Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Qirgʻizistonliklar Rossiyaning “Jeruy” oltin konidagi sherikligini soʻroq ostiga olmoqda

Karvonsaroy va AFP

17-mart kuni Talas viloyatida Rossiya nazoratidagi “Jeruy” oltin konida ishlar boshlangani haqidagi eʼlon oldida turgan ikki qirgʻiz ishchisi. [Qirgʻiziston prezidenti administratsiyasi]

17-mart kuni Talas viloyatida Rossiya nazoratidagi “Jeruy” oltin konida ishlar boshlangani haqidagi eʼlon oldida turgan ikki qirgʻiz ishchisi. [Qirgʻiziston prezidenti administratsiyasi]

BISHKEK – Qirgʻizlar Moskvaning Talasdagi “Jeruy” oltin koniga kiritgan sarmoyasini shubha ostiga olar ekan, ushbu bitim Qirgʻiziston manfaatlarini koʻzlaydimi yoki loyihani qoʻllab-quvvatlayotgan Rossiya oligarxlarinimi, degan savolni oʻrtaga qoʻymoqda.

17-mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning oltinni qayta ishlovchi zavod ochilishini video-aloqa orqali kuzatib borgani Kremlning bu loyihadagi ishtirokini isbotlagan.

Qirgʻizistondagi ikkinchi eng yirik kon boʻlgan “Jeruy”dagi loyihaga “Rossiya rekord miqdorda investitsiya” kiritgan boʻlib, Putinning vaʼdasiga koʻra, uning hajmi ekspluatatsiya yakuniga qadar 600 million dollarni tashkil etadi.

Rossiyaning “Alliance Group” kompaniyasi tomonidan boshqariladigan zavod oʻtgan yili ishga tushirilishi kerak edi, ammo avvalgi hokimiyatning agʻdarilishi va Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarovning prezident etib saylanishiga olib kelgan siyosiy tartibsizliklar vaqtida hujumga uchradi.

Kremlda oʻtirgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin 17-mart kuni Qirgʻiziston oltin koni loyihasining ochilishiga bagʻishlangan video-anjuman chogʻida qarsak chalmoqda. [Kreml]

Kremlda oʻtirgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin 17-mart kuni Qirgʻiziston oltin koni loyihasining ochilishiga bagʻishlangan video-anjuman chogʻida qarsak chalmoqda. [Kreml]

17-mart kuni Talas viloyatidagi Rossiya nazoratida boʻlgan “Jeruy” oltin konining ochilish marosimida ishtirok etayotgan ishchilar va mansabdorlar. [Qirgʻiziston prezidenti administratsiyasi]

17-mart kuni Talas viloyatidagi Rossiya nazoratida boʻlgan “Jeruy” oltin konining ochilish marosimida ishtirok etayotgan ishchilar va mansabdorlar. [Qirgʻiziston prezidenti administratsiyasi]

Hujum natijasida uyushtirilgan yongʻin kompaniyaga 10 million dollardan ziyod zarar yetkazib, qariyb 90 tonna oltin va 25 tonna kumush saqlanadigan “Jeruy”da qazib olish ishlarining toʻxtashiga olib keldi.

Buning natijasida yillik oltin ishlab chiqarish hajmi 5,5 tonnani tashkil etishi kutilmoqda.

Aksincha, mamlakatdagi eng yirik oltin koni – Kanada boshqaruvidagi “Qumtor” bu yil 16 tonna oltin ishlab chiqarishi kutilmoqda.

Oltin va boshqa qazilma boyliklar Qirgʻizistonning qiyin iqtisodiy sharoitida juda muhim ahamiyatga ega.

Siyosiy futbol

Putin ushbu loyihani “ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlaydi” deb maqtagan boʻlsa-da, koʻpchilik manfaatdor tomonlar Rossiya rahbarining bu soʻzlariga shubha bilan qaramoqda.

Moskva soʻnggi yillarda Xitoydan Markaziy Osiyoga, jumladan Qirgʻizistonga kirib kelayotgan milliardlab sarmoyalarni kuzatar ekan, bu yerdagi Rossiya kompaniyalari bor kuchi bilan raqobatlashishga intilmoqda.

Ushbu raqobat natijasida Qirgʻiziston ikkita yirik manfaatparast davlat oʻrtasida siyosiy futbolga oʻxshash narsaga aylanib qolgan.

“Rossiya va Xitoy Markaziy Osiyoda taʼsir kuchiga ega boʻlish uchun yashirin kurash olib bormoqda”, degan edi qirgʻizistonlik energetika sohasi tahlilchisi Rasul Umbetaliyev 2019-yilda “The New York Times” gazetasiga bergan intervyusida.

Rossiya Qirgʻiziston bilan tarixiy aloqalarga ega boʻlsa-da, “ruslarning puli yoʻq”, dedi u.

Xitoy investitsiyalari ham qirgʻizlarni u qadar quvontirayotgani yoʻq.

2018-yil yanvar oyida xitoyliklar modernizatsiya qilgan Bishkekdagi issiqlik elektrostansiyasi ishdan chiqib, toʻrt kun davomida poytaxt aholisini -20 darajali qahratonda sovuqda qoldirgan edi.

Qirgʻiziston rahbarlari 2020-yilda COVID-19 bilan bogʻliq iqtisodiy inqiroz chogʻida Xitoydan olingan ulkan kredit yukini yengillatishni soʻragan, bunga javoban xitoylik kreditorlar 2020-yilga moʻljallangan qarz toʻlovi muddatini toʻrt yilga uzaytirib berdi, ammo 2 foizlik jarima qoʻlladi.

Talon-taroj qilish imkoniyati

Tanqidchilarga koʻra, Jeruy konidagi sheriklik Rossiyaga ogʻir iqtisodiy sharoitdan chiqish va Qirgʻiziston tabiiy resurslarini talon-taroj qilishga imkon yaratadi.

“Jeruy oltin koni hech qachon Qirgʻizistonga nasib qilmaydigan va Rossiya oligarxlariga oqib ketadigan milliardlab AQSH dollari deganidir. Chunki bu loyihada davlatimiz hech qanday ulushga ega emas va biz umuman kompaniya boshqaruvida ishtirok etmaymiz”, deydi Talas viloyatining sobiq hokimi Aybek Buzurmankulov.

Unga koʻra, 2015-yilda Jeruy konining huquqlarini qoʻlga kiritgan “Alliance Group” bunga Putinning bosimi bilan erishgan.

“Bu aql bovar qilmas vaziyat”, deydi Buzurmankulov. U “kelishuv shartlari va tafsilotlarini oʻrganish uchun maxsus hukumat komissiyasini tuzishga” chaqirgan.

“Rossiya hukumati Jeruy konimizni deyarli tortib oldi”, deydi bishkeklik iqtisodchi Elmira Suranchiyeva.

“Oltin koni rasman xususiy kompaniya tarafidan sotib olingan boʻlsa-da, bu investor Rossiya hukumatiga aloqador”, deydi u.

Putin oltin koni konglomeratining ochilish marosimida qatnashish bilan loyihaga aloqadorligini namoyish etdi, deydi u.

“Deyarli hech qanday tabiiy resurslari boʻlmagan nochor davlat ekanligimizga qaramay, Rossiya Qirgʻizistonni biz uchun umuman manfaatsiz boʻlgan shartlarga koʻnishga majburlagani ayon”, deydi Suranchiyeva. “Biz bunday qimmatli resursni himoya qilishimiz kerak edi.”

“Bu Markaziy Osiyodagi kichik respublikaga bosim oʻtkazish va Jeruy singari jozibador aktivlarni olib qoʻyish uchun yetarli taʼsir kuchiga ega Rossiya bilan munosabatlardagi xatarlarga yorqin misol boʻla oladi”, dedi u. “Natijada, Rossiyaga qaramligimiz yanada kuchaydi”.

Yoʻqotilgan suverenitet

Suranchiyeva Qirgʻizistonda Moskva uchun manfaatli boʻlgan avvalgi Rossiya loyihalariga eʼtibor qaratdi.

“2014-yilda Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi Qirgʻizistonning “Qirgʻizgaz” operatorini ramziy 1 dollar evaziga xarid qilib, mamlakatdagi barcha gaz quvurlari, gaz taqsimlash stansiyalari, yerosti gaz omborlari nazoratini qoʻlga kiritgan”, deydi u.

1943-yildan beri Qirgʻizistonning Issiqkoʻlida torpedolarni sinovdan oʻtkazayotgan Rossiyaning 954-suvosti kemalariga qarshi qurollarni sinash bazasi, shuningdek, 1941-yilda barpo etilgan Qant aviabazasi Rossiyaning sobiq Sovet respublikasidagi qattiqqoʻlliklariga misol boʻla oladi.

“Biz ayrim faollar daʼvo qilayotganidek, suverenitetimizni yoʻqotmayapmiz”, deydi Suranchiyeva. “Uni allaqachon yoʻqotib boʻlganmiz.”

[Maqolani tayyorlashga Kanat Altinbayev koʻmaklashgan.]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu Putinning shaxsiy biznesi. U sobiq Sovet respublikalaridagi oltin konlarini “Severstal” AJni boshqaruvchi vasiyi Mordashov orqali nazorat qiladi!

Javob berish

Rossiya bu konni talon-taroj qiladi

Javob berish

Rossiyani haydab chiqarish kerak u yerdan

Javob berish