ASHXOBOD – Yaqinda Turkmaniston va Ozarbayjon oʻrtasida Kaspiy dengizidagi “Doʻstlik” gaz koni boʻyicha imzolangan kelishuv Transkaspiy gaz quvurini (TKGQ) barpo etish umidlarini qayta tikladi.
Barpo etilajak quvur gazni asosan Rossiyadan sotib oluvchi Yevropa uchun muqobil tabiiy gaz manbaiga aylanishi mumkin.
Rossiya Yevropa Ittifoqiga tabiiy gaz yetkazib beruvchi eng yirik taʼminotchi hisoblanadi. Oʻtmishda Kremlning tabiiy resurslardan bosim oʻtkazish vositasi sifatida foydalangani ayrim importchilarni asabiylashishga majbur qilgan.
Vladimir Putin rejimi Rossiyaning gaz yetkazib beruvchi giganti Gazprom oldidagi qarzlarini uzishi uchun Ukrainaga tabiiy gaz yetkazib berishni vaqti-vaqti bilan toʻxtatib, bosim oʻtkazgan. Ukrainaga gaz taʼminotiga uzilganida esa Trans-Ukraina gaz quvuri oxiridagi boshqa Yevropa mamlakatlariga ham gaz yetib bormay qoladi.
Ukraina va boshqa mamlakatlar oldida “Rossiya rejimi haqiqatan ham qarz haqida qaygʻuryaptimi yoki gazni qurol sifatida qoʻllayaptimi” degan savol turadi. Yevropaga eksport qilinadigan Rossiya tabiiy gazining 80 foizi Ukraina hududidan oʻtadi.
TKGQ qurib bitkazilgan taqdirda Kaspiy dengizi ostidan oʻtuvchi 300 km uzunlikdagi quvur orqali Turkmaniston va Qozogʻiston ham Rossiyani chetlab oʻtgan holda Yevropaga gaz yetkazib berish imkoniga ega boʻladi.
Ayni vaqtda Turkmanistonda oʻz raqobatchisi Gazpromning gaz quvurlaridan boshqa Yevropaga chiqish yoʻli yoʻq.
Doʻstlik va umid
21-yanvar kuni Turkmaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari “Doʻstlik” gaz konini rivojlantirishga oid anglashuv memorandumini imzoladilar.
Hujjatni imzolash marosimi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ilhom Aliyev oʻrtasidagi videoanjuman ortidan boʻlib oʻtdi, deyiladi Turkmaniston tashqi ishlar vazirligining bayonotida.
Tomonlar oʻzaro sheriklikning ustuvor yoʻnalishi Kaspiy dengizidagi hamkorlik ekanini taʼkidladilar.
Anglashuv memorandumini imzolagan Turkmaniston va Ozarbayjon oʻzaro munosabatlardagi uzoq yillik muammolarni bartaraf etar ekan, TKGQni barpo etish umidi qayta jonlandi, deydi kuzatuvchilar.
Kaspiy dengizi sohilidagi boshqa mamlakatlar qatorida Rossiya, Eron va Qozogʻiston ham bor.
Muammo Kaspiy dengizi, jumladan Doʻstlikdagi bir qator neft va gaz konlarining egalik huquqi bilan bogʻliq boʻlib kelgan.
Sovet Ittifoqi davrida bu kon Turkmaniston va Ozarbayjon suvlari oʻrtasida joylashgani sababli “Promejutochnaya” (Oraliq) deb atalgan.
1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Ozarbayjon bahsli hududdagi qazilma boyliklardan birgalikda foydalanish taklifini bildirgan, ammo oʻsha vaqtdagi Turkmaniston prezidenti Saparmurat Niyazov umuman javob bermay, bu taklifga qatʼiy qarshilik qilgan.
“Bu orada Ozarbayjon bu konlarda neft va gaz qazishni boshlab yuborgan, Turkmaniston esa uni xalqaro sudga berish bilan tahdid qilib norozilik notalari yuborgan edi”, deydi Turkmaniston geologiya xizmatining sobiq geologi Nurmirat Sapayev.
“Memorandum 30 yillik nizoga chek qoʻyib, Ozarbayjon va Turkmaniston uchun yangi istiqbollarni ochadi va turkman gazining Yevropaga eksportini diversifikatsiya qilishga imkon beradi”, deydi u.
Nizo kuchaygan vaqtda ham Ozarbayjon hech qachon Kaspiy dengizi orqali gaz quvuri qurilishiga qarshilik bildirmagan, deydi davlatga qarashli “Turkmangaz” rasmiysi Rovshen Xalliyev.
Shu bilan birga, Ozarbayjon Turkmanistonga Yevropa bozoriga yetkazib berish uchun yiliga kamida 10 milliard kub metr gaz qazib chiqarishi uchun ishlab chiqarish infratuzilmasini taqdim qilishga tayyorligini bildirgan.
“Bu dastak 2012-yilda Ozarbayjon prezidenti va energetika sohasi vaziri tarafidan bildirilgan edi”, deydi Xalliyev.
“Ozarbayjon dengiz infratuzilmasini yaratish uchun quvurlar oʻrnatuvchi kemalar va boshqa qurilmalarni yetkazib berishga tayyorligini eshitib mamnun boʻldik, chunki bizda bunday narsalar yoʻq edi”, dedi u.
Markaziy Osiyo imkoniyatlarini kengaytirish
“Janubiy gaz yoʻlagi” (JGY) orqali Yevropaga yaqindagina gaz sotishni boshlagan Ozarbayjon ham TKGQga qiziqish bildirmoqda va kelajakda uni JGYning asosiy tarkibiy qismi sifatida koʻrmoqda, deydi Xalliyev.
“Janubiy gaz yoʻlagi” 2020-yilning soʻnggi kunida ish boshlagan.
“Janubiy gaz yoʻlagi” Janubiy Kavkaz, Transanatoliya va Transadriatika quvurlarini oʻz ichiga oladi va ayni damda Yevropa gaz bozorida Rossiyaga jiddiy raqobatchi hisoblanadi.
Turkmaniston gazi JGY quvvatini yanada kuchaytirishi mumkin, deydi ashxobodlik tahlilchilar.
“Ayni damda Ozarbayjon 1,2 trillion kub metr zahiraga ega Shoh Dengiz konidan Yevropaga eksport qilish uchun gaz qazib olmoqda”, deydi Xalliyev. “Turkmanistondagi Galkinish gaz konida bundan 20 marotaba koʻp zahira borligini hisobga olsak, bu unchalik koʻp emas.”
TKGQ barcha taʼminotchilar, tranzit va isteʼmolchi mamlakatlar istaganidek boʻlishi kerak, deydi Xalliyev.
Rossiya va Eronning qarshiligi
“Xalqaro nizo hal etildi, Turkmaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi toʻsiq olib tashlandi, ammo loyihani amalga oshirish yoʻlida boshqa koʻplab toʻgʻanoqlar bor”, deb aytgan nafaqadagi geolog Sapayev.
TKGQ muvaffaqiyat qozonishi uchun turkman gaziga Yevropadan yetarlicha talab boʻlishi va narxlar maqbul boʻlishi lozim, dedi u. “Shu masala ustida bosh qotirishimiz kerak.”
TKGQ yoʻlidagi yana bir toʻsiq – loyihaga Eron va Rossiyaning qarshi chiqayotgani, deydi u.
Gaz bozoridagi raqobatdan qoʻrqqan Rossiya va Eron rejimlari turkman gazining TKGQ orqali Ozarbayjon va u orqali janubiy Yevropaga yetkazib berilishiga anchadan beri qarshilik qilib kelmoqda .
Oʻz pozitsiyalarini oqlash maqsadida Moskva va Tehron dastlab Kaspiy hududi va resurslarida besh Kaspiyboʻyi mamlakatining hissasini belgilovchi kelishuv yoʻqligini bahona qildi. Ammo, 2018-yil avgust oyida davlatlar rahbarlari Kaspiy dengizining huquqiy maqomiga oid konvensiyani imzolagach, Rossiya va Eron gaz quvuri Kaspiy ekotizimiga putur yetkazadi , deb iddao qila boshladi.
“Gazprom”ning suv ostidan Germaniyaga oʻtuvchi “Shimoliy oqim-2” quvurining atrof-muhit uchun zarariga beparvoligi hisobga olinsa, bunday iddaolarning puch ekanligi anglashiladi.
Deutsche Umwelthilfe (Germaniya ekologik harakati) nodavlat tashkilotiga koʻra, deyarli tugab qolay degan loyiha koʻchmanchi qushlarning yashash muhiti va iqlimga xavf solishi maʼlum boʻlgan.
“TKGQga yetkazib berish uchun Turkmaniston oʻz hududida 773 km uzunlikka ega yuqori bosimli Sharq-Gʻarb gaz quvurini allaqachon qurib boʻlgan, u orqali Turkmaniston janubi-sharqidagi Galkinishdan Kaspiy dengizi qirgʻogʻiga eksport uchun zarur gazni yetkazib beradi,” dedi u.
Yaxshi. Rossiya va Eron gaz quvuri loyihasiga qarshi chiqmoqda. Xoʻsh, tabiiy gazni suyultirilgan gazga aylantirib, Turkmanboshi portidan Boku portiga suyultirilgan gaz tashishga moʻljallangan tankerlari orqali joʻnatib boʻlmaydimi?
Javob berishFikrlar 1