Karvonsaroy
Xavfsizlik

Suriya va Rossiya AQSH va uning At-Tanf ittifoqchilariga qarshi tuhmat kampaniyasini avj oldirmoqda

Volid Abul Xayr

“Al-Ruqban” jamlogʻi yaqinida qoʻriqchilik qilayotgan “Jaysh Magʻavir as-Savra” aʼzolari. [“Jaysh Magʻavir as-Savra”/Twitter]

“Al-Ruqban” jamlogʻi yaqinida qoʻriqchilik qilayotgan “Jaysh Magʻavir as-Savra” aʼzolari. [“Jaysh Magʻavir as-Savra”/Twitter]

Suriya rejimi va uning ittifoqchilari bir necha yildan beri “doʻstona” ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat kampaniyasini olib bormoqda. Bu kampaniya maqsadi – AQSHning Suriya janubidagi uch mamlakat bilan chegaradosh hududda joylashgan Tanf bazasidagi hozirligiga oid voqelikni buzib koʻrsatish.

Bu kampaniya oʻz armiyasini samarali nazorat qilayotgan Suriya va Rossiya rejimlari, shuningdek, ularning ittifoqchisi – mintaqadagi jangarilarni nazorat qiladigan va u yerda jang maydonlarini izlayotgan Eronning xatti-harakatlari va rejalarini targʻib qilish va oqlashga qaratilgan.

Bu ish Iordaniya bilan chegaradagi sahroda joylashgan “Al-Ruqban” norasmiy jamlogʻi va uning yaqinida joylashgan Tanf garnizonidagi xalqaro koalitsiya va ittifoqchilarining harakatlari va maqsadlari toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumot tarqatish orqali amalga oshirilmoqda.

Al-Tanf harbiy bazasi xalqaro koalitsiya tarkibida “Islom davlati”ning (ID) qayta tiklanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun unga qarshi kurashib kelayotgan AQSH tomonidan tashkil etilgan 55 km radiusli nizodan xoli hududning markazida joylashgan.

15-mart kungi norozilik chogʻida “Al-Ruqban” jamlogʻining Suriya rejimi va Rossiya tomonidan qamal qilinganini qoralovchi plakat koʻtarib turgan bolakay. [“Jaysh Magʻavir as-Savra”/Twitter]

15-mart kungi norozilik chogʻida “Al-Ruqban” jamlogʻining Suriya rejimi va Rossiya tomonidan qamal qilinganini qoralovchi plakat koʻtarib turgan bolakay. [“Jaysh Magʻavir as-Savra”/Twitter]

AQSH kuchlari nazoratida jangovar tayyorgarlikdan oʻtayotgan “Jaysh Magʻavir as-Savra” askarlari. [“Jaysh Magʻavir as-Savra”/Twitter]

AQSH kuchlari nazoratida jangovar tayyorgarlikdan oʻtayotgan “Jaysh Magʻavir as-Savra” askarlari. [“Jaysh Magʻavir as-Savra”/Twitter]

“ID” qaqshatqich harbiy magʻlubiyatga uchraganiga qaramay, nizodan xoli hudud atrofidagi choʻlda avvalgidek faol harakat qilmoqda. Soʻnggi vaqtlarda shahar atrofida Suriya rejimi va Rossiya askarlariga qarshi hujumlar sodir etilgan.

Rossiya va Eron goʻyoki IDga qarshi kurash bahonasida bu hududdagi harbiy hozirligini saqlab qolgan boʻlsa-da, aslida oʻzi va Suriya rejimining rejalarini amalga oshirish bilan band.

Ushbu ambitsiyalar hududdagi haqiqiy vaziyatni buzib koʻrsatishga va Qoʻshma Shtatlarni yomonotliq qilishga qaratilgan dezinformatsiya kampaniyasini keltirib chiqardi.

Davom etayotgan tuhmat kampaniyasi

Suriya hukumatini qoʻllab-quvvatlovchi ommaviy axborot vositalarida chop etilgan xabarlarda “Al-Ruqban” jamlogʻidagilar u yerda majburan ushlab turilgani va AQSH jamloqdagi ogʻir sharoitlar uchun javobgar ekanligi taʼkidlanadi. Bu iddaolar haqiqatdan yiroq.

Un taqchilligi sabab jamloqda non yetishmayapti. Mahalliy faollar va huquq himoyachilari bunda Suriya rejimini ayblamoqda.

“Al-Ruqban jamlogʻida ahvol ogʻir, chunki taʼminot yoʻllarini Suriya rejimi va Rossiya nazorat qilmoqda”, dedi “Al-Ruqban” jamlogʻi xodimlaridan biri Tariq an-Nuaymi.

“Rossiya va Suriya rejimlari buni tinch aholini Ruqban lageridan chiqishga majburlash uchun “bosim vositasi” sifatida ishlatmoqda”, dedi u. “Holbuki, tinch aholi Suriya rejimi nazoratidagi hududlarga qaytishdan koʻra, shu yerda qolib, ogʻir sharoitlarda yashashni afzal koʻrmoqda.”

Jamloqda yashayotganlarning aksariyati Suriya rejimi va uning ittifoqchilari tomonidan nazorat qilinayotgan hududlar aholisi hisoblanadi, deb tushuntirdi al-Nuaymi.

Ushbu hudud aholisining erkaklari Suriya armiyasiga chaqiriq sababidan “qattiq bosim” ostida qolmoqdalar, dedi u. Aynan shu sababli ham ular “Al-Ruqban” jamlogʻida qolishni maʼqul koʻrganlar.

“Ar-Ruqbondagi tinch fuqarolar Suriya va Rossiya kuchlari tomonidan uyushtirilgan tizimli ocharchilikdan aziyat chekmoqda”, deyiladi Suriyaning Adolat va hisobdorlik markazining 25-iyun kungi hisobotida.

Maqsad – “tinch aholini Suriya hukumati nazorati ostidagi hududlarga qaytishga majburlash”, deyiladi xabarda.

ID kirib kelishining oldini olish

Xalqaro koalitsiya qoʻllovidagi Suriyaning “Jaysh Magʻavir as-Savra” muxolif guruhi jangovar operatsiyalarni davom ettirib, ushbu hududda tayyorgarlikdan oʻtmoqda, dedi guruh aʼzosi Nassif al-Xolidiy.

Guruhning maqsadi – hududga ID unsurlari kirib kelishining oldini olish, dedi u.

Uning taʼkidlashicha, hudud atrofidagi sahroda faol harakat qilayotgan Suriya rejimi, Rossiya va Eron qoʻllovidagi kuchlar Suriya, Iroq va Iordaniya bilan chegaradosh Damashq-Bagʻdod yoʻlida oʻz harbiy hozirligini kuchaytirishga urinmoqda.

Hududdagi mavqeni mustahkamlashga qaratilgan bu urinishlar “Suriya rejimiga qarashli OAVning xalqaro koalitsiya, AQSH va “Jaysh Magʻavir as-Savra”ga qarshi tizimli qoralash kampaniyasi” bilan birga olib borilmoqda.

Suriya rejimiga aloqador turli axborot manbalari nizodan xoli hududda “terrorchilar” tayyorgarlikdan oʻtayotgani va jang qilish uchun boshqa joylarga olib ketilishi haqidagi mish-mishlarni tarqatmoqda, dedi u “bu xabarlarning mutlaqo yolgʻon va bemaʼni” ekanligini taʼkidlab.

“Al-Tanf” harbiy bazasida mashgʻulotlar olib borilayotgani toʻgʻri, lekin ular “Jaysh Magʻavir as-Savra” uchun tashkil etilgan boʻlib, guruhning yangi aʼzolari va faxriylarining jangovar qobiliyatini oshirishga qaratilgan, dedi u.

“Rossiya va Eron qanday yoʻl bilan boʻlmasin, hududni nazorat qilishni va AQSH kuchlarini quvib chiqarishni istaydilar, vaholanki, AQSHning hozirligi va “Al-Tanf” harbiy bazasi mavjud boʻlmaganida, bu hudud IDdan ozod qilinmagan boʻlardi”, dedi al-Xolidiy.

Minglab tinch aholi “Suriya rejimi va ittifoqchilarining zulmi va shafqatsizligidan qochib”, oʻzi uchun xavfsiz boshpana izlamaganida, “Al-Ruqban” ham jamlogʻi boʻlmas edi, deb taʼkidladi u.

Suriya, Rossiya va Eron rejimlari – “terrorizmning asosiy manbalari”

“Al-Ruqban”da yashayotgan Raxif al-Xolidiyning aytishicha, u va jamloqdagilarning bari ogʻir sharoitlarga qaramay, vaziyatga yakuniy yechim topilmagunicha oʻsha yerda qolishni afzal koʻrishadi.

“Jamloqdagi mavjud xavfsizlik omili hammamiz uchun muhim”, dedi u. “Bu omil AQSHning jamloq yaqinidagi Tanf bazasi va AQSH qoʻllovidagi “Jaysh Magʻavir as-Savra”siz mavjud boʻlmas edi.”

Bu kuchlar “hudud xavfsizlini taʼminlash, fuqarolarni himoya qilish va fuqarolarga yaqinlashga harakat qilayotgan ID, Suriya rejimi yoki boshqa jangarilarni qaytarish” ustida ishlab kelgan, deydi u.

“Jamloq va baza haqidagi mish-mishlar, ayniqsa terrorchilarni tayyorlash haqidagi gaplarga ishonib boʻlmaydi”, deydi u.

Al-Ruqban aholisi bu dezinformatsiya kampaniyasining nafaqat Al-Tanf garnizonida joylashgan kuchlar, balki “Jaysh Magʻavir as-Savra” aʼzolari va al-Ruqbandagilarni ham yomonotliq qilayotganini koʻrmoqdalar, deb qoʻshimcha qildi u.

“Inqiroz boshlanganidan beri oʻn minglab suriyaliklarning oʻlimi va jarohatlanishiga masʼul boʻlgan” Rossiya, Eron va Suriya rejimining oʻzi hamda uning ittifoqchi jangarilari “terrorizmning” asosiy manbalari boʻlib qolmoqda, deb taʼkidladi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500