Karvonsaroy
Terrorizm

Asosiy gumondorlardan birining qoʻlga olinishi ortidan Qozogʻistonda ID tahdidi oʻrganildi

Anna Karr

22-oktyabr kuni Olmaota viloyatida “Sakkizoyoq-2020” aksilterror mashgʻulotlarida ishtirok etayotgan MXQ maxsus qoʻshinlari. [Qozogʻiston MXQ]

22-oktyabr kuni Olmaota viloyatida “Sakkizoyoq-2020” aksilterror mashgʻulotlarida ishtirok etayotgan MXQ maxsus qoʻshinlari. [Qozogʻiston MXQ]

OLMAOTA – Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) maʼlumotlariga koʻra, Nur-Sulton rasmiylari “Islom davlati”ning (ID) eng qattiq qidiruvdagi gumondorlaridan biri boʻlgan Qozogʻiston fuqarosini ekstraditsiya qilish choralarini koʻrmoqda.

2-mart kuni KNB 2015-yildan beri qidiruvda boʻlgan Atirau viloyatilik Amanbek Samat ismli gumondorni hibsga olgan.

Turkiya huquq-tartibot idoralari Samatni Suriya va Turkiya chegarasi yaqinida qoʻlga olgan, deya xabar berdi 19-fevral kuni Turkiya davlat televideniyesi voqea sanasini ochiqlamay.

IDga moyillik

ID 2014-yilda Iroq va Suriyaning bir qismini egallagach, Qozogʻiston doxil jami 80 mamlakatdan 40 mingdan ortiq xorijlik jangarilar va ularning oilalarini oʻz safiga jalb qilgan.

Oʻtgan yilning 13-mart kuni Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) xodimlari Olmaotada ommaviy xuruj rejalashda gumon qilingan ID tarafdorini hibsga olishgan. [MXQ]

Oʻtgan yilning 13-mart kuni Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) xodimlari Olmaotada ommaviy xuruj rejalashda gumon qilingan ID tarafdorini hibsga olishgan. [MXQ]

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, hozirga qadar Qozogʻiston Suriyadan 700 dan ortiq qozoq fuqarosini, jumladan 33 nafar ID jangarisi, 187 nafar ayol va 490 ta yosh bolani vataniga qaytargan.

IDga moyillik uchta omil taʼsirida shakllanadi, deydi ekstremizm profilaktikasi boʻyicha olmaotalik mutaxassis Asilbek Izbairov.

Birinchi omil – bu bayʼat, dedi u. Suriya, Turkiya va Erondan qaytganlar hozirda ham ID rahnamolariga berilgan bayʼat qasamyodi ostida boʻlishlari mumkin.

“Bu qasamyod ID etakchisi Abu Bakr al-Bagʻdodiyning oʻlimiga qaramay oʻz kuchida qoladi, chunki hozirda uning oʻrnini boshqa odam egallagan”, dedi Izbairov.

Al-Bagʻdodiy 2019-yil oktyabr oyida Suriyada AQSH kuchlari tarafidan oʻldirilgan.

Uning aytishicha, bayʼatni bekor qilish boʻyicha aniq metodologiya paydo boʻlmagunicha, terrorchilar faol boʻlgan joylardan qaytib kelganlarni deradikalizatsiya qilish qiyin.

“Ikkinchi omil – terrorizm va ekstremizmda ayblanib sudlangan va qamoq jazosini oʻtayotganlar. Mendagi maʼlumotlarga koʻra, u yerda radikallashuv jarayoni davom etmoqda”, dedi Izbairov.

“Uchinchi omil – Qozogʻistonda, ayniqsa Gʻarbiy Qozogʻiston viloyatida IDning ekstremistik gʻoyalarini targʻib qiluvchi yashirin jamoatlarning borligi”, dedi u.

Uning aytishicha, bu omillar hozir emas, balki qachondir qozogʻistonliklarning terrorchilik harakatlarida ishtirok etishiga olib kelishi mumkin. Bu nafaqat Qozogʻiston, balki boshqa koʻplab davlatlar uchun dolzarb boʻlgan voqelikdir.

Talabalar oson oʻlja boʻlishadi

Qozogʻiston musulmonlari diniy idoraasi (QMDI) ekstremizmga yollovchilar eng samarali deb hisoblaydigan aholi qatlamlarini tahlil qilgan.

QMDIga koʻra, universitetlar talabalari ekstremistlar eʼtiborida boʻladi.

Idora tahlillariga koʻra, birinchidan, talabalar shaxs sifatida shakllanish jarayonida boʻladi va tanqidiy fikrlamaydi. Ikkinchidan, ular kelajakda qayerda ishlashini aniq bilmaydi. Uchinchidan, talabalar siyosiy hodisalar oldida zaif boʻlishadi. Toʻrtinchidan, ular pul ishlashning oson usullarini izlaydilar va xorijga ketishga intiladilar.

“Talabalarni radikalizmdan himoyalash uchun biz universitetlarda “dinshunoslik” oʻquv dasturini joriy qilishimiz va xavf guruhiga kiruvchilar bilan tushuntirish ishlarini olib borishimiz kerak”, dedi QMDI vakili Karvonsaroyga.

Yollovchilarning ishlash usullariga kelsak, muloqot chogʻida ular oʻz tashkilotlari, yetakchilari va oʻzlari haqida toʻliq maʼlumot bermaydilar. QMDIga koʻra, ular oʻz taʼlimotlarini juda faol tushuntiradilar va nishondagi odamlarga psixologik bosim oʻtkazadilar.

“Ular yaqinlashib kelayotgan oxirat kuni bilan, yoki ularning safiga qoʻshilmaganlarning laʼnatga uchrashi bilan qoʻrqitishi mumkin”, deydi QMDIdagi manba. “Shuningdek, ularga soʻzsiz itoat etish kerakligini va bu Allohning irodasi ekanligini uqtirmoqchi boʻladilar”.

Shuningdek, yangi yollanganlar doʻstlar va tashqi dunyo bilan aloqalarni uzish kerakligiga ishontiriladi; kitob, gazeta va veb-saytlarni oʻqimaslikka, televizor koʻrmaslikka chaqiriladi.

QMDIga koʻra, kimdir shunday chaqiriqlarni eshitgan boʻlsak, ehtimol, ekstremistlar taʼsiriga duch kelgan boʻlishi mumkin.

Mustahkam xavfsizlik

Qozogʻistondagi vaziyat Qozogʻiston huquq-tartibot idoralari, jumladan KNB faoliyati tufayli barqaror boʻlib turibdi, dedi Izbairov.

“Erkaklarga qaraganda ayollarning deradikalizatsiya jarayoni tezroq kechishi kishini quvontiradi. Ayollar chin dildan pushaymon boʻlib, ID aʼzosi boʻlgan turmush oʻrtoqlari bilan ajrashadilar”, deydi tahlilchi.

“Ularni koʻndirish osonroq, chunki Suriyadagi jangarilar bilan kechgan barcha mashaqqatlardan soʻng, tinch Qozogʻistonga kelishgach, notoʻgʻri gʻoyalardan voz kechishga tayyor boʻladilar”, dedi Izbairov.

“Zero, ularning aksari oʻz turmush oʻrtoqlarining destruktiv taʼsiriga tushgan”.

Uning fikricha, ID safiga yollanganlarning keyingi taqdirlari turlicha. “ID” mafkurasi allaqachon boʻhronga uchragan - guruhning koʻplab sobiq yetakchilari “ID”ga aʼzolikdan va uning mafkurasidan ochiqchasiga voz kechishgan. Taxminlarga koʻra, Qozogʻistondan yollanganlarning koʻpchiligi ularning yoʻlidan borishi mumkin.

“Ammo, IDning terrorchilik faoliyatida ishtirok etganlar, albatta, taʼqib qilinadi va qonunga muvofiq sudlanadi”, dedi Izbairov. “2015-yildan beri terrorizmga aloqador 40 nafar qozogʻistonlik xalqaro qidiruvda. Ularning ayrimlari allaqachon oʻlgan boʻlishi mumkin”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500