Karvonsaroy
Biznes

Tojikistonda xorijiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan islohotlar olib borilmoqda

Neʼmatullo Mirsaidov

Dushanbedan 100 km shimoli-sharqda, Vaxsh daryosida joylashgan Rogʻun GES toʻgʻoni, 2018-yilda olingan surat. Gidroenergetika – Tojikistonda xalqaro taraqqiyotning asosiy yoʻnalishi sifatida belgilangan. [AFP]

Dushanbedan 100 km shimoli-sharqda, Vaxsh daryosida joylashgan Rogʻun GES toʻgʻoni, 2018-yilda olingan surat. Gidroenergetika – Tojikistonda xalqaro taraqqiyotning asosiy yoʻnalishi sifatida belgilangan. [AFP]

DUSHANBE – Tojikiston hukumati togʻ-kon sanoati, geologik qidiruv, neft va gaz qazib olish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash kabi turli sohalarga investitsiya jalb qilish maqsadida AQSH ishbilarmon doiralari bilan faol ish olib bormoqda.

Tojikiston va AQSH oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri savdo hajmi bir qadar cheklangan boʻlsa-da, AQSHning Dushanbedagi elchixonasi maʼlumotlariga koʻra, muhim ishbilarmonlik aloqalari mavjud.

“Biz Tojikistondagi imkoniyatlar borasida Amerika kompaniyalari bilan maslahatlashishda davom etyapmiz”, dedi AQSHning Tojikistondagi elchisi Jon Mark Pommershaym. “Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida integratsiya kuchayib borgani sari bu bozor xalqaro investorlar, jumladan amerikaliklar uchun ham tobora jozibador boʻlib borishi kutilmoqda.”

“AQSH va xalqaro korporatsiyalar oʻz investitsiyalari qonun ustuvorligi bilan himoya qilinadigan teng sharoitlar kafolatiga ega boʻlishni istaydilar”, dedi u va elchixona “investitsiya muhitini yaxshilash yoʻlida Tojikiston hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini” taʼkidladi.

Xoʻjanddan 40 km uzoqlikda joylashgan Adrasman qayta ishlash kombinati, 2012-yilgi surat. Sovet Ittifoqi davrida gullab-yashnagan korxona keyinchalik deyarli 10 yil davomida ishlamay turdi. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Xoʻjanddan 40 km uzoqlikda joylashgan Adrasman qayta ishlash kombinati, 2012-yilgi surat. Sovet Ittifoqi davrida gullab-yashnagan korxona keyinchalik deyarli 10 yil davomida ishlamay turdi. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi vakillari 12-noyabr kuni Togʻli Badaxshonning Murgʻob tumanida 220 kVt quvvatga ega yangi quyosh elektrostantsiyasining ochilish marosimida ishtirok etdilar. Bu Tojikistondagi eng yirik va dunyodagi eng baland quyosh elektr stantsiyasi boʻladi. [AQSHning Tojikistondagi elchixonasi]

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi vakillari 12-noyabr kuni Togʻli Badaxshonning Murgʻob tumanida 220 kVt quvvatga ega yangi quyosh elektrostantsiyasining ochilish marosimida ishtirok etdilar. Bu Tojikistondagi eng yirik va dunyodagi eng baland quyosh elektr stantsiyasi boʻladi. [AQSHning Tojikistondagi elchixonasi]

Turizm, gidroenergiya va energetika sohasi – hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridir, dedi Pommershaym.

“Hukumatimiz Markaziy Osiyo - Janubiy Osiyo elektr uzatish va savdo loyihasi [CASA-1000] , shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqaviy elektr energiyasi bozori yordamida Tojikistondan qoʻshni mamlakatlarga elektr energiyasi eksportini oshirishga intilmoqda, dedi u mintaqa mamlakatlari AQSH koʻmagida rivojlantirayotgan loyihani nazarda tutib.

“Bundan tashqari, GE [General Electric] ham milliy, ham mintaqaviy energetik loyihalar ustida ishlamoqda va biz AQSH kompaniyalari uchun koʻproq imkoniyatlar paydo boʻlishiga umid qilamiz”, dedi u.

Investitsiya muhitini yaxshilash

Tojikiston hukumati investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish boʻyicha izchil ish olib bormoqda, dedi 5-fevral kuni bosh vazirning birinchi oʻrinbosari Davlatali Said AQSH-Tojikiston ishbilarmonlar kengashi vakillari ishtirokida oʻtgan onlayn anjuman chogʻida.

“Biz AQSH investitsiyalarini jalb qilish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha amaliy choralar koʻrishga tayyormiz”, dedi u.

Konferensiya ishtirokchilari togʻ-kon sanoati, paxta, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, turizm sohasiga oid bir qator istiqbolli loyihalarning taqdimotlari bilan tanishdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi.

Sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabir 15-fevral kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumani chogʻida Tojikistonning AQSH va Yevropa kompaniyalari bilan hamkorligini yanada faollashtirish rejalari haqida soʻzlab berdi.

“Hech bir mamlakat yirik investitsiyalarsiz jadal iqtisodiy rivojlanishni taʼminlay olmaydi”, dedi u.

“Oldimizda sanoatlashtirish sohasini jadallashtirish vazifasi turibdi, bu investitsiyasiz amalga oshmaydigan jarayon. Shunday boʻlsa-da, biz doimiy ravishda investitsiya muhitini yaxshilashimiz va iqtisodiyotni yanada isloh qilishimiz kerak.”

Tojikiston 2013-yilda Qazilmalar sohasidagi shaffoflik tashabbusiga (EITI) aʼzo boʻlgan, bu “investorlarning mamlakatga nisbatan ishonchini oshiradi”, dedi Kabir.

Osloda joylashgan EITI neft, gaz va mineral resurslarning samarali boshqaruvi boʻyicha jahon standarti hisoblanadi.

“Biz mamlakatda faoliyat olib borayotgan kompaniyalardan buxgalterlik hisobining xalqaro standartlariga oʻtishni va toʻliq shaffoflikni taʼminlashni soʻradik”, dedi u. “Shuningdek, respublikadagi biznes subyektlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirish choralari koʻrilmoqda”.

Uning izohlashicha, koʻrib chiqilayotgan islohotlardan biri – xalqaro auditni joriy qilish masalasidir.

Ishlab chiqaruvchilarni yanada koʻproq ragʻbatlantirishni koʻzda tutuvchi soliq kodeksi loyihasi ham muhokama qilinmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

Kabirning aytishicha, islohotlar va biznes uchun qulay soliq tartibini yaratish boʻyicha muhokamada tadbirkorlarning oʻzi ham qatnashishi mumkin.

“Investor topish va investitsiyani jalb qilish oson ish emas”, dedi u. “Xorijlik tadbirkorlar bilan uchrashuvlarimiz bu jarayonning bir qismidir.”

Qoʻshimcha islohotlar va shaffoflik zarur

Tojikiston biznes muhitini yaxshilash, litsenziya olish va eksport-import amaliyotlarini bajarishda soliqlar va ruxsatnomalar sonini qisqartirgan boʻlsa-da, qoʻshimcha islohotlar zarur, deydi tahlilchilar.

Yaʼni, soliq stavkalari nisbatan baland, korruptsiya darajasi yuqori hamda investorlar va ishlab chiqaruvchilar uchun berilgan imtiyozlar yetarli emas.

AQSH davlat departamentining 2020 yil uchun Tojikistondagi investitsiya muhitiga oid maʼruzasi ham ayni muammoni yoritgan.

“Byurokratik va moliyaviy toʻsiqlar, keng koʻlamli korruptsiya, deyarli faoliyat yuritmaydigan bank sektori, shaffof boʻlmagan soliq tizimi va sanoqsiz tekshiruvlar investorlarga toʻsqinlik qiladi”, deyiladi bayonotda.

Tojikistondagi koʻpchilik tadbirkorlar va tahlilchilar ham shunday fikrda.

“Investitsiya uchun qulay sharoitlar yaratish uchun eng avvalo korruptsiyani yoʻq qilish va maqbul soliq tizimini yaratish kerak”, deydi Dushanbeda yashovchi tojikistonlik iqtisodchi Hojimuhammad Umarov.

“Investor hech kim uning ishiga sababsiz aralashmasligiga va byurokratik toʻsiqlar yaratmasligiga, qisqa muddat ichida oʻz xarajatlarini qoplashiga hamda daromad qila olishiga amin boʻlishi kerak”, dedi u. “Aks holda, mamlakatga jiddiy biznesmenlar kelmaydi.”

Shuni aytish joizki, Tojikiston toʻgʻri yoʻnalishda, ammo jarayon sekin kechmoqda, dedi u.

“Korrupsiyani bir yoki ikki yilda yoʻq qilib boʻlmaydi, ammo tadbirkorlikka toʻsqinlik qilayotganlarga va korrupsioner rasmiylarga qarshi birdek qatʼiy qonunlar qabul qilinishi kerak”, deydi Umarov. “Asosiysi, daromadni yashirmay, shaffof ishlashi uchun tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berilishi lozim.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

BU TOJIKISTON UCHUN KATTA IMKONIYAT. TOJIKISTON IQTISODIYOTIGA FAQAT AMERIKA KOMPANIYALARI YORDAM BERA OLADI.

Javob berish