kengashi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi (YXHT) xalqaro idoralarga murojaat qilib, xalqaro nazorat amaliyotlarini joriy qilishni soʻraganlar.
Kara-Murzaning aytishicha, 2020-yil fevralda eʼlon qilingan YXHT hisobotiga koʻra, “Vladimir Putin Ramzan Qodirovga bu suiqasdni qayerda, qachon va qanday sharoitlarda amalga oshirishga buyruq bergani haqida guvohlarning aniq koʻrsatmalari mavjud”.
Chechenistonning qudratdagi yetakchisi Qodirov Putinning eski safdoshlaridan sanaladi.
“2012-yilning fevral oyi boshlarida Rossiya muxolifati yetakchilariga qarshi rejalashtirilayotgan repressiyalar haqida xabar topdim”, deb aytgan quvgʻindagi chechenistonlik siyosatchi Ahmad Zakayev YXHT hisobotida. “Rossiyaning yuqori lavozimli rasmiylari Rossiya muxolifati yetakchilarini bartaraf etish rejasini tuzganlari haqida menga Chechenistondan xabarlar kelib tushgan. Ular, xususan Boris Nemtsov va Garri Kasparovni oʻldirishni rejalashtirgan edilar.”
“Oʻsha laʼnati kechada rejim chegaradan chiqdi”, deb aytgan Kara-Murza Karvonsaroy nashriga. “Kremldan 200 metr narida muxolifat yetakchisini otib keta olishsa va buning uchun ahamiyatsiz ijrochilardan boshqa hech kim javobgarlikka tortilmasa, repressiyalar haqida, inson huquqlari haqida nima deyish mumkin?”
“Zamonaviy Rossiya tarixidagi eng shov-shuvli siyosiy suiqasd yuz berganiga olti yil toʻldi, uning tashkilotchilari va tashabbuskorlari esa Rossiya davlatining toʻliq himoyasi ostida.”
Uni nega bunchalik yomon koʻrishardi?
“U Putin diktaturasi tashkil etilayotgan vaqtlardayoq juda muhim shaxslardan biri edi, shu bois ham undan nafratlanishgan”, deydi Nemtsovning yaqin doʻsti, siyosatchi Vladimir Milov “Exo Moskvi” radiosi dasturida. “Ishonchim komilki, uni oʻldirish va yoʻq qilish ancha oldin rejalashtirilgan. U mamlakatimizga diktatura qaytib kelishini hech qachon tan olmaydiganlardan edi.”
“Albatta, Putin uchun bu jiddiy muammo edi”, deydi u.
Milovning soʻzlariga koʻra, Nemtsovning gʻoyalari Putinnikiga umuman teskari boʻlgan.
2010-yilda Milov va Nemtsov “Putin. Yakunlar. 10 yil” deb nomlangan hisobotni chop etdi. Unda Putin faoliyatini keskin tanqid ostiga oluvchi aniq dalillar keltirilgan edi. Broshurani Nemtsovning shaxsan oʻzi turli metro bekatlari oldida tarqatgan.
Doʻstlari uni “tuzalmas optimist” deb yodga olishadi.
Nemtsov AQSH tarafidan Rossiyadagi (va dunyoning boshqa mamlakatlaridagi) korrupsioner rasmiylar va inson huquqlarini poymol qiluvchilarni aniqlash va ularga jazo choralari qoʻllashni koʻzda tutadigan xalqaro Magnitskiy roʻyxatini qoʻllab-quvvatlagan, dedi Kara-Murza “Grani nedeli” dasturida.
“Magnitskiy roʻyxati mualliflaridan biri – AQSH senatori Jon Makkeynga koʻra, bu hujjat Boris Nemtsovsiz amalga oshmas edi”, deya yodga oladi Kara-Murza.
Yangi va yanada agressivroq siyosatning boshlanishi
“Boris Nemtsovning oʻlimi – bamisoli eshikning yopilishi boʻldi. Kreml eshikni yopib, ortga yoʻl yoʻq, deb aytdi”, deydi litvalik siyosatchi va Yevropa Parlamenti aʼzosi Petras Aushtrevichyus Karvonsaroy bilan suhbatda.
“Nemtsovning oʻlimi impulsiv harakat boʻlmagan, u tizim aniq bir qarorga kelgani va ortga qaytmasligini anglatar edi”, dedi u.
“2014-2015-yillardan beri hammasi yomonlashib boryapti. Koʻz oldimizda Rossiya bilan chegaradosh mamlakatlarga qarshi va dunyo boʻylab Vagner guruhining zoʻravonliklari roʻy bermoqda”, dedi Aushtrevichyus Kreml nomidan dunyo boʻylab proksi urushlarda ishtirok etayotgan yollanma kuchlarni nazarda tutib. “Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyga qarshi suiqasd ham shular jumlasidan.”
“Putin hech narsani oʻzgartirmoqchi emas”, dedi u.
“U xalqning fikri bilan qiziqmay, oʻziga qasrlar quryapti va butun dunyoga gʻirt yolgʻon gapira oladi ham. Bu kelajakda Rossiyaning imidjiga naqadar salbiy taʼsir qilishini umuman oʻylayotgani ham yoʻq.”
Yevropa Ittifoqi (YI) Kremlda nimalar boʻlayotganini, “u yerda kim oʻtirgani, Rossiyadek katta mamlakatni kim boshqarayotgani va bunday rahbariyat butun dunyoga xavf solishini” toʻliq anglamayapti, deydi Sovet Ittifoqi dahshatlari hali unutilmagan mamlakatdan kelgan Aushtrevichyus.
Kremlning repressiyalari davom etmoqda
Nemtsovning oʻldirilganiga olti yil toʻlishi arafasida Navalniy siyosiy motivlarga ega deb qoralagan 32 oylik qamoq jazosini oʻtash uchun mashʼum axloq tuzatish koloniyasiga joʻnatilgan.
Ushbu chora Gʻarb mamlakatlari, jumladan, Yevropa Ittifoqi va AQSH bilan shundoq ham tang boʻlgan munosabatlarni yanada keskinlashtirgan.
Seshanba kuni Qoʻshma Shtatlar yetti nafar yuqori martabali rossiyalik amaldorga nisbatan sanksiyalar joriy qildi – razvedka Navalniyni zaharlash amaliyoti Moskva tarafidan uyushtirilgan degan xulosaga kelgan.
AQSH prezidenti Jo Bayden maʼmuriyati Yevropa Ittifoqi bilan muvofiqlashtirilgan choralar doirasida Putinni korrupsiyada ayblashi ortidan norozilik namoyishlarini keltirib chiqargan va qamoqqa olingan Navalniyni ozod etilishini talab qilgan.
“Razvedka hamjamiyati katta ehtimol bilan Rossiya federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari 2020-yilning 20-avgust kuni Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyni zaharlash uchun asabni falajlovchi “Novichok” moddasini qoʻllaganini taxmin qilmoqda”, deb aytgan AQSHning yuqori lavozimli rasmiylaridan biri.
Nemtsov xotirasi
Nemtsov 2000-yillarning boshidayoq Putin avtoritar yoʻlni tanlagani va Rossiya demokratiya yoʻlidan qaytgani haqida ogohlantira boshlagan edi, deydi uning doʻstlari.
“Biz Rossiyani Yevropa mamlakati deb bilamiz”, deydi Kara-Murza Nemtsovning soʻnggi intervyularidan birida aytgan soʻzlarini keltirib.
“Shubhasiz, Rossiya oʻz tarixi, madaniyati va mentalitetiga koʻra Yevropa mamlakati hisoblanadi”, dedi Kara-Murza. “Ammo hozirgi hukumatning har bir qadami bizni orqaga tortib, avtoritarizm va kleptokratiyaga yetaklamoqda. Boris Nemtsov esa Rossiyaning toʻlaqonli Yevropa davlati boʻlishini, erkin saylovlar, mustaqil OAV, mustaqil sudlar va siyosiy erkinliklar mavjud mamlakatga aylanishini, fuqarolari davlatga qaram emas, ozod boʻlishini istadi. U oʻz hayotini shu maqsadga bagʻishladi va oxir-oqibat eng mudhish narxni toʻlab, bu uchun jonini berdi”.
“Menimcha, qachonki Rossiya u koʻrishni xohlagan erkin, zamonaviy va demokratik Yevropa mamlakatiga aylansa, bu eng yaxshi xotira boʻladi”, dedi Vladimir Kara-Murza.
Haqiqiy milliy qahramon.
Javob berishFikrlar 4
Pastkash Putin Nemtsovning oʻligidan ham qoʻrqadi.
Javob berishFikrlar 4
Nemtsov oʻldirilgan joyga odamlar har kuni gullar olib kelishadi. Putin hukumati ularni olib tashlaydi, ammo ertasi kuni u yerda yangi gullar paydo boʻladi. Nemtsov oʻlik boʻlsa ham, Putin undan shunchalik qoʻrqadiki..
Javob berishOʻliklardan qoʻrqmaslik kerak!
Javob berishFikrlar 4