Karvonsaroy
Inson huquqlari

Eron shimolidagi turkmanlar noroziligi rejimning ozchiliklarga nisbatan repressiv siyosatini fosh etdi

Jumaguli Annayev

image

24-mart kuni Eron hukumatidan adolat talab qilayotgan turkmanlar. [Fayl]

ASHXOBOD – Yaqinda Eron shimoli-sharqida ikki yosh turkman qizining zoʻrlanganiga nisbatan rejimning chora koʻrmayotganiga qarshi oʻtkazilgan norozilik namoyishlari Eron jamiyatidagi notinchlik va rejimning etnik ozchiliklarga nisbatan uzoq yillardan beri davom etayotgan kamsituvchi va tajovuzkor siyosatini fosh etgan.

Mahalliy “Fars” va “Mashriq” nashrlariga koʻra, ayblanuvchi Guliston suv toʻgʻoni qoʻriqchisi va “Bosij”ning maxfiy jangarisi boʻlgan 55 yoshli Eron fuqarosidir.

7 va 8 yoshdagi qizlarning oilalari bolalarni shu erkak zoʻrlagan, demoqda.

Guliston viloyati Gonbadi-Kovus shahri bosh prokurori Xusrav Xaliliyning aytishicha, Eron huquq-tartibot idoralari erkakni hibsga olgan va uni faqat odam oʻgʻirlashda ayblamoqda, chunki sud-tibbiy ekspertizasi zoʻrlash holatini istisno qilgan.

image

Eron kuchlari Pokiston chegarasi yaqinida oʻnlab etnik ozchilik vakillarini oʻldirganidan soʻng 23-fevral kuni Eronning Saravan shahrida namoyishchilar politsiya mashinasiga oʻt qoʻyganlar. [Fayl]

Dargʻazab ota-onalar va Gonbadi Kovusda yashovchi yuzlab boshqa odamlar 23-mart kuni sudning “adolatsiz” qaroriga norozilik bildirish uchun koʻchalarga chiqishgan.

Kuch tuzilmalari aksariyati etnik sunniy turkmanlardan iborat namoyishchilarga ular talab qilayotgan adolat kafolatlarini berish oʻrniga, namoyishni bostirganlar.

Namoyishlar 24-mart kuni mahalliy sud binosi oldida davom etgan, ammo Guliston viloyati markazi Jurjondan qoʻshimcha politsiya va xavfsizlik kuchlari safarbar qilinib, zoʻravonlik bilan bostirilgan, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining (RFE/RL) turkman xizmati.

Kuch ishlatar idoralar oʻnlab namoyishchilarni jarohatlagan va 100 ga yaqinini hibsga olgan, deb xabar qiladi Ozodlik 28-mart kuni.

Norozilik va adolatsizlik

Bu voqea boshidan beri etnik turkmanlarni nafaqat qizchalarga nisbatan sodir etilgan zoʻravonlik, balki Eron hukumatining turkmanlar ovozini oʻchirish va ularni adolatli tergovdan mahrum qilish urinishlari gʻazabga soldi, deydi uzoq vaqt eronlik turkmanlar tarixi, madaniyati va hayotini oʻrgangan va xavfsizlik vajidan familiyasini ochiqlamagan ashxobodlik jurnalist Ogʻajuma.

“Eronlik turkman birodarlarimiz siyosiy talablar bilan namoyish oʻtkazmadilar”, deydi u. “Ular pedofil ustidan adolatli va haqqoniy sud talab qilmoqdalar. Ular gʻalayon koʻtarmadilar, doʻkonlarni buzmadilar, mashinalar va axlat qutilarga oʻt qoʻymadilar. Ammo rejim ularga nisbatan shafqatsizlik va adolatsizlik qildi.”

Eron hukumati namoyishchilarga nisbatan qatʼiy choralar qoʻllagan.

Hukumat “osoyishtalikni saqlash va gʻarazli kimsalarga qarshi kurashishdan bir soniyaga ham toʻxtamaydi”, deb aytgan Guliston viloyati Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) qoʻmondoni Ali Malik-Shaxkuhiy “Iran International” va boshqa nashrlarga koʻra.

Turkmanlar Eron aholisining bir foizini tashkil qiladi, ammo ular etnik forslarga tegishli huquq va erkinliklardan foydalana olmaydilar.

Eron hukumati mamlakatda yashovchi turkmanlar, kurdlar, balujlar va boshqa etnik ozchiliklarning milliy oʻzligini yoʻq qilishga muttasil urinib kelmoqda, deydi Ogʻajuma.

“Etnik turkmanlar huquqlarining buzilishi bilan bogʻliq koʻp holatlardan xabardorman”, dedi u.

Ogʻajuma Guliston viloyatining Oqtoʻqay qishlogʻiga ikki marta ijodiy delegatsiya bilan safar qilganidan keyin Eron rejimi boʻyicha ish boshlagan.

“Odamlarning haq-huquqsiz qolayotgani haqidagi gaplarni eshitish men uchun ogʻir boʻldi”, deydi Ogʻajuma.

Ozchiliklar huquqlarining poymol qilinishi

Erondagi milliy ozchiliklarning vaziyati juda ogʻir, deydi xorijiy kuzatuvchilar.

“Hukumat vaqtincha va uzoq muddatli hibslar, dom-daraksiz olib ketish va jismoniy kuch qoʻllash holatlari bilan ozchilik guruhlari, jumladan kurdlar, axvaziylar, ozarbayjonlar, balujlarni nishonga olib kelgan”, deyiladi 30-mart kuni chop etilgan AQSH davlat departamentining Erondagi inson huquqlariga oid 2020-yilgi hisobotida.

Hisobotga koʻra, “bu etnik ozchiliklar vakillari ayniqsa iqtisodiy yordam, tadbirkorlikka litsenziya olish, universitetga oʻqishga kirish, ishlash imkoniyatlari, kitoblar chop etishga ruxsat olish va yerga egalik qilishda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy diskriminatsiya holatlariga duch kelganlar”.

Rejim “diniy ozchiliklar, shu jumladan sunniy musulmonlarni kamsitib keladi”, deyiladi 2020-yilgi Human Rights Watch hisobotida.

“Davlat maktablarida bolalarning fors tilidan boshqa tilni oʻrganishi va gapirishi qatʼiyan taqiqlanadi”, deyilgan 2019-yil Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti chop etgan tadqiqotda.

Oʻtgan yil sentabrda 22 yildan beri turkman tilida chop etib kelingan “Sahro” gazetasining litsenziyasi Eron hukumati tarafidan bekor qilingan va yopilgan edi.

Oʻtgan yil iyul oyida OAV mahalliy hokimiyat tomonidan eronlik turkmanlarga nisbatan boshqa tazyiqlar haqida ham xabar bergan.

Eronlik turkmanlar bunday holatlarga anchadan beri chidab kelishadi, ammo bolalarning zoʻrlanganiga toqat qilib boʻlmaydi, hukumat esa bu jinoyatni xaspoʻshlamoqchi, deydi Ogʻajuma.

“Politsiyachilarning namoyishchilarga qarshi tazyiqlari hech kimni qoʻrqita olgani yoʻq”, deydi u. “Aksincha, odamlarning qatʼiyati kuchaygan va zoʻrlash sodir etgan shaxsning sud qilinishiga erishmoqchi.”

Eron OAVning hatti-harakati Erondagi etnik ozchilikka qarshi kamsitish siyosati hukumat darajasida olib borilayotganini yana bir karra tasdiqlaydi.

“Gonbadi Kovusdagi namoyishlarning asosiy sababi tilga olinmayapti, buning oʻrniga ular qonunbuzarlik va politsiyachilarga hujum deya talqin qilinmoqda”, deb aytgan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining turkman jurnalisti Shamerdanguli Mirodi 28-mart kuni.

Eronning yarim rasmiy va mustaqil ommaviy axborot vositalarida “ayblanuvchining aybi tasdiqlanmagani, u goʻyoki turkman qizlarni zoʻrlamay, balki shunchaki oʻgʻirlab ketgani” haqidagi gap-soʻzlar tarqamoqda, deydi u.

“Hech qaysi nashr jabrdiyda qizlar va namoyishchilarning etnik turkmanlardan ekanini aytmayapti”, deb qoʻshimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500