Karvonsaroy
Inson huquqlari

Huquqbon tashkilotlar suriyalikni oʻldirishda gumonlanayotgan rossiyalik yollanma jangarilarni sudga berdi

Al-Mashariq va AFP

2017-yilda suriyalik erkakni qiynab oʻldirgan va boshini tanasidan judo qilgan ikki nafar Vagnerchining internetda tarqagan videosidan olingan surat. [Fayl]

2017-yilda suriyalik erkakni qiynab oʻldirgan va boshini tanasidan judo qilgan ikki nafar Vagnerchining internetda tarqagan videosidan olingan surat. [Fayl]

MOSKVA – Uchta huquqbon tashkilot suriyalik mahbusning qiynoqlari yuzasidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning buyrugʻi bilan faoliyat olib boruvchi Vagner guruhi yollanma jangarilariga qarshi sudga shikoyat qildi.

Xususiy harbiy pudratchiga nisbatan huquqiy bosim chorasi Yevropada Suriya rasmiylariga qarshi qiynoqlar bilan bogʻliq bir qator jinoiy ishlarning ochilishi ortidan yuz bergan, u yerdagi oʻn yillik urush 2015-yilda Moskvaning harbiy aralashuvidan keyin oʻzgacha yoʻnalish olgan.

Dushanba (15-mart) kuni Parijdagi Xalqaro inson huquqlari federatsiyasi, Rossiyaning “Memorial” huquqni himoya qilish tashkiloti hamda Suriyadagi OAV va fikr erkinligi markazi 2017-yilda Suriya armiyasidan qochganlikda gumon qilingan erkakning boshini tanasidan judo qilish holati boʻyicha vagnerchilarga qarshi sudga shikoyat qildi.

Bayonotga koʻra, huquqbon guruhlar kamida bir ayblanuvchining Vagnerga aloqadorligini isbotlovchi dalillarni taqdim etganlar.

Suriyadagi rossiyalik yollanma jangarilar, ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan surat. [Fayl]

Suriyadagi rossiyalik yollanma jangarilar, ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan surat. [Fayl]

Dahshatli qotillik aks etgan videolavhada Suriyada “Vagner” tarkibida faoliyat olib borgan toʻrt nafar rossiyalik yollanma jangchi yosh suriyalik yigitni oʻldirayotganiga guvoh boʻlish mumkin.

Lavhada erkaklar qurbonning oyoqlarini bosqon bilan sindirayotgani, koʻkrak qafasini ezayotgani, boshi va qoʻllarini chopib tashlagani va jonsiz tanani oyoqlaridan osib qoʻyib, yoqib yuborgani aks etgan.

Suriyalik jurnalist Muhammad al-Abdullohning soʻzlariga koʻra, qurbon Dayr Az-Zorning al-Xarita shahridan boʻlgan.

U Suriya armiyasida majburiy xizmatni oʻtagan va kunbay ishlash uchun Livanga ketgan. Suriyaga qaytib kelganidan keyin uni Xoms viloyatidagi Tiyas havo bazasida (T-4) zaxira xizmatini oʻtash uchun olib ketishgan.

U qochib ketgan, ammo al-Shayer neft koni hududida rossiyalik yollanma jangarilar tomonidan qoʻlga olinib, oʻldirilgan, deydi al-Abdulloh.

“Jazosizlik toʻlqini”

Sankt-Peterburglik biznesmen va Putinning ittifoqchisi Yevgeniy Prigojin keytering sohasida Rossiya armiyasi va hukumati bilan serdaromad shartnomalar tuzish ortidan boyigan biznesmen boʻlib, “Vagner” guruhining moliyaviy taʼminotchisi sanaladi.

Xususiy turdagi bunday moliyalashtirish Kremlga oʻz manfaatlarini ilgari surish va haqiqatnamo inkor niqobi ostida gibrid urushlarini amalga oshirishga imkon yaratadi.

2016-yili AQSHdagi prezident saylovlariga aralashuvi sabab AQSH sanksiyalari ostiga tushgan Prigojin “Vagner”ga aloqadorligini rad etib keladi. “Urush jinoyatlari”ga oid tergov ishi bilan ham unga hech qanday javobgarlik belgilanmasligi mumkin.

Ammo sud jarayoni “Vagner”ning Yaqin Sharq va Afrika boʻylab nizolardagi ishtirokiga oid xabarlar paydo boʻlganidan bir necha yil oʻtgach, guruhni fosh etish imkonini yaratib beradi.

“Bu shikoyat muhim, chunki ish yagona jinoyat bilan koʻrilmayapti. Bu jazosiz qolgan jinoyatlar toʻlqinidir”, deydi “Memorial” guruhining katta xodimi Aleksandr Cherkasov.

“Bunday jinoyatlarning jazosiz qolishi ularning Checheniston, sharqiy Ukraina va Suriyada takrorlanishiga imkon yaratib beradi”, deydi u. “Oxir-oqibat, ular Rossiyaga qaytib kelishadi va koʻchalarda, bizning oramizda yurishadi.”

“Huquqiy va maʼnaviy javobgarlik”

Rossiyada xususiy harbiy kompaniyalar faoliyati taqiqlangan boʻlsa-da, soʻnggi yillarda Kremlning xorijdagi ambitsiyalarini qoʻllab-quvvatlash va amalga oshirishda Vagner guruhining roli kuchayib bormoqda, deydi kuzatuvchilar.

2015-yil sentabr oyida rasmiy Moskva Suriya prezidenti Bashar Asad armiyasini qoʻllab-quvvatlagan, oʻshanda Rossiya harbiy samolyotlari va quruqlikdagi qoʻshinlari bilan birgalikda Suriyaga vagnerchilar ham yuborilgan edi.

“Vagner” yollanma askarlari haqidagi xabarlarni biror marta ham tasdiqlamagan Moskva dushanba kuni Suriyada operatsiya boshlanganidan beri 112 nafar rossiyalik askar jangovar harakatlarda halok boʻlganini maʼlum qildi.

U yerda vagnerchilarning borligi 2018-yilda yuzaga chiqqan, oʻshanda “Novaya Gazeta” mustaqil nashri 2017-yilgi qiynoqlar va qotillik haqida xabar bergan, nodavlat tashkilotlar ushbu holat yuzasidan sudga shikoyat qilgan.

Dushanba kuni jabrlanuvchining oilasi nomidan kelib tushgan arizaning maqsadi – Moskvani xususiy pudratchi guruhning ehtimoliy aʼzolariga qarshi jinoiy ish qoʻzgʻashga undash, zero nodavlat notijorat tashkilotlarga koʻra, bu kabi holat ilk bor kuzatilmoqda.

Dushanba kuni “Novaya gazeta” uning Moskvadagi ofislari oʻsha kuni ertalab “kimyoviy hujumga” uchragani va bu hibsga olingan shaxs haqidagi xabar bilan bogʻliqligini aytgan.

Shikoyatchilar huquqiy va maʼnaviy javobgarlikning tan olinishini talab qilmoqdalar.

“Rossiya hukumati oʻz armiyasi tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar, jumladan, “Vagner guruhi” kabi xorijdagi harbiy operatsiyalarda qatnashayotgan xususiy tuzilmalar uchun huquqiy va maʼnaviy javobgarlikni oʻz zimmasiga olishi kerak”, dedi Suriya ommaviy axborot vositalari va fikr erkinligi markazi asoschisi va bosh direktori Mazen Darvish.

Suriyalik oilaning advokatlaridan biri Ilya Novikovning taʼkidlashicha, qonunga koʻra Rossiya oʻz fuqarolarining xorijda sodir etgan jinoyatlarini tergov qilishga majbur.

Ammo “Tergov qoʻmitasi shu kungacha qotillik boʻyicha hech qanday jinoiy ish qoʻzgʻamagan”, dedi Novikov.

Dushanba kuni Kreml shikoyatdan xabardorligini, ammo bu “prezident maʼmuriyati emas, balki tergov qoʻmitasining ishi” ekanligini aytdi.

Bundan avval ham Berlinda joylashgan Yevropa konstitutsiyaviy va inson huquqlari markazi koʻmagida Germaniya, Avstriya, Shvetsiya va Norvegiyada 100 ga yaqin qochqin tomonidan Suriya rejimi rasmiylariga qarshi sudga oʻnlab daʼvo arizalari topshirilgan.

Yevropadagi jamoatchilik faollari politsiya va Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) tergovchilari bilan uyushgan holda, tarixdagi eng yaxshi hujjatlashtirilgan mojarolardan birining oʻn minglab fotosuratlari, videolavha va hujjatlarini saralamoqdalar.

Yevropa rasmiylari vagnerchilarning Suriyadan tashqaridagi rolini ham eʼtiborga olishgan va oʻtgan yili guruhning Liviyadagi vaziyatni beqarorlashtirishdagi roli uchun Prigojinga nisbatan sanksiyalar qoʻllaganlar.

Bundan tashqari, dushanba kuni Britaniya Suriya hukumatining olti aʼzosi, jumladan “suriyaliklarga bosim oʻtkazgan yoki ularning azob-uqubatlaridan foyda koʻrgan” tashqi ishlar vaziri Fayzal Miqdodga qaratilgan sanksiyalarni eʼlon qilgan.

Bu choralar Asadning maslahatchisi, ikki nafar yuqori lavozimli harbiy va ikkita tadbirkorni ham nishonga olgan.

London BMT Xavfsizlik kengashi orqali Suriyani BMT yetakchiligidagi tinchlik jarayonida va Jenevadagi konstitutsiyaviy qoʻmita muhokamasida “munosib ishtirok” etishga undash ustida ish olib bormoqda.

U Damashqni hibsdagilarni ozod qilishga va mamlakat boʻylab cheklovlarsiz yordam berish imkoniyatini yaratishga chaqirmoqda, deb xabar beradi Britaniya tashqi ishlar vazirligi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500