Karvonsaroy
Xavfsizlik

Suriyaning tarqoq armiyasi Rossiya va Eronsiz mustaqil harakat qila olmayapti

Volid Abul Xayr

11-oktabr kuni Suriyaning al-Hasaka viloyatidagi Ayn Divar qishlogʻi yaqinida Rossiya harbiy karvoniga tosh otib, uning harakatiga toʻsqinlik qilayotgan suriyaliklar. [Delil Sulaymon/AFP]

11-oktabr kuni Suriyaning al-Hasaka viloyatidagi Ayn Divar qishlogʻi yaqinida Rossiya harbiy karvoniga tosh otib, uning harakatiga toʻsqinlik qilayotgan suriyaliklar. [Delil Sulaymon/AFP]

Oʻn yillik urush tufayli zaiflashgan Suriya rejimining harbiy apparati – Eron va Rossiya kabi qudratli xorij davlatlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan va ularning nazorati ostida faoliyat yuritadigan, avvalgi armiyasidan qolgan poʻchoqdir, deydi tahlilchilar.

Bu kuchlar endilikda yagona armiya sifatida harakat qilmayapti, aksincha muntazam qoʻshinlar va ittifoqchi jangarilardan iborat tarqoq tuzilma boʻlib qolgan, qudratli xorij davlatlari esa ularning har birini nazorat qilish uchun kurashmoqda va ulardan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanishga urinmoqda.

Ushbu tarqoq davlatda rejimga sodiq kuchlar sharqdagi Badiya sahrosida “Islom davlati” (ID) tarafidan qator hujumlarga duch kelishgan.

ID hujumlari oqibatida 2019-yil martidan beri rejimning 1200 dan ortiq askarlari va ittifoqchi jangarilar oʻldirilgan.

Rossiya armiyasining patrul tarkibiga kiruvchi vertolyoti Al-Qahtoniyadagi neft koni ustidan uchib oʻtmoqda, Suriyaning al-Hasaka viloyati. [Delil Sulaymon /AFP]

Rossiya armiyasining patrul tarkibiga kiruvchi vertolyoti Al-Qahtoniyadagi neft koni ustidan uchib oʻtmoqda, Suriyaning al-Hasaka viloyati. [Delil Sulaymon /AFP]

Suriyada jang qilayotgan Eron qoʻllovidagi “Fotimiyun” boʻlinmasi aʼzolari, 3-yanvar kuni Eron Islom inqilobi posbonlari korpusining “Quds” kuchlari qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy oʻlimiga bir yil toʻlishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda. [Fotimiyun/Telegram]

Suriyada jang qilayotgan Eron qoʻllovidagi “Fotimiyun” boʻlinmasi aʼzolari, 3-yanvar kuni Eron Islom inqilobi posbonlari korpusining “Quds” kuchlari qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy oʻlimiga bir yil toʻlishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda. [Fotimiyun/Telegram]

Tahlilchilarga koʻra, bu xurujlar ikki narsadan birini oydinlashtirmoqda: yo Rossiya Suriya rejimi kuchlarini qoʻllab-quvvatlamayapti, yoki Rossiya uchun Suriya rejimini qoʻllab-quvvatlash ustuvor masala emas va u mintaqada boshqa maqsadlarni koʻzlamoqda.

Bu maqsadlar Suriyaning tabiiy boyliklari va portlari ustidan nazorat oʻrnatishni oʻz ichiga oladi.

Rejim kuchlarining inqirozi

Yaqinda sodir boʻlgan voqealar bu vaziyatga oydinlik kiritgan boʻlsa-da, Suriya armiyasining inqirozi urush boshlanganidan beri davom etmoqda.

Urushning dastlabki yillarida rejim kuchlari notoʻgʻri boshqaruvdan, dezertirlik, ogʻir texnika va shaxsiy tarkibdagi katta yoʻqotishlardan aziyat chekkani sabab, 2013-yilda armiya inqiroz yoqasiga kelib qolgan edi.

2015-yilda vaziyatga Rossiya rejimi aralashib, uni qayta tiklash jarayonini boshladi.

Ammo bu qutqaruv choralari Suriya prezidenti Bashar Asad uchun muammo keltirib chiqardi – Rossiya rasmiylari rejimning qoʻmondonlik tuzilmasiga putur yetkazib, boshqaruv tepasiga oʻrnashib oldi.

Rejimning oʻzi unga itoat qilishga majbur boʻldi.

2013-yilda Asad mamlakatda xususiy xavfsizlik kompaniyalari faoliyatiga ruxsat beruvchi 55-sonli farmonni imzoladi. Bu hujjat qudratli xorij davlatlariga Suriyada qonuniy asosda harbiy hozirlik oʻrnatishga imkon beruvchi mexanizmni taqdim etgan.

Yaqin Sharq institutining 2019-yil iyul oyidagi hisobotida taʼkidlanishicha, “harbiylashgan tuzilmalarning ustunligi va rejimning ularga tayanishi” Suriya armiyasi qoʻmondonligining hujum va mudofaa operatsiyalarini muvofiqlashtirish qobiliyatini zaiflashtirgan.

Ushbu qurolli guruhlarning koʻpayishi, shuningdek, rejimning “oʻz nazoratidagi hududlarda tartibni saqlash qobiliyati” uchun “jiddiy tahdid” tugʻdirdi.

Safarbarlik kuchlari haddan ortiq taʼsir kuchiga ega

Rossiya va Eronga aloqador safarbarlik kuchlari rejim ixtiyoridagi aksariyat mintaqalarni nazorat qiladi, deydi rejim armiyasidan qochib, Halabdagi hukumatga muxolif Suriya ozodlik armiyasi safiga qoʻshilgan sobiq armiya zobiti Solih al-Afisiy.

“Hatto Suriya urushining boshida paydo boʻlgan rejimga sodiq qurolli guruhlar ham endi oʻz sadoqatini Eron va Rossiya oʻrtasida taqsimlagan”, deydi u rejim askarlari joylarda hech qanday mavqega ega emasligiga ishora qilib.

“Ular oʻz harakatlarini safarbarlik kuchlari bilan muvofiqlashtirishga majbur, ular uchun kirish mutlaqo taqiqlangan hududlar ham bor”, dedi u.

Uning soʻzlariga koʻra, Suriya armiyasi dezertirlik va majburiy harbiy xizmatdan boʻyin tovlash holatlaridan aziyat chekmoqda, bu ham yetmagandek, suriyalik yoshlarning aksari armiya safida xizmat qilishdan koʻra, safarbarlik kuchlari safiga qoʻshilishni afzal koʻrmoqda.

Sobiq muxolifat jangarilarining harbiy xizmatga chaqirilishi qurolli kuchlar safida beqarorlik keltirib chiqardi, shu bilan birga rejim muntazam armiyani jangarilar uchun jozibali variantga aylantira olmadi .

Askarlar, zobitlar va xizmatga chaqirilganlarning umumiy soni 2011-yildagi 600 mingdan 140 mingga tushib ketgani sababli oʻtgan yillarda Suriya armiyasining imkoniyatlari ancha kamaygan, deydi damashqlik faol Muhammad al-Beyk.

“Chegara boʻylab va ichki frontda joylashtirilishi kerak boʻlgan askarlar soniga nazar solinsa, ular keragidan ancha kam ekani koʻrinadi”, deydi u. “Imkoniyatlarning pasaygani va umumiy strategik rejaning yoʻqligi esa vaziyatni yanada murakkablashtiradi.”

Uning soʻzlariga koʻra, rejim askarlarga “bir necha kun yashashga zoʻrgʻa yetadigan” arzimas maosh toʻlagani sababli, ular orasida jangovarlik ruhi juda past.

Tirikchilik yoʻlida xizmat qilayotgan rejim askarlari “Eron va Rossiyaning oʻz yollanma jangarilariga ancha koʻproq pul toʻlashidan xabardor”.

“Ularning oʻzlari yoki zobitlaridan koʻra, bir safda jang qilayotgan yollanma askarlar koʻproq ustunlikka ega ekanligini bilishlari ularni beqaror vaziyatda qoldiradi”, deya qoʻshimcha qildi u.

Rossiya va Eron taʼsirini kuchaytirmoqchi

Oʻtgan yilning sentabr oyida Atlantika kengashining “Ortiq ishonchli emasmi? Suriya qurolli kuchlarining joriy holati” deb nomlangan hisobotida Suriya rejimi tashqi yordam uchun katta mablagʻ toʻlagani zikr qilinadi.

“Moskva va Tehron Suriya armiyasining jangovar samaradorligini kuchaytirib, hududiy yoʻqotishlarini kamaytirdi. Asad rejimining armiya ustidan yakkahokimligining yoʻqolgani tufayli bunday yutuq unga juda qimmatga tushdi”, deyiladi hisobotda.

Hujjatga koʻra, “ikki qudratli xorij davlati ham yuqori lavozimli zobitlar, boʻlinma qoʻmondonlari va razvedka qoʻmondonligi yetakchilarini tayinlashda tobora koʻproq ishtirok etmoqda”.

“Shu bilan birga ular, baʼzan raqobatchilar sifatida Suriya armiyasining qoʻmondonlik tuzilmasiga koʻplab jangarilarni kiritish va qonuniylashtirishga harakat qilishgan.”

“Operatsion harakatlarni amalga oshirishdagi qarorlar deyarli doim Rossiya va kamroq holatlarda Eron tomonidan nazorat qilinadi”, deb qoʻshimcha qilinadi hujjatda. “Har ikkala mamlakat bilan aloqador Suriya armiyasi boʻlinmalari xorijiy ittifoqchilar qoʻshinlari yoki maslahatchilari tomonidan rejalashtiriluvchi va amalga oshiriluvchi janglarda ishtirok etishadi.”

Natijada, hisobotga koʻra, “Moskva qurolli kuchlar safida resurslarning taqsimlanishiga ham taʼsir oʻtkaza oladi, deb taxmin qilish mumkin”.

“Rossiya muntazam armiya bilan ishlashni tanladi va tartibsiz boʻlinmalarni Eron taʼsiriga qoldirdi”, deyiladi Carnegie Middle East Centre markazining 2020-yil mart oyida chiqarilgan “Suriya qurolli kuchlari samaradorligi: Rossiya koʻmagining tahlili” nomli hisobotida.

“Rossiyaning kuchlarni yagona qoʻmondonlik ostiga birlashtirish haqidagi rejalari Eron manfaatlariga zid, Suriya rejimi esa bu davlatning sodiq, ammo nomuntazam keng tarmoqli tuzilmalariga tayanadi”, deyiladi unda.

“Bu boʻlinmalar Eron tomonidan moliyalashtiriladi, shu sababli Damashqdan koʻra Tehronga sadoqatliroq. Muntazam armiyaning tarkibi boʻyicha oxirgi soʻzni Rossiya aytadi va aftidan, Rossiya bu masalada Eronga yon berishi ehtimoli juda kam.”

Jangarilar oddiy askarlarga qaraganda qariyb ikki baravar koʻproq pul olishadi, ularning koʻpchiligi nazorat punktlarini qoʻriqlash orqali daromadini yanada oshirgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500