Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Facebook Kremlning Rossiyadagi namoyishchilarni chalgʻitish harakatlarini yoʻqqa chiqardi

Karvonsaroy va AFP

Rossiyaning OMON maxsus kuchlari qamoqdagi muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻtkazilgan namoyish ishtirokchilarining yoʻlini toʻsmoqda, Sankt-Peterburg, 2021-yil, 31-yanvar. [Olga MALSEVA/AFP]

Rossiyaning OMON maxsus kuchlari qamoqdagi muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻtkazilgan namoyish ishtirokchilarining yoʻlini toʻsmoqda, Sankt-Peterburg, 2021-yil, 31-yanvar. [Olga MALSEVA/AFP]

SAN-FRANSISKO – Chorshanba (3-mart) kuni Facebook Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyning qamoqqa olinishiga qarshi norozilik bildirayotgan rossiyaliklarni chalgʻitishga qaratilgan yuzlab soxta Instagram akkauntlari yordamidagi hiylaning oldi olinganini maʼlum qildi.

Instagramga egalik qiluvchi Facebook kompaniyasining taʼkidlashicha, akkauntlar tarmogʻi namoyishchilarning xabarlarini “boʻgʻib qoʻyish” uchun odatda spam yoki moliyaviy firibgarliklar bilan bogʻliq boʻlgan “zaharlash” xeshtegi va lokatsiyalaridan foydalangan.

Ushbu taktika dolzarb mavzular (bu holatda namoyishlar) uchun ijtimoiy tarmoq markerlari sifatida ishlatiladigan xeshteglarni shunday yorliqli xabarlar oqimini tarqatish uchun qoʻllashni koʻzda tutadi.

“Biror jamoatchilik harakatining ishini tashkillashtirish uchun foydalanadigan xeshtegingiz boʻlsa va siz uni tasodifiy, bir-biriga bogʻliq boʻlmagan kontent bilan toʻldirsangiz, uning samarasini pasaytirgan boʻlasiz”, deydi Facebook kompaniyasining global tahdidlarga qarshi kurash boʻyicha yetakchi mutaxassisi Devid Agranovich.

“Shuningdek, ular tarmoqni odamlarning “ovozini oʻchirish” yoki norozilik bildirmaslikka chaqirish maʼnosidagi kontent bilan toʻldirishga uringanlar.”

Ayrim hollarda Moskva va Sankt-Peterburgda namoyishchilar toʻplanishni rejalashtirgan joylar geolokatsiya teglari bilan belgilangan, deb xabar beradi Facebook.

Akkauntlarda taniqli shaxslarning fotosuratlari yoki dasturiy taʼminot yordamida avtomatik tarzda yaratilgan profil suratlari ishlatilgan, xabarlarda esa noroziliklar TikTok yulduzlaridan biri tomonidan tanqid qilinayotgani va mitinglarda koʻplab bolalar qatnashayotgani taʼkidlangan, deyiladi hisobotda.

Ushbu kampaniyani uyushtirganlar yaqinda yaratilgan akkauntlarga tayanib, “aloqador maʼlumotlarni oʻchirib tashlash va muhokamani boshqa mavzuga burish uchun, muayyan xeshteglar va lokatsiyalar bilan katta hajmdagi mavzuga daxlsiz yoki tanqidiy kontentni joylaganlar”.

Imijni shakllantirishga moʻljallangan servisga egalik qiluvchi Facebook tarafidan taqdim etilgan namunalarga koʻra, Instagramdagi ayrim xabarlarda namoyishda ishtirok etib, COVID-19 bilan kasallangan va vafot etgan ayrim rossiyaliklar haqida soʻz yuritilgan.

Soxta tarmoq shuningdek, ayollar kiyimlari yoki sumkalarining reklamasi joylashtirilgan xeshteglarni ham shu tarzda “zaharlagan”, deb xabar beradi Facebook.

Facebook avtomatlashtirilgan tizimlari ushbu kampaniyada qoʻllanilgan 530 ta Instagram akkauntini aniqladi va faolsizlantirdi, deb xabar beradi Amerikadagi ijtimoiy tarmoq.

Facebook maʼlumotlariga koʻra, Instagramdagi shu kabi bitta yoki bir nechta akkauntni 55 mingdan ortiq foydalanuvchi kuzatib borgan.

Agranovichning soʻzlariga koʻra, aldamchi xatti-harakatlar faqat “Rossiya hududida faoliyat yuritadigan shaxslarga” qadar kuzatilgan boʻlsa-da, barcha belgilar Kremlga ishora qilmoqda.

Rossiya rejimi payshanba kuni Facebook kompaniyasidan bu borada izoh talab qilgan.

Chorshanba kuni Instagramda Navalniyning Moskva yaqinidagi hibsxonadan yozgan ilk maktubi eʼlon qilingan, unda muxolifatchi kinoya bilan “hammasi yaxshi” ekanligini aytgan va qamoqxona hayotidan gapirib hazillashgan edi.

Prezident Vladimir Putinning eng mashhur tanqidchisi Moskva shimoli-sharqidagi Vladimir viloyatida joylashgan Kolchugino tergov izolyatorida saqlanayotganini aytgan.

“Novichok” moddasi bilan zaharlanish oqibatida halok boʻlayozgan va Germaniyada davolanib qaytgan Navalniy shartli qamoq muddati talablarini buzishda ayblanib, ikki yarim yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Soʻnggi norozilik namoyishlari Putin rejimi uchun jiddiy zarba boʻldi – koʻpchilik uni har qachongidan ham zaifroq holga kelgan, deb hisoblamoqda.

Oʻzgarishlar yoʻq

Kremlning joriy haftada ijtimoiy tarmoq platformalari yordamidagi manipulatsiyasiga oid bu kabi xabarlar yangilik emas – ular koʻp yillardan beri bor.

Oʻtgan yilning sentabr oyida Facebook Qoʻshma Shtatlarda siyosiy tartibsizlik keltirib chiqarishga qaratilgan, Kreml bilan bogʻliq boshlangʻich bosqichdagi kampaniyani fosh etgan edi. Kompaniya oʻzini jurnalist deb koʻrsatgan hamda “xorijiy aralashuv” siyosatiga qarshi boʻlgan soʻl progessiv kuchlarni nishonga olgan 13 ta akkaunt va ikki sahifani oʻchirib tashlagan.

Xabar qilinishicha, operatorlar ijtimoiy tarmoqlardan veb-saytga tashriflar sonini oshirish uchun Facebook sahifalarini yaratib, maqsadli reklama joylash uchun ruxsat olishga uringanlar.

“Rossiyalik ijrochilar oʻzlarini yashira oladigan aniq tartibga rioya qilsalar-da, bu usullar tobora samarasiz boʻlib bormoqda va biz ularni ertaroq fosh etyapmiz”, degan edi Facebook kompaniyasining xavfsizlik boʻyicha rahbari Nataniel Gleyxer.

Oʻtgan yil may oyida koronavirus pandemiyasidan foydalanib, taʼsir kampaniyasini olib borgan Rossiyadagi bir qator ijtimoiy tarmoq akkauntlari Facebook tomonidan oʻchirib tashlangan.

2020-yil fevralda ham Facebook Rossiya harbiy razvedkasiga aloqador oʻnlab akkauntlar faoliyatini toʻxtatgan edi.

Oʻtgan yil oktabr oyida kompaniya Rossiyaga aloqador bir nechta akkauntni oʻchirib tashlaganini maʼlum qilgan – bu akkauntlar egalari AQSHda 2020-yilda boʻladigan saylovlarga aralashishga uringanlar.

2019-yil may oyida ijtimoiy tarmoqlarda qator mintaqalar, jumladan Markaziy Osiyoga qaratilgan, Rossiyadan turib olib borilayotgan zararli taʼsir choralari davom etar ekan, Facebook kompaniyasi Rossiyada ochilgan sahifalar, guruhlar va akkauntlardan yana bir qanchasini oʻchirib tashlagan edi.

2019-yil mart oyida kompaniya Instagram va Facebook tarmoqlarida zararli taʼsir bilan shugʻullangan Rossiyadagi 2600 dan ortiq sahifa, guruh va akkauntlar faoliyatiga chek qoʻygan .

2018 yil aprel oyida esa Facebook ijtimoiy tarmogʻi dunyo boʻylab jamoatchilik fikriga taʼsir oʻtkazishga urinishda ayblangan Rossiyaning “trollar fabrikasi”ga aloqador yuzlab Facebook va Instagram akkauntlari yopilganini eʼlon qilgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Putin diktaturasiga qarshi chiqqanlarni qoʻllab-quvvatlashimiz kerak.

Javob berish