Karvonsaroy
Siyosat

Xorijlik yollanma jangarilar xavfi Liviyadagi tinchlik va barqarorlikka soya solmoqda

Karvonsaroy va AFP

Liviyalik feldmarshal Xalifa Haftarga sodiq kuchlar bilan toʻqnashuv chogʻida oʻz pozitsiyalarini egallab turgan jangarilar. Haftarni Moskva va uning “Vagner guruhi” yollanma askarlari bir necha yillardan beri qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. [Fadel SENNA/AFP]

Liviyalik feldmarshal Xalifa Haftarga sodiq kuchlar bilan toʻqnashuv chogʻida oʻz pozitsiyalarini egallab turgan jangarilar. Haftarni Moskva va uning “Vagner guruhi” yollanma askarlari bir necha yillardan beri qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. [Fadel SENNA/AFP]

SIRT, Liviya – Tinchlik va siyosiy barqarorlikka erishish imkoniyati yaqinlashar ekan, Liviya yetakchilari va xalqaro ittifoqchilar yurt kelajagiga tahdid solayotgan 20 mingga yaqin chet ellik jangarilarni mamlakatni tark etishga chaqirmoqda.

Liviya markazidagi Sirt shahrida kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida ikki kun davom etgan qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng, chorshanba (10-mart) kuni parlament muvaqqat bosh vazir Abdul Hamid Dbaybaning vazirlar mahkamasi tarkibini tasdiqlagan.

“Urushlar va tafriqa haqidagi sahifani yopish vaqti keldi”, dedi Dbayba “millat manfaatini barcha narsadan ustun qoʻygan” deputatlarga minnatdorchilik bildirib.

“Liviya yagona va birdam”, deb qoʻshimcha qildi u ovoz berish jarayonidan soʻng soʻzlagan qisqacha, ammo hayajonli nutqida.

Liviya bosh vaziri etib tayinlangan Abdulhamid Dbayba parlamentning 9-mart kungi ilk yigʻilishida deputatlarga murojaat qilib, xorijiy yollanma askarlar Liviyani “tark etishlari” kerakligini aytgan. [Mahmud Turkiya/AFP]

Liviya bosh vaziri etib tayinlangan Abdulhamid Dbayba parlamentning 9-mart kungi ilk yigʻilishida deputatlarga murojaat qilib, xorijiy yollanma askarlar Liviyani “tark etishlari” kerakligini aytgan. [Mahmud Turkiya/AFP]

Suratda: Liviyaning Sirt al-Jufra yoʻli boʻylab “Vagner guruhi” yollanma askarlari tomonidan qazilgan taxminan 70 km uzunlikdagi xandaqlar, 1-yanvar kungi surat. [il_kanguru/Twitter]

Suratda: Liviyaning Sirt al-Jufra yoʻli boʻylab “Vagner guruhi” yollanma askarlari tomonidan qazilgan taxminan 70 km uzunlikdagi xandaqlar, 1-yanvar kungi surat. [il_kanguru/Twitter]

Sunʼiy yoʻldoshdan olingan bu suratda Rossiya qoʻllovidagi “Vagner guruhi” yollanma askarlari tomonidan Liviyada qazilgan va yanvar oyida bir qator puxta konstruksiyalar bilan mustahkamlangan xandaq tasvirlangan. [CNN orqali Maxar Technologies]

Sunʼiy yoʻldoshdan olingan bu suratda Rossiya qoʻllovidagi “Vagner guruhi” yollanma askarlari tomonidan Liviyada qazilgan va yanvar oyida bir qator puxta konstruksiyalar bilan mustahkamlangan xandaq tasvirlangan. [CNN orqali Maxar Technologies]

Xorijlik jangarilar mamlakatni “tark etishi kerak”

Avvalgi kun davomidagi muhokamalar chogʻida Dbayba chet ellik yollanma askarlarning mamlakatni tark etishini talab qilgan.

“Yollanma askarlar “orqamizga sanchilgan xanjar” – ular ketishi kerak”, dedi u parlamentga murojaatida. “Ularning mavjudligi suverenitetimizga putur yetkazmoqda.”

Dbayba “mamlakatni vayron qilish va bosib olishni istaganlar” tomonidan olib borilayotgan “shafqatsiz kampaniya”ni qoraladi.

Liviya poytaxt Tripolidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan tan olingan Milliy kelishuv hukumati (MKH) va Rossiya qoʻllovidagi general Xalifa Haftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasi oʻrtasida ikki qismga boʻlingan.

Oktabrda tomonlar oʻrtasida BMT vositachiligida tuzilgan tinchlik bitimida 23-yanvarga qadar barcha xorijiy kuchlarning mamlakatni tark etishi kerakligi belgilab qoʻyilgan edi.

Bu muddat tugab, oʻtib ham ketdi, ammo Liviya boʻylab xandaqlar qaziyotgan Kreml qoʻllovidagi “Vagner” guruhining yollanma askarlari ketishga hozirlik koʻrish oʻrniga, bu yerda “uzoq muddatga qolishni” koʻzlayotganga oʻxshaydi, deydi AQSH razvedkasidagi manbalar.

Sunʼiy yoʻldosh tasvirlaridan koʻrinib turgan xandaqlar Sirtdan janub tarafga, Vagner nazoratidagi al-Jufra tayanch punkti tomon taxminan 70 km choʻzilgan boʻlib, puxta konstruksiyalar bilan mustahkamlangan.

“Menimcha, bugun xandaq qazib, qoʻshimcha istehkomlarni oʻrnatayotganlar mamlakatni yaqin orada tark etmaydi”, degan edi yanvar oyida MKH mudofaa vaziri Salohiddin al-Namrush CNN bilan suhbatda.

Kreml Liviyaga koʻz tikmoqda

Oxirgi 18 oy davomida Rossiya belgilaridan tozalangan 330 dan ortiq harbiy samolyotlar bir necha oylik otashkesimning avj pallasida (biri – 7 dekabrdayoq) Suriya orqali Liviyaga qiruvchi samolyotlar va oʻqotar kuchlarni yetkazib bergan, deb xabar beradi Washington Post nashri 27-fevral kuni.

Tinchlikka erishish istiqbollari paydo boʻlgan va jangovar harakatlar toʻxtagan bir paytda, Liviya kelajagida oʻz ulushiga ega boʻlishga umid qilayotgan Rossiya va boshqa davlatlar oʻziga “uya kavlamoqda”, dedi ushbu mojaroga oid AQSH razvedkasi maʼlumotlaridan boxabar gʻarblik yuqori martabali diplomat.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov nizoni toʻxtatish yoki cheksiz davom ettirish masalasida Moskvaning roli toʻgʻrisida noodatiy tarzda ochiq gapirgan.

“Mojaroga barham berish uchun biz barcha xorijiy oʻyinchilar manfaatlarini hurmat qilishimiz kerak”, deb bayonot bergan u dekabr oyida Liviya yetakchilarini tilga olmay.

Rossiya rejimi Oʻrtayer dengizi janubidagi harbiy ishtirokini kuchaytirish, shuningdek Afrikaga yoʻl ochish maqsadida Liviyaga katta eʼtibor qaratmoqda, bu Yevropa va NATO manfaatlariga soya soladi, deydi tahlilchilar.

“Vagner” guruhidan foydalanish Kremlga oʻz manfaatlarini ilgari surish va haqiqatnamo inkor niqobi ostida gibrid urushi olib borish imkonini beradi.

Vagner Kreml oʻzining strategik va geosiyosiy manfaatlariga ega mamlakatlarda harbiy operatsiyalar olib boradi, bunga oʻxshash voqealar Moskva taʼsir oʻtkazishni istaydigan dunyoning koʻplab olovli nuqtalarida, jumladan Markaziy Afrika Respublikasi (MAR), Ukraina, Sudan, Suriya, Venesuela va boshqa mamlakatlarda sodir boʻlmoqda.

Liviyaga 2018-yilda kirib kelgan Vagner guruhi ushbu mamlakatdagi eng yirik xorijiy kuch deb gumon qilinadi. BMTga koʻra, qurolli mojaroda Rossiyaning boshqa xususiy harbiy kompaniyalari ham ishtirok etmoqda.

Afrikaning boshqa qaynoq nuqtalari, jumladan MARda ham Kremlning oʻz rejalari bor. Bu yerda Moskva 2018-yildan beri mamlakatning qazilma boyliklari, ayniqsa oltin va olmoslarni ekspluatatsiya qilish uchun diplomatik va moliyaviy yurishni amalga oshirmoqda.

Suriyadan olingan saboqlar

Tahlilchilarga koʻra, Rossiyaning Suriya mojarosidagi ishtirokiga nazar solish orqali Liviya uchun ehtiyotkorlik bilan saboq chiqarish mumkin.

Bir necha yillardan beri Kreml oʻzining geosiyosiy taʼsirini kuchaytirish va prezident Bashar al-Asadni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Suriya nizosi uchun jangarilar va mablagʻ yetkazib bergan.

Bu askarlarning koʻpchiligi rossiyalik jangarilar, jumladan “Vagner guruhi” va Rossiya va Ukrainaning “Vega” xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) aʼzolaridir.

Soʻnggi yillarda XHKlar Suriyada shu darajada koʻpayib ketgan ediki, ular Suriya armiyasining faoliyatiga putur yetkaza boshladi.

Bu kompaniyalarning tashkil qilinishi “Suriya ichkarisida va tashqarisidagi davlat va subyektlarining oʻz rejalarini amalga oshirish maqsadida harbiy faoliyat olib borishi uchun yoʻl ochdi”, deydi misrlik sobiq harbiy zobit, xavfsizlik va harbiy masalalar boʻyicha mutaxassis Abdulkarim Ahmad.

2019-yil sentabrdagi hisobotga koʻra, Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining Suriya tarmogʻi Kremlni 2015-yildan beri Suriyada olib borilgan jangovar operatsiyalarda “yuzlab harbiy jinoyatlar” sodir etishda ayblagan.

Rossiya harbiy samolyotlari fuqarolik obyektlari, jumladan shifoxonalarni qasddan bombalagan, buning natijasida 7000 dan ortiq suriyalik fuqaro halok boʻlgan va millionga yaqin kishi boshpanasiz qolgan.

Bu orada Suriya rejimining harbiy apparati oʻn yillik urushdan keyin oʻz kuchini yoʻqotgan hamda Eron, ayniqsa Rossiya kabi xorijiy mamlakatlar nazorati ostida ish yuritadigan oʻz oʻtmishining koʻlankasiga aylangan.

Bu kuchlar endi birlashgan armiya sifatida emas, balki xorijiy mamlakatlar oʻz maqsadlarini amalga oshirishi uchun har biridan alohida foydalanayotgan oddiy kuchlar va ittifoqdosh jangarilar toʻdasi kabi faoliyat olib bormoqda.

Birdamlikka erishish uchun tarixiy imkoniyat

Liviyadagi inqiroz ham Suriyadagi urush kabi uzoqqa choʻzilmoqda, mamlakatdan xorijlik jangchilar va yollanma askarlar koʻchirilsa, istiqbolda tinchlik va birdamlik uchun haqiqiy imkoniyat vujudga keladi, deydi Liviyaning xalqaro ittifoqdoshlari.

“Liviya birdamlik, barqarorlik, farovonlik, yarashuv va oʻz suverenitetini toʻliq tiklash uchun real imkoniyatga ega”, deyiladi BMTning mamlakatdagi missiyasi bayonotida. Unda Liviya yetakchilarining hukumatning birdamligini yaxshilash uchun olib borgan “vatanparvarlik saʼy-harakatlari” olqishlangan.

Yevropa Ittifoqi (YI) payshanba kuni ovoz berish jarayonini olqishlar ekan, tinchlik saʼy-harakatlariga putur yetkazmoqchi boʻlgan xorijlik va mahalliy “buzgʻunchilarga” nisbatan sanksiya qoʻllashi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Ittifoq otashkesimga erishish, qurollarga embargo joriy qilish hamda xorijlik jangchilar va yollanma askarlarni olib chiqishga chaqirdi.

Fransiya, Germaniya, Qoʻshma Shtatlar, Italiya va Britaniya tashqi ishlar vazirining qoʻshma bayonotida “Liviyadagi xorijlik jangchilar va yollanma askarlarni olib chiqish” chaqirigʻi oʻz ifodasini topgan.

“Bu Liviyadagi tashkilotlarning birlashuvi hamda Liviya va uning xalqini sinovdan oʻtkazgan nizoga har tomonlama siyosiy yechim topish yoʻlidagi fundamental qadam boʻladi”, deyiladi bayonotda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Nega unda Turkiya hamma vagnerchilarni oʻldirib yubormaydi?

Javob berish